Orqaga

964 marta koʻrilgan

1879–1955

Albert Eynshteyn

Albert Eynshteyn Germaniyaning kichik Ulm shahrida tugʻilgan. Uning otasi German Eynshteyn uncha katta boʻlmagan zavod egasi edi. Eynshteyn otasidan matematik qobiliyat va tabiatga muhabbatni meros qilib oldi. Uning onasi pianinoni yaxshi chalib, goʻzal qoʻshiq kuylardi, musiqa va nemis mumtoz adabiyotiga boʻlgan mehr aynan onasidan oʻtgan. Albert sokin, oʻychan, oʻz dunyosiga ega bola boʻlib oʻsdi, bolalar bilan kamdan kam oʻynar va maktabda koʻp ham koʻzga tashlanmasdi. Tengdoshlari orasida u “haqiqat va adolat uchun kurashuvchi yaxshi bola” sifatida obroʻ qozondi.

Eynshteyn Myunxen (Germaniya shahri) dagi katolik maktabda boshlangʻich taʼlimni oldi, bu vaqtga qadar uning oilasi ushbu shaharga koʻchib kelgan edi. 10 yoshida u gimnaziyaga oʻqishga kirdi. Biroq maktab va gimnaziyadagi vaziyat oʻsmirning xarakteriga mos kelmadi. Nemis tili oʻqituvchisi Eynshteynning kelajagiga shubha bilan qarardi. Ammo bu paytda Albert matematika asoslari, shu jumladan, integral va differensial hisoblarni oʻzlashtirib, aniq fanlar boʻyicha eng yaxshi talaba boʻlib ulgurdi. Aniq fanlardan tashqari Albertning yana bir ishtiyoqi bor boʻlib, bu musiqa edi.

6 yoshidan boshlab u skripka chalishni boshladi va umrining oxirigacha bu musiqiy asbobdan ajralmadi. 1908-yilda Bern (Shveytsariya shahri) da Albert Eynshteyn hatto musiqa ixlosmandlari kvintetida (5 kishidan iborat ansambl) huquqshunos, muqovachi, matematik va qamoqxona qoʻriqchisi bilan birga chiqish qildi. 1934-yilda esa u Prinston (AQSh qadimiy universiteti) da fashistlar Germaniyasi tomonidan surgun qilingan olimlar uchun xayriya skripka konsertini berdi.

14 yoshida Albert Shveytsariyaga koʻchib oʻtdi va u yerda Darau shahridagi eng ilgʻor maktablardan biri — Syurix politexnikumining fizika va matematika oʻqituvchilarini tayyorlaydigan pedagogika fakultetiga imtihonsiz qabul qilindi. Aslini olganda, bu fizika-matematika fakulteti boʻlib, u yerda mashhur olimlar: fizik — Genrix Veber, matematiklar — German Minkovskiy va Adolf Gurvitslar dars bergan.

1900-yili politexnikumni tamomlagandan soʻng Albert hayotida qiyinchilik boshlandi. Oʻsha paytda Italiyada yashayotgan oilasi unga moddiy yordam bera olmay qoldi va Albert ish qidirishga majbur boʻldi. 1901-yilda Eynshteynning “Kapillyarlik hodisasi oqibatlari” nomli birinchi ishi “Fizika annallari” jurnalida nashr etildi. U Vintertur shahridagi texnikumda matematikadan dars berdi, repetitor boʻlib ishladi va faqat 1902-yil iyun oyidagina doimiy ish topib, Bern (Shveytsariya shahri) dagi patent idorasida texnik ekspert boʻlib ishlay boshladi. U mazkur lavozimda 1908-yilgacha ishlab, shu davr mobaynida mashhur olimga aylandi.

Shu vaqt oraligʻida u Braun harakati, fotoeffekt va maxsus nisbiylik nazariyasini yaratdi. 1905-yilda 26 yoshli Eynshteyn 5 ta ilmiy maqola chop etdi. Ular orasida 1906-yil yanvarda himoya qilgan “Molekulalar hajmining yangi tavsifi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ham mavjud. Olim 1907-yilda issiqlik sigʻimining kvant nazariyasini yaratdi.

Eynshteyn va uning rafiqasi Yaponiyada, 1922-yil / wikipedia.org

1922-yilda Eynshteyn fotoeffekt qonunlarini kashf etgani uchun fizika boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻldi. Albert patent idorasida ishlagan yillarida kuniga 8 soat uning uchun haqiqiy ish — fizika haqida oʻylash imkoniyatidan xursand edi. Bu vaqtga kelib Eynshteyn Milena Marichga uylangan va ularning Gans Albert ismli oʻgʻli bor edi. Albertning idoradagi ishidan oladigan maoshi juda kam boʻlib, faqat kun kechirish uchun yetardi xolos. Eynshteyn shon-shuhrat, moddiy farovonlik uchun ishlamadi. Uning moddiy boyligi yillar oʻtgan sayin ortib borayotgan boʻlsa-da, u bunga ahamiyat bermadi. U hech qachon oʻzining tashqi koʻrinishi haqida qaygʻurmadi, kundalik hayotdan qochgan holda juda oddiy kiyinardi. Uning hayotdagi asosiy quvonchi ishi edi, u oʻzini ishga fido qilardi.

1909-yil 7-mayda Eynshteyn Syurix universiteti nazariy fizika professori, 1911-yilda esa Pragadagi Nemis universiteti professori boʻldi. Noqulay ish sharoiti tufayli u 1 yildan soʻng Pragani tark etdi va Syurixga qaytib keldi. Syurixda 1913-yilgacha nazariy fizika kafedra mudiri lavozimida ishladi. Eynshteyn 1913-yil noyabr oyida Prussiya Fanlar akademiyasining aʼzosi etib tayinlandi va Berlinga koʻchib keldi.

1914–1933-yillarda u Berlin universiteti professori va jahon nazariy fizika markazlaridan biri boʻlgan Berlin fizika institutining direktori boʻlib ishladi. 1916-yilda Eynshteyn 10 yil davomida qattiq mehnat qilgan umumiy nisbiylik nazariyasini “qurish” ni yakunladi. Bir necha yil oʻtgach, u yaratgan nazariyaning yangi eksperimental dalillari paydo boʻldi. 1919-yilda London qirollik jamiyati tomonidan Quyosh tutilishini kuzatish uchun yuborilgan 2 ta ilmiy ekspeditsiya Eynshteyn nazariyasi toʻgʻriligini tasdiqladi. Eynshteyn Plank (nemis fizik-nazariyotchisi) ga shunday deb yozgan edi: “Taqdir meni shu kunlarga yetkazib, mehribonchilik qildi”.

1922 va 1925-yillarda Quyosh tutilishi paytida yorugʻlik nurining ogʻishini aniqroq oʻlchash natijalari umumiy nisbiylik nazariyasining bashoratlari bilan yanada mos keldi. Uning asosida Merkuriy perigeliysi harakati (Merkuriy sayyorasining oʻziga xos faoliyati) ning xususiyati, Quyosh spektrlaridagi qizil siljish va Sirius sunʼiy yoʻldoshini tushuntirish mumkin edi. Bu nisbiylik nazariyasidan olingan xulosalarning tasdigʻi edi. Bu nazariya bilan faylasuf, shifokor, oʻqituvchi, yozuvchi, ruhoniylar qiziqa boshladi. Uning ilmiy va ilmiy-ommabop taqdimotiga bagʻishlangan koʻplab kitoblari chop etila boshlandi. Eynshteyn atrofida keskin falsafiy munozaralar avj oldi, baʼzida bu hujumga aylandi. Koʻp oʻtmay natsizm (nemis harakati) bosh koʻtargan Germaniyada nisbiylik nazariyasi va uning muallifini ochiqchasiga taʼqib qilish boshlandi.

1932-yilning bahorida Eynshteyn oʻz yashash joyini yashirib, Belgiya, keyin esa Angliyaga koʻchib oʻtishga majbur boʻldi. 1933-yilda Gitler hokimiyatga kelishi bilan u gitlercha rejimning dushmanlari qatoriga kiritildi. Natsistlar Eynshteynning Germaniyadagi taʼsiriga qarshi kurashish uchun maxsus qoʻmita tuzdi. Olimning uyi musodara qilinib, mol-mulki talon-taroj etildi. Berlin davlat opera binosi oldida nemis va jahon adabiyoti klassik kitoblari bilan birga uning ham asarlari yoqib yuborildi. Buyuk olim boshi uchun 50 000 marka mukofot vaʼda qilindi. Albert Eynshteyn 1933-yil oktabr oyida AQShga koʻchishga majbur boʻldi. U Prinston (AQSh qadimiy universiteti) ga joylashdi hamda Ilgʻor tadqiqotlar institutida professor boʻldi va umrining oxirigacha shu yerda qoldi.

Eynshteyn Amerika fuqaroligi guvohnomasini olish jarayoni. 1940-yil / wikipedia.org

Eynshteyn Amerikada ham Yevropada boʻlgani kabi mashhur edi. Uning ilmiy yutuqlari aql bovar qilmaydigan shon-shuhratga olib keldi. U Nobel mukofoti sovrindori, oʻnlab akademiyalar aʼzosi, koʻplab diplom va medallar sohibi edi. Uning oldiga fan, madaniyat, sanʼatning taniqli namoyanda, siyosatchi va oddiy odamlar ham tashrif buyurdi, uning kitoblari dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilindi. Boshqalardan ajralib turish tuygʻusi olim uchun begona edi, u “shaxsga sigʻinish bilan bogʻliq boʻlgan hamma narsa hamisha men uchun azob boʻlib kelgan”, — der edi. Mazkur kamgap olim oʻz zamondoshlari kabi odamlar ishonchidan bahramand boʻlgan.

Albertning shifokori yozganidek, uning soddaligi, kamtarinligi, mehribonligi, qatʼiyligi, halolligi, xalqparvarligi va insonparvarligi “buyuk va eng taʻsirchan moʻjiza” edi. Eynshteynning odamlarga nisbatan hamdardlik hissi kuchli edi, qoʻlidan kelgancha ularga yordam berardi, hatto notanish odamlarning ham iltimoslariga befarq boʻlmasdi. Bundan tashqari, uning hayoti boshqalarning mehnati evaziga taʼminlanishi va ular oldida qarzdor ekanligini yaxshi his qilardi, odamlarga yordam qoʻlini choʻzishni “ijtimoiy masʼuliyat” deb bilardi.

Albert Eynshteyn juda katta ish qobiliyatiga ega inson edi. U turli mavzularda 600 dan ortiq ilmiy ish yozdi, yelkanli yaxta harakati va uni boshqarish nazariyasi (bir vaqtlar olim ishtiyoqli yaxtachi edi) kabi mavzu shular jumlasidandir. Agar uni qandaydir gʻoya qamrab olsa, qanday sharoitda ishlashning ahamiyati yoʻq edi. Eynshteyn ilm-fanga ishtiyoqi baland boʻlishiga qaramay, olimlarning zamonaviy jamiyatdagi oʻrni va masʼuliyatini chuqur anglar, ijtimoiy va axloqiy muammolar bilan qiziqib turardi. Koʻplab ijtimoiy-siyosiy voqealar uni tashvishga solib, tinchlik, taraqqiyot, adolat va ozodlikni himoya qilish yoʻlida faol harakat qilishga undadi.

1939-yilga kelib, Germaniyada uranning boʻlinishi eksperimental ravishda amalga oshirildi. AQShga koʻchirilgan olimlar Germaniyada qolgan fiziklar Gitler qoʻlida butun yer sivilizatsiyasiga tahdid soladigan atom bombasini yaratishi mumkinligini tushundi. Ular atom qurolini Gitlerga qarshi koalitsiyaga nemis fiziklaridan imkon qadar tezroq qilib berish kerak deb hisobladi. Bir nechta olimlar Leo Ssillard, Pol Vigner va oʻsha davrning eng nufuzli fizigi Eynshteyn iltimosiga binoan shaxsan AQSh prezidenti Franklin Ruzveltga 1939-yil 11-oktabrda topshirilgan maktubda atom muammosi ustida ishlashni tezlashtirish tavsiya etildi.

1952-yilda Eynshteyn shunday deb eslaydi: “Men bizning taklifimizni amalga oshirish insoniyat uchun qanchalik dahshatli xavf tugʻdirishini aniq tushunardim. Ammo nemis fiziklarining xuddi shu masala ustida muvaffaqiyatga erisha olishi bu qadamni tashlashga majbur qildi”. 1945-yil 16-iyulda Los-Alamos (Nyu Meksiko shtati) yaqinidagi choʻlda birinchi atom bombasi portlatildi. Ushbu sinovli, kuchli portlash olimlarni hayratga soldi. Eynshteyn Ruzveltga yana bir maktub yozdi, unda harbiy maqsadlarda atom qurolidan foydalanmaslikni iltimos qildi. Ammo Ruzvelt toʻsatdan vafot etdi. Ilgʻor olimlarning qarshiligiga qaramay, 1945-yil 6-avgustda Amerika samolyoti Xirosimaga, 9-avgustda esa Nagasakiga atom bombasini tashladi. Atom bombasi portlashi natijasida 360 000 kishi halok boʻldi, omon qolganlar esa dahshatli azobda nurlanishdan vafot etdi.

Yaponiya shaharlari fojiasi haqidagi xabar butun dunyo, shu jumladan, fizik olimlarni ham hayratda qoldirdi. Radioda bu dahshatli voqea haqida eshitgan Eynshteyn faqat: “Qanday dahshat!” deya oldi. Keyinchalik esa u: “Agar nemislar atom quroli ustida ishlamayotganini bilganimda edi, bomba yasash uchun hech narsa qilmagan boʻlardim”, — degandi. Keyingi yillarda Eynshteyn militarizm (qurollanish poygasi siyosati), irqchilik va mizantropiya (insoniyatga nafrat) ni qoralash uchun qoʻlidan kelgan hamma narsani qildi. U qatʼiyat bilan tinchlik va ijtimoiy taraqqiyotga daʼvat bilan chiqdi.

1955-yil 11-aprelda Eynshteyn Bertran Rassel tomonidan tuzilgan murojaatnomaga imzo chekib, insoniyatni yadro quroli yaratilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan oʻz joniga qasd qilishdek xavfdan qatʼiy ogohlantirdi. Bu murojaat Chikago universitetining 7 nafar taniqli olimlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, AQSh, Buyuk Britaniya, SSSR, Fransiya, Kanada va Xitoy hukumatlariga yuborildi. 1955-yil aprel oyida Eynshteyn oʻzini yomon his qildi, unga aorta anevrizmasi (asosiy arteriyaning zaiflashishi) tashxisi qoʻyildi. Shifokorlar operatsiya qilishni maslahat berdi, ammo u buni rad etdi. Albert Eynshteyn 1955-yil 18-aprelga oʻtar kechasi uxlab yotganida uning organizmida aorta devorining teshilishi yuz berdi va buyuk olim vafot etdi.

Motam marosimi ommalashtirilmadi, chunki buyuk olim na ulugʻvor nutq, na yodgorlik, hatto qabrni ham xohlamagandi. Qatʼiy buyrugʻiga binoan uning tanasi yoqildi va kuli doʻstlari tomonidan shamolga sochildi. Eynshteynning abadiy yodgorligi uning fizikadagi fundamental kashfiyotlari edi, ularni na shamol, na vaqt va na bomba yoʻq qila oladi. Sivilizatsiyaning koʻplab yutuqlari qadrini yoʻqotayotgan bir paytda Eynshteyn insoniyatning vijdoni edi. Uning oʻlimi bilan dunyo oʻzining bir qismini yoʻqotganday edi goʻyo.



Muqova surat: wikipedia.oeg