4
Ulashish
722 marta koʻrilgan
224–651
Sosoniylar sulolasidagi iqtisodiy, siyosiy va diniy vaziyat
Sosoniylar davri Yaqin Sharq tarixida antik davrning tugashi va oʻrta asrlar davrining boshlanishi hisoblanadi.
III asr boshlarida, xristianlik, moniylik, hatto zardushtiylik va yahudiylik kabi ommaviy dinlar mahalliy dinlarni oʻrnini egallagan edi. Sosoniylar va Rim imperiyasi oxir-oqibat rasmiy davlat dini sifatida avval zardushtiylik, keyin esa nasroniylikni qabul qildi. Biroq Mesopotamiyada buyuk dinlar bilan bir qatorda eski eʼtiqodlar ham mavjud edi. Sosoniylardan birinchi boʻlib Ardashir I Fors (Persiya) mavqeyini mustahkamlagandan soʻng janubiy Mesopotamiyaga qarab harakatlandi va Xarakena (Mesena nomi bilan mashhur) shahrini boʻysundirdi. 224-yilda u soʻnggi Parfiya hukmdori Artaban V ni magʻlub etdi va oʻldirdi, shundan soʻng Mesopotamiya tezda uning qoʻliga oʻtdi va Ktesifon shahri Sosoniylar imperiyasining asosiy poytaxtiga aylandi.
230-yilda Ardashir I Xatra shahrini (hozirgi Iroqda joylashgan) qamal qildi, lekin uni egallay olmadi. Xatra Rimga yordam soʻrab murojaat qildi va 232-yilda Rim imperatori Sever Aleksandr Ardashir I harakatini toʻxtatish uchun yurish boshladi. U katta qoʻshin bilan Shimoliy Mesopotamiyaga kelib tushadi. Ardashir I qoʻshinlari Rim legionlari bilan uzoq vaqt mobaynida qonli urushlar olib boradi. 235-yilda Sever Aleksandr vafot etgandan soʻng sosoniylar hujum boshladi va Nusaybin (hozirgi Turkiyada joylashgan shahar) va Harran 238-yilda ularning nazorati ostiga oʻtdi. Xatra 240-yil boshida egallandi, shundan soʻng Ardashirning oʻgʻli Shopur qoʻshin boshligʻi boʻldi va tez orada Ardashir I vafot etdi.
Sosoniylar davlatining kuchayishi
Ardasher I vafotidan keyin Sosoniylar davlati taxtiga Shopur I (243–273) chiqadi. Shu vaqtdan boshlab sosoniy taxtiga chiqqan sulola vakillari “shahanshoh” unvoniga ega boʻladi. Sosoniylar davlati esa Eronshahr — Oriylar podsholigi yoki Eroniylar shohligi deb nomlangan. Shopur I davrida Eron qoʻshinlari Rim qoʻshinlari bilan jang olib boridi va ularni bir necha bor magʻlubiyatga uchratdi. Bu urushlarning birida Rim imperatori Gordian III halok boʻlib, juda koʻp rimlik aslzoda va askarlar asir tushgan. Ular Eron shohiga 500 000 dinor aqcha toʻlashga majbur boʻlgan. Shopur I oʻz hujumini qayta boshladi va 256-yilda Dura-Yevropa kabi koʻplab shaharlarni egallab, soʻngra Shimoliy Suriya va Anatoliyaga qarab harakatlandi.
Rim imperatori Valerianning Edessa darvozasida magʻlubiyatga uchrashi va qoʻlga olinishi, 259-yilda uning Gʻarbdagi istilolarining choʻqqisi boʻldi. Shopur I Ktesifonga qaytib kelgach, Palmira hukmdori Septimiy Odeanatus uning qoʻshiniga hujum qilib, oʻljalarni qoʻlga kiritdi. Odeanatus imperator unvonini olib, Xarran va Nusaybinni bosib oldi va 264–266-yillarda Ktesifonga xavf soldi.
Odeanatusning oʻldirilishi sosoniylarning ahvolini yengillashtirdi va 273-yilda Rim imperatori Avrelian Palmirani talon-taroj qilinib Shimoliy Mesopotamiyada Rim hokimiyatini tikladi. Ikki imperiya oʻrtasidagi tinchlik 283-yilgacha, Rim imperatori Karus Mesopotamiyaga bostirib kirib, Ktesifonga harakatlanguncha davom etdi. Biroq Karusning toʻsatdan oʻlimi Rim qoʻshinini chekinishga majbur qildi. 296-yilda Sosoniylarning yettinchi shohi Narse I Harranda Rim qoʻshinlarini magʻlub etdi, ammo keyingi yili u tor-mor etildi va uning oilasi asirga olinadi. Natijada rimliklar Nusaybinni egallab, uni sosoniylarga qarshi eng mustahkam qalʼaga aylantirdi. Shimoliy togʻ etaklarida Dajla va Frot daryolari oʻrtasidagi hududni egallagan Rimning Mesopotamiya provinsiyasi amalda chegara va mustahkam shaharlari boʻlgan harbiy hududga aylandi.
Shopur II davrida sosoniylar yana Rimga hujumga oʻtdi va birinchi urush 337-yildan 350-yilgacha davom etdi. Urush natijasiz tugadi, chunki Nusaybin rimliklar tomonidan muvaffaqiyatli muhofaza qilingan edi. 359-yilda Shopur II yana Rim hududiga bostirib kirdi va uzoq qamaldan soʻng Rimning Amida qalʼasini egalladi. 363-yilda imperator Yulian deyarli Ktesifonga yetib bordi va u yerda vafot etdi. Yulianning vorisi Jovian Nusaybin va shimoldagi boshqa hududlarni sosoniylarga berishga majbur boʻldi. Keyingi urush 502-yildan 506-yilgacha davom etdi va oʻzgarishsiz yakunlandi. Urush 527-yilda yana boshlanib, 531-yilgacha davom etdi va hatto Vizantiya qoʻmondoni Velizariy ham ustunlikni qoʻlga kirita olmadi, odatdagidek, chegaralar oʻzgarishsiz qoldi.
540-yilda Sosoniylar shohi Xusrav I (Anushervon) Suriyaga bostirib kiradi. Sosoniylar uning ortidagi Shimoliy Mesopotamiyadagi koʻplab qalʼalar vizantiyaliklar qoʻli ostida qolgan boʻlsa-da, Antioxni egallaydi. Koʻplab murosasiz janglardan soʻng 592-yilda tinchlik oʻrnatildi. Ammo, Vizantiya imperiyasi bilan boʻlgan jang 10 yildan soʻng yana boshlandi. Bu safar urush Xusravning vorisi — Hormizd IV nazorati ostida davom etdi. 591-yilga kelibgina taxtdan agʻdarilib, Vizantiya hududiga qochib ketgan Xusrav II ni sosoniylar taxtiga qaytishiga koʻmaklashish evaziga Shimoliy Mesopotamiya yana vizantiyaliklar qoʻliga oʻtadi.
602-yilda Xusravning valineʼmati, Vizantiya imperatori Morisning oʻldirilishi hamda Fokun hukumatini tortib olishi orqali Xusrav II Sosoniylar mulkini kengaytirish va Morisning oʻlimi uchun qasos olishga yaxshi imkoniyat edi. Fors qoʻshini butun Shimoliy Mesopotamiya, Suriya, Falastin, Misr va Anatoliyani bosib oldi. 615-yilga kelib, sosoniylar qoʻshini Konstantinopolning roʻparasidagi Xalkidon shahrida edi. Vizantiyaning yangi imperatori Irakliy hukumatga kelganidan soʻng vaziyat tubdan oʻzgardi, u 623–624-yillarda dushman hududining qoq yuragiga dadil ekspeditsiya uyushtirib, Midiyadagi sosoniylarni tor-mor etadi.
Irakliy 627–628-yillarda Ktesifon tomon ilgarilagan edi, ammo Dastagird shahridagi shoh saroylarini talon-taroj qilib, ortga chekindi. Xusrav II ning vafotidan soʻng Mesopotamiya nafaqat janglar, balki Dajla va Frot daryolarining toshqini, keng tarqalgan vabo hamda Sosoniy hukmdorlarining tezkor izchilligi tufayli ham vayron boʻldi, bu esa tartibsizlikni keltirib chiqardi. Nihoyat 632-yildan soʻng oxirgi shoh Yezdegerd III tomonidan tartib tiklandi, ammo keyingi yilda musulmon arablarning kengayishi boshlandi va bir necha yil oʻtgach, Sosoniylar imperiyasining tugashi boshlandi.
Sosoniylar davrida iqtisodiyot
Parfiyaliklardan farqli oʻlaroq, sosoniylar oʻzi bosib olgan kichik podshohliklarning hukmdori sifatida oʻz shahzodalarini qoʻygan, ammo bundan vassal yoki ittifoq podshohliklar mustasno edi. Sababi ushbu podshohliklarning chegara hududlari mustahkam emas edi. Sosoniy shahzodalarni imperiyaning turli qismlariga masʼul qilib qoʻyish orqali sosoniylar parfiyaliklarga qaraganda koʻproq nazoratni saqlab qoldi.
Viloyat boʻlinmalari yanada tizimlashtirilgan boʻlib, toʻrt birlikdan iborat iyerarxiya mavjud — satraplik (shahr), uning qoshida viloyat (ōstan), keyin tuman (tassugʻ) va nihoyat qishloq (deh) boʻlgan Mesopotamiyada bu boʻlinishlar sosoniylar davrida koʻpincha Rim bosqinlari tufayli oʻzgargan. Koʻpgina mahalliy soliq yigʻuvchilar oʻrnini hukmdorlar koʻproq ishongan fors boʻlgan shaxslar egalladi. Ikkita asosiy — yer va mulk soligʻi bor edi. Mulk soligʻini zardushtiylik dinining zodagon, askar, davlat xizmatchilari va ruhoniylar toʻlamagan.
Yer soligʻi hosilning foizini tashkil etgan, lekin u yigʻim-terimdan oldin aniqlangan, bu esa tabiiy ravishda koʻp muammolarni keltirib chiqargan. Xusrav I yangi yerni oʻrganib, ekin ekiladigan yerlar hajmi, xurmo va zaytun daraxtlari miqdori, bu yerda ishlaydigan kishilar sonidan kelib chiqib, oldindan kelishilgan miqdorda soliq belgiladi. Soliqlar yiliga 3 marta toʻlangan. Suiisteʼmol hali ham keng tarqalgan, lekin bu eski tizimdan yaxshiroq edi. Negaki qurgʻoqchilik yoki boshqa falokat boʻlsa, soliqlarni kamaytirish yoki yoʻq qilish mumkin edi. Maʼlumotlar bir-biriga zid boʻlsa-da, zardushtiylikdan boshqa diniy jamoalar vaqti-vaqti bilan qoʻshimcha soliqlarga ham tortilgan. Bu, ayniqsa, nasroniylik Rim imperiyasining rasmiy diniga aylanganidan soʻng Shopur II davrida oʻsib borayotgan xristian jamoalari uchun toʻgʻri keldi.
Sosoniylar davrida din
Sosoniylar davrida diniy jamoalar mustahkamlandi va koʻpgina yahudiy va nasroniy aholiga ega boʻlgan Mesopotamiyada oʻzgarishlar yuz berdi. Bunda ustuvorlik hukmdordan diniy guruh boshligʻiga oʻtdi. Yahudiy ekzilarxi¹ Sosoniylar imperiyasi yahudiylar ustidan huquqiy va soliq yigʻish hokimiyatiga ega edi. Manixizm dinining asoschisi Mani Quyi Mesopotamiyada tugʻilgan va uning dini u tirikligidayoq ham Sharqda, ham Gʻarbda tez tarqaldi. Oʻz vatani Mesopotamiyada manixizmni xavfli bidʼat deb hisoblagan va zardushtiylik dini ruhoniylari tomonidan qattiq taʼqibga uchradi. Xristianlik bidʼat sifatida emas, balki alohida din sifatida koʻrilgan va dushman Rim imperiyasining rasmiy dini boʻlgunga qadar bu dinga toqat qilingan.
Keyinchalik nasroniylar Sosoniylar davlatining yashirin xoinlari sifatida koʻrila boshlandi. Mesopotamiyada xristianlikning ilk bora koʻpayishi Shopur I ning rimliklar bilan urushlari davrida xristianlar, ayniqsa, Antioxiyadan patriarx (cherkovning eng katta ruhoniysi) quvgʻinga uchrashi va koʻchirilishi natijasida sodir boʻlgan. 325-yilda chaqirilgan ruhoniylarning rasmiy yigʻilishida Ktesifon metropoliyasi (yepiskop qoʻl ostidagi diniy okrug va uning markazi) Sosoniylar imperiyasining boshqa metropoliyalaridan ustun deb tan olindi va papa birinchi patriarx yoki katolikosga yaʼni cherkovning bosh ruhoniysi aylandi. 344-yilda xristianlarga qarshi dastlabki taʼqiblar boshlandi va 422-yilgacha hukumat bilan tuzilgan shartnoma taʼqibni tugatgunga qadar turli darajada shafqatsizlik bilan davom etdi.
Mesopotamiyadagi nasroniylar haqida oʻsha davrdagi ilk manba Shopur I hukmronligidan keyingi zardushtiylarning bosh ruhoniysi Karterning yozuvlarida uchraydi. U nasroniy va nazaryanlarni (birinchi nasroniylikni qabul qilgan yahudiylar), ehtimol, yunon va suriya tilida soʻzlashuvchi nasroniylarning ikki turi yoki mazhabini eslatib oʻtadi. Qaysi guruhlarga ishora qilinayotgani nomaʼlum, ammo gnostik² nasroniy yetakchilari — Bardezan va Markionning izdoshlari Mesopotamiyada faol boʻlgani maʼlum. V asrga kelib esa, Mesopotamiyada 410-yilda Ktesifonda rasman tashkil topgan Sharq cherkovi hukmronlik qildi. Shu bilan birga, u Rim imperiyasida imperator Konstantin I nazorati ostida shakllangan, xristian dini eʼtiqodlaridan biri — Nikey eʼtiqodini (Symbolum Nicaeum) qabul qildi, ammo 424-yilda u Rim imperator cherkovidan oʻz erkinligini eʼlon qildi.
Bir necha yil oʻtgach, imperator cherkovi “Maryam — Xudoning onasi” (yunoncha: “Xudoni dunyoga keltirgan”) degan aqidaviy taʼlimotni oʻrnatdi. Sharqiy cherkov bu munozarada bevosita ishtirok etmagan boʻlsa-da, uning diniy anʼanalari Iso Masihning ilohiy va insoniy tabiatini qatʼiy ajratishni saqlab qoldi. Shu sababli ularning fikricha, Maryam faqat uning insoniy tabiatini dunyoga keltirishi mumkin edi. Bu ikki taʼlimot oʻrtasidagi diniy boʻlinish hal qiluvchi omil boʻlishi kerak edi. Taxminan 485-yildan soʻng Sosoniy hukumati oʻziga qaram yerlardagi cherkovning Konstantinopolga sodiq emasligiga ishonch hosil qildi. Keyinchalik Sharqiy cherkov Sosoniy shohlari tomonidan biroz qoʻllab-quvvatlandi va eʼtirofga sazovor boʻldi.
Ularning ilohiy hukmronlik huquqi ruhoniylar tomonidan ham tasdiqlangan. Keyingi taʼqiblar davlat tomonidan emas, balki zardushtiylik ruhoniylari tomonidan amalga oshirilgan. Biroq sosoniylar davrining oxirida Sharqiy cherkov zardushtiylarga qaraganda, hozirgi kunda yakovitlar deb ataladigan miafiziylar bilan koʻproq kurash olib bordi. Yakovitlar Sharqiy cherkov bilan tashkiliy raqobatga kirishib, ayniqsa, Shimoliy Mesopotamiyada monastirlar tarmogʻini yaratdi. Mesopotamiyaning ijtimoiy tuzilishini oʻzgartirgan sosoniylar davrida etnik kelib chiqishi diniy mansublikdan kamroq ahamiyatga ega boʻldi. Arablar ham koʻchmanchi, ham oʻtroq xalq sifatida koʻpayib bordi, arab tili keng tarqaldi.
Mesopotamiya janubidagi Al-Hira qirolligining shohi Noʻmon III 580-yilda nasroniylikni qabul qilgan, ammo 602-yilda Xusrav II tomonidan agʻdarilgan va bu qirollikni imperiyaning viloyatiga aylantirgan. Bu harakat arab qabilalarining sahrodan kirib kelishidagi toʻsiqni olib tashladi va yarimorol arablarining islom bayrogʻi ostida birlashishi bilan Sosoniylar saltanatining taqdiri hal qilindi. Mesopotamiyada musulmonlar forslarning zulmidan xaloskor sifatida qabul qilingan, biroq xristian va yahudiy jamoalarining yaxshi tashkil etilgani tufayli aholining islomni qabul qilishi tez surʼatda davom etmagan. Islomning kirib kelishi esa, shubhasiz, Mesopotamiyani uning tarixidagi boshqa voqealarga qaraganda koʻproq oʻzgartirdi.
[1] Bobil yahudiylari dunyoviy yetakchilari unvoni, ekzilarx mansabi XII asrgacha davom etdi.
[2] Ilk xristianlikda Xudo va dunyoning yaratilishi haqidagi taʼlimotni yaratishga uringan diniy-falsafiy oqim
Manba: britannica.com Muqova suratlar: steemitimages.com / quora.com