Orqaga

825 marta koʻrilgan

1720–1797

Myunxgauzen Karl

Madaniyat tarixida asar qahramoniga aylangani uchun insoniyat xotirasiga muhrlangan odamlar koʻp boʻlgan. Ulardan biri mashhur baron Myunxgauzen Karl Fridrixdir. U qadimgi nemis zodagon oilasiga mansub boʻlib, oila asoschisi Geyno familiyali inson boʻlgan va u Muqaddas Rim imperatori Frederik Barbarossa saroyining aʼzosi edi. Myunxgauzen Geyno imperator bilan birgalikda janglarda, shuningdek, Falastinga salib yurishida ham qatnashgan. Shunday janglardan birida u yaralanib, salbchilar tomonidan qurilgan monastirda davolanishga majbur boʻlgan. Aynan shu vaqtda Geyno Myunxgauzen (nemischa “myunch” — rohib) familiyasini oladi. Karl fon Myunxgauzen Geynoning oxirgi avlodlaridan edi. U Germaniyaning kichik Bodenverder shahrida tugʻilgan.

Oilasining barcha aʼzolari singari Karlning ham karyerasi saroyda — 12 yoshida gersog Braunshveygning paji (xizmatchisi) ga aylanganida boshlagan. Myunxgauzen gersog saroyida 10 yildan ortiq xizmat qiladi, keyin nemis elchixonasi tarkibida Rossiyaga ketadi. Baron oʻsha paytdagi koʻpgina chet elliklar kabi ruslar xizmatiga oʻtgan. Polkka Myunxgauzen kabi baquvvat, baland boʻyli yoshlar kerak boʻlgani uchun 18 yoshli Myunxgauzen oliy farmon bilan rus Braunshveyg kirasir polkiga kornet (otliq askarlarda ofitser unvoni) likka oʻtkaziladi. Uning bunday muvaffaqiyatli harbiy karyerasiga nafaqat shaxsiy jasorati, balki til bilish qobiliyati ham taʼsir qilgan. U xorijiy soʻzlarni oson yod olgan, masalan, rus tilida fikrini bemalol tushuntira olishi uchun unga Rossiyada bir necha oy istiqomat qilishning oʻzi yetarli boʻlgan. Koʻrkam, til biladigan, zehnli Myunxgauzen shu asnoda xizmat pillapoyasidan tezda koʻtarila boshladi.

U Rigada angalt serbstlik nemis malikasi Ioanna Yelizaveta va uning qizi Sofya Avgusta Frederika (keyinchalik Rossiya imperatori Yekaterina II) ni kutib olgani uchun “Sharafli eskort komandiri” unvoniga sazovor boʻldi. Myunxgauzen Yekaterina IIʼni Peterburgga kuzatib qoʻyib, uning hukmronligi davrida Aleksandr Suvorov armiyasida xizmat qildi. U hatto turklar bilan urushda qatnashib, u yerdan gʻalaba qilichini oʻzi bilan olib keldi. Ammo Myunxgauzen ikkinchi yurish paytida yaralanib, harbiy xizmatni toʻxtatishga majbur boʻldi. Shu asnoda Rossiyada erta boshlangan muvaffaqiyatli karyera muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Davolanishdan keyin u isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida ariza beradi va shu bilan birga “Rus armiyasining rotmistri” unvonini oladi. Vatani Germaniyaga qaytib, yana Bodenverderdagi mulkiga joylashadi. Bodenverder kichik, tinch shaharcha boʻlib, Myunxgauzen Rossiya poytaxtidagi shovqinli hayotni qoʻmsardi.Shu sabab tez-tez oʻz uyida doʻstlarini yigʻib, ziyofat uyushtirar, ularga oʻzining sarguzashtlari haqida gapirib berardi. Oʻsha paytda Myunxgauzendek Rossiyada bir necha yil yashagan odam kam boʻlgani uchun odatda uning hikoyalarini katta qiziqish bilan tinglashardi. Oʻzining adabiy personajidan farqli oʻlaroq, haqiqiy baron Myungxauzen hech qachon yolgʻon gapirmas va faqat oʻz koʻzi bilan koʻrganini aytib berardi.

Shunday ziyofatlarning birida yosh nemis yozuvchisi va olimi Rudolf Raspe mehmonlar qatoridan joy oladi. Garchi oʻsha paytda chop etish niyati boʻlmasa ham, aynan u baronning hikoyalarini yozib olishga muvaffaq boʻlgan. Biroq tez orada vaziyatning oʻzgarishi Raspani oʻz vatanini tashlab, Londonga qochishga majbur qildi. Londonda unga yashashi uchun mablagʻ kerak boʻlgani tufayli bir necha yil oldin yozib olgan hikoyalarini nashr etishga qaror qiladi. Ammo avvaliga kitob kutilganday muvaffaqiyat olib kelmaydi, Raspe hatto uni nemis tiliga tarjima qildira olmaydi. Ustiga ustak u baronning yaqin qarindoshlaridan biri, Gettingen universiteti asoschisi sifatida tanilgan Gerlax Adolf fon Myunxgauzen bilan qattiq janjallashib qoladi. Gerlaxdan qasos olish uchun Germaniya xalqining tildan tilga koʻchib yurgan gannoverlik bir sarguzasht izlovchining qilmishlari haqidagi ertaklarini toʻplab, ularni Myunxgauzenning hikoyalari safiga qoʻshadi, qayta ishlab chiqib, nashr ettiradi. Shu tarzda Myunxgauzen nomi birinchi darajali yolgʻonchi soʻzi bilan bir maʼnoni anglatadigan boʻlgan.

Myunxauzen hikoya qilmoqda / wikipedia.org

Raspening kitobi nemis yozuvchisi Gotfrid Avgust Byurger qoʻliga tushganidan keyingina Myunxgauzen hikoyalari butun jahonga mashhur boʻlib ketdi. Bu paytda Byurger ham Raspe singari surgunda edi. Qizigʻi shundaki, u Myunxgauzenni shaxsan tanigani uchun baron aslida nimani koʻrgani, nimani oʻzidan toʻqib chiqargani-yu, Raspe nima qoʻshganini juda yaxshi bilardi. Byurger nafaqat Raspening kitobini tarjima qilgan, balki uni sezilarli darajada qayta ishlab chiqqan yozuvchi hamdir. U tarqoq hikoyalarni tizimli butun bir asarga aylantirib, asar qahramonining hayoti haqidagi hikoyalar bilan ham toʻldirdi.

Endilikda Byurger tufayli Myunxgauzen uyatsiz yolgʻonchi va sarguzasht izlovchi shaxsdan aqlli, kinoyali va koʻpni koʻrgan tajribali odamga aylandi. Yangi talqindagi asarda baron nafaqat suhbatdoshlarini hayratda qoldiradi, balki ularga mutlaqo yangi narsalar haqida bayon qilib, ularning dunyoqarashini kengaytirish niyatida boʻladi. Albatta, Byurger ham oʻz navbatida Myunxgauzen hikoyalariga oʻzidan fantastik hikoyalar toʻqib, qoʻshadi. Shu tarzda u baronning oyga parvozi (uni shvank — nemis adabiyoti janridan olgan) va toʻp oʻqida dushman qalʼasiga uchishi haqidagi hikoyani qoʻshib qoʻydi.Shuncha harakatlarga qaramay, Byurger kitobining Germaniyadagi birinchi nashri eʼtibor qozonmadi. Faqat kitobning keyingi oʻzgartirilgan nashri unga katta mashhurlik keltirdi. Birinchi kitobdan farqli ravishda Byurger hikoya qiluvchining soʻzlab berish usulini biroz qayta ishlab, uni yanada jonli, yorqin va majoziy qilgani bunga turtki boʻldi. Kitobning 5 ta nashri birin-ketin chiqarildi va endilikda baron Myunxgauzenning sarguzashtlari nafaqat Germaniyada, balki deyarli butun Yevropa boʻylab tarqala boshladi.

1790-yilda Byurgerning mazkur kitobi rus tiliga tarjima qilinib, 10 martadan ortiq nashr etildi. Qizigʻi shundaki, xorijiy nashriyotlarning hech birida bu hikoyalarni bolalar uchun qayta ishlab chiqish gʻoyasi uygʻonmagan. Faqat 1883-yildagina Ivan Sitin nashriyotida Myunxgauzen sarguzashtlarining bolalarga moslangan varianti nashr etildi.Uni taniqli tarjimon O. Shmidt-Moskvitinova qayta ishlab chiqib, baronning barcha hikoyalarini 12 kundan iborat siklda tartibga soldi. Bu har kun har xil mavzuga bagʻishlanishini anglatardi, misol uchun, bir kun ov haqida gapirilsa, boshqa kun urush toʻgʻrisida soʻzlanar, keyingi kunlari asirlikda boʻlish, Rossiya boʻylab sayohat mavzulari yoritilardi. Shu paytdan boshlab baron “Myunxgauzen sarguzashtlari” ning yangi davri boshlanadi. Kitob darhol Fransua Rable va Jonatan Svift asarlari bilan bir qatorda bolalarning sevimli kitobiga aylandi.

Afsuski, baron hayotining soʻnggi yillari haqida deyarli maʼlumot yoʻq. Ammo Myunxgauzen Byurger kitoblarida oʻzining nomidan foydalanishiga ijobiy munosabatda boʻlgani, hatto uning oʻsib borayotgan shon-shuhratiga xushomad ham qilgani haqida maʼlumotlar saqlanib qolgan. Baron qolgan umrini Vezer daryosi boʻyida joylashgan, Gameln shahridan unchalik uzoq boʻlmagan Bodenverder shahrida tinchlikda oʻtkazgan. Bugungi kunda u yerda hali ham katta oilaviy mulk mavjud boʻlib, unda baron Myunxgauzenning avlodlari kichik muzey tashkil etgan.



Muqova suratlar: wikipedia.org / literaturno.com