7
Ulashish
1043 marta koʻrilgan
1729–1800
Aleksandr Suvorov
Buyuk rus qoʻmondoni — Suvorov Aleksandr Vasilyevich qadimgi zodagonlar oilasining avlodi edi. U shunchalik zaif boʻlib tugʻilgandiki, oʻsha davr odatiga zid ravishda otasi Aleksandrni hatto polkga yozishga jurʼat eta olmagandi. Ammo bolakay faqat harbiy karyerani orzu qilgan va maqsadiga erishish uchun askarlar safiga qoʻshilgan. Shu tarzda Suvorov, ehtimol, rus armiyasida askardan generalissimus darajasiga erishgan yagona qoʻmondon boʻlsa ajab emas. Faqat bu unvon unga umrining oxirida berildi. Shunisi ahamiyatliki, u birorta ham jangda magʻlub boʻlmagan yagona harbiy qoʻmondon edi.
Suvorov 7 yillik urush paytida jangovar choʻqintirishni oldi. Bu rus armiyasi Kunersdorfda Prussiya qoʻshinlarini magʻlub etganida va shu bilan Rossiyani tajovuz tahdiddan qutqarganida sodir boʻldi. Ammo undan ham koʻp 1768–1774-yillardagi rus-turk urushi paytida el ogʻziga tushdi. Uning qoʻmondonligi ostidagi qoʻshin Turtuqay va Koʻzluji yaqinida turklarni jiddiy magʻlubiyatga uchratib, Qrimdan chiqib ketishga majbur qildi. Oʻshandan beri Suvorov nomi faqat dushman ustidan gʻalaba qozonishni anglata boshladi. Askar va ofitserlar oʻz qoʻmondonini juda yaxshi koʻrar, shuning uchun uning har qanday buyrugʻini bajarishga tayyor edi. U hayratlanarli darajada sovuqqonlik, aniqlik va harakat qatʼiyligini oʻzida birlashtirgan qoʻmondonlik isteʼdodiga ega edi. Shu isteʼdodi tufayli u har qanday vaziyatda yagona mumkin boʻlgan yechim topardi, bu esa uni doim gʻalabaga olib kelardi.
Suvorov askarlar orasida nafaqat qoʻmondonlik isteʼdodi, balki oʻz odatlari bilan ham mashhur edi. U kundalik hayotda juda oddiy edi, har kuni ertalab sovuq suv bilan yuvinardi, lagerda soldatcha adyol ostida uxlardi va askarlari bilan bir xil ovqat isteʼmol qilardi. Aytishlaricha, u grechkali boʻtqani juda yaxshi koʻrgan ekan. Suvorov rus armiyasida qabul qilingan mushtra (harbiy tarbiyaning qattiqqoʻl tizimi)dan voz kechdi va qoʻmondonlarning mustaqil harakatlarini har tomonlama ragʻbatlantirdi. U askar va ofitserlardan zukkolik, topqirlik va tezkorlikni talab qildi. U jangning har bir ishtirokchisi oʻz harakatini anglashi kerak deb hisoblar, shuning uchun oʻz askarlari bilan shugʻullanishga vaqtini ayamasdi. Hozirgacha uning mashhur: “oʻqishda qiyin boʻlsa, jangda oson boʻladi”, — degan soʻzi tildan tilga koʻchib kelmoqda.
1787-yilda Suvorov oʻz qoʻshini bilan Kinburn hududida turk qoʻshinlarini magʻlub etdi. Shundan soʻng turk qoʻshinlari Qora dengizdagi eng muhim qalʼalardan biri — Ochakovni tark etishga majbur boʻldi. Ammo haqiqiy harbiy gʻalabani u 1790-yil 11-dekabrda qozondi. Uning qoʻshinlari egallash amrimahol boʻlgan Izmail turk qalʼasini egallashga muvaffaq boʻldi. Ushbu operatsiya davomida Suvorovning chamalash, tezlik, hujum – 3 oʻzgarmas qoidasi toʻliq ochib berildi. Hujum boshlashdan oldin u oʻz qoʻshinlari turk istehkomlarining maxsus qurilgan maketlarida oʻzaro aloqasini ishlab chiqib, puxta tayyorgarlik koʻrdi. Shuning uchun ham jangda uning askarlari son va qurol-yarogʻ jihatdan oʻzidan bir necha barobar ustun boʻlgan turk qoʻshinini magʻlub etishga muvaffaq boʻldi. Bu gʻalaba natijasida rus qoʻshinlari Turkiyani deyarli qoʻlga kiritdi, ularning Qora dengizdagi hukmronligiga chek qoʻydi.
Rus-turk urushidagi mazkur gʻalabasi uchun Suvorovga eng jiddiy janglardan biri boʻlgan Rimnik daryosi boʻyida Rimnik grafi faxriy unvoni berildi. Uning Vatan oldidagi xizmatlari munosib taqdirlandi: mukofot sifatida koʻplab yer, orden, faxriy unvonlar oldi. Yekaterina II vafotidan soʻng uning oʻgʻli yangi imperator Pavel I Suvorovni rus armiyasining qoʻmondoni etib tayinladi. Bu paytda armiya Italiyada jang qilayotgan edi. Shunda Suvorov qishda oʻtish amri mahol boʻlgan Alp togʻlarini kesib oʻtdi. Kutilmaganda fransuz armiyasi oldida paydo boʻlib, oʻsha vaqtga qadar biron marta ham jiddiy magʻlubiyatga uchramagan qoʻshinni magʻlub etishga muyassar boʻldi. Aynan shu gʻalabasidan soʻng Suvorov endilikda barcha ittifoqchi kuchlar qoʻmondoni etib tayinlandi. Biroq qoʻmondonning mustaqil tabiati imperator Pavel Iʼga yoqmasdi. Imperator rus armiyasini Prussiya usulida oʻzgartirmoqchi boʻldi, biroq Suvorov imperatorning buyrugʻini bajarishdan bosh tortdi va natijada ularning munosabatlari yanada keskinlashdi. Bularning barchasi Suvorovning qoʻmondonlikdan chetlatilishi va ishdan boʻshatilishi bilan yakunlandi. Mashhur sarkarda hayotining soʻnggi yillarini Konchanskoye mulkida oʻtkazgan. U umri davomida yiqqan tajribasini mashhur “Gʻalaba ilmi” (1797) kitobida jamladi, u yerda turli xil qoʻshinlarning tayyorgarligi va taktikasi haqidagi fikrlarini bayon qildi. Shunisi ajablanarliki, bu kitob faqat 1806-yildagina nashr etildi.
Suvorov 1800-yilda vafot etdi va Peterburgdagi Aleksandr Nevskiy lavrasi (cherkov)da dafn etildi. Uning vasiyatiga koʻra, qabr ustiga hech qanday yodgorlik oʻrnatilmadi, faqat “Bu yerda Suvorov yotibdi” degan qisqacha yozuvli oddiy marmar plita qoʻyildi. U faoliyati davrida rus qoʻmondonlarining butun bir armiyasini tarbiyaladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ular orasida M. Kutuzov va P. Bagration kabi taniqli harbiy rahbarlar bor edi. Suvorovning vatan oldidagi xizmati bugungi kungacha unutilmagan. Ulugʻ Vatan urushi yillarida SSSR hukumati buyuk sarkarda A.V. Suvorov nomidagi ordenni taʼsis etdi. Bu orden katta janglarda gʻalaba qozongan qoʻmondonlarga berildi.
Muqova suratlar: facebook.com / klincollege.ru