Orqaga

848 marta koʻrilgan

1667–1745

Jonaton Svift

Dunyo adabiyotiga “Gulliverning sayohatlari” asarini taqdim qilgan Jonaton Svift uzoq umrini xuddi qahramoni kabi sarguzashtga boy tarzda kechirdi. Yozuvchining otasi yosh ingliz ruhoniysi boʻlib, oʻz mulkini burjuaziya revolyutsiyasi davrida yoʻqotib, rafiqasi bilan Angliyadan Irlandiya poytaxti Dublinga koʻchib oʻtadi. U bu yerda shahar sudyasiga yordamchi boʻlib ishga kiradi. Lekin bir yil oʻtar-oʻtmas toʻsatdan kasallikka chalinib, homilador rafiqasini beva qoldirgancha vafot etadi. Bu koʻngilsizlikdan keyin bir necha oy oʻtgach, otasining sharafiga Jonatan deb ism qoʻyilgan boʻlajak yozuvchi dunyoga keladi.

Turmush oʻrtogʻining vafotidan keyin Jonatanning onasi oʻz oilasiga qaytadi, u yerda aka-singillari nafaqat oʻgʻlining tarbiyasida koʻmaklashadi, balki uning Irlandiyadagi eng yaxshi maktabda, keyinchalik Dublin universitetida taʼlim olishini taʼminlaydi. Tahsil yakunlangach, qarindoshlari sharofati bilan Svift mashhur ingliz diplomati va qirol Karl IIʼning yaqin maslahatchisi boʻlgan ser Uilyam Templning kotibiga aylanadi. 10 yil davomida Svift bu nufuzli ingliz arbobining yonida yurib, ishonchli kishisi va shaxsiy kotibi darajasiga yetadi. Templning Mur park qarorgohida oʻzining ilk adabiy asari – “Bochka haqida ertak” ni yozadi.

Asar muallifga nizolar ortidan shuhrat olib keladi, chunki unda oʻsha davr Angliyasining katolik cherkovi kulgi ostiga olingandi. Shunday boʻlsa-da, cherkovga nisbatan tanqidiy fikri Sviftga kerakli imtihonlarni topshirib, ruhoniy martabasini olishiga toʻsqinlik qilmaydi. Ser Templning vafotidan keyin Svift Irlandiyaning chekka hududiga cherkov rohibi yordamchisi boʻlib borishga majbur boʻladi.

Svift adabiy nufuzi va notiqlik qobiliyati tufayli 4 yildan keyin Dublin shahridagi yirik Avliyo Patrik cherkoviga bosh ruhoniy etib tayinlanadi. Aynan Dublinda Sviftning eng asosiy asarlari yozilgan boʻlib, ularda kema shifokori – Lemyuel Gulliverning sarguzashtlari va muallif xayoloti mahsuli boʻlgan yurtlar haqida hikoya qilinadi. Sinchkov kitobxon mutolaa jarayonida Svift tasvirlagan Liliputiya va uning qoʻshni mamlakat Blefusku bilan janglari oʻsha davrdagi Angliyaning real tarixiga juda oʻxshashligini sezishi mumkin.

Insonlarga ahamiyatli koʻringan jamiyatdagi insonlarning oʻzaro aloqalari Svift qalami ostida mikroskopik hajmgacha kichrayadi va ahamiyatsiz hamda kulgili holatga aylanadi. Liliputlarning oʻzaro raqobatchi partiyalari – balandposhnalilar va pastposhnalilar real hayotdagi tori hamda viglar (Angliyadagi partiyalar) ni, tuxumni uch yoki poynak tomondan sindiruvchilar esa – protestant va katoliklarni eslatadi.

Muayyan qahramonlarning oʻziga xos xususiyatlarida ham kitobxon oʻsha davrning mashhur kishilariga oʻxshashliklarni oson aniqlab oladi. Masalan, Liliputiya moliya vaziri tashqi tomondan ingliz bosh vaziri – lord Uolpolni, liliputlar qiroli esa ingliz qiroli – Georg Iʼni eslatardi. Toʻgʻri, Svift asarning ilk nashrlarini anonim tarzda chiqarishga majbur boʻlgan. Faqatgina muallif oʻlimidan birmuncha vaqt avval “Gulliverning sayohatlari” asari muallif nomi bilan birga nashr qilinadi.

Sviftning asarlari Angliyada shunday mashhurlikka erishadiki, yozuvchi ikki hayotda yashay boshlaydi. Angliyada u oʻzining ilgʻor gʻoyalari bilan tanilgan, Irlandiyada esa protestant cherkovining muhtaram ruhoniysi boʻlib qolaveradi. Shuningdek, bir safar Angliyada “1708-yil uchun bashorat” pamfletini ham anonim tarzda nashr qildiradi.

Yozuvchi astrologik adabiyot namoyondasi boʻlgan Partridj ismli shaxs aynan 29-mart kuni tungi 11 lar atrofida vafot etishini ilmiy asoslab beradi. 26-martda esa hurmatli janob Partridjning vafoti maʼlum qilingan yana bir pamflet paydo boʻladi. Partridj tirik qolsa-da, jamiyatning masxarasiga nishon boʻlib qoladi. Sviftning pamfletlarini oʻrganib chiqqan ispan inkvizitsiya (erkin fikrlovchilarni sud qiluvchi tashkilot) si ularga ishonadi va pamfletlar muallifini “kelajakni muvaffaqiyatli bashorat qilgani uchun” rasman jodugar deb eʼlon qiladi.

Svift Irlandiyada boʻlayotgan voqealardan ham chetda qolmaydi. U cherkov bosh ruhoniysi sifatida katta nufuzga ega boʻlib, irland xalqining himoyachisi va qahramoniga aylanadi. U bir necha bor ingliz hukumatining Irlandiyadagi harakatlariga qarshi chiqadi va doim muammoning adolatli yechimiga erishadi. Bir safar, ingliz hukumati ishlarni tartiblash maqsadida Irlandiyada haqiqiy boʻlmagan tilla tangalarni muomalaga kiritgan vaqtda Svift yozgan pamfletlardan keyin dahshatli janjal kelib chiqadi.

Ingliz hukumati yaroqsiz tangalarni muomaladan chiqarib olishiga toʻgʻri keladi. Svift pamfletlaridan birida allaqachon ishonchini qozongan butun Irlandiya xalqiga murojaat qilgan edi. Ish shu darajaga borib yetadiki, Irlandiyadagi ingliz arbobi lord Karteret Londonga: “Men Irlandiyani doktor Svift ruxsati bilangina boshqaryapman”, – deb xabar beradi. Jonatan Svift uzoq umr koʻrgan edi. Tashqi tomondan uning hayotida turli hodisalar koʻp boʻlmasa ham, aslida u faol ichki ruhiy faoliyatni olib boradi.

Yozuvchi 1745-yil 78 yoshda vafot etadi va Dublin cherkoviga dafn etiladi. Qabrtoshida Sviftning qalamiga mansub quyidagi soʻzlar qayd qilingan edi: “Bu yerda shu cherkov dekani, marhum Jonatan Svift orom olyapti va endi norozilik uning qalbini parchalamayapti”.



Muqova suratlar: biographe.ru / wikipedia.org