Orqaga
Mustafo Kamol otaturk biografiyasi.

97 marta koʻrilgan

1881–1938

Mustafo Otaturk

Turkiya Respublikasining birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk 1881-yili Usmonlilar imperiyasiga qaram boʻlgan Gretsiya (Janubi-Sharqiy Yevropa, Bolqon yarimorolining janubi va uning atrofidagi orollarda joylashgan davlat) ning Saloniki shahrida tavallud topdi. Mustafo Otaturkning tugʻilgan sanasi maʼlum emas, chunki oʻsha davrlarda mamlakatda Grigorian kalendari joriy etilmagan edi. Usmonlilar imperiyasi barcha ishlarni hijriy taqvim boʻyicha yuritardi. Mustafo keyinchalik oʻzining tugʻilgan kunini Turkiya mustaqilligi uchun kurash boshlangan sana — 19-mayga belgilagan. Uning otasi Ali Rizo Afandi, onasi esa Zubayda Xonim edi. Oilada juda koʻp farzandlar tugʻilgan boʻlib, ulardan ikkitasigina yashab qolgan, qolganlari balogʻat yoshiga yetmasdan vafot etgan. Shuning uchun ham ular oʻgʻli Mustafo va qizi Mekbelega juda mehribon, taʼlim olishiga esa eʼtiborli edi. Zubayda Xonim oʻgʻlining diniy taʼlim olishi, Qurʼon oʻrganishi va qozi boʻlishini xohlardi. Ali Rizo Afandi esa Mustafoning koʻproq zamonaviy bilimlar egallashini istagan.

Har kim oʻzining fikrini maʼqulladi, taʼlim borasida esa yagona qarorga kelinmadi. Shu tufayli oʻqishni Hofiz Mehmet Afandi (diniy maktab) maktabida boshlagan Mustafo keyinchalik taʼlimni Shamsi Afandining zamonaviy maktabida davom ettiradi va u yerda boshlangʻich taʼlimni oladi. 1888-yili Mustafo yetti yoshga toʻlganida Ali Rizo Afandi vafot etadi va ular Salonikini tark etib, amakisi Xusayn Afandining uyiga koʻchib oʻtadi. Biroq Mustafo oʻqishini tashlab qoʻymaydi, masofa va qiyinchiliklarga qaramasdan oʻqishni davom ettiradi.

U Shamsi Afandining maktabini tugatganidan soʻng Salonikidagi maʼmuriy maktabga oʻqishga kiradi. Biroq koʻp oʻtmay uning maqsadlari oʻzgarib, harbiy maktabga kirish uchun bu yerni tashlab ketadi. Mustafo maktabda aql-zakovati, mehnatkashligi, sergʻayratligi, shuningdek, tez jahli chiqishi bilan boshqalardan ajralib turgan. Aynan harbiy maktabda oʻqib yurgan paytlarida Mustafo ikkinchi nomi — Kamol ismini olgan. Mustafo Afandi ismli oʻqituvchi uning tarix va chet tillarini yaxshi oʻzlashtirgani, matematikani zoʻr bilgani va erishgan yutuqlari uchun “Kamol” (mukammal, yetuk) deb atay boshlaydi. Mustafo harbiy maktabni 1896-yilda tamomlaydi va oʻqishini Monastir shahridagi harbiy bilim yurtida davom ettiradi.

U yerda oʻqib yurgan kezlarida Mustafoning tabiatida inqilobiy ruh shakllana boshlaydi. Maktabni tugatganidan soʻng 1899-yilda Istanbul harbiy bilim yurtiga oʻqishga kiradi va taʼlim jarayonida fransuz inqilobchilari — Russo, Monteskye va Volterlarning inqilobiy ruhdagi asarlarini mutolaa qiladi. Asosiy vaqtini oʻqishga bagʻishlagan Mustafo bilim yurtini aʼlo bahoga tamomlab, leytenant harbiy unvonini oladi, shundan keyin harbiy akademiyaga hujjat topshiradi. Yana bir bora talabaga aylangan Mustafo doʻstlari bilan hukumatga qarshi “Vatan” nomli maxfiy jamiyat tuzadi. Ular amaldagi hukumatga qarshi oshkorona norozilik bildirgan, odamlarni inqilobga chorlagan. Shuning uchun Mustafo oʻqishning uchinchi yilida hibsga olinadi, jamiyat esa tarqatib yuboriladi.

Faoliyati

Mustafo Usmonlilar armiyasidagi faoliyatini 1905-yil yanvar oyida shtab kapitani sifatida boshlaydi. Uning birinchi ishi Damashqdagi 5-armiya safida Livanning janubiy togʻli hududlarida yashovchi ismoiliylar isyonini bostirish boʻlgan. Uning vatanidan uzoq joyda xizmat qilishiga sabab qilib inqilobiy harakatlar sodir etgani koʻrsatiladi. Shundan soʻng vataniga qaytgan Mustafo 1906-yilda Abdulhamid II siyosatidan norozi boʻlgan odamlar bilan birgalikda “Vatan va ozodlik” inqilobiy jamiyatiga asos soladi. Bu davrda Usmoniylar imperiyasi monarxiya tuzumida boʻlib, mamlakatni Abdulhamid II boshqarardi. Uning siyosatda xatolarga yoʻl qoʻyishi, mamlakatning tashqi qarzlari ortib ketgani, chet el davlatlarining bostirib kelish xavfi mavjudligi aholi va koʻplab ilgʻor fikrli kishilarning hukumatdan noroziligini kundan kunga oshirib borardi.

Aholining ilgʻor qatlami respublika tuzumini oʻrnatish niyatida juda koʻplab jamiyatlar tuzdi va inqilobiy harakatlarni amalga oshirdi. Ana shunday inqilobiy harakatlardan biri 1908-yilda yosh ofitser Ahmed Niyoziy va “Ittihod va taraqqiyot” siyosiy tashkiloti rahbari Anvarbey boshchiligida boʻlib oʻtadi. Konstitutsiya joriy etishni talab qilgan inqilobni bostirish uchun Abdulhamid II tomonidan yuborilgan qoʻshin inqilobchilar tarafiga oʻtib ketadi va sulton yengiladi. Inqilobdan bir yil oʻtib, hokimiyatni agʻdarish maqsadida inqilobchilar tomonidan toʻntarish oʻtkaziladi. Bu vaqtda isyonni bostirishga shtab boshligʻi lavozimidagi Mustafo Kamol tayinlangan boʻlib, u inqilobchilar tarafida Abdulhamid II ni hokimiyatdan chetlatishda ishtirok etdi va taslim boʻlgan Abdulhamid II ning oʻrniga taxtga ukasi Mexmet V oʻtirishiga hissa qoʻshdi.

Shu tariqa mamlakatda yuz bera boshlagan siyosiy jarayonlarda Mustafo Kamol ham faol qatnasha boshlaydi. Mamlakat uchun qilgan xizmatlari, janglarda koʻrsatgan jasorati uchun harbiy unvoni dastlab mayorlikka, keyin esa podpolkovnikka koʻtariladi. Bu davrda dunyo siyosiy jarayonida Birinchi jahon urushi sodir boʻlayotgan edi. Urushdan magʻlubiyat bilan chiqqan Usmonlilar imperiyasi gʻolib davlatlar tomonidan okkupatsiya qilinishi (bir mamlakat hududini boshqa davlat yoki davlatlar ittifoqi qurolli kuchlari tomonidan zoʻravonlik bilan bosib olinishi) arafasida turgan edi.

Usmonlilar imperiyasining soʻnggi imperatori Mexmet VI hech nima qilmayotgan paytda Mustafo Kamol poshsho (Usmonli turk imperiyasida yuqori mansabdagi harbiylarga berilgan unvon) mamlakatni himoya qilish uchun maydonga chiqadi. Mustafo Kamol tarqoq turk zobitlari va ziyolilarni birlashtirib, mamlakat mudofaasi uchun jangga chiqishga chorlaydi. Smirnaga qoʻshin kiritishga chogʻlangan Gretsiya oʻz maqsadiga erisha olmaydi va Usmonlilar bilan murosa qilishga majbur boʻladi.

Mustafo Kamol davlat yaxlitligini saqlab qolishga erishadi va shundan soʻng mamlakatda kim hukmronligini aniqlab olish uchun parlament saylovi oʻtkaziladi. Chunki Mustafo Kamol poshsho soʻnggi imperator Mexmet VI dan siyosatda har tomonlama ustun boʻlib ketayotgan va juda katta obroʻ-eʼtibor qozonayotgan hamda vatan uchun fidoyilik qilayotgan edi. Saylov natijalariga koʻra, Mustafo Kamolning tarafdorlari koʻpchilik ovozga ega boʻladi. Shundan soʻng ingliz hukumatining bosimi ostida Birinchi jahon urushidan soʻng Turkiyaning masalasini koʻrish maqsadida Istanbul shahrida 1920-yilning 28-yanvar kuni majlis oʻtkaziladi.

Majlis davomida “Turkiya mustaqilligi toʻgʻrisida” deklaratsiya eʼlon qilinadi, turklar yashaydigan hududlarning barchasi Usmonlilar tarkibida qoladigan boʻladi. Turkiyani yetarlicha okkupatsiya qilish huquqidan mahrum boʻlgan Antanta davlatlari (Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya) bunga javoban Turkiyaga qarshi yurish boshlaydi. Mustafo Kamol esa Anqara shahrida oʻz qoʻshinini yigʻishga kirishadi, biroq askarlarning qurol-yarogʻi yetarli darajada emas edi.

Vaziyatdan chiqish uchun esa Mustafo Kamol Turkiyada kommunistik davlat qurmoqchi ekanini bildirib, bolsheviklar bilan shartnoma tuzadi va qoʻshinini qurol-yarogʻ bilan taʼminlashga muvaffaq boʻladi. Shundan soʻng Rossiya qurol-yarogʻ va moddiy yordam yetkazib berishni zimmasiga oladi. Mustafo Kamol boshchiligidagi turklar 1922-yilga kelib davlatni Yevropa qoʻshinidan butunlay ozod qiladi. 1923-yil 29-oktyabr kuni Mustafo Kamol Turkiyani Respublika deb eʼlon qiladi va bu kunni milliy bayram sifatida nishonlashni taklif etadi. Shundan soʻng Buyuk millat majlisi (Turkiyaning bir palatali qonun chiqaruvchi oliy organi) da prezidentlikka saylov boʻlib oʻtadi. Saylov natijalariga koʻra, Mustafo Kamol Turkiya Respublikasining Birinchi Prezidenti deb eʼlon qilinadi.

Prezidentlik davri

Oʻtgan asrning eng faol siyosiy arboblaridan biri boʻlgan Mustafo Kamol Turkiya iqtisodiyotini izga solish maqsadida bir qator siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy islohotlar oʻtkaza boshlaydi. Birinchi oʻrinda, Mustafo Kamol Otaturk haqida gap ketganida uning 6 tamoyilini eslamoq joizdir: respublikachilik, millatparvarlik, xalqparvarlik, dunyoviylik, davlatchilik, inqilobchilik. Otaturk umr boʻyi shu tamoyillar asosida ish yuritadi.

Dastlab 1924-yilda Turkiyaning yangi konstitutsiyasi qabul qilinadi. Mustafo Kamol Turkiyani Yevropa andozasi asosida dunyoviy davlatga aylantirishga qaror qiladi va islohotlarning bosh maqsadi etib mamlakatni modernizatsiya qilishni belgilaydi. Mustafo Kamol mamlakat boʻylab yevropacha nasab (familiya) ni joriy qiladi. Buning ortidan esa Mustafo Kamol Buyuk millat majlisi tomonidan rasman “Otaturkʼʼ (turklar otasi) nasabini oladi.

Otaturk davlatda ayol va erkaklar huquqini tenglashtirishga harakat qildi: 1934-yilda xotin-qizlarga saylov huquqini beruvchi qonun joriy etdi. Mustafo Kamol Otaturk Turkiyani dunyoning yetakchi davlatlaridan biriga aylantirishga qaror qilgan edi va mamlakatni qoloqlikdan olib chiqish uchun juda koʻp saʼy-harakatlar qildi.

Uning davrida Turkiyada birinchi milliy bank ochildi, davlat va din bir-biridan ajratildi, yangi jinoiy kodeks, xalqaro oʻlchov tizimi, kalendar joriy etilishi ham mamlakat taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshdi. Shuningdek, taʼlim tizimida yevropacha oʻqitish uslubi, gʻarb sanoq tizimi va lotin alifbosini joriy qildi. Otaturk tashqi siyosatda barcha davlatlar bilan doʻstona munosabatlar oʻrnatishga harakat qildi.

Muhabbati

Mustaqillik uchun kurash olib borayotgan mahalda Mustafo Latifa Ushshak (1898–1975) ismli qiz bilan tanishib qoladi. Latifa Yevropada huquqshunoslik boʻyicha tahsil olgan, fransuz tilida erkin soʻzlay oladigan, juda ham goʻzal, oliy nasabli qiz edi. U Mustafoga baʼzi masalalarda yordam beradi va ular bir-biri bilan xat yozishib yuradi. Keyinchalik 1923-yil 29-yanvar kuni Izmirning Goʻztepe mahallasidagi Ushakizoda saroyida ular yevropacha hamda musulmon odatlariga binoan toʻy qiladi va nikohdan oʻtadi. Mustafo Kamol va Latifaning farzandlari yoʻq edi, balki yana koʻproq yashaganida bu orzu amalga oshardi. Biroq koʻp oʻtmay juftlik nomaʼlum sabablarga koʻra ajralib ketadi, shundan soʻng Otaturk 8 nafar bolani asrab oladi. Latifa umrining oxiriga qadar Otaturk bilan ajrimga nima sabab boʻlgani haqida churq etib ogʻiz ochmaydi, u Mustafo Kamolning birinchi va yagona rafiqasi boʻlib qoladi.

Vafoti

Kuchli turk armiyasini shakllantirgan, oʻzining keskin va qatʼiy islohotlari bilan tarix sahifalarida qolgan Turkiya Respublikasining Birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk ogʻir kasallik — jigar serrozidan 1938-yil 10-noyabr kuni 57 yoshida Dolmabaxche saroyida vafot etadi.

Xotira

Mustafo Kamol Otaturkka hurmat maqsadida Anqara shahrida Anitkabir muzeyi barpo etilgan. U yerda Otaturkning hayoti va bosib oʻtgan yoʻlini anglatuvchi tarixiy eksponat, shaxsiy ashyosi, kiygan kiyimi, urushda ishlatgan quroli, xorijlik davlat arboblarining unga bergan sovgʻalari namoyish qilinadi. Muzeyning qurilishi 1953-yilda yakunlanganidan soʻng Mustafo Kamolning jasadi Etnografiya muzeyidan olinib, Anitkabirga qoʻyiladi. Shundan soʻng muzey Turkiyadagi mashhur ziyoratgohlardan biriga aylanadi.



Manbalar: wikipedia.org / daryo.uz / kh-davron.uz
Muqova suratlar: wikipedia.org / history-maps.com