Orqaga

909 marta koʻrilgan

1582-yil

Grigorian taqvimi

Grigorian taqvimi milodiy kalendar, shuningdek, G‘arb taqvimi sifatida ham tanilgan, dunyo bo‘ylab eng ko‘p qo‘llanadigan kalendar hisoblanadi. U birinchi marta 1582-yilda allaqachon mavjud bo‘lgan narsaning evolyutsiyasi sifatida foydalanilgan, bu odamlarga yil va mavsumni aniqroq tushunishga imkon bergan. Taqvim yaratishdan maqsad har doim o‘tgan yillar haqidagi eng aniq va sodda tasvirni yaratishga harakat qilish edi. Tropik yilning o‘rtacha uzunligi o‘nlik kasr (taxminan 365,24217 quyosh kuni) bo‘lgani uchun buni qilish qiyin edi. Taqvimning dastlabki yaratuvchilari ham Quyosh, ham Oy fazalarini o‘z tizimlarida bir-biriga mos kelishini xohlashi bilan ish yanada murakkablashdi.

Kelib chiqishi

Grigorian taqvimi Yulian taqvimi bilan juda ko‘p o‘xshashliklarga ega. Miloddan avvalgi 45-yilda Yuliy Sezar tomonidan tatbiq qilingan Yulian taqvimi davrdagi eng muvaffaqiyatli va aniq taqvim edi. U yilni 365,25 kun deb hisoblagan. Bundan farqli o‘laroq, taxminan 700 yil avval yaratilgan birinchi Rim kalendarida bir yilda 10 oy va 304 kun bor edi. Taxminan 1 600 yil davomida Yulian kalendari dunyodagi eng keng tarqalgan taqvim bo‘ldi. Garchi o‘zidan oldingi kalendarlardan koʻra ancha aniqroq bo‘lsa-da, Yulian taqvimi yilni 365,25 kun deb hisoblagan. 365,24217 va 365,25 o‘rtasidagi farq unchalik katta bo‘lmasligi mumkin, ammo farq har yili taqvimning 11 daqiqa siljishiga olib keldi. Natijada Pasxa bayrami bahorgi tengkunlik va ularning anʼanaviy sanasi boʻlmish 21-martdan uzoqlasha boshladi.

Dunyoning turli mamlakatlarida rasmiy ravishda qoʻllaniladigan kalendarlar. (Diniy sohada boshqa kalendarlar qabul qilinishi mumkin)
Grigorian kalendar (yashil); Grigorian taqvimi, ammo boshqa davr bilan (koʻk); Boshqa kalendarlar (qizil); Grigorian va milliy kalendarlarning parallel ishlatilishi (olov rang) / wikipedia.org

Oʻn kunlik siljish

Pasxa bayramining yildagi o‘zgarishini 1582-yilda Papa Grigoriy XIII payqadi. Yuliy Sezarning o‘limi va Papa Grigoriy XIII hayoti o‘rtasida o‘tgan vaqt ichida taqvim taxminan 10 kunga o‘zgardi. Katolik taqvimini isloh qilish va Yulian kalendaridagi xatolar hamda noto‘g‘ri hisob-kitoblarni tuzatish uchun Papa Grigoriy yaxshiroq va aniqroq taqvimni tadqiq qilish maqsadida komissiya tuzdi. Komissiya natijalari amalga tatbiq qilindi va Grigorian kalendari nomi berildi.

Papa Grigoriy XIII islohotlari

Biz hozirda foydalanayotgan kalendar Rim papasi Gregoriy XIII komissiyasining bir qismi boʻlgan italiyalik astronom Aloysis Lilius (1510–1576) tomonidan ilgari surilgan dastlabki dizayn va takliflarga asoslanadi. Aloysis Lilius 1576-yilda vafot etgani uchun o‘z ishining amaliyotga keng tatbiq etilishini ko‘ra olmadi. Uning ishlari papaga akasi tomonidan taqdim etilgan, keyin esa komissiyaning boshqa aʼzosi Kristofer Klavius ​​ismli matematik tomonidan tekshirilgan va tasdiqlangan. Grigorian taqvimi 1582-yil 24-fevralda Rim papasining rasmiy qarori (yoki hukumat farmoni) “Inter Gravissimas” ning chiqarilishi bilan ommaga tanishtirildi.

355 kunlik yil

Papa Grigoriy XIII ning kiritgan oʻzgartirishlari nafaqat taqvimning aniqligini yaxshilashga xizmat qildi, balki Yulian taqvimi kiritilgandan beri yigʻilgan oʻn kunlik muammoni ham tuzatdi. Buni amalga oshirish uchun 1582-yil atigi 355 kundan iborat boʻldi. 4-oktabr darhol 15-oktabrga oʻzgartirildi, shuning uchun bu sana Grigorian kalendarining rasmiy boshlanishi sifatida ham tanilgan. Portugaliya va Italiya kabi katolik davlatlari yangi taqvim joriy qilingan zahotiyoq uni tezda qabul qilgan bo‘lsa, protestant davlatlar jarayonni katolik hukmronligi uchun fitna sifatida ko‘rib, o‘zgartirish kiritishni istamadi. 1752-yilga qadar Angliya va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi koloniyalar Grigorian kalendarini qabul qildi.

Grigorian va Yulian kalendarlari
Aniqlashtirilgan kabisa yillari

Yulian va Grigorian taqvimlari o‘rtasidagi asosiy farqlardan biri kabisa yillarga qanday munosabatda bo‘lishdir. Yulian taqvimi har to‘rtinchi yilni kabisa yili (366 kun bilan) deb hisoblagan bo‘lsa-da, Grigorian taqvimida esa masala yanada nozikroq bo‘lgan. Grigoriy taqvimida kabisa yili faqat 4 yoki 400 ga bo‘linadigan yillarda sodir bo‘lishi mumkin, lekin agar u 100 ga bo‘linsa sodir boʻlmaydi. Bu kichik farq o‘rtacha yil davomiyligiga 365,2425 kunni beradi. Bu tropik yil uzunligi tarkibidagi 365,24217 quyosh kuniga yaqinroq va shuning uchun aniqroqdir. Papa Grigoriy har yili Pasxa bayramini taqvimga kiritish qoidalarini o‘rnatdi. Ushbu o‘zgarishlardan oldin Pasxa oʻtkaziladigan sanalarda juda katta farq boʻlishi mumkin edi va oylar yil fasllari va astronomik hodisalar bilan mos kelmasdi.

Oʻn kunlikni yoʻqotish

Yuqorida aytib o‘tilganidek, o‘n kunlik tuzatish 1582-yilda amalga oshirildi. O‘sha paytda bu juda koʻp bahslarga sabab boʻlgan edi, ko‘p odamlar yo‘qotilayotgan o‘n kunlik hayoti qisqarishiga olib kelishidan shikoyat qilgandi.

Yilning Grigoriancha oylari

Oylar turli xil nomlanish anʼanalariga ega. Ulardan baʼzilari taqvimdagi o‘rnini ifodalovchi raqamlar nomi bilan atalgan, masalan, sentabr (sept maʼnosi — 7), oktabr (okto — 8 degani), noyabr (9) va dekabr (10). Nom berish anʼanasi Rim taqvimida 10 oy va mart birinchi oy bo‘lgan paytdan kelib chiqadi. Misol uchun, o‘sha paytda sentabr yettinchi oy edi. Boshqa oylar ham dastlab raqamlar nomi bilan atalgan, ammo Grigorian taqvimi qabul qilinishidan oldin mashhur rahbarlar sharafiga o‘zgartirilgan. Boshqa oylarning nomi va ular qayerdan kelib chiqqanligi bilan bog‘liq baʼzi sirlar mavjud bo‘lsa-da, asosiy nazariyalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi.

Grigorian kalendari qanday ishlaydi

Grigorian taqvimi bu — quyosh taqvimi bo‘lib, Yerning Quyosh atrofidagi harakatiga asoslanadi. Grigoriy taqvimida bir yil 365,2425 kundan iborat bo‘lib, u 12 oyga, har biri 7 kundan iborat bo‘lgan 52 haftaga bo‘lingan.

Oylar Kunlar Kelib chiqishi

Yanvar (31 kundan iborat); Rimning vaqt darvozasi, intiho va ibtido xudosi — Yanus sharafiga nomlangan.
Fevral (28 yoki 29 kundan iborat); lotin tilida februare — poklanish degan maʼnoni anglatadi. Fevral poklanish davri hisoblangan.
Mart (31 kundan iborat); Rimning urush xudosi Mars nomi bilan atalgan bo‘lib, lotincha mavors so‘zidan kelib chiqqan.
Aprel (30 kundan iborat); lotincha aprilis va aperio so‘zlaridan olingan bo‘lib, bahorda gulning ochilishini tasvirlash uchun “ochilish” maʼnosida nom berilgan.
May (31 kun); lotincha Maius so‘zidan olingan. Mayya yunonlarda bahor va iliqlik maʼbudasi edi.
Iyun (30 kun); Rim maʼbudalaridan biri Juno — tug‘ilish maʼbudasi sharafiga nomlangan.
Iyul (31 kun); Yuliy Sezar sharafiga nomlangan. Miloddan avvalgi 45-yilda Yuliy Sezar vafotidan oldin bu oy kvintiliy (besh degani) deb nomlangan.
Avgust (31 kun) — dastlab sextilis (olti degan maʼnoni anglatadi) deb atalgan oy miloddan avvalgi 8-yilda Rim imperatori Avgust Sezar sharafiga oʻzgartirilgan.
Sentabr (30 kun); lotincha septum (maʼnosi — yetti) so‘zidan olingan.
Oktabr (31 kun); lotincha okto (sakkiz) soʻzidan yasalgan.
Noyabr (30 kun); oyiga toʻxtaladigan boʻlsak, u lotincha novem so‘zidan olingan bo‘lib, to‘qqiz deganidir.
Va nihoyat, soʻnggi oyimiz dekabr (31 kun) lotincha decem — oʻn soʻzi asosida hosil boʻlgan.

Yil oylari kunlari uchun boʻgʻimli mnemonikasi / wikipedia.org



Manba: calendarr.com
Muqova suratlar: freepik.com / pexels.com