8
Ulashish
900 marta koʻrilgan
XVII–XX
Maʼrifat davri
XVII-XVIII asrlarda Yevropada paydo boʻlgan Maʼrifat davri global taʼsirga ega boʻlgan, intellektual va falsafiy harakat edi. Maʼrifat davri – inson baxtining qadr-qimmati, idrok va hissiy dalillar yordamida olingan bilimga intilish, shuningdek, tabiiy qonun, erkinlik, taraqqiyot, bagʻrikenglik, birodarlik, konstitutsiyaviy hukumat va cherkovni davlatdan ajratishga qaratilgan bir qator gʻoyalarni oʻz ichiga oladi. Mazkur davrdan oldin ilmiy inqilob sodir boʻlgan. Bu paytda Frensis Bekon, Jon Lok va boshqalarning asarlari mavjud edi. Baʼzilar Maʼrifat davri boshlanishini 1637-yilda Rene Dekartning “Uslub haqida mushohadalar” asari nashr etilishi bilan bogʻlaydi. Ushbu asarda uning mashhur – “Fikrlayapman, demak mavjudman” (Cogito, ergo sum) hikmatli soʻzi aks etgan. Boshqalar ilmiy inqilobning choʻqqisi va Maʼrifatning boshlanishini Isaak Nyutonning “Negizlar” (1687-yil) kitobining nashr etilishi bilan belgilaydi.
Yevropa tarixchilari esa anʼanaviy ravishda bu davrning boshlanishini 1715-yilda Fransiya qiroli Lyudovik XIV vafoti va 1789-yilda Fransiya revolyutsiyasining ilk “uchquni” paydo boʻlishiga borib taqaydi. Koʻplab tarixchilar XIX asrning boshida Maʼrifat davri tugagan, deb hisoblaydi. Bu taxminan 1804-yilda Immanuil Kantning oʻlimiga bogʻliqdir. Oʻsha davr faylasuf va olimlari oʻz gʻoyalarini ilmiy akademiyalar, mason lojalari (bir necha kishi oʻtirishi uchun yasalgan maxsus joy) hamda qahvaxonalardagi ilmiy-adabiy uchrashuvlar orqali, shuningdek, bosma kitob, jurnal va risolalar (broshyura) larda tarqatgan.
Maʼrifatparvarlik gʻoyalari monarxiya va katolik cherkovining nufuzini pasaytirib, XVIII–XIX asrlardagi siyosiy inqiloblarga yoʻl ochgan. XIX asrning liberalizm, kommunizm va neoklassitsizm (sanʼatda klassik uslubning qayta jonlanishi) kabi turli “harakatlari” oʻzining ilmiy merosini maʼrifatparvarlik davrigacha yetib borishini taʼminlagan. Maʼrifat davrining markaziy taʼlimoti mutlaq monarxiya va cherkovning qatʼiy qarashlariga qarshi boʻlgan individual erkinlik va diniy bagʻrikenglikdan iborat edi.
Utilitarizm (foydalilik tomonidan baholash) va sotsializm (xususiy mulkni ijtimoiy mulkka aylantirish taʼlimoti) tushunchalari ham butun jamiyatni yaxshilashga xizmat qiladigan axborotni tarqatishda hal qiluvchi ahamiyatga ega edi. Maʼrifatparvarlik davri dunyoning kundalik ommaviy axborot vositalari va ong oʻrtasidagi munosabatlarning ortib borishi, ilmiy uslub va reduksiya (murakkabdan soddaga oʻtish) ga urgʻu berish, diniy pravoslavlikka shubhaning kuchayishi bilan ajralib turgan. Buni esa Kantning “Maʼrifat davri nima? savoliga javob” essesida aks ettirilgan quyidagi ibora bilan ifodalash mumkin: “Bilishga jurʼat et” (Sapere aude).
Nufuzli ziyolilar
Mari Jan Antua Nikolaning eng mashhur asari “Inson ruhiyati taraqqiyotining tarixiy surati ocherki” (“Esquisse dʼun tableau historique des progres de lʼesprit humain”) 1795-yilda yozilgan. Ushbu kitobning nashr etilishi bilan Maʼrifat davrining rivojlanishi tugatilgan, deb hisoblanadi. Maʼrifat davri ilmiy inqilobdan oldin boʻlsa-da, u bilan chambarchas bogʻliq edi. Maʼrifatparvarlik davriga taʼsir qilgan ilk faylasuflar orasida Frensis Bekon va Rene Dekart ham bor edi. Maʼrifatparvarlik davrining yirik namoyandalari qatoriga: Sezar Bekkariya, Deni Didro, Devid Yum, Immanuel Kant, Gotfrid Vilgelm Leybnis, Jon Lok, Sharl-Lui Sekonda Monteskyo, Jan-Jak Russo, Adam Smit, Gugo Grotsiy, Benedikt Spinoza va Volter (Fransua-Mari Arue) lar kiradi.
Maʼrifat davrining eng nufuzli nashrlaridan biri — ensiklopediya. 1751–1772-yillarda nashr etilgan 35 tomli ensiklopediyani Deni Didro, Jan Leron dʼAlamber va boshqa 150 nafar ziyolilar jamoasi tuzgan. Ensiklopediya Maʼrifat epoxasi gʻoyalarini Yevropa va undan tashqarida yoyishga yordam bergan.
Maʼrifat davrining boshqa muhim nashrlariga Volterning “Falsafiy maktublar” (1733-yil) va (1764-yil), Devid Yumning “Inson tabiati toʻgʻrisida risola” (1740-yil), Monteskyo (Sharl-Lui Sekonda) ning “Qonunlar ruhi haqida” (1748-yil), Jan Jak Russoning “Odamlar orasida tengsizlikning kelib chiqishi va asoslari haqida mulohaza” (1754-yil) va “Emil, yaʼni Tarbiya haqida” (1762-yil), Adam Smitning “Aholi daromadlarini tabiati va kelib chiqishi sabablari” kitobi “Axloqiy hissiyotlar nazariyasi” (1759-yil) va “Xalqlar boyligi” (1776-yil) hamda Kantning “Sof aql tanqidi” (1781-yil) kabilar kiradi.
[1] Masonlik — axloqiy va maʼnaviy saboqlarni oʻrgatadigan erkaklarning birodarlik guruhi. Bu dunyodagi eng katta maxfiy jamiyat boʻlib, u oʻzining baʼzi marosimlari, urf-odatlari va faoliyatini jamoatchilikdan yashiradi.
Manbalar: wikipedia.org / britannica.com Muqova surat: pinimg.com