Orqaga

834 marta koʻrilgan

1724–1804

Immanuil Kant

Immanuil Kantning butun hayoti Kenigsbergda oʻtgan. U hunarmand oilasida, 13 nafar farzandning biri boʻlib tugʻilgan. Bu katta oilada Immanuil taʼlim olish baxtiga musharraf boʻlgan yagona farzand edi. U gimnaziyani tugallab, Kenigsberg universitetining tabiiyot fakultetiga oʻqishga kiradi. Fanlar orasidan matematika va astronomiyani afzal koʻradi. Lekin bir vaqtlar Lomonosovdan taʼlim olgan mashhur fizik Volfning shogirdi matematika professori Knutser uni falsafaga qiziqtirib qoʻyadi. Kant falsafa bilan bir qancha yillar oʻtgachgina shugʻullanadi.

Universitetni tamomlagach, u shahar gimnaziyalaridan birida 15 yil davomida oʻqituvchilik qiladi. Shundan soʻng Kant universitetga shaxsiy-dotsent lavozimiga oʻtadi. Bu yerda u asta-sekinlik bilan olim va tadqiqotchi sifatida shakllanib bordi. 1770-yildan umrining oxirigacha Kant Kenigsberg universitetining ordinar professori boʻlib qoldi. Hayoti davomida faylasuf kamyob odatlari bilan ajralib turgan. Masalan, u har kuni tushlik qiladigan kafega kelib-ketish vaqtiga qarab soatning necha bo‘lganini aytish mumkin edi. Faylasufning qoʻshnilari u hayoti davomida umuman kechikmagani va bir daqiqaga ham ushlanib qolmaganini aytgan. U har doim bir xil yoʻnalish boʻylab harakatlangan.

Fandan tashqari, u xaritada sayohat qilishga ishtiyoqmand boʻlgan, chunki aslida Kant umuman Kenigsbergdan chiqmagan. Yaqin doʻstlari hamda hamfikrlari bilan ham faqat xatlar orqali gaplashgan. U yopiq hayot tarzini olib borgan, umuman oila ham qurmagan. Chunki oila ilmiy faoliyatiga halal beradi deb hisoblagan. Kantning sevimli mashgʻuloti ham boʻlmagan, negaki butun vaqtini fan va falsafa bilan shugʻullanishga sarflagan. Avvaliga u fizika va astronomiya bilan koʻp shugʻullangan.

1755-yilda Yevropa ilm-fanida Quyosh tizimi ulkan tumanlikning yigʻilishi natijasida kelib chiqqani haqidagi ilk gipotezani ilgari suradi. Bir necha yillardan soʻng xuddi shu gipotezani yirik fransuz olimi Per Laplas ham taqdim qilgan. U hozirgacha oʻz ilmiy dolzarbligini yoʻqotmagan boʻlib, Kant-Laplas teoriyasi nomi bilan yuritiladi. Kant insoniyatning bor ilmi toʻlaligicha undan kelib chiqmasa ham, tajribadan boshlanadi deb hisoblagan. Shu sababdan u inson olamni oxirigacha anglay olmasligini, har bir predmetning yetib boʻlmas ilmi borligini aytib, buni “ichingdagi nimadir” deb atagan. Uning ishlari nafaqat mutaxassislarga, balki uni oʻqigan barchaga taʼsir oʻtkaza olgan. Kantning ilmiy qarashlarida ilohiy narsalar, xususan, xudo haqida alohida oʻrin boʻlmagan. Shunga qaramay, u yuqori ideallar va jamiyat axloq normalari tashuvchisi sifatida dinni muhim narsa deb bilgan. Shu bilan birga, majburiy diniy marosim va tashkilotlarning mavjud boʻlishini qoralagan. Bunday ikki taraflama qarashlari hukumatning keskin reaksiyasiga sabab boʻlgan.

1794-yilda Kantni “Ilohiy bitiklar taʼlimotini xato talqin qilish va yerga urish”ga yoʻl qoʻyilmasligi haqida rasmiy tarzda ogohlantiradigan, maxsus qirollik farmoni imzolanadi. U oʻz falsafiy tizim markaziga ongni qoʻyar edi. Shu sabab bu soʻz uning koʻplab risolalari nomlanishida, jumladan, faylasufning eng asosiy — “Sof ong tanqidi” va “Amaliy ong tanqidi” asarlarida uchraydi. Kant olamni bilishning asosiy vositasi deb tajribani koʻrsatadi, lekin unda hamma narsa ham tadqiq qilinmasligi ehtimolini tan oladi. Shu tufayli u xudoning mavjudligini shubha ostiga oladi, chunki buni tajriba orqali isbotlab boʻlmaydi deb hisoblagan. Faylasuf umrining oxirida butun olam nazariy oʻrganish predmeti boʻla olishiga va oʻzi ham aynan shu bilan shugʻullanganiga amin boʻladi.

Biz Kant taʼlimotida koʻplab qarama-qarshiliklar borligini, lekin u kuchli mantiq va mulohazalarning mantiqiy zanjirini tuzish qobiliyatiga ega boʻlganini koʻramiz. Shu sabab uning taʼlimoti falsafada alohida bir oqim, kantchilikning boshlanishiga asos boʻlgan. Kantning ishlarini turli oqimlarga mansub koʻplab faylasuflar, jumladan, Marks va Lenindan tortib, Bek va Feyerbaxlargacha oʻqib-oʻrganishgan.



Muqova surat: lithub.com