Orqaga
Laten madaniyati (taxminan mil. av. 450–50-yillar) Shveytsariya Neuchatel ko‘li shimoliy qirg‘og‘idagi shu joy nomi bilan atalgan.

937 marta koʻrilgan

m. a. 450-yil

Laten madaniyati

Laten madaniyati (taxminan mil. av. 450–50-yillar) Shveytsariya Neuchatel ko‘li shimoliy qirg‘og‘idagi shu joy nomi bilan atalgan. U ayniqsa san’at nuqtayi nazaridan Markaziy Yevropaning hukmron madaniyati boʻlgan Galshtat (mil. av. 1200–450 yillar) o‘rnini egalladi. Laten madaniyati qadimiy yodgorliklari Irlandiyadan tortib, Ruminiyagacha bo‘lgan G‘arbiy va Markaziy Yevropani qamrab olgan, keng ko‘lamda topilgan.

Kelt tilida so‘zlashuvchilar egallagan hududda ham, undan tashqarida ham dalillar mavjudligiga qaramay, Laten madaniyati ko‘pincha o‘rta temir davri keltlari bilan qiyoslanadi. Garchi Britaniya va Irlandiyadagi kelt xalqlarida ushbu madaniyatning qaysidir elementi uchrashda davom etgan boʻlsa-da, mil. av. I asr oʻrtasida Yuliy Sezar (mil. av. 100–44-yillar) Galliyani bosib oladi hamda Laten tanazzulga yuz tutadi.

Galshtat madaniyati

O‘z nomini Yuqori Avstriya Galshtat ko‘lining g‘arbiy qirg‘og‘idagi joy nomidan olgan Galshtat madaniyati Markaziy Yevropada mil. av. 1200-yildan 450-yilgacha davom etgan. Bu so‘nggi bronza davridan ilk temir davrigacha to‘g‘ri keladi. Baʼzan proto-keltlar madaniyati deb ataladigan bu xalq tuz va temir kabi mahalliy resursdan foydalanish, savdo qilish tufayli gullab-yashnaydi. Ularning rivojlanishi O‘rta dengiz madaniyatidan janubga, xususan, Janubiy Fransiyadagi yunon koloniyalari va Shimoliy-markaziy Italiyadagi etrusklardan import qilingan, hashamatli buyumlardan iborat boy to‘plamni o‘z ichiga olgan, katta tepalik qabrlari orqali isbotlangan.

Joylarning mudofaasi mustahkam boʻlgani tufayli mil. av. 600-yillardan boshlab Galshtat xalqi ko‘proq urush bilan mashg‘ul bo‘lgandek ko‘rinadi. Keyingi ikki asrda kam, ammo mustahkam turarjoylarning mavjudligi resurslar va, ehtimol, savdo imkoniyati uchun raqobatning kuchayganini ko‘rsatadi. Vino kabi ommaviy ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun yangi bozorni topishga intilgan O‘rta dengiz davlatlarining savdo faolligida ham o‘sish bo‘lgan. Galshtat konlarida tuz ishlab chiqarish mil. av. 400-yillarda tugatilgan. Bundan taxmin qilishimiz mumkinki, bu kamayib borayotgan boylik O‘rta dengiz davlatlari o‘z savdo sheriklarini boshqa joydan qidirishiga olib keldi. Ayni paytda Shveytsariyaning sharqiy qismidagi ushbu nom bilan atalgan Laten madaniyati ildamlab, balki bir davrda (mil. av. 460–440-yillar) Galshtat aholi punktlari bilan zamondosh bo‘lgan va keyinchalik ularning ko‘pchiligi tashlab ketilganligi sababli butunlay ularning o‘rnini egallagandi.

Laten davrida Galshtat aholi punktlariga koʻchish kamdan kam holda uchrab turadi va Germaniya janubidagi Hohenasperg buning yorqin misolidir. Laten hududi dastlab hozirgi Fransiya, Janubiy Germaniya, Shveytsariya hamda Bogemiya, asosan Luara, Marne, Mosel va Elba kabi asosiy daryo nuqtasi atrofidagi yerni egallaydi.

Galshtat va Laten Dbaxmann madaniyati xaritasi (GNU Free Documentation License)

Laten: taʼrif va foydalanish muammosi

“Laten” nomi ba’zi arxeolog va tarixchilar tomonidan bugungi kunda biz ko‘proq “keltlar” deb ataydigan narsaga, ayniqsa, moddiy madaniyat, xususan, sanʼatga nisbatan qo‘llanilgan va baʼzan hozir ham qo‘llaniladi. Yevropadagi vaqt va makon bo‘yicha ko‘plab xalqlarni qamrab olgani sababli ikkala atama ham o‘ziga yarasha ma’no-mazmunga ega. Aytish mumkinki, temir asri markaziy Yevropa xalqida madaniy va diniy o‘zgarish ro‘y bergan. Shuning uchun Galshtat, Laten va Kelt madaniyati atamalari mil. av. XIII asrdan Rim imperiyasining kengayishigacha va mil. av. I asrdan boshlab oʻrta asr davrigacha ushbu mintaqadagi madaniy rivojlanishning alohida bosqichini farqlash uchun foydali boʻlib qolmoqda. Biroq bu atamalar turli Gʻarbiy hamda Markaziy Yevropa qabilalari o‘rtasidagi murakkab munosabat, vaqt va makondagi baʼzi madaniy xususiyatning bir-biriga mos kelish, ajralish va o‘ziga xosligini sir tutadi.

Yevropa temir davri, shubhasiz, madaniy taʼsir, savdo aloqasi, urush va migratsiyaning jonli davri bo‘lgan. Mazkur davrning dinamizmi “laten” yoki “keltlar” kabi atamaga uncha mos kelmaydi. Shunga ko‘ra, bunday atamalar, baʼzan foydali bo‘lsa-da, ehtiyotkorlik bilan ishlatilishi kerak. “Endilikda Laten madaniyatini keltlar bilan tenglashtirish toʻgʻi kelmaydi”, —  Jon Kollis.

“Laten” atamasi bilan bog‘liq yana bir muammo shundaki, garchi u faqat kelt tilida so‘zlashuvchi xalq egallagan baʼzi hudud va keltlar bilan umuman bog‘liq bo‘lmagan boshqa yerda, masalan, Iberiya va german tilida muloqot qiluvchi Daniyaning bir qismida mavjudligi isbotlangan bo‘lsa-da, u keltlar madaniyatining sinonimi sifatida keng qo‘llanila boshlandi. Bundan tashqari, Laten madaniyatidan avval kelt tilida so‘zlashuvchilar bo‘lganligi isbotlangan.

Tarixchi Jon Kollis taʼkidlaganidek, Laten madaniyatining keltlar bilan umumiy tengligi endi na metodik, na faktik tomondan toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, “madaniyat” so‘zining o‘zi noto‘g‘ri. Chunki bu davrni koʻplab umumiy belgiga ega bo‘lgan kichik, o‘zaro taʼsir etuvchi jamiyatdan biri sifatida tasavvur qilish yaxshiroqdir (Bagnallda, 3851).

Moddiy madaniyat

Laten madaniyati odamlari o‘z xudolariga qimmatbaho buyum qurbonlik qilgan. Bu ko‘pincha keyingi kelt madaniyati, xususan, Buyuk Britaniyada bo‘lgani kabi ularni suvga, bu vaziyatda Neuchatel ko‘liga tashlash orqali qilingan. Bir paytlar ko‘lning tor qismini kesib o‘tgan yog‘och ko‘prik haqida dalillar mavjud. Bu ko‘prik qurbonliklar ko‘lga to‘kiladigan joy yoki qurbonlik keyinchalik madaniyat pasaygan paytda suvning ostida vayron bo‘lgan ana shu ko‘prikka bog‘lab qo‘yilgan.

Ilk qadimiy yodgorliklar milodiy 1850-yillarda ko‘lda, uning suvi sunʼiy ravishda pasaytirilgan paytda topilgan. Topilma orasida temir qilich, qilich qini, nayza hamda qalqon kabi qurol va zirhlar, shuningdek, toʻgʻnagʻich, hayvon haykalchalari (ayniqsa, it, choʻchqa, qoramollar) va hatto inson suyaklari kabi kichikroq buyumlar ham bor. Laten hududini birlashtiruvchi xususiyatdan biri bu – yunon va etrusk sanʼati taʼsirini namoyon qiluvchi o‘ziga xos sanʼat uslubi. Mazkur uslub butun Yevropa qitʼasi boʻylab Irlandiyadan Ruminiyagacha keng tarqalgan.

Laten sanʼati xususiyati quyidagidan iborat:

– tasvirli niqob va inson shakllari;
– egri geometrik shakllar (S shaklli, spiral va simmetrik figuralar);
– o‘simlik naqshi (ayniqsa, palmeta va nilufar gullari);
– qanotli ot va grifon (tanasi sherniki boʻlgan burgut) kabi afsonaviy mavjudotlarga bo‘lgan muhabbat.

Dyunbergdagi (Keltenmuseum Hallein, Avstraliya) tuz konlari qabrlardan topilgan qilichlar va bosh kiyimlar / wikipedia.org

Laten zodagonlari qabrini qazish jarayonida oltin quyma, qurol, O‘rta dengizdan olib kelingan buyum va ikki g‘ildirakli aravalar kabi ko‘plab tarixiy yodgorliklar topilgan. Soʻnggi transport ulovlari Laten qabrlaridagi qurol-yarogʻning ko‘pligi sababli Galshtat mozorlaridagi to‘rt g‘ildirakli vagonlardan farqli bo‘lgan. Qadimiy yodgorliklarga boy joy Germaniyaning Gessen shahridagi Glauberg hisoblanadi. Bu joyda “Glauberg shahzodasi” deb ataluvchi ulkan qum haykal qazib olingan. Qalqon ko‘tarib turgan bu jangchining egnida kitel va uch shokilali tork marjoni bor. U, shuningdek, “barg toj” deb nomlanuvchi ajoyib bosh kiyimda. Haykal mil. av. V asrning ikkinchi yarmiga oid qabr yonidan topilgan va haykalga taqilgan zargarlik buyumlari qabrda marhum jangchi taqinchogʻi deya taxmin qilinadi.

Migratsiya

Mil. av. IV asrda Laten tepaligidagi joy tark etila boshlandi. Qimmatbaho hamda import qilingan tovarlarni o‘z ichiga olgan qabrlar kamaydi (Fransiya shimolidagi kabi madaniyat mavjud bo‘lgan chekka hudud bundan mustasno). Bu, ehtimol, mil. av. IV–III asrdagi “keltlar ko‘chishi” bilan bogʻliq. O‘sha paytda Markaziy Yevropadagi xalqlar janubga ko‘chgan. Boshqalar qatori Rimga hujum qilib, Qora dengizning shimoliy qirg‘ogʻi va Sharqiy Kichik Osiyo kabi hududga joylashgan (bu yerda ular galatiyaliklar deb nomlangan). Ular, shuningdek, Markaziy Yevropadan g‘arbga, Atlantika qirgʻogʻi va Britaniyaga ko‘chib o‘tgan. Shu orada G‘arbiy va Markaziy Yevropa mil. av. IV asr oxirida qitʼaning janubiy qismi bilan savdo-sotiq tiklagani sababli Laten madaniyati gullab-yashnagan.

Manching shahri, Germaniya / wikipedia.org

Janubiy madaniyat bilan asosan qul, moʻyna, oltin va qahrabo (Boltiqboʻyi xalqidan olingan) savdo qilingan. Germaniya janubi, Dunay daryosida joylashgan Manching va Markaziy Fransiya Overn mintaqasidagi Aulnat kabi joy yirik savdo markazga aylangan. Bu savdo mil. av II asr tanga zarb etilishi va Rim vino amforasi kabi (ikki tomonida tutqichi bo‘lgan, katta yunon yoki Rim ko‘zasi) ko‘p sonli topilmalari bilan isbotlangan.

Titelberg shahridagi Gebelanj-Nospelt kelt qabrlaridan topilmalar, Lyuksemburg / wikipedia.org

Inqiroz

Soʻng hammasi yomonlasha boshladi. Resurs va savdo imkoniyati uchun raqobatning kuchayishi natijasida yuzaga kelgan keskin munosabatning birinchi alomati — mil. av. II va I asrlarda oppidaning (qadimgi keltlar qalʼasi) qurilishi. Oppida yirik aholi punktining rim tilidagi nomi boʻlib, biz hozirda hududning mudofaasini mustahkamlash uchun qo‘llaydigan, odatda landshaftning baland nuqtasi yoki daryoning qayrilish kabi tabiiy ravishda himoya qilinadigan tekislikda joylashgan. Qoʻrgʻon tepalikning aylanma devori, baʼzan esa tashqi ariqdan iborat boʻlgan. Baʼzi oppidalar shunday ishlatilgan boʻlsa-da, doimiy ishg‘ol qilinadigan joy emas edi. Aksincha, ko‘pchiligi urush davrida boshpana va ishlab chiqarish ustaxonasini jamlash va jamiyat resursini saqlash uchun xavfsiz joy sifatida ishlatilgan.

Mil. av. 125-yili rimliklar istilo maqsadida Galliyadagi Arverni qabilasiga hujum boshlab, bu dushmanlik muhitini yanada yomonlashtiradi. Soʻng Yuliy Sezar keyingi asr o‘rtasida Galliyaga hujum qilgan va uni bosib olgan. Imperiya u yerdan kengayib, kontinental Yevropa xalqlarining Rim madaniyatiga singib ketgan. O‘rta asrlarda Laten madaniyatining o‘ziga xos xususiyati Irlandiya va shimoliy Britaniyada davom etgan.



Manba: worldhistory.org
Muqova surat: wikipedia.org