13
Ulashish
925 marta koʻrilgan
1453-yil
Konstantinopolning fathi
Usmonli turklar 1453-yilda Vizantiya imperiyasining poytaxti — Konstantinopolni bosib oldi. Bu magʻlubiyat Rim imperiyasining vorisi sifatida ming yildan ortiq vaqt davomida mavjud boʻlgan Vizantiya imperiyasining zavolga yuz tutishiga olib keldi.
Konstantinopol (hozirgi Istanbul) shahri Rim imperatori Konstantin I tomonidan qadimiy Bizans shahri ustida milodiy 324-yilda barpo qilingan. Shundan soʻng shahar ming yildan ortiq vaqt davomida, to 1453-yilda fath qilinguniga qadar Sharqiy Rim imperiyasining poytaxti boʻlib kelgan. Sharqiy Rim imperiyasi biz soʻz yuritayotgan Vizantiya davlatining ikkinchi nomi hisoblanadi. Shahar asrlar davomida juda koʻplab hujum, uzoq muddatli qamal, ichki qoʻzgʻolonlarni boshidan oʻtkazgan. Hatto milodiy XIII asrda salibchilar tomonidan ishgʻol etilgan boʻlsa-da, shahar qadimgi va oʻrta asrlarda eng mustahkam va yengish imkonsiz boʻlgan afsonaviy himoya mudofaa tizimiga ega edi.
Vizantiya imperiyasi asrlar davomida turli omillar — ichki tarqoqlik, iqtisodiy tushkunlik va qoʻshni davlatlar bilan toʻqnashuvlar tufayli tanazzulga yuz tutdi. XV asrga kelib imperiya hududi faqat Konstantinopol va uning atrofidagi bir qancha hududlardan iborat edi.
Bu vaqtda esa kuchayib borayotgan Usmonli imperiyasi Bolqon yarimoroli va Anatoliya (Kichik Osiyo) ustidan nazorat oʻrnatib, Vizantiya uchun jiddiy xavf sola boshlagan edi. Murod II ning vafotidan soʻng Usmonlilar taxtiga uning oʻgʻli Mehmet II chiqadi. Davlat hududini kengaytirishga bel bogʻlagan Mehmet II Konstantinopolni fath qilishni rejalashtiradi va bir qator rejali tadbirlar koʻradi. Dastavval Qora dengizdan Vizantiyaga keladigan yordamning yoʻlini toʻsish maqsadida Rumeli Hisor qalʼasini qurdiradi. Shahar devorini buzib oʻta oladigan yirik zambaraklar tayyorlatib, armiyasini artilleriya toʻplari va harbiy kemalar bilan jangga tayyorlaydi.
Chunki XV asrda Konstantinopol devori butun Yevropadagi eng mustahkam devor deb tan olingan edi. Shahar tashqi tomondan ikki chiziqda joylashgan qoʻrgʻonlar bilan oʻrab olingan va devorlar 6,5 km masofagacha choʻzilgan. Qoʻrgʻon hamda devorning boʻyi 12 metr, poydevor qalinligi esa 5 metrni tashkil qiladi.
Shahar mudofaasi kuchli boʻlishiga qaramay, bu vaqtga kelib Vizantiya ancha zaiflashib qolgan edi. Salibchilar yurishidan soʻng shaharning zaiflashuvi, iqtisodiy tushkunlik, nasroniy kuchlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmaslik, dengiz yoʻllarining Usmonlilar tomonidan nazorat qilinishi imperiyani jang oldidan qiyin ahvolga solib qoʻyadi. Vizantiya imperatori Konstantin XI tajribali boʻlgani uchun nasroniy kuchlar tomonidan yordam kelmasligini bilar edi. Shuning uchun ham uning yolgʻiz umidi shahar ichidagi venetsiyalik va genuyaliklar edi. Bu qarash toʻgʻri boʻlib chiqadi — boʻlajak jangga Venetsiya va Genuya muhim harbiy yordam koʻrsatadi.
Jang
Shunday qilib, 1453-yil aprel oyida Konstantinopol qamali boshlanadi. Mehmed II qoʻshini Konstantinopolni quruqlik va dengiz orqali oʻrab oladi va zambaraklar yordamida shaharning mustahkam devorini tinimsiz oʻqqa tutadi. Eng katta zambarak uzunligi 9 m, ogʻzi esa 1 m boʻlgan. Zambaraklar allaqachon sinovdan oʻtkazilgan boʻlib, 500 kg ogʻirlikdagi toʻpni 1,5 km uzoqlikdagi masofadan turib otish mumkin edi. Toʻplar juda ham ulkan boʻlib, ularni sovitish va yuklash uzoq vaqt talab qilgan. Shu bilan birgalikda, Usmonli turklar qoʻshini tarkibida kuniga 100 martadan ham koʻproq oʻq uzish imkoniyatiga ega boʻlgan kichikroq zambaraklar ham mavjud edi.
Usmonli turklar qoʻshini 60 000–80 000 atrofida boʻlib, vizantiyaliklarnikidan (7 000) ancha koʻp edi. Ular quruqlikda 69 ta zambarak bilan birga jang qiladi. Mehmet II Konstantinopolni har tomondan qurshab olib, shahar devoriga toʻp bilan tinimsiz zarba berish strategiyasini qoʻllaydi.
Mehmet II 5-aprel kuni Vizantiya imperatoriga taslim boʻlish talabini yubordi va rad javobini oldi. 6-aprel kuni Usmonlilar artilleriya hujumini boshlaydi va devorning bir qismi buzib tashlanadi. 7-aprel kuni esa Usmonlilar quruqlikdan shaharning old qismiga hujum uyushtiradi, biroq vizantiyaliklar hamlani qaytaradi va mudofaani tiklashga muvaffaq boʻladi. Shundan soʻng Mehmet II zambaraklarning oʻrnini oʻzgartirib, yana oʻt ochadi va shaharni bombardimon qilishda davom etadi.
Jangda Vizantiya imperatori Konstantin XI halok boʻladi. 55 kun davomida tinimsiz portlatishlardan soʻng imperator Feodosiy II qurdirgan mustahkam devor parcha-parcha vayronaga aylanadi. Usmonli turklar qoʻshini shaharga bostirib kiradi.
Shu asnoda shaharda zoʻravonlik, talon-toroj va atrof-muhitni vayron qilish boshlanadi. Shahar aholisining koʻpchiligi dushman qoʻliga tushmaslik va qulga aylanmaslik uchun oʻz joniga qasd qiladi. Taxminan 4 000 kishi bosqinchilar tomonidan oʻldirib yuborilgan, 50 000 dan ortigʻi esa qulga aylantirilgan. Aholining bir qismi cherkovlarga, xususan, Avliyo Sofiya ibodatxonasiga yashiringan edi. Afsuski, bu joylarga xazina yashirilishi hammaga, ayniqsa, bosqinchilarga maʼlum boʻlgan. Usmonlilar shahar ibodatxonalaridagi qimmatbaho tosh va metallarni talon-toroj qildi. Bino va bebaho piktogrammalarni sindirib, asirga olingan odamlarni qatl qildi. Behisob sanʼat namunalari yoʻq qilindi, kitoblar yoqib yuborildi va xristian dini bilan bogʻliq barcha narsalar, jumladan, devorga ishlangan suratlar, kichik tosh, plitka, shisha boʻlaklarni birlashtirib ishlangan rasm va naqshli mozaikalar parchalab tashlandi.
Mehmet II tushdan keyin shaharga kirib boradi va talon-torojni toʻxtatadi. Avliyo Sofiya ibodatxonasining masjidga aylantirilishini eʼlon qiladi. Shundan soʻng shahar zodagonlaridan omon qolgan eng muhim shaxslarni yigʻib, qatl qiladi.
Konstantinopol qulashi natijalari
Konstantinopolning fath qilinishi nafaqat Vizantiya imperiyasi tarixida, balki jahon tarixida ham muhim voqea boʻldi. Bu oʻrta asrlar davrining tugashi va dastlabki yangi davrning boshlanishini belgilab berdi. Shuningdek, shaharning magʻlubiyati Yevropada ham bir qator oʻzgarishlar sodir boʻlishiga sababchi boʻldi. Konstantinopol egallanganidan soʻng Yevropa va Osiyoni bogʻlab turgan savdo yoʻllari Usmonli turklar nazoratiga oʻtadi va buyuk geografik kashfiyotlar amalga oshirilishiga yoʻl ochiladi.
Usmonlilar imperiyasi shaharga Istanbul nomini beradi va uni davlat poytaxtiga aylantiradi. Istanbul islom madaniyati va qudratining gullab-yashnagan markaziga aylanadi va toʻrt asrdan oshiqroq vaqt mobaynida poytaxt sifatida rivojlanadi
Manba: worldhistory.org Muqova surat: midjourney.com