Orqaga

955 marta koʻrilgan

285–337

Buyuk Konstantin I

Jahon sivilizatsiyasi tarixida imperator Konstantin Rim imperiyasining yangi poytaxti — Konstantinopol (Konstantin shahri), hozirda Istanbul deb ataluvchi shaharning asoschisi sifatida muhrlangan. Avvalgi hukmdorlardan farqli o‘laroq, u nasroniylarni taʼqib qilishni to‘xtatdi. Shu orqali xristianlikning Rim imperiyasi davlat dini sifatida asta-sekin mustahkamlanishiga hissa qo‘shdi.

Konstantin Reyn daryosi bo‘yida frank va aleman xalqiga qarshi muvaffaqiyatli kurashgan, Dunayda esa got va sarmat xalqi bilan jang qilgan. Bu varvar qabilalar (rimliklar uchun begona odamlar)ning barchasi mustaqil davlat qurishni orzu qilib, qudratli Rim imperiyasidan ajralib chiqmoqchi bo‘lgan edi. Konstantinning otasi Konstansiy Xlor Sharqiy Rim imperiyasini boshqargan. U 306-yilda Yorkda vafot etganidan so‘ng o‘sha davr odatiga ko‘ra o‘g‘li Konstantin harbiylar tomonidan imperator deb eʼlon qilinadi. Ammo Konstantin faqat 312-yildagina raqiblarini mag‘lub etadi va yakka o‘zi Rimda hukmronlik qila boshlaydi.

324-yilga kelib Konstantin imperiya nazoratini butunlay o‘z qo‘liga olib, Buyuk Konstantin deb atala boshlaydi. U Rimda o‘z o‘rnini mustahkam egallagan bo‘lsa-da, bu shaharga befarq edi. G‘alabadan so‘ng u yerda 3 oycha qolib, keyinchalik unga faqat 2 marta — hukmronligining o‘ninchi va o‘n ikkinchi yillaridagina tashrif buyurgan. 326-yilda Konstantin o‘z imperiyasining poytaxti sifatida Vizantiya shahrini tanlaydi. Bu Bosforning bo‘yida joylashgan, Qora dengizni Marmar dengizidan ajratib turuvchi port (zamonaviy Turkiya) edi.

Shaharning geografik joylashuvi uning tez o‘sishi hamda savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga xizmat qilardi. Sharqiy poytaxt — Konstantinopolga asos solingandan to 1453-yilgacha, yaʼni Usmonli turklar tomonidan bosib olingunga qadar Vizantiya imperiyasi mislsiz gullab-yashnagan. Yangi shaharga buyuk Rim namuna bo‘lib xizmat qilgan, faqat Konstantinopolning binolari undanda hashamatli va savlatli bo‘lgan. Poytaxt qurilishi juda katta mablag‘ talab qilgan. Birgina shahar devori, yopiq ustun va suv quvurlarini qurish uchun 60 ming funt oltin sarflangan.

Buyuk Konstantin o‘z shahrida eski xudolar va yangi — xristian xudosining cherkovlarini qurishni buyuradi. Lateran cherkovining yuksaklarga ko‘tarilishi bilan u monumental cherkov meʼmorchiligiga asos soladi. U 308-yildan beri qurib bitkazilmagan Maksensiya bazilikasini 313-yilda nihoyasiga yetkazdi. 312–315-yillarda Rimda ko‘plab shaklli relyeflar bilan bezatilgan zafar arkasi o‘rnatilgan. Uni bezash uchun hatto butun Rim tarixida eng yaxshi imperator — Trayanga bag‘ishlangan zafar arkalarining biridan haykal olib kelingan.

Yangi shaharda Konstantin sharqiy hukmdorlar namunasiga ko‘ra hashamat (diadema — toj shaklidagi zargarlik buyumini kiyib yurish, imperatorga sajda qilish)ni joriy etadi va qatʼiy tashkil etilgan byurokratiya (xalqdan uzilgan va hukmron sinf manfaatlarini himoya qiluvchi tizim)ni o‘rnatadi. Islohot harbiy tizimga ham o‘z taʼsirini o‘tkazmay qolmaydi: armiya yanada takomillashadi, erkin yollanuvchilar xizmati to‘g‘risida qonun qabul qilinadi. Soliqlarni muntazam ravishda yig‘ib olishni taʼminlash maqsadida erkin fuqarolar muayyan yashash joyiga, yerga va hunarmandchilikka biriktirila boshlanadi. Qizig‘i shundaki, muomalaga kiritilgan quyosh ko‘rinishidagi oltin tanga juda katta hududda (hatto Xitoyda ham) qadrlanadi.

Yangi shahar qurishga bojxona to‘lovlari ham katta yordam bergan: tovar qiymatining 10 foizi shahar g‘aznasiga tushib, qurilishga sarflangan. Bugungi kunda ham Konstantinopolning turli mamlakatlar bilan keng aloqasi kishini hayratlantiradi: Misrdan don, Xitoydan ipak, sharqiy Hindistondan ziravorlar, Afrikadan oltin va fil suyagi, Rossiyadan mo‘yna va yog‘och keltirilishi bunga dalildir. Buyuk Konstantin faoliyatining keyingi qadami imperiyaga nasroniylik dinining kiritilishi bilan bog‘liq.

Yuliy Sezar vafotidan keyin Rim imperiyasida tarqala boshlagan mazkur din uzoq vaqt rasmiy din sifatida tan olinmagan edi.Konstantin taxtga o‘tirishidan oldin imperatorga xudo sifatida sig‘inib, ko‘klarga ko‘tarish oddiy hol bo‘lgan. Endi esa bu marosim nasroniy diniga xizmat qilishning bir qismi sifatida qabul qilina boshladi, imperator esa Xudoning yer yuzidagi noibi deb qaraladigan bo‘ldi. Vizantiyada Rim ibodatxonasidan farq qiladigan yangi turdagi ibodatxona yaratilib, uning markazida yengil arkalar ustiga o‘rnatilgan baland gumbaz bo‘lgan.

Konstantin I ning zamonaviy bronza haykali, York, Angliya / wikipedia.org

325-yilda Konstantin Nikeya (qadimiy shahar)da birinchi ekumenik (birlashtiruvchi) kengash chaqirib, nasroniylikning barcha Yevropa mamlakatlarida tarqalishi uchun cherkov faoliyatini rag‘batlantiradi. Shu tarzda nasroniylik avval Rimda davlat dini, keyinchalik esa jahon dinlaridan biriga aylanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Konstantinning o‘zi esa faqat o‘lim to‘shagida cho‘qintirilgan va Konstantinopolning Apostol cherkoviga dafn etilgan. Cherkov tarixchilari Konstantinga Buyuklik maqomini berib, nasroniy hukmdorlar namunasi deb eʼlon qiladi. Rus pravoslav va arman cherkovlari 21-may kuni Konstantinning xotirasini aziz avliyo va havoriy sifatida yodga oladi. Uni cho‘qintirgan Yevseviy Kesariskiy esa Buyuk Konstantin biografiyasini yozib qoldirgan.



Muqova suratlar: dzen.ru / biografiya-kratko.ru