Orqaga

566 marta koʻrilgan

I asr

Klavdiy tomonidan Britaniyaning bosib olinishi

Rim imperiyasining Britaniya istilosi. Rim Britaniyasi yoki Lotin Britaniyasi deb ataluvchi ushbu hudud Buyuk Britaniya orollarining bir qismi boʻlib, u milodiy 43-yilda imperator Klavdiy tomonidan bosib olingan vaqtdan to milodiy 410-yilda imperatorlik boshqaruvi Gonoriy tomonidan olib tashlangan muddatgacha Rim hukmronligi ostida boʻlgan.

Rim galliyasi

Shimoliy Galliyaning Rim tomonidan bosib olinishi (miloddan avvalgi 58–50-yillar) Britaniyaning Oʻrta dengiz bilan aloqa qilishi kerakligini aniqlashtirib qoʻydi. Britaniya allaqachon Galliya bilan yaqindan aloqada edi. Rim tamadduni hamda u ishlab chiqargan mahsulotlar Belgiya Galliyasi hududiga kirib borganidan keyin osonlik bilan Britaniyaga yetib bordi. Keyinroq Britaniya tangalarida lotincha afsonalar yozila boshlandi.

Miloddan avvalgi 55–54-yillarda Yuliy Sezar uyushtirgan bosqinlardan keyin rimliklar Britaniyaning janubida yashovchi qabilalarni oʻzining vassallari deb hisoblay boshladi. Biroq bu qabilalar oʻzini rimliklarning vassallari deb hisoblamagan. Oqibatda Britaniya hududida Rim hukmronligini bevosita oʻrnatish maʼlum muddatga ortga surildi. Imperator Avgust bu ishni amalga oshirishni rejalashtirgan edi, lekin u ham, uning vorisi Tiberiy ham mavjud imperiya hududlarini mustahkamlash va imperiyaga Pompey, Sezar va Avgust tomonidan yaqinda qoʻshilgan ulkan maydonlarni oʻzlashtirish muhimroq ekanligini tushunib yetadi.

Rim Galliyasi / wikipedia.org

Klavdiy

Rim allaqachon Britaniyani bosib olish uchun tayyorgarlik koʻrishni boshlagan edi, ammo bu harakatlar keyinchalik imperator Kaligula tomonidan toʻxtatilgan. Orolga uyushtirilgan bosqinni nihoyat milodiy 43-yilda imperator Klavdiy amalga oshirgan. Britaniyani bosib olishga boʻlgan intilishning paydo boʻlishiga ikkita sabab bor edi. Birinchidan, Klavdiy oʻzining siyosiy obroʻ qozonishi va uni mustahkamlashi uchun buyuk zabt etishni amalga oshirishi kerak edi. Ikkinchidan, Rim tarafdori boʻlgan shahzoda Kunobelin (adabiyotlarda Simbelin nomi bilan ham tanilgan) oʻrnini uning imperiyaga qarshi kayfiyatdagi ikki oʻgʻli Karatak va Togodumn egallagan edi. Kunobelinning oʻgʻillari Rimning vassal-qiroli Verikani taxtdan agʻdarib, quvib yubordi. Natijada ular oʻsha vaqtda La-Manshdan boshlanadigan Galliya hududiga bosqin uyushtirishda ayblandi.

Vespasian

Avl Plavtiy taxminan 40 000 askardan iborat yaxshi qurollangan armiya bilan Kentga (Buyuk Britaniya shaharlaridan biri) kelib tushdi va Temza daryosi boʻylab harakatlanib, Lodinium (London) joylashgan nuqtadan daryoni kesib oʻtdi. Bu yerga imperator Klavdiyning oʻzi yetib keldi. Klavdiy I asrda okeanni (Atlantika okeani) kesib oʻtgan yagona imperator edi. Armiya mahalliy poytaxt shahar Kamulodunni (hozirgi Kolchester shahri) egallash uchun Esseks orqali harakat qildi. London va Kolchester shaharlarida shakllantirilgan bazalardan turib, legionlar va ularning yordamchi jangchilari hududni bosib olishni davom ettirdi.

Imperator Klavdiy byusti / wikipedia.org

Chap qanotda 2-legion (Vespasian rahnamoligida keyinchalik u imperator boʻlgan) janubiy qismni boʻysundirdi. Markazda 14 va 20- legionlar Midlendsni tinchitdi. Oʻng qanotda esa 9-legion orolning sharqiy qismi boʻylab harakatlandi. Bunday jang qilish uslubi dastlab yaxshi natijalar bera boshladi. Rimlashgan aholi yashaydigan va harakatlanish qulay boʻlgan yerlardan iborat Britaniya pasttekisliklari legionlarga hech qanday qarshilik koʻrsatmadi. Uch-toʻrt yil davomida Xamber daryosi (Shimoliy Angliyaning sharqiy qismida joylashgan) havzasidan janubda joylashgan va Severn daryosining sharqidagi barcha hududlar toʻgʻridan toʻgʻri qoʻshib olindi yoki pretoktorat sifatida mahalliy vassal-qirollar ixtiyoriga ishonchli boshqaruv uchun topshirildi.

Luvrdagi Vespasian haykali / wikipedia.org

Shimolroqda, hatto Pennin togʻ tizmalari hududida istiqomat qiluvchi brigantlar (hozirgi Shimoliy Angliyada keltlarning asosiy qabilasi boʻlgan) ham vassalik hududlari tarkibiga kirdi. Uels xalqlari, xususan, silurlar rimliklarga jiddiyroq qarshilik koʻrsatdi. Natijada bu yerlarda 30 yildan ortiq vaqt (milodiy 47–79-yillar) oraligʻida davomiy janglar boʻlib oʻtdi. Janglarning aniq tafsilotlari maʼlum emas. Legionlarning harbiy istehkomlari Gloster, Rokseter, (eng kamida milodiy 66-yilga qadar) va Linkolnda tashkil etilgan. Harbiy bazalar, keyinchalik Karleon, Chester va Yorkdahm qurildi. Hududni egallab olish usuli: har biriga 500 yoki 1000 nafar legion va yordamchi qoʻshinlar joylashadigan, strategik jihatdan muhim oʻrinlarda kichik qalʼalar qurish va ularni saqlab turishdan iborat edi.

Boudikka va Rim Britaniyasi

Harbiy yurishlardagi muvaffaqiyat milodiy 60–61-yillarda Iseni qabila qirolichasi Boudikka boshchiligidagi goʻyoki bosib olingan past tekisliklarda koʻtarilgan qoʻzgʻolon tufayli toʻxtab qoldi. Boudikka kuchlari Kolchesterni, Sent-Olbansni (Verulamium) va Londonni yoqib yubordi hamda 9-legionni yer bilan yakson qildi. Anglsida harbiy yurish olib borayotgan viloyat gubernatori Svetoniy Paulin qoʻzgʻolonni bostirish uchun qaytib keldi, ammo hukumat birmuncha vaqt oʻz garnizonlarini oldinga chiqarishdan hayiqib turdi.

Bundan tashqari, milodiy 69-yilda imperiyaning boshqa ehtiyojlari uchun 14-legion chaqirib olingandi. Ammo milodiy 70–80-yillar hal qiluvchi muhim oʻn yillik boʻldi. Uch nafar general hamkorligida boshqarilgan va ikki yordamchi legionning qoʻshilishi bilan toʻliq quvvatga ega boʻlgan armiya nihoyat Uelsni yakuniy tarzda toʻlaqonli boʻysundirishga hamda Yorkshirni birinchi marta zabt etishga erishdi.

Gney Yuliy Agrikola

Yuqorida keltirilgan generallarning uchinchisi, ehtimol, eng qobiliyatlisi hisoblangan Gney Yuliy Agrikola milodiy 79-yilda olis shimolni bosib olish uchun harakatni boshladi. U Kamberlend (shimoli-gʻarbiy Angliyada joylashgan) va Durhamda (Kumberlendga sharqiy chegaradosh hudud) qalʼalar qurdi, yoʻllar tarmogʻiga asos soldi, shimoliy qismni oʻz nazorati ostida ushlab tura oldi va Shotlandiya tomon harakatlandi. Agrikola u yerda Klayd va Fort daryolari oʻrtasida vaqtinchalik chegara oʻrnatdi. Chegara maxsus tashkil etilgan postlar tarmogʻi bilan qoʻriqlanar, ulardan eng mashhuri Danbartonshirdagi Bar tepaligida joylashgan edi.

Gney Yuliy Agrikola / wikipedia.org

U Graupiys togʻ etaklarida piktlar ustidan gʻalaba qozondi. Ushbu hududning aniq joylashuv manzili nomaʼlum, ammo Banff grafligining janub qismida emas edi. Sarkarda hatto Irlandiyaga bostirib kirib, u yerni egallashni orzu qilgan va buni oson kechadi deb hisoblagan. U Shotlandiyaning janubiy-gʻarbiy qismlarini bosib olish uchun Ayrshirdagi Laudon Hil, Damfrisshirdagi Dalsvinton, Kirkubraytshirdagi Glenlokar va Geythaus-of-Flit qalʼalaridan turib tayyorgarlik koʻrdi. Agrikolaning Shotlandiyada doimiy ravishda egallab olgan hududi Stratmornni qamrab olgan. Ushbu hudud Pertshir, Angus va Kinkardinshir grafliklari orqali janubi-gʻarbdan shimoli-sharqqa tomon choʻzilgan Shotlandiyaning markaziy qismida joylashgan katta vodiydan iborat edi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: midjourney.com