5
Ulashish
1246 marta koʻrilgan
37–41
Kaligula hukumronligi
Kaligula nomi bilan tanilgan Gay Sezarning toʻliq ismi Gay Sezar Germanik boʻlgan. U milodiy 12-yil 31-avgust kuni Ansio, Latsio (Italiya) da tugʻilgan. Milodiy 41-yil 24-yanvar kuni Rim shahrida vafot etgan. Uning Rim imperatori sifatidagi hukmronlik davri Tiberiydan keyingi 37—41-yillarga toʻgʻri keladi. Kaligula Afrikadagi senator prokonsuli qoʻl ostida boʻlgan soʻnggi legionni imperator legatiga oʻtkazishni amalga oshiradi. Shu bilan imperatorning armiya ustidan qoʻmondonligi boʻyicha yakka hukmronligiga erishadi.
Qadimgi tarixchilar tomonidan Kaligula hukmronligi haqidagi maʼlumotlar unga nisbatan shu qadar noxolis yoritilganki, asl haqiqatni bilish deyarli imkonsiz ish edi. U Gay Sezar ismi bilan tugʻilib, Kaligula (“kichik etik”) nomi bilan mashhur boʻladi. Kaligula — uning bolalik davrida otasi Tiberiy jiyani va asrab olgan oʻgʻli Germanik Sezar askarlari tomonidan berilgan laqab. Milodiy 19-yilda otasi, 33-yili onasi Vipsaniya Agrippina va 2 nafar katta akalari – Yuliy Sezar Neronning 31-yilda va Druz Sezarning esa 23-yilda yuz bergan oʻlimi xalq orasida Tiberiyning hiyla-nayrangi bilan bogʻlanadi. Gay va uning 3 singlisi tirik qolishga muvaffaq boʻladi.
Otasining mashhur ismini qabul qilgach, u Gay Sezar Germanikga aylandi. U taxtga oʻtirganidan keyin 7 oy oʻtgach qattiq kasal boʻlib qoldi. Shundan soʻng u xiyonat uchun sud qilish amaliyotini qayta tikladi. Shafqatsizlik koʻrsatib, yovvoyi tushunarsiz injiqlik bilan mamlakatni boshqardi. Masalan, 39-yil yoz faslida Neapol koʻrfazini qayiqlar bilan Baydan tortib Puteoligacha esa koʻprik bilan toʻldirdi.
38-yilda u pretorian gvardiyasi prefekti Neviy Sutoriy Makronni qatl etdi. Vaholanki, Gay undan taxtga koʻtarilishda yordam berib qoʻllab-quvvatlagani uchun qarzdor edi. Shuningdek, u merosxoʻrlik huquqidan mahrum etib, Tiberiy nabirasi Tiberiy Gemelni ham oʻlimga hukm etadi. U ilohiylikka daʼvo qilib, opa-singillariga, ayniqsa, Gay vafot etganida (38-yil) unga Diva Druzilla maqomi berilgan Druzillaga nisbatan haddan tashqari bogʻlanib qoladi. U Rimda bunday hurmatga sazovor boʻlgan birinchi ayol edi. Baʼzi olimlar fikricha, u Misrdagi Ptolemeylar oilasining aka-singil oʻrtasida yuz bergan nikohidan keyin ellin turidagi monarxiya oʻrnatish niyatida boʻlgan.
Boshqalar esa, uning kasallikdan keyin aqldan ozganiga ishora bergan. Ammo bunga dalillar yetarli boʻlmagan shubha xolos. Baʼzilar u oʻz otini konsul qilib qoʻyganini aytgan. Bu ham mutlaqo haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. U epilepsiya (tutqanoq) bilan kasallangan boʻlishi mumkin. Kaligula 39-yil oktabr oyida kutilmaganda Yuqori Reyn daryosi boʻyida paydo boʻladi. Boshlanayotgan qoʻzgʻolonni bostirib, Mark Emiliy Lepid hamda Yuqori Reyn qoʻshini bosh qoʻmondoni Gney Lentul Getulikni qatl qiladi. Kaligula imperatorlik taxtiga oʻtirganidan soʻng Tiberiy davrida toʻplangan davlat xazinasidagi toʻplangan boylikni tezda sovurib yuboradi. Oʻz isrofgarchiligini moliyalashtirish uchun daromadni Rimning taniqli va nomdor fuqarolarini tovlamachilik hamda ular mulkini musodara qilish orqali topadi. 40-yil boshida Kaligula katta qoʻshin bilan Galliyaga yurish qilib, aholisini talon-taroj etadi.
U Britaniyaga urush boshlanishi sifatida qoʻshinini Galliya shimoliy qirgʻogʻiga yoʻllaydi. Ammo keyinchalik ularga dengiz chigʻanoqlarini toʻplashni buyuradi. Chigʻanoqlarni u “bosib olingan okeandan qoʻlga kiritilgan oʻljalar”, deb ataydi. Kaligula ilohiylikka boʻlgan daʼvosida davom etardi. 40-yil yozida u oʻz haykalini Quddusdagi ibodatxonaga oʻrnatishni buyuradi. Lekin Hirod Agrippa saʼy-harakati tufayli mazkur halokatli buyruq bekor qilinadi. Rim aholisi aqldan ozgan va oldindan harakatini aytib boʻlmaydigan tirandan charchagan edi. Unga qarshi bir necha marta fitna ham uyushtiriladi.
Kaligula milodiy 41-yil yanvar oyida Galliyadan Rimga qaytganidan 4 oy oʻtgach, Palatin oʻyinlarida, pretorian gvardiyasi tribuni Kassiy Xere, Korneliy Sabin va boshqalar tomonidan oʻldiriladi. Kaligula rafiqasi Sezoniya va uning qiz farzandi ham oʻlimga mahkum etiladi. Uning oʻrniga amakisi Klavdiy imperator boʻladi.
Manba: britannica.com
Muqova suratlar: wikipedia.org / midjourner.com