Orqaga
Asl ismi Gay Oktaviy boʻlgan Oktavian Avgust miloddan avvalgi 63-yil, 23-sentabrda tugʻilgan va milodiy 14-yil 19-avgustda Neapol (Italiya) yaqinidagi Nola nohiyasida vafot etgan.

946 marta koʻrilgan

m. a. 14-yil

Avgustning vafoti

Asl ismi Gay Oktaviy boʻlgan Oktavian Avgust miloddan avvalgi 63-yil, 23-sentabrda tugʻilgan va milodiy 14-yil 19-avgustda Neapol (Italiya) yaqinidagi Nola nohiyasida vafot etgan. Avgust — amakisi va asrab olgan otasi Yuliy Sezarning diktaturasi tomonidan vayron qilingan respublikadan keyingi birinchi Rim imperatori. Uning avtokratik boshqaruv usuli prinsipat (respublika illyuziyasini yaratgan holda, davlatni yakka hukmdor (imperator) tomonidan boshqarilishi) sifatida tanilgan, chunki u tashqi tomondan qaraganda qayta tiklangan respublika institutlari majmuasining “boshida” turgan birinchi fuqaro-printseps boʻlgan. Bu esa ushbu avtokratiyani barchaga jozibador qilib koʻrsatgan. U cheksiz sabr-toqat, mahorat va samaradorlik bilan Rim hayotining barcha jabhalarini qayta koʻrib chiqdi va yunon-rim dunyosiga mustahkam tinchlik va farovonlik olib keldi.

Gay Oktaviy ancha ilgari Rim janubi-sharqidagi Velitra (Velletri) da makon topgan farovon oila vakili edi. Mil. av. 59-yilda vafot etgan otasi oilada birinchi boʻlib Rim senatori boʻlgan va pretorlikning yuqori lavozimiga saylangan. Ushbu lavozim siyosiy iyerarxiyada konsullikdan keyingi ikkinchi oʻrinda turgan. Gay Oktaviyning onasi boʻlgan Atiya Yuliy Sezar singlisi — Yuliyaning qizi edi. Aynan Sezar Oktaviyni Rim jamoat hayotiga olib kirgan. U 12 yoshida buvisi Yuliyaning dafn marosimida nutq soʻzlab, oʻz faoliyatini boshlagan. Uch-toʻrt yil oʻtgach, u ruhoniylar kengashi (pontifiklar) aʼzoligiga qabul qilingan. U mil. av. 46-yil Afrika fuqarolar urushida raqiblari ustidan gʻalaba qozonganidan soʻng diktator boʻlib qolgan Sezarga hamrohlik qildi va keyingi yili sogʻligʻi yomon boʻlishiga qaramay, Ispaniyada ham diktatorga qoʻshildi. Avgust Sezar mil. av. 44-yili Apolloniyada (hozirgi Albaniyada) akademik va harbiy taʼlimni tugatayotgan vaqtida Yuliy Sezarning oʻldirilgani haqida xabar topdi.

Italiyaga qaytgach, Sezar oʻz vasiyatnomasida uni oʻgʻli sifatida qabul qilgani va oʻzining asosiy merosxoʻri qilib tayinlaganini bildi. Oʻgay otasi va boshqalarning maslahatiga qaramasdan, xavfli merosni qoʻlga kiritishga qaror qilib, Rim tomon yoʻl olganda u atigi 18 yoshda edi. Sezarning bosh leytenanti Mark Antoniy (Marcus Antonius), diktatorning hujjatlari va mol-mulkini egallab olgan va oʻzini asosiy merosxoʻr boʻlishiga umid qilgandi. U Sezarning har qanday mablagʻini berishdan bosh tortdi va Oktaviyni u oʻzi toʻplashi mumkin boʻlgan mablagʻlar hisobidan marhum diktatorning merosini Rim aholisiga toʻlashga majbur qildi. Sezarning qotillari Mark Yuniy Brut va Gay Kassiy Longinlar uni nazar-pisand qilmay, sharqqa tomon yoʻl oldi. Rimning oqsoqol davlat arboblaridan biri boʻlgan mashhur notiq Sitseron Avgustdan foydalanishga umid qilgan edi. Ammo uning qobiliyatini toʻgʻri baholay olmadi.

Sezar tomonidan shahar aholisi iltifotiga erishish uchun tashkil etilgan ommaviy oʻyinlarni nishonlagan Oktaviy, diktator qoʻshinining koʻp qismini oʻz tomoniga ogʻdirishga muvaffaq boʻldi. Sitseron tomonidan ragʻbatlantirilgan Senat Antoniy bilan aloqani uzib, Oktaviyni yordamga chaqirdi (yoshligiga qaramay unga senator unvoni berildi) va Mutina (Modena) ning Antoniyga qarshi yurishiga qoʻshildi. Antoniy Galliyaga chekinishga majbur boʻldi. Senat qoʻshinlariga qoʻmondonlik qilgan konsullar halok boʻlganda, Oktaviyning askarlari Senatni konsullikni unga berishga majbur qildi. Keyin u Gay Yuliy Sezar nomi bilan Sezarning tutingan oʻgʻli sifatida rasman tan olindi. Ismiga “Oktavian” ni qoʻshish odatiy hol boʻlsa-da (oilasi nomiga ishora qilgan holda), u bunday qilmaslikni afzal koʻrdi. Biroq bugungi kunda u odatda Oktavian nomi bilan atab kelingan (Avgust nomini olgunga qadar).

Tez orada Oktavian Antoniy va Sezarning boshqa asosiy tarafdorlari, shuningdek, uning oʻrnini bosh ruhoniy sifatida egallagan Mark Emiliy Lepid bilan kelishuvga erishdi. Mil. av. 43-yil 27-noyabrda bu uch kishiga davlatni qayta tiklash uchun triumvirlar sifatida rasmiy ravishda besh yillik diktatorlik maqomi berildi. Birinchi Triumvirat Pompey, Krass va Yuliy Sezar oʻrtasidagi norasmiy kelishuvdan iborat edi. Sharqni Brut va Kassiy egallagan edi, ammo triumvirlar gʻarbni oʻrtada oʻzaro boʻlib oldi. Ular birgalikda siyosiy dushmanlar “qora roʻyxat” ini tuzdi. Roʻyxat asosida qatl qilinadiganlar qatoriga 300 nafar senator (ular orasida Antoniyning dushmani Sitseron ham bor edi) va 2 000 nafar senatorlardan past tabaqadagi ekvit yoki ritsarlar kirgandi. Mil. av. 42-yilning yanvar oyida Yuliy Sezarning Rim davlati Xudosi sifatida tan olinishi Oktavianning Xudoning “oʻgʻli” sifatidagi obroʻsini oshirgandi.

U Antoniy bilan Adriatikadan oʻtib, Antoniy boshchiligida (Oktavian kasal edi) Filippidagi Brut va Kassiyga qarshi ikkita jangda gʻalaba qozondi. Dushmanlarning ikkalasi ham oʻz joniga qasd qildi. Asosiy hamkori boʻlgan Antoniyga sharq (va Galliya) ajratildi. Oktavian Italiyaga qaytib keldi. Bu yerda faxriylarni joylashtirish tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklar Oktavianni Peruziya urushida (hozirgi Perujadagi toʻqnashuv uning foydasiga hal boʻldi) Antoniyning ukasi va xotiniga qarshi chiqishga majbur qildi. Sitsiliya va dengiz yoʻllarini egallab olgan Sekst Pompeyni (Buyuk Pompeyning oʻgʻli) tinchlantirish uchun Oktavian Sekstning qarindoshi Skriboniyaga uylandi (oradan koʻp vaqt oʻtmay, u bilan bir-biriga toʻgʻri kelmagani sababli ajrashgan).

Peruziya urushidan keyingi magʻlubiyat Sekstni Antoniyga qarshi borishdan qaytara olmadi, ammo Antoniy bu kabi harakatlarni eʼtiborsiz qoldirdi va Brundiziy shartnomasi orqali Oktavian bilan yangi kelishuvga erishdi. Uning shartlariga koʻra, Oktavian butun gʻarb (Lepidga oʻzida saqlab qolishga ruxsat berilgan Afrikadan tashqari) va Italiyaga ega boʻlishi kerak edi. Betaraflik maqomida boʻlgan Italiya ham, shubhasiz, Oktavian nazorati ostida qolgandi. Sharq yana Antoniyga qoldi va avvalgi yilgi qishni Misrda qirolicha Kleopatra bilan oʻtkazgan Antoniy Oktavianning singlisi Oktaviyaga uylanishiga toʻgʻri keldi. Koʻp yillik fuqarolar urushiga chek qoʻyishi mumkin boʻlgan shartnomaning tuzilishidan imperiya xalqlari juda xursand edi. Mil. av. 38-yilda Oktavian Liviya Druzilla bilan turmush qurish orqali aristokratiya bilan yangi aloqa oʻrnatdi.

Asl ismi Gay Oktaviy boʻlgan Oktavian Avgust miloddan avvalgi 63-yil, 23-sentabrda tugʻilgan va milodiy 14-yil 19-avgustda Neapol (Italiya) yaqinidagi Nola nohiyasida vafot etgan.

Vergiliy (rimlik shoiri) tomonidan Avgust va Oktaviyaga Aeneidni oʻqiydi / wikipedia.org

Sekst Pompey bilan yarashuv muvaffaqiyatsiz boʻldi. Tez orada Oktavian unga qarshi jiddiy urushga kirishdi. Sekstning Sitsiliyadagi qoʻshinlariga qarshi birinchi jang halokatli boʻlgani sababli, Oktavian mil. av. 37-yilda Tarent (Taranto) da Antoniy bilan yangi shartnoma tuzishga majbur boʻldi. Antoniy imperiya sharqidagi qoʻshni davlat Parfiya va uning Midiya ittifoqchilariga qarshi boʻlajak urushi uchun zarur boʻlgan qoʻshinlarning berilishi evaziga Oktavianni kemalar bilan taʼminlashi kerak edi. Antoniy kemalarni yuboradi, biroq Oktavian qoʻshinlarni Antoniyga joʻnatmadi. Shartnoma, shuningdek, ikkinchi triumviratning besh yilga, mil. av. 33-yil oxirigacha yangilanishini nazarda tutgan edi.

Avgustning harbiy muvaffaqiyatlari

Keyingi yili kuchlar muvozanati oʻzgara boshladi. Antoniyning sharqiy ekspeditsiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Oktavianning sobiq maktabdoshi nufuzli zodagonlar orasida mashhur boʻlmasa ham, isteʼdodli admiral boʻlgan Mark Agrippa qoʻmondonligi ostidagi imperator floti Sekst Pompeyni Sitsiliyadagi Naulox burni (Venetiko) yaqinida butunlay magʻlub etdi. Bu vaqtda uchinchi triumvir — Lepid gʻarbda Oktavianning hukmronligiga zoʻrlik bilan qarshi chiqmoqchi boʻlganida, imperator tomonidan qurolsizlantirilib, triumvirlik lavozimidan mahrum qilindi va isteʼfoga chiqarildi. Antoniy faxriy jangchilarini Italiyaga joylashtirish va yangi askarlarni yollash huquqini eʼtiborsiz qoldirib, Oktavian koʻplab legionerlarni ishdan boʻshatdi va ular uchun turar-joylar barpo qildi. Uning Antoniy bilan Rim dunyosini egallash uchun qasddan raqobati tobora yaqqol namoyon boʻla boshladi.

Oktavianning ikki yil oldingi nikohi ilgari Antoniyning tarafdorlari boʻlgan baʼzi zodagonlar eʼtiborini torta boshlagan edi. Shuningdek, Oktavian Antoniy eʼtiqod qiladigan, Rim homiysi Dionis (Baxus) maʼbudidan farqli oʻlaroq, qadimiy tartib xudosi Apollonga bagʻishlangan chuqur diniy va vatanparvarlik targʻibotini boshladi. Bundan tashqari, Oktavian oʻzining eng zoʻr qoʻmondon ekanligini namoyon qilish uchun oʻz ismiga “Imperator” maqomini qoʻsha boshladi. Endilikda, garchi u oʻzining triumviral kuchidan foydalanishda davom etayotgan boʻlsa-da, qolganlarning nomini oʻz tangalaridan olib tashladi va asta-sekin “xudo Sezarning oʻgʻli” degan hayajonli ismga eʼtibor qaratdi.

Oktavian Antoniyning harbiy tajribasi bilan raqobatlasha olsa-da, xorijiy urushlarda muvaffaqiyat qozonishi ham kerak edi. Shuning uchun mil. av. 35–33-yillar oraligʻida Oktavian Italiyaning shimoli-sharqiy chegaralarini himoya qilish uchun Ilirik va Dalmatiya (hozirgi Sloveniya va Xorvatiya hududlari) ga ketma-ket uch marta yurish qildi. Oktavian Antoniyning Kleopatraga bergan hududiy sovgʻalariga qarshi ommaviy gʻalayon qoʻzgʻatganida, ular oʻrtasida toʻqnashuv boʻlishi aniq edi. Mil. av. 32-yilda triumvirat rasman tugadi. Oktavian Antoniydan farqli oʻlaroq, oʻz vakolatidan foydalanmasligini maʼlum qildi. Shiddatli tashviqotlar ortidan Antoniy Oktaviya bilan ajrashdi. Shundan soʻng uning akasi Oktavian Antoniyning merosini qoʻlga kiritdi va unda Kleopatraning Antoniyga taʼsiri haqidagi dalillarini topganini daʼvo qildi. Ularning har ikkisi ham oʻz qoʻl ostidagi xalqalarni ularga sodiqlik haqida rasmiy qasamyod qilishga majburladi. Keyin Italiyadagi qattiq norozilikka qaramay, Oktavian Antoniyga emas, balki Kleopatraga qarshi urush eʼlon qildi.

Aksiumdagi jang

Antoniy qirolichaning hamrohligida oʻz floti va armiyasini gʻarbiy Yunoniston qirgʻoqlari boʻylab joylashgan mustahkam istehkomlarni qoʻriqlash uchun olib keldi. Ammo mil. av. 31-yilda Oktavian mamlakatning janubi-gʻarbiy chekkasida joylashgan Mefonni qoʻlga kiritish uchun yil boshida Agrippani joʻnatdi. Uning dushmanlari hayratda qolgandi. Italiyaga masʼul etib etrusklik doʻsti va maslahatchisi Gay Metsenatni qoldirgan Oktavian Agrippa hamkorligida tez orada Ambrasiya koʻrfazida (Arta) Antoniy flotini magʻlub etdi. Aksium jangida Antoniy jangni boshqa joyda davom ettirish umidida kemalarini olib ketishga harakat qildi. Kleopatra va Antoniy qochishga muvaffaq boʻlsa ham, flotining toʻrtdan bir qismigina ularga ergasha oldi. Sevishganlar Misrga qochib ketdi. Keyingi yili Oktavian mamlakatni bosib olganida ular oʻz joniga qasd qildi. Oktavian Kleopatraning oʻgʻli Ptolemey XV Sezarni (Sezarion, qirolicha uning otasi Sezar deb daʼvo qilgan) qatl qilgach, Misrni qoʻshib oldi va uni bevosita oʻz nazorati ostida saqlab qoldi.

Kleopatra xazinasini tortib olish unga oʻz faxriy jangchilariga toʻlov qilish imkonini berdi. Va nihoyat, Oktavian Avgust butun yunon-rim dunyosining rahnamosiga aylandi. Shu paytdan boshlab uzoq va bosqichma-bosqich bir qator tizimli, tadrijiy chora-tadbirlar bilan u Rim prinsipatini tashkil qildi. Bu boshqaruv tizimi unga barcha muhim masalalarni mutlaq nazoratda saqlab turishga imkon berdi. Oktavian asta-sekin 60 ta legionni 28 tagacha qisqartirib, taxminan 150 000 nafar asosan italiyaliklardan iborat legionerlarni saqlab qoldi va ularning qatorini viloyatlardan jalb qilingan taxminan shuncha miqdordagi yordamchilar bilan toʻldirdi.

Oldingi generallardan iborat doimiy qoʻriqchilar (pretoriylar) qisman Rim va qisman Italiyaning boshqa shaharlarida joylashgan edi. Ichki tartibni saqlash va savdoni osonlashtirish uchun sifatli yoʻllar tarmogʻi yaratildi. Oʻrta dengizni nazorat qilish uchun esa samarali flot tashkil etildi. Mil. av. 28-yilda Oktavian va Agrippa aholini roʻyxatga olishga buyruq berdi. Bu uning hukmronlik davridagi uch marotaba roʻyxatga olishdan birinchisi boʻldi. Ular, shuningdek, Senat aʼzolarini 1 000 nafardan 800 nafarga (keyinroq 600) qisqartirdi va Oktavian uning rahbari etib tayinlandi.

Avgust hukumati va maʼmuriyati

Sezar mutlaq hokimiyatga intilgani sabab oʻldirilgandi. Agar Oktavian avtokratiyasini respublika qoidalari ostiga berkitsa, hukumat vakillari uni fuqarolar urushini tugatgan shaxs sifatida kutib olishini tushundi. Mil. av. 31–23-yillarda Avgust hokimiyatning konstitutsiyaviy asosi doimiy konsulliklarning ketma-ketligi boʻlib qoldi. Ammo mil. av. 27-yilning yanvarida u goʻyoki davlatni “Senat va xalqning erkin ixtiyoriga oʻtkazdi” va bu “Respublikani qayta tikladi” degan notoʻgʻri, lekin koʻrinishidan ishonarli boʻlgan qaror tufayli hurmatga sazovor boʻldi. Bir vaqtning oʻzida unga Ispaniya, Galliya va Suriya, yaʼni armiyaning asosiy qismi joylashgan uchta hududni oʻz ichiga olgan mintaqa (provinsiya) ustidan 10 yillik boshqaruv huquqi berildi. Qolgan viloyatlar esa eski respublika tartibida Senat tayinlaydigan prokonsullar tomonidan boshqarilishi kerak edi. Biroq Oktavian koʻp maʼnoli auctoritas soʻzida ifodalangan oʻzining yuksak obroʻsi uni bu shaxslarga boʻysunishdan himoya qiladi, deb hisoblardi. U haqiqatan ham ularning tayinlanishiga ozmi-koʻpmi bilvosita taʼsir koʻrsatishga qodir edi va xuddi shunday kamdan-kam hollarda (u buni maʼqul deb bilganida) konsullik va boshqa mitropolit idoralariga “respublika uslubida” mavjud boʻlgan tayinlanishga taʼsir oʻtkazishi mumkin edi.

Ushbu chora-tadbirlardan toʻrt kun oʻtgach, uning Yuliy vasiyatnomasiga koʻra tutinganlik orqali olingan Sezar ismi “Avgust” bilan toʻldirildi. Bu qadimiy diniy maʼnoga ega nom boʻlib, kelib chiqishi jihatidan auctoritas (hokimiyat) va qadimiy augury (bashorat) amaliyoti bilan bogʻliq deb hisoblanadi. Avgust soʻzi koʻpincha “humanus” (insonlar) bilan qarama-qarshi qoʻyilgan. Mazkur nomning yangi tartibni ifodalovchi unvon sifatida qabul qilinishi Oktavian insoniyatning qolgan qismidan ustunligini bildirardi. Virgiliy, Liviy va Goratsiy kabi yozuvchilarning har xil usullar bilan boʻlsa-da bir xil xabarni berishiga koʻra, Oktavian koʻplab marosimlarni tiklash va ibodatxonalarni taʼmirlash orqali qadimiy italyan eʼtiqodiga nisbatan vatanparvarlik bilan hurmat koʻrsatgan.

Chegara hududda harbiy harakatlar davom etdi. Mil. av. 25-yilda isyonkor Alp qabilalari qisqartirilib, Galatiya (markaziy Kichik Osiyo) qoʻshib olindi. Mavritaniya esa Rim provinsiyasidan qaram qirollik maqomiga oʻtkazildi, chunki keyingi respublikadagi kabi tobe monarxiyalar imperiya mudofaasi yukining katta qismini oʻz zimmasiga olgandi. Avgustning oʻzi Galliyaga tashrif buyurdi va sogʻligi yomonlashgunicha Ispaniyadagi yurishning bir qismini boshqardi. Mil. av. 23-yilda u yana kasal boʻlib qoldi va oʻlimi yaqinlashdi. Fitna haqidagi xabarlar ortidan yangi konstitutsiyaviy harakat zarurligini his qilib, u mansabdan butunlay ajratilgan hokimiyat (imperium majus) va uning amaliy noqulayliklari foydasiga oʻzining bir qator konsulliklarini tugatishga kirishdi. Bu kuch uni prokonsullardan yuqoriga koʻtardi. Bu kuch hech qachon rasmiy tangalar yoki Avgustning siyosiy vasiyatnomasida tilga olinmagan, lekin u asosan favqulodda vaziyatlarda va shaxsiy tashriflarda qoʻllash uchun moʻljallangan edi.

Shuningdek, u umrbod tribunlik (tribunicia potestas) maqomi bilan taqdirlangan. Ilgari u tribunning maʼlum imtiyozlarini qabul qilgan edi. Endilikda zimmasiga olingan toʻliq vakolat amaliy afzalliklarni, xususan, Senatni chaqirish huquqini ham oʻz ichiga oldi. Ammo, xususan, tribunlik idorasi uni “demokratik” muhit bilan oʻrab oldi, chunki har yili saylanadigan xalq tribunlari plebeylar himoyachisi sifatida qadimiy xarakterga ega edi. Ehtimol, Avgustning oʻzi, garchi sudga murojaat qilish huquqini sezilarli darajada kengaytirish orqali kambagʻal odamlarning manfaatini qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, oʻz tizimining asosi sifatida belgilangan sinflar tarafdori edi.

Agrippaga ham Avgustning tez-tez kasallanishi natijasida vafot etishi mumkinligidan va qoʻshinlar ishonchli qoʻllarda boʻlishini taʼminlash uchun prokonsullardan ustunlik huquqi berilgan edi. Ammo keyingi oʻlim imperatorning yosh jiyani Mark Klavdiy Marsel bilan yuz berdi. Mark imperatorning qizi Yuliyaga uylangan va oxir-oqibat uning vorisi boʻlishi mumkin edi. Xuddi shu yili, yaʼni mil. av. 23-yilda Agrippa shahzoda oʻrinbosari sifatida sharqqa joʻnatildi. Ikki yildan soʻng u Yuliyaning ikkinchi eriga aylandi. Bu orada (mil. av. 22–19-yillar) Avgustning oʻzi ham Sitsiliya, Yunoniston va Osiyo boʻylab sayohat qildi. U qayerga bormasin, muhim islohotlar qilardi. Mil. av. 20-yilda Parfiya bilan tuzilgan shartnoma katta mamnuniyatga sabab boʻldi. Unga koʻra, parfiyaliklar Rimning Armaniston ustidan protektoratini tan oldi va Krassdan 33 yil oldin tortib olingan legion standartlarini qaytarib berdi.

Mil. av. 19-yilda Agrippa Ispaniyani boʻysundirishni yakuniga yetkazdi. Shu yili Oktavian vakolatlarini Italiyada erkinroq amalga oshirishga imkon berish uchun baʼzi tuzatishlar kiritildi va keyingi ikki yilda nikohga ragʻbatlantirish, zino uchun jazolarni tartibga solish va isrofgarchilikni kamaytirishga qaratilgan bir qator ijtimoiy qonunlar qabul qilinib, kuchga kirdi. Mil. av. 17-yilda Rim xalqini oʻtmishdagi gunohlaridan tozalash va yangi davrga toʻliq diniy ruhiyat bilan kirishi uchun “Dunyoviy oʻyinlar” deb nomlanuvchi qadimiy marosimlarning ajoyib bayrami boʻlib oʻtdi. Kongress aʼzosi Shirli Chisholm 1972-yil 12-iyulda, Mayami-Bich, Florida shtatida boʻlib oʻtgan Demokratik milliy konvensiyada (uchinchi sessiya) delegatlarga minnatdorchilik bildirmoqda.

Garchi prinsipatlik oʻz-oʻzidan topshiriladigan vakolat boʻlmasa-da, Avgust qizi Yuliyaning ikki oʻgʻillari: Gay Sezar va Lutsiy Sezar nomi bilan tarixga kirgan, oʻsha paytda uch va bir yoshli boʻlgan nevaralarini asrab olish orqali oʻz vorislari haqidagi nuqtayi nazarini bildirgandek tuyuldi. Xojasining bergan imkoniyatlari bilan vakolatlari kengaygan Agrippa sharqqa qaytib keldi. Avgust oʻgay oʻgʻillari — xotini Liviyaning sobiq turmushidan boʻlgan farzandlari Tiberiy va Druzni ham muhim ish bilan taʼminladi. Ular Alp togʻlari boʻylab oshib, hozirgi Shveytsariya, Avstriya va Bavariyaning katta qismini oʻz ichiga olgan Norikum va Resiyani qoʻshib oldi va imperiya chegarasini Italiyadan yuqori Dunaygacha (mil. avv. 16–15-yillar) kengaytirdi.

Ehtimol, shu yillarda Avgustga senatorlik ishlarini tayyorlashda yordam berish uchun Senatning ijroiya yoki loyiha qoʻmitasi (konsilium) tashkil etilgan. Uning maʼmuriy yuklamasi ham ilgari hech qachon mavjud boʻlmagan, ammo imperiya tizimining muhim jihati boʻlishi kerak boʻlgan davlat xizmatini shakllantirish uchun oʻz xodimlari sonini (endilikda bir qator asosiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin boʻlgan ritsarlar va ozod qilingan fuqarolar) kengaytirish bilan ham yengillashtirildi. Asta-sekin Rim, Italiya va imperiyaning butunlay isloh qilingan maʼmuriy tuzilmasi ham rivojlandi. Bunga imkon yaratgan moliyaviy tizim imperiya shu vaqtgacha koʻrgan tizimlardan ancha samarali edi. Tizim markaziy gʻazna (aerariy) ga asoslangandi. Ammo uning viloyatlar, xususan, Avgust provinsiyasi gʻaznalari bilan munosabati haqidagi tafsilotlar haligacha toʻliq tushunilmagan. Chunki imperator oʻz hadyalarini markaziy gʻaznaga berib yuborgan boʻlsa ham, u yerdan evaziga qancha boylik chiqqani haqida xabar bermagan.

Gʻaznadagi mablagʻni taʼminlab beradigan soliq xizmati ikki asosiy toʻgʻridan toʻgʻri olinadigan soliqni oʻz ichiga olgan. Ular baʼzi viloyatlarda barcha voyaga yetgan fuqarolar tomonidan, boshqa viloyatlarda esa faqat voyaga yetgan erkaklar tomonidan toʻlanadigan jon soligʻi (tributum capitis) va yer soligʻi (tributum soli) edi. Bilvosita soliqlar ham bor edi. Ular avvalgidek pudratchilarga topshirilgandi, chunki hosilni oldindan aytib boʻlmas va yangi paydo boʻlgan davlat xizmatida esa ularni boshqarish uchun manba yoʻq edi. Respublika bojxona toʻlovlari oʻz holida davom etdi, lekin belgilangan toʻlovlar Avgust tomonidan yaratilgan tinch sharoitda misli koʻrilmagan tarzda gullab-yashnagan savdoga toʻsqinlik qilmaydigan darajada yetarlicha past edi. Sanoat juda keng miqyosda rivojlanmagandi, lekin Rim tangalarining ulkan maydonlarga keng tarqalishi va bu boradagi keng qamrovli islohotlar savdoni sezilarli darajada ragʻbatlantirdi. Oltin va kumush tangalar, ularning dizayni imperatorlik obroʻsini ommalashtirishning koʻp qirralarini aks ettirdi. Ular bir qator keng tarqalgan zarbxonalarda juda koʻp miqdorda bosib chiqarildi.

Mil. av. 20-yillarda Rim zarbxonasi ham shu maqsadda qayta ochilgan. Koʻp oʻn yilliklar davomida bronza tangalarining yetishmasligi sariq orixalk va qizil misdan moʻl-koʻl tangalarni zarb qilish orqali bartaraf etildi. Gʻarbda bu tangalarning asosiy zarbxonasi, Rimdan tashqarida, Lugdunum (Lion) shahrida joylashgan boʻlib, u yerda zarb qilingan tangalarda Rim va Avgust mehrobining koʻrinishi aks ettirilgan va bu boshqa viloyatlar poytaxti uchun namuna boʻlib xizmat qilgan. Gʻarbdagi Rim fuqarolari uchun moʻljallangan koloniyalar va ularning aksariyati Avgust tomonidan oʻz faxriy jangchilarini joylashtirish uchun tashkil etilgan boʻlib, bu yerlarda ham namunaga koʻra mahalliy tangalar ishlab chiqarilgan. Sharqda, xususan, Kichik Osiyo va Suriyada, shuningdek, koʻplab yunon shaharlarida ham kichik mayda tangalarni zarb etishga ruxsat berilgan.

Avgust imperiyasining kengayishi

Mil. av. 12-yilda Lepidning oʻlimi Avgustga Rim dinining rasmiy rahbari, bosh ruhoniy (pontifex maximus) lavozimini egallashga imkon berdi. Oʻsha yili Agrippa ham vafot etdi. Avgust beva qizi Yuliyani ular xohishiga qarshi ravishda Tiberiyga turmushga chiqishga majburladi. Keyingi uch yil davomida Tiberiy harbiy yurishlarda faol boʻldi va Pannoniyani Dunayning oʻrtasiga qadar qisqartirdi. Uning ukasi Druz esa Reyn chegarasini kesib oʻtib, Elbagacha boʻlgan Germaniya hududlariga bostirib kirdi va shu yerlarda mil. av. 9-yilda vafot etdi. Keyingi yili esa Avgustning yaqin doʻsti, boshqaruvining ilk kunlarida maslahatchi boʻlgan va maktublarga masʼul — Metsenat ham olamdan oʻtdi.

Germaniyaga Druz oʻrniga kelgan Tiberiy mil. av. 6-yilda oʻgay otasining tribunlik vakolatidan ulush olib, hokimiyatga koʻtarilgan. Ammo koʻp oʻtmay u nafaqaga chiqib, Rodos oroliga ketgan. Bu uning oʻgay jiyani Gay Sezarga hasad qilishi bilan bogʻliq edi. Gay keyingi yili katta shov-shuvlar bilan ommaga tanishtirilgandi. Mil. av. 2-yilda Avgust oʻzining “Mamlakat otasi” (Pater patriae) unvonini olgan yilda Gayning ukasi Lutsiyga ham xuddi shunday eʼtibor koʻrsatildi. Gay sharqqa, Lutsiy esa gʻarbga yuborildi. Biroq ikkalasi ham tez orada vafot etdi. Tiberiy 2-yilda uyga qaytib keldi va 4-yilda Avgust uni oʻgʻli sifatida qabul qildi. Oʻz navbatida u ham ukasi Druzning oʻgʻli Germanikni qabul qilishi kerak edi. Tiberiyga berilgan vakolatlar uni obroʻ-eʼtibordan tashqari barcha sohada Avgust bilan deyarli tenglashtirib qoʻygandi.

Tiberiyning navbatdagi vazifasi Germaniyani mustamlaka qilish va provinsiyaga aylantirish ishlarini mustahkamlash boʻldi (milodiy 4–5-yillar). 6-yilda Pannoniya va Illirikum qoʻzgʻolon koʻtargani haqida xabar kelganda, Bogemiyaga bosqin rejalashtirilgan va allaqachon ikki tomondan boshlangan ham edi. Qoʻzgʻolonni bostirish uchun 3 yil kerak boʻldi. Arminius german qabilalarini Rim gubernatori Varga qarshi oyoqqa turgʻazib, uni va uning 3 ta legionini yoʻq qilgan vaqtda, yuqoridagi qozgʻolon endigina yakunlangan edi. Avgust qoʻshin oʻrnini osongina toʻldira olmaganligi sababli Gʻarbiy Germaniya va Chexiyani qoʻshib olish ishlari nomaʼlum muddatga qoldirildi. Tiberiy va Germanik Reyn chegarasini mustahkamlash uchun yuborildi.

Avgust endilikda qariyotganini his qilayotgan boʻlsa-da, Tiberiy bilan birga oʻtkazilgan yillar maʼmuriy islohotlar bilan ajralib turdi. Milodiy 6-yilda Yahudiy qirolligining qoʻshib olinishi (uning podshohi Buyuk Hirod bundan 10 yil oldin vafot etgandi), Rimda (oʻsha yili) hukumat politsiyasi vazifasini bajargan oʻt oʻchiruvchilar jamoasi tashkil etilishi, 7 yildan soʻng muntazam politsiya kuchlarining (cohortes urbanae) yoʻlga qoʻyilishi, askarlarning nafaqa toʻlovini soliqlardan undirish uchun harbiy xazinaning (aerarium militare) yaratilishi va shu paytgacha vaqtincha shahar intizomini nazorat qiluvchining (praefectus urbi) tayinlanishi doimiy idora ixtiyoriga oʻtkazilishi (milodiy 13-yil) shular jumlasidandir.

Asl ismi Gay Oktaviy boʻlgan Oktavian Avgust miloddan avvalgi 63-yil, 23-sentabrda tugʻilgan va milodiy 14-yil 19-avgustda Neapol (Italiya) yaqinidagi Nola nohiyasida vafot etgan.

Avgust imperatorlik davridagi qarorgohi / wikipedia.org

Xuddi shu yili Avgustning vakolatlari 10 yilga qayta yangilandi. Bunday yangilanishlar butun hukmronlik davrida vaqti-vaqti bilan amalga oshirilgan. Bir vaqtning oʻzida Tiberiy vakolatlari ham konstitutsiyaviy jihatdan unga tenglashtirildi. Aprel oyida Avgust oʻz vasiyatini Rimdagi Vestallar uyiga topshirdi. Unga imperiyaning harbiy va moliyaviy manbalari toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot va “Res Gestae Divi Avgusti” (“Ilohiy Avgustning yutuqlari”) nomi bilan tanilgan siyosiy vasiyatnoma kiritilgan edi. Hujjatning eng yaxshi saqlanib qolgan nusxasi Turkiyaning Anqara shahridagi Rim va Avgust ibodatxonasi devorlarida (the Monumentum Ancyranum) bitilgan. Tiberiy milodiy 14-yilda Illirikumga joʻnab ketishi kerak edi, lekin Avgust ogʻir kasal boʻlib qolgani haqidagi xabar uni ortga qaytishga majbur qildi. U 19-avgustda vafot etdi. Senat 17-sentabrda uni Rim davlati xudolari qatoriga kiritdi.

Oʻsha vaqtga kelib Tiberiy Rimning ikkinchi imperatori sifatida uning oʻrnini egallagan boʻlsa-da, vorislik bilan bogʻliq rasmiyatchiliklar oʻzi uchun ham, Senat uchun ham noqulaylik tugʻdirgandi, chunki Avgustning prinsipatligi konstitutsiyaga koʻra merosiy yoki doimiy boʻlmagan. Boshqa imperatorlar singari Tiberiy “Avgust” nomini qoʻshimcha unvon sifatida qabul qildi. Tiberiy oʻzining merosxoʻri deb atagan, ammo keyinchalik surgun qilingan Agrippa Postum oʻlimga hukm qilindi. Uni oʻldirish haqidagi buyruq avvalroq Avgust tomonidan berilgan boʻlishi mumkin, ammo bu aniq emas.

Avgust davrida prinsipatning oʻrnatilishi
Avgustning shaxsiyati va yutuqlari

Avgust tarixning buyuk maʼmuriy daholaridan biri edi. U Rim hayotining barcha sohalarida va butun imperiyada amalga oshirgan ulkan qayta qurish ishlari yemirilayotgan respublikani nafaqat koʻp asrlik umrga ega, yangi monarxik tuzumga aylantirdi, balki tashqi aloqalar va gullab-yashnagan savdo tizimiga ega, mustahkam Rim tinchligini ham barpo etdi. Mazkur Rim tinchligi (Pax Romana) yunon va rim klassik merosining saqlanib qolishi va oxir-oqibat kelajak avlodga yetib borishini taʼminladi. Jumladan, yahudiylik hamda nasroniylikning tarqalishi uchun vositalarni taqdim etdi. Uning tizimi avtokratiya boʻlsa-da, Avgust koʻp turdagi daʼvatlarni xushmuomalalik va ustalik bilan oʻtkazgani sababli bu tizimning anʼanaviy shakllarini urushdan charchagan avloddan mohirona yashira oldi. Eng muhimi, zodagonlar qoʻli ostidagi quyi burjuaziya vakillari yangi tartibdan hammadan koʻra koʻproq foyda koʻrgandi. Shuningdek, u Metsenat homiyligi ostida dunyoning eng buyuk yozuvchilari, jumladan, Virgiliy, Horatsiy va Liviyning eʼtiroflariga sazovor boʻlgan.

Ijodkorlar Avgustning Rim tinchligi Italiya nazorati ostida boʻlishi kerak, degan fikrini qoʻllab-quvvatlardi. Bu uch-toʻrt asrdan keyin hukmronlik qila boshlagan yunon-rum hamkorligiga asoslangan Antoniy va Kleopatraning qarashlaridan farqli edi. Avgustning torroq nuqtayi nazari, garchi u yunon tamadduni bilimlari bilan yetarli darajada oʻzgartirilgan boʻlsa-da, kichik italyan shaharchasidan kelib chiqishiga asoslangan edi. Shuningdek, uning qadimiy diniy qarashga boʻlgan sodiqligi va antiqa munosabati puritancha ijtimoiy siyosati uchun qisman javobgar edi.

Avgust madaniyatli odam edi. U bir qator asarlarning muallifi (barchasi yoʻq boʻlib ketgan) boʻlgan. U Brutga qarshi risola, falsafaga nasihat, oʻzining ilk hayoti haqida hikoya, Druzning tarjimayi holi, sheʼrlar va epigrammalar bitgan. Xarakterining anʼanaviy koʻrinishi uning dastlabki yillardagi shafqatsizligi va hayotining oxiridagi yumshoqligi bilan ajralib turadi. Ammo keyinchalik shafqatsizlik unchalik zarur boʻlmagan va unga ehtiyoj boʻlganda (ayniqsa, taxmin fitnalarni bostirishda) Avgust keraklicha shafqatsizlikni qoʻllashga tayyor edi.

Siyosiy rahmsizlikdan boshqa hech narsa unga bunday ulkan natijalarga erisha olish imkonini bermagan boʻlardi. Biroq uning uydagi hayoti oddiy va sodda edi. Oilasidagi oʻzining davomchi yoki yordamchilari sifatida tayinlagan kishilarning ketma-ket oʻlimi uni juda qaygʻu va umidsizlikka soldi. Rafiqasi Liviya Druzillaga boʻlgan sadoqati doimiy edi, ammo boshqa rimliklar singari u ham xiyonat qilgan. Undan saqlanib qolgan maktublar Avgustning munosabatlarga nisbatan mehr-oqibatini namoyon etadi.

Shunga qaramay, u qizi Yuliyani oʻzi tuzgan ijtimoiy-axloqiy mezonlarni buzgani uchun surgun qildi. Xuddi shu sababga koʻra, Agrippaning qoʻli bilan ham ayni ishni takrorlagan. Shuningdek, u Agrippa va Yuliyaning oʻgʻli Agrippa Postumni ham badargʻa qilgan, ammo keyinchalik uni oʻldirishga buyruq bergani haqidagi gumon isbotlanmagan. Avgustning yordamchisi boʻlgan erkak qarindoshlariga kelsak, imperator ularga sodiq edi, lekin ularni oʻzini qiynagandek qattiq qiynagan. Bosim juda ogʻir boʻlgani uchun ular Avgustga kerak edi, ayniqsa, u buyuk qoʻmondon boʻlmagani uchun harbiy sohada ularga juda ehtiyojmand boʻlgan. Agrippa va Tiberiy hamda boshqa bir qator yaqin insonlari timsolida u oʻzining shunday kamchiliklarini toʻldirgan edi. Oʻlim toʻshagida yotgan paytida Avgust imperiyani kengaytirmaslikni nasihat qilgan boʻlsa-da, u oʻz sarkardalari yordami bilan chegaralarni kengaytirgan edi.

Uning jismoniy holati koʻplab kasalliklarga chalinishiga sabab boʻlgan, ularning aksariyati qayta-qayta takrorlangan. Darhaqiqat, uning dastlabki hayotida, ayniqsa, uning egilmas metin irodasi omon qolishga imkon berdi va misli koʻrilmagan hamda tengsiz hayotiy missiyani bajarishning gʻayrioddiy dastagi boʻlib xizmat qildi. Uning tashqi koʻrinishi biograf Svetoniy tomonidan quyidagicha tasvirlangan: “U shaxsiy bezaklarga ahamiyat bermasa ham, hayotining barcha davrida gʻayrioddiy darajada kelishgan va nafis edi. Avgust suhbatlashayotganda yoki sukut saqlaganda qiyofasi xotirjam va yumshoq edi. Uning koʻzlari tiniq, yorqin edi. Nigohida qandaydir ilohiy kuch bor deb oʻylash uning koʻngliga huzur bagʻishlardi. U kimga diqqat bilan qarasa va oʻsha inson yuzini xuddi quyoshning yorqin nuridan pana qilib pastga qaratsa, bu unga juda yoqardi. Uning tishlari orasi bir-biridan keng joylashgan, kichik va holati yomon, sochi biroz jingalak va oltin rangga moyil, qoshi tutashgan edi. Imperator yuzning rangi toʻq va och rang oraligʻida edi. Uning boʻyi past edi, lekin bu qomatining nozik mutanosibligi va simmetriyasi bilan yashiringan va faqat uning yonida turgan balandroq odam bilan solishtirganda sezilardi”.

Avgustning chehrasi oʻsha davrning eng yaxshi haykaltaroshlari hisoblangan yunon va yunonlashgan sharqliklar uchun ilohiy sovgʻa boʻlgan. Chunki ular uning qiyofasini taʼsirli, hech qachon unutilmas imperator timsoli darajasiga koʻtargan, Napoleon rassomlari va haykaltaroshlari bunga taqlid qilgan. Avgustning tangada aks etgan zamonaviy portret byusti sanʼatning muhim yoʻnalishining qayta tiklanishiga hissa qoʻshdi. Unda italyan va yunon uslublari ehtiyotkorlik bilan ajoyib tarzda uygʻunlashgan. Rimda milliy yetakchilar ishtirok etayotgan diniy marosim tasvirlangan Ara Pacis (“Tinchlik mehrobi”) ning qattiq, ammo nozik relyeflari haligacha saqlanib qolgan. Unda Rim mifologiyasidan sahnalar ham bor. Mehrob mil. av. 13-yilda Senat va Rim xalqi tomonidan Galliya va Ispaniyaning tinchligiga bagʻishlab qurilgan.

Marsel teatri

Oʻsha davrning meʼmoriy durdonalari ham koʻp edi va ularning hayratlanarli darajada ulugʻvorligi va klassik pokligining bir qismini bugun Rimning Marsel teatri va Avgust rorumi qoldiqlari misolida koʻrish mumkin. Ular ustunlar bilan oʻralgan va Qasoskor Mars ibodatxonasigacha choʻzilgan. Rimdan tashqarida ham Avgust davriga oid koʻplab yodgorliklar mavjud. Alp togʻlarining har ikki tomonida mahalliy qabilalarning itoatkorligi va sadoqatini ifodalaydigan yodgorliklar, Seguzio (Suza) dagi nafis peshtoq va La Tyurbidagi silindrsimon baraban bilan qoplangan, toʻrtburchak tosh yodgorlik mavjud.

Avgustning Prima Portadagi saroyidan oʻsha davrdagi sanʼatning hammasi ham rasmiy va buyuk boʻlmaganini anglab olish mumkin. Xonalardan biri sehrlangan bogʻni ifodalovchi devor rasmlari bilan bezatilgan, panjara ortida mevali bogʻ va gulzorlar tasvirlangan boʻlib, ularda qush va hasharotlar barglar orasida koʻrinib turadi. Avgustning oʻzi shaxsan hashamatga qiziqmagan. Biroq u yoki sheriklarining boʻsh vaqti boʻlsa, vaqt oʻtkazish uchun koʻngilochar xonalar boʻlgan.



Manba: britannica.com
Muqova suratlar: wikipedia.org / midjourney.com