Orqaga

896 marta koʻrilgan

1788–1824

Jorj Bayron

Jorj Noel Gordon Bayron ingliz dvoryani va boy shotland oilasi merosxoʻri Yekaterina Gordon oilasida tugʻilgan. Shoirning otasi rafiqasining mulkini oʻzlashtirib, uni kichik yoshli oʻgʻli bilan tashlab ketadi. Bayronning bolaligi Shotlandiyaning Aberdin shahrida oʻtadi. U tugʻma oqsoq edi. Oʻn yoshida unga amakisidan lord unvoni va Nyusted mulki (Nottingemshir grafligi) meros boʻlib qoladi. Avval yopiq oqsuyaklar maktabida, keyinchalik Kembrij universitetida tahsil oladi. Tarix hamda adabiyotga qiziqib, siyosiy arbob boʻlishni xohlaydi. Balogʻatga yetgach, Bayron lordlar palatasidagi meros oʻrnini egallaydi.

1807-yilda uning “Hordiq soatlari” sheʼriy toʻplami nashrdan chiqadi. Yevropa va Sharq boʻylab sayohat (1809—1811) dan qaytgach, shoir “Chayld Garold ziyorati” nomli ikki qoʻshiqni eʼlon qiladi hamda mashhurlikka erishadi. Bu voqeani kundaligida: “Bir ajoyib tongda uygʻonib, mashhur ekanligimni koʻrdim”, deya qayd qilib qoʻygan. Zodagon goʻzallar unga parvona boʻladi. Shoir bir nechta muhabbat qissalarini boshdan oʻtkazadi.

1815-yilda u Annabel Milbenk bilan turmush quradi. Bayron undan doʻstlik hamda hamfikrlilikni kutadi. Ammo Annabel bilan oʻtgan bir yillik turmushidan hafsalasi pir boʻlib, xotini bilan ajrashadi. Oqsuyaklar davrasi bahona izlab yurgandek, shoir hayotini yanada zaharlashni boshlaydi. Uni axloqsizlikda ayblab, boykot eʼlon qiladi. Taʼqib va tuhmat toshlari ostida yurgan vaqtida uning yagona doʻsti boʻlgan, oʻgay singlisi Avgusta Li (otasining ikkinchi turmushidagi qizi) yonida turadi. Bayron keyinchalik unga bir nechta ajoyib sheʼrlar bagʻishlaydi. Bayronning dushmanlari koʻp boʻlib chiqdi. Uning satirik poeziyasi hamda parlamentdagi jasoratli nutqi hukumatga yoqmaydi va norozilik keltirib chiqaradi.

1809-yildagi “Ingliz bardlari va shotland kuzatuvchilari” poemasida u zamonaviy ingliz adabiyotini hayotiy haqiqat hamda mistitsizmga eʼtiborsizlikda ayblab, hajv qiladi. 1812-yilda u parlamentda ludditlar himoyasi uchun nutq soʻzlaydi. Ishlab chiqarishga texnika aralashuvi sabab, koʻp kishilar ishsiz qoladi. Ishsizlar vaziyatdan chiqishning yagona yoʻlini mashinalarni buzishda deb biladi. Yosh lord mashinalarni buzganlarga oʻlim jazosini belgilagan hukumatni ayblaydi. Shoir “Mashinalar buzgʻunchilariga bill eʼlon qilgan mualliflarga oda” satirasini chop qildiradi va oʻlim jazosiga qarshi xalq qoʻzgʻolon koʻtarishini bashorat qiladi.

Bu qanday hol, mehmon boʻlsa,
Ochlik bizga, kambagʻal nola qilsa.
Mashina buzilgani uchun suyaklar sindirilsa,
Inson hayoti chulkidan ham arzon boʻlsa, — deb gʻazab bilan yozadi Bayron.

Parlamentdagi boshqa bir nutqida u irland xalqining manfaatlarini himoya qilib, Angliya hukumatining xalqqa qarshi siyosatini qoralaydi.

1813-yildan 1816-yilgacha “Chayld Garold ziyorati” ikki qoʻshigʻini eʼlon qilgandan soʻng Bayron orzular hamda hayotning tragik qarama-qarshiligi haqida “Kofir”, “Abidoslik kelin”, “Qaroqchi” “Lara”, “Korinf qamali”, “Parizod” kabi sharqona romantik poemalar yarata boshlaydi. Sharq va Yevropa janubining ekzotik tabiati fonida oʻzboshimchalik, tubanlik, qullikka qarshi kurash tasvirlanadi. Qahramonlar esa kuchli ishtiyoqqa ega, isyonkor kishilar boʻlib, jamiyat bilan yakka munozaraga kirishadi va bu jangda oxirigacha boradi. Ular yo hammasiga, yo hech nimaga ega boʻlishni maʼqul koʻrardi. Bu qarama-qarshilik tarixi har doimgidek muhabbat bilan asoslanadi. Isyon shaxsiy, individual xarakterda boʻlib, feodal knyazlar yoki sharq despotlariga qarshi yoʻnalgan edi.

“Korinf qamali”, “Kofir” va “Arman sheʼriyati” kitoblarining bosh sahifasi / wikipedia.org

Dunyoning nomukammalligi gʻoyasi injil motivlari asosida yozilgan “Ibroniycha ohanglar” sheʼriy turkumida ham aks etadi. Bu turkumdagi insonning tragik kurashi, qahramonligi va iztiroblari haqida gʻam-gʻuzorona va qatʼiyat ruhi bor sheʼrlarni M.Lermontov (“Mening koʻnglim tushkun”), A.Pleshev (“Hayot yoʻlingni bosib oʻtding, qahramon”) hamda boshqa shoirlar rus tiliga tarjima qilgan. Bayron ozodlikdan kechib, qulga aylangan qadimgi yahudiylar va zamonaviy Yevropa xalqlari orasida osmon bilan yercha farq borligidan iztirob kechadi. Bu achchiq motivlar Yevropa davlatlaridagi ozodlik harakatining tanazzulli sabab paydo boʻlgan edi.

1816-yilda Bayron siyosiy qochoqqa aylanadi va shundan soʻng hech qachon Vatanini qaytib koʻrmaydi. U avval Shveytsariyaga, keyin Italiyaga koʻchadi. U yerda Tereza Gambe Gvichchioli bilan oila quradi, uning oilasi orqali karbonarlar maxfiy jamiyati bilan tanishib, ularga qoʻshiladi.

Shveytsariyacha davrda Bayron “Manfred”(1817) ramziy-falsafiy poemasini yaratadi, Shilon qasriga sayohatdan keyin “Shiylon tutquni” asarini yozadi. Unda shveytsariyalik respublikachi Bonivar oʻgʻillari bilan Shilon qamoqxonasiga tushib qoladi. Bu tarixiy fakt boʻlib, voqealar XVI asrda boʻlib oʻtadi. Oʻgʻillari halok boʻladi, Bonivar esa tirik qolib, qamoqdan chiqishga muvaffaq boʻladi. Sobiq jasur jangchi qarigan, kuchdan qolgan, sinovlarga yengilgan edi. Poemaga “Shiylon soneta” ham biriktirilib, unda Bayron “Turmalar zulmatida ozodlikning buyuk idealini yoritishda davom etayotgan” insonlarni madh etadi.

Bayronning Manfredi Gyotening “Faust” asari singari fan va hayotdan hafsalasi pir boʻlgan edi. U dunyo sirlariga ega boʻlib, sehr yordamida tabiat hamda inson taqdiri ruhlarini oʻziga boʻysundiradi, ammo bu ruhlar faqat yovuzlik qila olardi. Iztiroblardan aziyat chekkan va tragik muhabbatni boshidan oʻtkazgan Manfred taskinni oʻlimdan izlaydi. U hokimiyatni ham, muvaffaqiyatni ham rad etadi, din bilan aloqani uzadi. U barcha narsani mutlaq inkor qiladi. Hech nima uni dunyoning nomukammal ekanligini qabul qilishga koʻndira olmasdi. Shu sabab, u kurashdan voz kechib, hayotdan kechishni afzal biladi. Qarama-qarshilik kuchi avvalgi poemalardan koʻra kuchliroq yangraydi.

Boshqa romantizm ijodkorlariga nisbatan Bayronda, Angliya va boshqa davlatlar hukumati revolyutsion “fitnalar” qoldigʻini yoʻq qilgandagi davr dramatizmi yorqinroq namoyon boʻlgan. Har ikkala poemada shoirning tiranlar gʻalabasi tufayli iztirobini koʻrsatadi, lekin bu iztirob umid yoʻqolganini anglatmas edi. Italiyadagi karbonarlar bilan muloqot Bayron ijodiga faol jangovar ruhni olib kiradi. Uning mavzu va janrlari xilma-xillashadi. “Beppo” (1818) poemasi, satirik poemalar, “Marino Falyero, Venetsiya doji” (1821), “Ikki Foskarlar” (1821) tarixiy tragediya hamda “Kain” misteriyasini yozadi. “Chayld Garold ziyorati” ni tugatadi. Chayld Garold sargardonligi haqidagi poema XIX asr adabiyotida yosh yigitning ruhiy izlanish mavzusini ochib beradi.

Hayot lazzatini erta boshdan oʻtkazgan yosh oqsuyak yigit Chayld Garold ziyoli qatlamning hissiz va eʼtiqodsizligidan bezor boʻlib, ideallikni izlab sayohatga otlanadi. Qahramon Ispaniyada ispanlarning quldor Napoleonga qarshi kurashiga guvoh boʻladi. U milliy ozodlik uchun kurashayotgan xalqqa hamdardlik hissi bilan toʻlib, ilhomlanadi. Yunonistonga kelgach, turklar qarshisida bosh eggan yunonlarning qullarcha itoatkorligidan gʻazablanadi. Chayld Garold ularning yurti buyukligini eslatib, zulmga qarshi turishga chaqiradi. Uchinchi sheʼrida Chayld Garold Belgiya orqali Vaterlo maydoniga kelib qoladi. Bayron mazkur asarida Napoleonning oʻrni hamda magʻlubiyat sababi haqida mulohazaga beriladi. Shoir har qanday turdagi despotizmdan nafratlanardi, shu tufayli eski zulmkor uslubga qaytgan Napoleonning dushmanlari ham unda achinish hissini uygʻotmaydi.

Kitobxon qarshisida namoyon boʻlayotgan keng hayotiy koʻrinish qahramonning ijtimoiy ilojsizlik vajlarini izhor qiladi. Poema qahramoni revolyutsiyadan keyingi davr kayfiyatini, dunyodan koʻngil qolishi va uni qabul qilolmaslikni ifodalaydi. Bayron fransuz burjuaziya revolyutsiyasini davrning “xalq oʻz kuchini anglagan” markaziy hodisasi deb biladi. U inson ruhining kuch va qudratiga ishonadi. Zulmga qarshi faol qarshilikka chorlaydi, bunda insonning chin qahramonona ichki dunyosi namoyon boʻlardi.

Mazmuniy boylikni romantizm poemasining erkin shakli ham taʼminlab bergan. Unda elegik motivlar kinoyaviy mulohaza bilan, eʼtiqod hajvi esa inson hamda tabiat kuchi sharafiga madh bilan almashib kelgan. Poema darhol turli tillarga tarjima qilingan hamda qahramonning nomi dunyo iztirobi timsoliga aylangan edi. Bayronning oʻzi esa adabiy shuhrat markaziga tushadi. Turli milliy madaniyatlarda “bayronchilik” nomini olgan toʻlaqonli harakat paydo boʻladi.

Adib rivojlanishga toʻsqinlik qiluvchi qora reaksion kuchlar gʻalaba qozongan davrda yashagan. Zulm va dunyo adolatsizligidan uning qahramonlari chuqur aziyat chekkan, lekin hech qachon iztiroblarini befarqlikdan keladigan xotirjamlikka almashtirmagan. Ular oʻlimni mardonavor qarshi olgan, ruhiy irodasi esa mualliflar hayratiga sabab boʻlgan. Lermontovning “Iblis” asari Bayronning Lyutsiferidan kelib chiqqan. Pushkin Bayron oʻz qahramonlarini oʻz hislatlari bilan boyitib, faqatgina bitta xarakter yaratganini, yaʼni oʻzini yaratganini taʼkidlab, bu bilan Bayrondagi harakat tasvirining romantik tamoyilini belgilab oʻtadi. Ingliz adibining taʼsiri ostida Pushkin ham romanning chuqur realistik shaklini yozadi. Bayron shaxsiyati shunchalik ulkan boʻlgani, iqtidori qudratli ekanidan u bir necha avlod donoligining egasiga aylanadi.

Shoir oʻzining eng yaxshi asari – “Don Juan” ni yakunlashga ulgurmaydi (1818–1823). U 16 ta qoʻshiqdan iborat. Beshinchi qoʻshiq haqida shoir Pelli.B “Undagi har bir soʻz abadiylik muhriga ega” degan edi. Butun poemaga nisbatan esa “Ingliz tilida hali bunga oʻxshagan asar yozilmagan” deya izoh beradi. Valter Skott Bayronni Shekspir bilan qiyoslaydi, Gyote esa “Don Juan” ni “chegarasiz, dohiyona asar” deb hisoblaydi. Pushkin ham poemani sanʼat asari sifatida taʼriflaydi. “Don Juan” – XVII asrning ikkinchi yarmidagi yosh dvoryanning sarguzashtlari haqidagi sheʼriy roman.

Turli davlatlarning maishiy hayoti va qadriyatining realistik tasviri bilan Bayron eʼtirof etishicha, “jamiyatning kulgili tomonlarini koʻrsatmoqchi” boʻlgan. Romantik poemalarda vaziyat gʻaroyib qahramon uchun fon vazifasini oʻtagan boʻlsa, bu holda qahramon shaxsiyati hayotning keng qatlamlarini bogʻlash uchun kiritiladi. Don Juan romantik, gʻaroyib qahramonlar bilan hech qanday umumiylikka ega emas. U anʼanaviy jozibador Don Juan obraziga xos, iblisona tabiatga ham ega emas. Bu kelishgan, yosh, joʻshqin yigit koʻpincha vaziyat “qoʻli” da oʻyinchoqqa aylanib qoladi.

Qahramonning turli muhabbat qissalar zanjirini tasvirlar ekan, Bayron Don Juanning hislari qanday qilib maydalashib ketishini koʻrsatadi. Faqatgina goʻzal yunon ayoli Gaidening sof va pok, lekin tragik yakunlangan sevgisigina qahramon qalbida chuqur iz qoldiradi.

Siyosat, falsafa, din, axloq, sanʼat, fan, iqtisod – bularning barchasi muallif nuqtayi nazaridan oʻrin olgan. Bayron koʻp mualliflik qarashida zamonga murojaat qiladi, shu tufayli qahramon yashayotgan asr va revolyutsiyadan keyingi davr bosqichma-bosqich yaqinlashib kelaveradi. Ayniqsa, Angliya erkinlikni cheklovchi, xalqlarning “yovuz qamoqxona nazoratchisi” sifatida koʻrsatiladi. Bayron revolyutsiya “yerni butun olam iflosligidan xalos qilishning eng ishonchli yoʻli” degan qarorga keladi. U qaysidir partiya hamda dastur adolat mezoniga javob berishini koʻrmaydi, shu sabab ham har qanday hukumatni rad etadi.

Karbonarlar magʻlubiyatidan soʻng Bayron Gretsiyaga joʻnaydi. Yunon vatanparvarlari bilan birga Turkiyaga qarshi milliy ozodlik urushida qatnashadi. Gipertermiya bilan kasallansa-da, u isyonchilar harbiy lagerini tark etmaydi. Shoir 1824-yil 19-aprelda Missolungda vafot etadi. Shu kuni Gretsiyada milliy motam eʼlon qilinadi.

Jorj Gordon Bayron haykali, Italiya / wikipedia.org

Bayron yuragi Gretsiyada dafn qilingan, xoki esa Nyusted yaqinidagi Xaknalle mulkiga dafn qilingan. Angliya hukmron doiralari revolyutsion shoirga nisbatan salbiy munosabat bildirishdan tiyilmadi va uning Vestminster abbatligida “Shoirlar burchagi” da dafn qilinishiga qarshilik bildirdi. Bayron oʻlimidan butun dunyo gʻam chekadi. Koʻplab shoirlar bu yoʻqotishga sheʼrlar bagʻishlaydi. Pushkin “Dengizga” sheʼrida Bayronning mangu ruhini sharaflaydi, Kyuxelbeker “Bayron oʻlimiga” sheʼrida uning dunyoviy ahamiyati haqida soʻz yuritadi.

Shuningdek oʻqing:


 

Muqova suratlar: wikipedia.orgwikipedia.org
Qoʻshimcha manba: