Orqaga
G'alati urush haqida.

965 marta koʻrilgan

1939-yil 3-sentabr

Gʻalati urush

Gʻalati urush deb Ikkinchi jahon urushining boshidagi 8 oylik davrga aytiladi. Bu davrda Gʻarbiy frontda faqatgina bir marta harbiy operatsiya yuz bergan. Yaʼni fransuz qoʻshini bir marta Germaniyaning Saar tumaniga bostirib kirgan. Fashistlar Germaniyasi 1939-yil 1-sentabrda Polsha bosqinini boshlaydi. Ikki kun oʻtib, Birlashgan Qirollik va Fransiya fashistlar Germaniyasiga qarshi urush eʼlon qiladi. Bu urush Gʻalati urush nomi bilan ataladi. Bu urushda harbiy harakatlar deyarli sodir boʻlmadi. 1940-yil 10-mayda Germaniya Fransiya, Belgiya, Lyuksemburg va Niderlandiyaga bostirib kirganida Gʻalati urush tugagan edi.

Gʻalati urush davrida Britaniya va Fransiya hech qanday keng koʻlamli harbiy yurish amalga oshirmaydi. Ammo bu davlatlarda bir qancha iqtisodiy urush harakatlari boshlanib, ayniqsa, dengiz qamalida nemis savdo kemalarini toʻxtatishga erishildi. Britaniya hamda Fransiya nemislarning urush harakatlariga putur yetkazish maqsadida koʻplab keng koʻlamli operatsiyalar uchun puxta rejalar ishlab chiqadi. Masalan, Bolqonda ingliz-fransuz frontini ochish, Germaniyaning asosiy temir ruda manbasini nazoratga olish uchun Norvegiyaga bostirib kirish hamda Germaniyaning asosiy neft taʼminotchisi boʻlgan Sovet Ittifoqiga taqiq oʻrnatish shular jumlasidan edi.

1940-yilning apreliga kelib, faqatgina Norvegiya rejasini amalga oshirish nemislar hujumini toʻxtatishga yetarli emas deb topildi. Gʻalati urush sukunati koalitsiyaning bir qancha harakatlari tufayligina buzildi xolos. Sentabrdagi Saar yurishida Fransiya Polshaga yordam berish uchun Germaniyaga hujum qiladi. Ammo urush bir necha kun ichida bostiriladi va Fransiya chekinadi. Noyabr oyida Sovet qoʻshini Qishki urush davomida Finlandiyaga hujum qiladi.

Bu hujum Fransiya va Britaniya oʻrtasida munozaraga sabab boʻladi. Ular Finlandiyaga yordam berishni mart oyigacha choʻzadi, ammo bu vaqtga kelib urush tugagan edi. Koalitsiyaning Skandinaviya yurishi haqidagi tortishuvi Germaniyada xavotir uygʻotadi. Shuning uchun nemislar aprelda Daniya va Norvegiyaga bostirib kiradi. Koalitsiyaning avvalroq Finlandiya uchun yigʻilgan qoʻshini endi Norvegiyaga yoʻnaltiriladi. Jang iyun oyigacha davom etadi. Ittifoqchilar Norvegiyani Germaniyaga berib, oʻzi chiqib ketishga majbur boʻladi. Chunki bu vaqtda nemislar Fransiyaga bostirib kirgan edi.

Uchlar ittifoqidan Germaniya kuz va qishda Britaniya aviatashuvchi va esmineslariga qarshi bir qator dengiz hujumlarini boshlaydi. Hujum davomida HMS Courageous singari bir qancha kreyser choʻktirilib, 519 nafar inson hayotdan koʻz yumdi. Havodagi harakatlar 1939-yilning 16-oktabrida nemis havo kuchlari Britaniya jangovar kemalariga havo hujumlarini boshlaydi. Ikki tomon ham turli kichik bombardimon va razvedka parvozlarini amalga oshiradi.

Saar hujumi

Saar hujumi deb Fransiyaning Germaniya mudofaasidagi Saar oʻlkasiga qilgan hujumiga aytiladi. Hujumning maqsadi Polshaga yordam berish boʻlgan. Hujum bir necha kilometrdan soʻng toʻxtatilib, fransuz qoʻshini chekinadi. Fransuz-polyak harbiy bitimiga koʻra, Fransiya qoʻshini safarbarlik boshlanganidan 3 kun oʻtib, yirik hujumga tayyorgarlikni boshlashi kerak edi. Bundan tashqari, fransuz qoʻshini Fransiya chegarasi va nemis mudofaa chizigʻi orasidagi hududni toʻliq nazoratga olishi hamda nemislar mudofaasini tekshirishi kerak edi. Harbiy safarbarlikning 15-kuni, yaʼni 16-sentabrda fransuz armiyasi Germaniyaga keng koʻlamli harbiy yurish boshlashi lozim boʻlgan. Fransiyada dastlabki safarbarlik 26-avgustda boshlangandi. 1-sentabrda esa toʻliq safarbarlik eʼlon qilinadi.

Reyn daryosi vodiysida boʻlib oʻtgan hujum Fransiya Germaniyaga urush ochganidan 4 kun oʻtib, yaʼni 7-sentabrda boshlanadi. Nemis qurolli kuchlari Polsha hujumida ishgʻol qilingani sababli fransuz askarlari Germaniya-Fransiya chegarasida yaqqol ustunlikka ega edi. 11 fransuz diviziyasi nemislarning zaif mudofaasiga qarshi Saarbryuken shahri (Germaniyada joylashgan) yaqini boʻylab 32 km ilgarilab ketadi.

Ammo fransuzlarning ushbu hujumi tufayli birorta ham nemis askari yoʻlidan ogʻishmadi. Yalpi hujum taxminan 40 ta diviziya tomonidan amalga oshirilishi kerak edi. Shu jumladan, 1 ta qurollangan, 3 ta mexanizatsiyalashgan diviziya, 78 ta artilleriya polki va 40 ta tank batalyoni mavjud edi. Fransuz armiyasi 8 km ichkariga kirib, 20 ga yaqin qishloqni hech qanday qarshiliksiz egallaydi. Chunki nemis qoʻshini bu hududni evakuatsiya qilgan edi. Fransiya Germaniyaning minalar bilan toʻlib toshgan 7,8 km² maydonli Varndt oʻrmonini egallaganidan soʻng qoʻl uchida qilingan bosqin ham yakunlanadi.

Norvegiya qirgʻoqlari yaqinida dengiz jangi, 1940-yil 10-aprel / wikipedia.org

12-sentabrda ingliz-fransuz Oliy harbiy kengashi ilk marta Abvil (Fransiya) hududida yigʻiladi. Kengashda barcha hujum harakatlari zudlik bilan toʻxtatilishi zarurligi haqida qaror qilinadi. Chunki fransuzlar jangda mudofaa usulini tanlagan va nemislarning oʻzi hujumni boshlashini kutmoqchi edi. Fransuz generali — Moris Gamelin askarlariga Zigfrid chizigʻi boʻylab nemis pozitsiyasidan 1 km uzoqlikda toʻxtashga buyruq beradi. Kengash qarorida Polsha eslab oʻtilmaydi. Aksincha, Gamelin Polsha marshali Edvard Ridz-Smigliga boʻlinmalarining yarmi dushman bilan jang olib borayotgani va ildamlagan fransuz qoʻshini nemis armiyasini Polshadan kamida 6 diviziyaga chekinishga majbur qilayotgani toʻgʻrisida xabar beradi. Ertasi kuni Fransiyaning Polshadagi harbiy missiyasi qoʻmondoni, general — Lui Fori Polsha shtab boshligʻi, general — Vatslav Staxevichga 17–20-sentabrga rejalashtirilgan gʻarbiy frontagi yirik jang qoldirilganini aytadi. Xuddi shu vaqtda fransuz diviziyalari Majinot chizigʻi boʻylab oʻz kazarmalariga chekinish haqida buyruq olgan edi. Gʻalati urush shu tarzda boshlanadi.



Manbalar: wikipedia.org / britannica.com 
Muqova surat: pexels.com