Orqaga

776 marta koʻrilgan

1961-yil

Eddi Myorfi

Bugungi kunda Eddi Myorfini dunyoning birinchi raqamli komediya yulduzlaridan biri desak mubolagʻa boʻlmaydi. Uning ajoyib komik isteʼdodi 22 yoshida mashhur va juda boy boʻlishiga sabab boʻlgan. Odatda Myorfining tarjimayi holi shunday boshlanadi: u boy qora tanlilar oilasida tavallud topgan. Bola 8 yoshga toʻlganda otasi (u politsiya xodimi boʻlgan) fojiali tarzda vafot etadi. Voqea Eddiga qattiq taʼsir qilib, uning oʻzlashtirishi darhol pasayib ketadi. Bundan tashqari, u taqdirning boshqa zarbasiga ham chidashi kerak edi. Biroz vaqt oʻtib Eddining onasi yana turmushga chiqadi. Eddi bir vaqtning oʻzida oʻgay aka-uka, opa-singilli boʻlib qoladi. Lekin baxtiga oʻgay otasi yaxshi odam boʻlib chiqadi va aynan u birinchi boʻlib bolaning iqtidorini sezib, uning teatr va kinoga boʻlgan ishtiyoqini qoʻllab-quvvatlaydi.

Eddi Myorfi ilk marta professional sahnaga 15 yoshida chiqqan.U yoshlar klubida soʻzlashuv janrida miniatyura va parodiyalar bilan chiqish qilar edi. Tomoshabin orasida tobora koʻzga tashlanib, tez orada mashhur “Yumor sahifasi” (Comic Page) klubi egalari R.Uoks va R.Tinken boʻlajak yulduzni oʻz sahnasiga taklif qiladi. Omma yangi aktyorni olqishlar bilan kutib oladi, shundan soʻng klub egalari uni “Toʻgʻridan toʻgri efirda shanba oqshomi” (Saturday Night Live) mashhur telekoʻrsatuviga kastingga yuboradi. Eddi Myorfi ham amerikalik komik aktyorlar Jim Belushi, Bill Myurrey, Den Ekroyd kabi mazkur tomoshabinlar bilan muloqot qilish maktabidan muvaffaqiyatli oʻtadi. Ushbu telekoʻrsatuvdan soʻng Myorfining dongʻi yashin tezligida butun dunyoga taraladi.

“Toʻgʻridan toʻgri efirda shanba oqshomi” (Saturday Night Live) telekoʻrsatuvi / kinobox.cz

2 yilgina oʻtib, u televideniyening yetakchi aktyoriga aylanadi. 2 marotaba Emmi mukofotiga nomzodi qoʻyiladi, mukofot nasib qilmasa-da, mashhurligiga putur yetmaydi. Hammasidan ham uning parodiyalari tomoshabinlarga manzur boʻladi. Ayniqsa, “48 soat” filmi ekran yuzini koʻrganda Myorfining shuhrati yanada oshib ketadi. Mazkur filmda Eddi xavfli retsidivist (koʻp marotaba jinoyat sodir etgan shaxs) ni qoʻlga olishda yordam berish uchun 2 kunga qamoqdan ozod qilingan jinoyatchi rolini oʻynaydi. Filmda barcha eʼtibor Myorfiga qaratilgan edi. Uning qahramoni tinimsiz gapirib, hazillashib, sherigi (Nik Nolta) ni bezdirib yuborish bilan birga, ichki qadr-qimmatiga ega, oʻzining xatti-harakati bilan barcha qora tanlilar faqat jinoyatchi, yolgʻonchi va bezori degan fikrni rad etardi.

Filmda voqealar rivojlangani sari tomoshabinning unga nisbatan ishonchi orta boshlaydi. “Bu rol orqali Myorfi komediyaning barcha turlari: yengil hazil va kinoyadan tortib, teshib oʻtuvchi sarkazmgacha qobiliyatini namoyish etadi. Aktyorning moslashuvchanligi va ifodaliligi “Gʻaroyib garov” (1983) fars filmida ham yaqqol namoyon boʻladi, filmda oʻrinlari almashib qolgan boy va kambagʻalning sarguzashtlari haqida voqea yoritiladi. Bu kartinada Eddining sherigi sifatida yana bir mashhur komediya aktyori Den Ekroyd chiqadi. Shu tarzda 22 yoshida Myorfi allaqachon tan olingan komik aktyor va millionerga aylanadi. Bundan tashqari, u sport avtomashinalari poygasiga qiziqqani uchun “Tezkor Eddi” laqabini ham olishga ulguradi. Myorfi keyinchalik pulning katta miqdorda yogʻilishi uni qandaydir gʻayrioddiy tarzda oʻzini namoyon qilishga majbur qilganini tan oladi.

Bu orada har yangi film bilan Myorfining mashhurligi yanada ortib borardi. U “Beverli-Hillzlik politsiyachi” filmida bosh rolni muvaffaqiyatli ijro etib, yana oʻzining gʻayrioddiyligini ajoyib tarzda namoyon etishga muvaffaq boʻladi. Kartina shunchalik mashhurlik olib keladiki, rejissyorlar bundan foydalanib, tez orada uning ishtirokida yana 2 ta eng muvaffaqiyatli “Beverli-Hillzlik politsiyachi II” (1987) va “48 soat” (1990) filmlarini suratga oladi. “Beverli-Hillzlik politsiyachi II” filmi 153 mln dollar toʻplab, 1987-yilning eng yuqori daromad keltirgan filmiga aylanadi. Myorfining daromadi fantastik darajada oshadi va u oʻz filmi qahramoni kabi “Oltin bola” (1986) deb atala boshlaydi. U ulkan gonorarining bir qismini 2 ta maqsadni koʻzlab, oʻz kompaniyasiga tikadi. Birinchidan, u qora tanli kinoijodkorlarga yordam berishga qaror qiladi.

“Beverli-Hillzlik politsiyachi” filmi / irishfilmcritic.com

Shu tarzda uning mablagʻiga qora tanli rejissyor R.Tausens “Jilosiz” konsert-filmini (1987), rejissyor D.Lendis esa “Shohona tashrif” komediyasini (1988) suratga oladi. Ikkinchidan, u aktyorlik shon-shuhratiga erishib, oʻzini rejissyor sifatida sinab koʻrishga qaror qiladi va “Garlem oqshomlari” (1990) filmini suratga oladi. Ushbu kartinadan soʻng Myorfining oʻziga xos tajribalari boshlanadi. U oʻzini “Bumerang” (1992) filmida ishqiy qahramon sifatida, “Hurmatli janob” (1992) filmida esa gʻaroyib aktyor sifatida sinab koʻradi. Myorfi hatto vampirlar haqidagi “Bruklindagi vampir” (1995) parodiya filmida ham rol oʻynaydi. Biroq kartinalar avvalgidek muvaffaqiyatli emas, balki oʻrtacha, baʼzan muvaffaqiyatsiz chiqadi.

Bunday turli xil uslubdagi filmlarning oʻziga xos jihati shundaki, Myorfiga yangi parvozga tayyorgarlik koʻrish imkonini berardi. 1996-yilda u vazn toʻplab, tashqi qiyofasini oʻzgartiradi va “Gʻayrioddiy professor” filmida bir vaqtning oʻzida 7 ta rolni ijro etadi. Myorfi yana bir bor chinakam oʻziga xos, hamma kulishi uchun kaltaklanishga tayyor masxaraboz kabi ekran ortida porlaydi. Bir paytlar Washington Post gazetasi uni “Studebekker” radiatoridek tabassumli aktyor deb atagani bejiz emas edi. Vaqt oʻtishi bilan aktyorning ijtimoiy mavqeyi ham oʻzgarib bordi: uylangach, namunali oila boshligʻiga aylanadi va 3 farzandning otasi sifatida ularning sonini 5 taga yetishini orzu qiladi. Orzusi amalga oshgan Eddining bugungi kunda 10 ta farzandi bor. Myorfining birinchi rafiqasi sobiq model, mulatka Nikol Mitcheldir. Oila bugungi kunda har bir xonasi oʻziga xos viktorian, provansal, sharqona va avangard uslubida bezatilgan villada yashaydi.

Myorfi sogʻlom turmush tarzining toʻliq tarafdori: ichmaydi, chekmaydi, giyohvand moddalarni umuman isteʼmol qilmagan va tungi klublarda maishat qilmaydi. Uning yoshligidan qolgan yagona ishtiyoqi mashinalarga boʻlgan muhabbatidir. Ilgari u gʻayratli poygachi sifatida tanilgan boʻlsa, endi esa gʻayratli kolleksioner hisoblanadi. Maʼlumki, uning Rolls-Royce, Ferrari, Jaguar va Porsche kabi kolleksiyasi mavjud. Ammo baribir aktyor uchun asosiy sevimli mashgʻulot aktyorlik kasbidir. U koʻp rol ijro etadi, oʻzi film suratga oladi, ehtimol, shou-biznesda yana nima bilandir mashgʻul boʻlib, shubhasiz, xuddi shunday yorqin muvaffaqiyatga erishadi: axir, u haqiqiy isteʼdod va professionallikni oʻzida mujassam etgan koʻp qirrali aktyordir!



Muqova suratlar: themoviedb.org / today.com