4
Ulashish
750 marta koʻrilgan
1898–1988
Enzo Ferrari
Enzo Ferrari Italiyaning Modena shahrida tavallud topgan, otasining ismi Alfredo Ferrari boʻlib, uning oʻz ustaxonasi bor edi. 1908-yilda oila Bolonyaga koʻchib oʻtadi va ota ikkala oʻgʻlini shahar avtopoygasiga olib boradi. Shundan soʻng Enzoning hayotida keskin burilish yuz beradi: u poygachi boʻlishga qaror qiladi. Biroq 1916-yilda Ferrari hayotida fojia yuz beradi: ispan grippi epidemiyasi paytida u otasi va katta akasidan judo boʻladi. Shu sabab u maktabni ham tugata olmaydi va bevosita oila boquvchisiga aylanib qoladi, lekin tez orada armiyaga ketishga majbur boʻladi. Ammo uning xizmati uzoqqa choʻzilmaydi, chunki 1918-yilda u shunchalik ogʻir kasal boʻlib qoladiki, shifokorlar umidsizlanib, uni uyiga qaytarib yuboradi.
Demobilizatsiya (harbiy xizmatdan boʻshash) dan soʻng Ferrari FIAT zavodlarida ishlay boshlaydi va bir vaqtning oʻzida SMN firmasida ham faoliyat yuritadi. Mazkur firma armiya ehtiyojlari uchun mashinalar yetkazib berish bilan shugʻullanardi. Bu yerda Ferrari ilk marta yigʻilgan shassini kuzovlarni oʻrnatishdan oldin sinovdan oʻtkaza boshlaydi, zavodda esa tayyor avtomobillarni sinovdan oʻtkazadi. 1919-yilda u Targa Florio poygalarida birinchi marta firma jamoasi tarkibida qatnashadi va 9-oʻrinni egallaydi. Oʻshandan beri Ferrari doimiy ravishda turli reklama poygalari va musobaqalarda qatnashib keladi. Asta-sekin u jiddiy poygada faqat maxsus tayyorlangan mashina bilangina gʻalaba qozonish mumkinligini tushunib yetadi.
Doʻsti Ugo Sivochchi bilan birgalikda Alfa Romeo firmasi bilan shartnoma tuzadi va 1920-yilda firma jamoasi tarkibida Targa Florio poygalarida yana bir bor qatnashadi. Bu safar u 2-oʻrinni egallashga muvaffaq boʻladi. Tez orada u Alfa Romeo firmasiga oʻtib, N. Romeoning oʻzi bilan ishlovchi D. Rimi yordamchisiga aylanadi. Bu firmada Ferrari yana 3 yil davomida ishlaydi, bu davrda haydovchilik mahoratini oshirib, poyga uchun mashinalarni modernizatsiya qilish bilan shugʻullanadi. Oʻsha paytda koʻplab firmalar ommaviy ishlab chiqarish mumkin boʻlgan ishonchli avtomobil dizaynini yaratishga intilardi. 1920–1930-yillarning boshlarida Italiyada har yili koʻplab katta va kichik avtopoygalar oʻtkazilar, ularda taklif qilingan avtomobil dizaynlarining kuchli va zaif tomonlari aniqlanar va yangi yondashuvlar sinab koʻrilardi.
Ferrari 1923-yilda Ugo Sivochchi bilan birgalikda Ravennadagi poygada gʻolib chiqadi va u yerda jahon poygalari tashkilotchisi F. Barakka bilan tanishadi. Barakka Ferrarini maqsad sari qatʼiyatlik bilan qadam tashlashini yoqtirib qoladi va uni oʻz jamoasiga, haydovchilar guruhiga mexanik sifatida taklif qiladi. Enzo rozi boʻladi va 1924-yilda u Peskaradagi mashhur poygada qatnashib, poyga gʻolibiga aylanadi. Ferrari mahorat bobida mahalliy avtopoyga ishtirokchilaridan ancha oldinda ekaniga allaqachon ishonch hosil qilgan edi. Shuning uchun u Fransiyaning janubida oʻtkazilgan urushdan oldingi Yevropaning eng nufuzli poygalarida qatnashishga qaror qiladi va u yerda ham bosh mukofotni qoʻlga kiritadi. Bu gʻalaba uning poygadagi karyerasining eng yuqori nuqtasiga aylanadi. Shon-shuhrat choʻqqisida ekan u oʻz hayotini tubdan oʻzgartirishga qaror qiladi va bisotidagi bor pulini oʻz firmasiga tikadi. Ehtimol, bu uning rafiqasi taʼsiri ostida qilingan boʻlsa ham ajab emas.
Oʻsha paytda poyga oʻta xavfli mashgʻulot boʻlgani sababli Ferrari oʻz hayotini ortiq xavf ostiga qoʻyishni istamaydi. 1929-yilda u Modenaga qaytib keladi va aka-ukalari Kanyano va Augusto, shuningdek, jiyani Alfredo bilan birgalikda oʻzining “Skuderiya Ferrari” firmasini tashkil qiladi. Firma 2 yoʻnalish: poyga avtomobillarini loyihalash va professional avtomobillarni tayyorlashda ixtisoslasha boshlaydi va Ferrari Alfa Romeo, Bosch va Pirelli firmalari bilan shartnoma tuzadi. U professional haydovchilar jamoasini tuzgach, uni boshqarish uchun azaliy raqibi Juzeppe Kamparini taklif qiladi.
Ferrari tomonidan tayyorlangan haydovchilar birinchi yili 22 ta musobaqada qatnashib, 8 ta gʻalaba va bir nechta sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritadi. Bunday muvaffaqiyat koʻpchilik uchun aql bovar qilmaydigan hodisa edi. Oʻsha paytda hech bir firma haydovchi va avtomashinalarni bunday keng qamrovda tayyorlashga qodir emas edi. Ferrari bu sohada oʻziga xos oʻrinni egallashga muvaffaq boʻlgach, yangi, katta foyda keltiruvchi biznesning barcha afzalliklaridan foydalanishga shoshiladi. Mashinalarni puxta tayyorlash va turli takomillashuvlarni joriy etishi tufayli u koʻp yillar davomida oʻz sohasida yetakchilik qiladi. Asta-sekin uning firmasi Alfa Romeo firmasining oʻziga xos sinov va poyga boʻlimiga aylanadi.
Ferrari Yevropada boʻlib oʻtayotgan poygalar haqidagi maʼlumotlarni diqqat bilan kuzatib borar va eng yaxshi haydovchilarni oʻz guruhiga taklif qilardi. U oʻz xodimlariga boshqa firmalar taklif qilganidan foydaliroq shartnoma taklif qilardi. Ferrari boshidanoq hayoti davomida amal qiladigan bir qator qoidalarni ishlab chiqqan va unga hech qayerga ogʻmasdan amal qilib kelardi. Uning firmasi mashinalarni tayyorlash va boshqa barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga olgani bois haydovchilar avtohalokatga uchrasa, gonorari kamayib ketishidan qoʻrqmas edi.
Ferrari hech qachon konstruktorlarning ijodiy erkinligini cheklamagan: u mashinalarning tezligi va ishonchliligini oshirishi mumkin boʻlgan har qanday yangilikni darhol joriy qilardi. U birinchilardan boʻlib ogʻir quvurli shassilardan voz kechadi va buning oʻrniga ilk marta poyga avtomobillarida toʻliq payvandlangan kuzovni ishlatadi. Bundan tashqari, Ferrari avtopoygalar tarixida birinchi marta kuchaytirilgan protektorli shinalardan foydalanadi va bu shinalar boshqa firma shinalariga qaraganda ancha bardoshli boʻlib chiqadi. 1935-yilda u gʻildiraklarni avtomatik qulflash tizimini sinovdan oʻtkazadi, faqat bu tizim urushdan keyingina foydalanishga topshiriladi.
Mazkur tizim poyga paytida gʻildiraklarni motor bilan aloqasini uzmagan holda, tezlikni sekinlashtirmasdan xavfli burilishlarni amalga oshirish imkonini berardi. Ferrari boshqa kompaniyalardan farqli oʻlaroq, hech ham avtomobillarni koʻp miqdorda ishlab chiqarishga intilmagan. Uning avtomobillari birinchi navbatda noyob model uchun katta pul toʻlashga qodir boʻlganlarga moʻljallangan edi. Ikkinchi jahon urushidan keyin kompaniya tarixida yangi sahifa ochiladi — 1947-yilda Ferrari oʻzining birinchi avtomobilini chiqaradi. Bu avtomobil Monako Gran-prisida qatnashish uchun maxsus ishlab chiqilgan boʻlib, uning ilk chiqishiyoq kutilgan mukofotni qoʻlga kiritadi. Shundan soʻng 1951-yilda Ferrari jamoasi Britaniya Gran-prisida ham gʻolib chiqadi. Oʻsha yilning oʻzida u Ispaniya Gran-prisi jahon chempionatida ham ishtirok etadi. Qizigʻi shundaki, Ferrari musobaqaga Pirelli firmasining yangi kamerasiz shinali avtomobillarini olib kelgan edi. Natijada jamoa nafaqat poygada gʻalaba qozonadi, balki ayni paytda past bosimli shinalarning afzalligini isbotlaydi. Bu shinalar keng boʻlgani uchun yerga mustahkam oʻrnashardi.
Ammo Ferrari hayoti faqat “parvoz” lardan iborat boʻlmagan. Mashhur poygachi Juzeppe Kamparining fojiali oʻlimidan soʻng haydovchilar qoʻrquvga tushib qoladi va Ferrari jamoasiga qoʻshilishdan bosh tortadi. Shunga qaramay, uning mashinalari poygalarda qatnashishda davom etar va yanada koʻproq gʻalabalarni qoʻlga kiritardi. 1950-yillarda Ferrari avtomobillari birinchi marta Formula 1 poygalarida qatnasha boshlaydi. Haydovchilarning fikricha, Ferrari avtomobilining bu poygada ishtirok etishining oʻziyoq raqiblardan ustunligidan dalolat berardi. Enzo Ferrari hayotining soʻnggi kunlarigacha oʻzining yangi mahsulotlari bilan raqobatchilarni hayratda qoldirishdan charchamagan. U birinchi boʻlib poyga avtomobillari uchun turbinali dvigatel va kompozit materialdan tayyorlangan shassidan foydalangan buyuk konstruktor edi.
Ferrari boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar anchadan beri voz kechgan quvurli ramaga qaytishdan qoʻrqmagan. 1975-yilda ajoyib haydovchi Jil Vilnyov tufayli Ferrari jamoasi yana 2 ta jahon chempionatida gʻolib boʻladi. Ammo konstruktorning oʻzi bu vaqtda nafaqaga chiqqan, kompaniya boshqaruvi esa katta oʻgʻli Alfredga topshirilgan edi.
Muqova suratlar: quto.ru / topruscar.ru