Orqaga

586 marta koʻrilgan

1889–1977

Charli Chaplin

Komediya janrining buyuk vakili, Gollivud tarixidagi eng taniqli komedik aktyorlaridan biri, rejissyor, bastakor, ssenarist va kinoaktyor Charli Chaplin 1889-yil 16-aprelda Buyuk Britaniyaning London shahrida asl kelib chiqishi inglizlardan boʻlgan sanʼatkor oilasida tavallud topadi. Aktyorning otasi Charlz Spenser Chaplin va onasi Xanna Chaplinlar ham sanʼatdan yiroq odamlar emas, balki estrada aktyorlari boʻlgan. Oila ajrashib ketganidan soʻng Charli onasi — Xannaning qoʻlida qoladi.

Moliyaviy qiyinchiliklar tufayli Charli Chaplin juda yosh paytidanoq ishlay boshlaydi. Dastlab koʻchada gazeta sotadi, turli oʻyinchoqlar yasaydi, bosmaxonada va maʼlum muddat idishlar ishlab chiqaradigan korxonada yugurdak boʻlib xizmat qiladi. Ammo shunga qaramay, uning butun xayoli teatrda edi. Onasining kekirdak bilan bogʻliq kasallikka chalinishi oqibatida noiloj qolgan Chaplin 12 yoshida maktabni tashlab, pul topish uchun ishlashga majbur boʻladi. Bu esa Charlining sanʼat sohasiga qadam qoʻyishiga sabab boʻladi. Shu tariqa u komik aktyor sifatida xalqqa tanila boshlaydi va oilasini shuning ortidan boqadi.

Sanʼatga qadam

Charli Chaplin sahnaga ilk bor 1894-yilda, 5 yoshida qadam qoʻygan. Asosiy faoliyatini esa 1897-yil myuzik-holl sahnalarida chiqishdan boshlagan. Chaplin dastlab 1900–1903-yillar davomida kichik-kichik rollarni oʻynab yuradi. Dastlabki ijodini esa pantomimachi aktyor sifatida boshlaydi.

1907–1912-yillar davomida F.Karno pantomima teatrida faoliyat yuritadi. 1913-yilda esa AQShga qilgan safari vaqtida “Kistoun” kinokompaniyasi bilan shartnoma imzolaydi va M.Sennet rahbarligida filmlarga suratga tusha boshlaydi. Uning ekranda yaratgan ilk obrazi “Baxtiyor Charli” filmidagi firibgar olifta rolidir.

Bu davrda yaratilgan filmlar ovozsiz edi. Chaplin oʻz harakatlari orqali film mavzusini ochib berishi, koʻzlangan maqsad va mazmunni tomoshabinlarga yetkazib berishi kerak edi. Charli esa buning uddasidan chiqadi. Chunki u mahoratli aktyor boʻlib yetishib borayotgan edi. Shu bilan birgalikda, uning daromadi ham oʻsib borayotgandi. Keyinchalik u boshqa kinostudiyalarda ham suratga tusha boshlaydi. Bu Chaplinning mashhur boʻlayotganidan va unga boʻlgan talab oshganidan dalolat berardi.

1914-yilda u “Kistoun”da 34 ta filmda rol ijro etadi va Amerika kinosining eng isteʼdodli, yorqin komik aktyoriga aylanadi. Dastlab uning oylik maoshi haftasiga 150 AQSh dollarini tashkil qilgan. Keyinchalik bu koʻrsatkich 1915-yilga kelib 1250 AQSh dollariga yetadi. 1916–1917-yilda uning oyligi hisob-kitob qilinganda, maoshi haftasiga 10 000 AQSh dollarini tashkil qilgani maʼlum boʻlgan. Shundan soʻng u tarixdagi eng qimmat aktyor degan nom qoldiradi.

Filmlar

Chaplin bir vaqtning oʻzida rejissyor, aktyor hamda prodyuser edi. U kino tasvirlarda odamlarni kuldirish bilan birga davrdagi muammolarni ham koʻrsatib beradi. Zamonasidagi kamchilik, odamlarning turli xil illatlarini tanqid ostiga oladi.

Charlining kinolari ovozsiz, hech qanday gap-soʻz yoʻq. Undagi emotsiyalar va mimikalar orqali film voqealarini bemalol anglay olasiz, his qilasiz. Shunday qilib, Charli Chaplin sanʼat sohasida oʻziga xos komedik yoʻnalishga asos soldi. Uning birinchi yirik filmi “Parijlik ayol” psixologik dramasi boʻldi. Shundan soʻng uning “Daydi”, “Bank”, “Yollangan”, “Tinch koʻcha”, “Xorijlik” va boshqa filmlari ekran yuzini koʻrdi.

Chaplinning “It yotish, mirza turish”, “Yelkaga”, “Quyoshli tomon”, “Kichkintoy” singari filmlari odamlar orasida juda ham mashhur boʻldi, aktyor mahoratining yangi qirralari ochildi. Uning “Oltin jazavasi”, “Sirk”, “Katta shahar chiroqlari”, “Buyuk diktator”, “Mesye Verdu” filmlari durdona asarlardan hisoblanib, ularda Charli aristokrat, millioner, qochoq mahkum, politsiyachi, askar kabi turli xil ijtimoiy rollarda koʻrinish beradi.

1936-yilda ishlangan “Yangi davrlar” filmi Chaplinning eng yaxshi ishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu kino Chaplinning boshqa filmlari kabi bir nechta janrlardan iborat holda yaratilgan. Uning filmlaridagi eng asosiy obraz Sayoq, yaʼni oʻzi gavdalantirgan qahramondir.

Chaplin XIX asr oxiridagi oltin qidiruvchilarga bagʻishlangan “Oltin vasvasasi” nomli kartinasini oʻzining eng yaxshi komediyasi deb bilgan. Oʻzining ilk toʻliq metrajli “Bolakay” filmida Chaplin besh yoshli Jek Kuganni kashf etadi, u kino tarixida yulduzga aylangan birinchi bola edi. Kinoda koʻchaga tashlab ketilgan goʻdak va uni asrab olgan Sayoq haqida taʼsirli hikoya tasvirlanadi. “Sirk” syujetining markazida esa sevgi uchburchagi turadi: Charli sirk xoʻjayinining qiziga oshiq boʻlib qoladi. Ammo uning mashuqasi dorbozni sevardi, shu sababdan qiz Charlini doʻst sifatida qabul qiladi.

“Katta shahar chiroqlari” kinokartinasi ham hissiyotlarga asoslangan boʻlib, undagi asosiy qahramon koʻzi ojiz gul sotuvchi qiz edi. Charli esa u uchun boyligi va obroʻsini qurbon qiladi. Ushbu kinoda odamiylik, mehr-muhabbat hamda oliyjanoblik juda chiroyli tasvirlar bilan ifodalab berilgan. “Rampa yorugʻi” filmi avtobiografik voqealarga asoslangan boʻlib, unda ijodkorning asr boshlarida Londondagi myuzik-holldan ish qidirish voqealari yoritilgan. Film 1973-yilda “Eng yaxshi musiqa” yoʻnalishida Oskar mukofotini qoʻlga kiritadi. U shu tariqa dunyo sanʼatida oʻchmas iz qoldiruvchi juda koʻplab kinolar muallifi boʻldi.

Dekchasimon shlyapa, tor palto, shalviragan shim, kattakon etik, hassa, moʻylov, oʻrdakyurish, bolalarcha samimiy nigoh va taʼsirli tabassum — Chaplinning obrazi jahon madaniyatidagi eng koʻzga koʻringan siymolardan biriga aylandi. Chaplin ovozli kino paydo boʻlganiga qaramay, oʻz yoʻnalishidan voz kechmagan, filmlarini ovozsiz suratga olish yoʻlidan borgan. Uning ovozini tomoshabinlar birinchi marta “Buyuk diktator” filmida eshitish imkoniyatiga ega boʻlgan.

Shaxsiy hayot

Ovozsiz filmlarning afsonaviy aktyori — Charli Chaplin umri davomida 4 marta uylanadi va ajrashadi. Aktyor oilasining buzilishi haqida yetarli maʼlumotlar yoʻq. Charli Chaplinning ilk rafiqasi Mildress Xarri boʻlib, ularning toʻyi 1918-yil 23-oktabrda boʻlib oʻtadi.

Oilada bir yildan soʻng, 7-iyul kuni oʻgʻil farzand Normann dunyoga keladi. Lekin u koʻp oʻtmay vafot etadi. Oila esa 1920-yilda ajralib ketadi. Shundan soʻng aktyor 1924-yilning 26-oktabrida Lita Grey bilan turmush quradi. Charlz Chaplin va Sidni Erl Chaplin tugʻilganidan soʻng Chaplin 1928-yili Lita Grey bilan ajrashadi. Charli Chaplinning toʻrtinchi rafiqasi Una Onil boʻlib, ular 1943-yilning 16-iyunida nikohdan oʻtadi. Keyinchalik oilada 3 oʻgʻil va 5 qizaloq dunyoga keladi.

Yutuqlar

1952-yil Charli Chaplin AQShdan ketib Shveytsariyada yashay boshlaydi. 70-yillarda Chaplin ikki bora Oskar mukofotini qoʻlga kiritadi va hatto unga 1975-yil Yelizaveta II tomonidan ritsarlik unvoni ham beriladi. U AQSh kino akademiyasining ikki karra laureati nomiga sazovor boʻladi.

Charlining vafoti

Pantomima janrining mashhur vakili Charli Spenser Chaplin 1977-yilning 25-dekabrida Shveytsariyada olamdan oʻtgan.



Manbalar: wikipedia.org / daryo.uz / darakchi.uz
Muqova suratlar: afisha.london / dzeninfra.ru