Orqaga
Burgundiya qirolligi haqida ma'lumot.

539 marta koʻrilgan

V asr

Burgundiya qirolligi

Burgundiyaliklar asl vatani Boltiq dengizining janubiy qirgʻogʻida joylashgan Skandinaviya xalqi boʻlib, u yerdagi Bornholm oroli (oʻrta asrlarda Burgundarholm) hanuzgacha ular nomi bilan ataladi. Taxminan milodiy I asrda ular Vistula daryosining quyi vodiysiga koʻchib oʻtgan. Lekin u yerda oʻzini german qabilasi gepidlardan himoya qila olmay, gʻarbga — Rim imperiyasi chegarasiga koʻchib ketgan.

Burgundiyaliklar u yerda Rim armiyasining federati yoki yordamchi kuchi sifatida xizmat qilib, V asr boshida Reyn daryosining gʻarbiy qirgʻogʻigacha choʻzilgan, keyinchalik Jeneva koʻli yaqinidagi Sapaudiya (Savoye) markazida joylashgan qudratli qirollikni barpo etgan.

Burgundiya qirolligi

V asr 2-yarmida Rimning Gʻarbiy imperiya ustidan hukmronligi kamaygani sabab burgundlar asta-sekin Savoyning shimoliy va gʻarbiy qismidagi hududga, soʻngra Ron va Son daryosi vodiylari boʻylab oʻz nazoratini oʻrnatgan. Ikkinchi Burgundiya qirolligi qonun chiqaruvchi va nasroniy qirol Gundobad (474–516) davrida oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan. U burgundlar uchun yozma qonunlar toʻplami — “Gundobada qonuni” ni va oʻzining Gallo-Rim fuqarolari uchun alohida qonun — “Burgundiya, Rim huquqi” ni eʼlon qilgan. Burgundiya 534-yilgacha, franklar qirollikni egallab, qirollik sulolasini okkupatsiya qilgunga qadar mustaqil boʻlib qolgan.

Burgundiya qirolligi haqida ma'lumot.

Shveytsariyadagi Burg de Fur maydonida joylashgan Gundobad haykalchasi / wikipedia.org

Biroq 561-yilda franklar qiroli Xlotar I vafoti bilan qirollik Merovinglar sulolasi aʼzolari oʻrtasida boʻlinib ketgan. Xlotar oʻgʻillaridan biri, Guntram Burgundiya hukmronligi yoki Burgund qirolligini qoʻlga kiritgan. Oxir-oqibat bu qirollik nafaqat barcha sobiq Burgundiya yerlari, balki Provansdagi Arles yeparxiyasi, Alp togʻlarining sharqidagi Valdaosta va hatto shimoliy-markaziy Fransiyadagi keng hududni ham oʻz ichiga olgan. Ushbu qirollik alohida Meroving qirolligi boʻlib qolgan. Lekin VIII asr boshida Buyuk Karlning bobosi Karl Martel qirollikni franklar Avstriyasiga boʻysundirgan. Vena hukmdori Bozo oʻzini 879-yilda Otendan Oʻrta dengizgacha — butun Burgundiya qiroli deb eʼlon qilinishidan oldin karolinglar Burgundiyani bir necha qismga boʻlib oladi.

Keyinchalik fransuz karolinglari Sonaning gʻarbiy va Lion shimolidagi mamlakatni, nemis karolinglari esa Yuran yoki Yuqori Burgundiyani (yaʼni Transyuran Burgundiya yoki Yura va Alp togʻlari orasidagi mamlakatni, Sisyuran Burgundiya yoki Fransh-Konte bilan birga) qaytarib olgan. Bozo va uning vorislari Provans yoki Quyi Burgundiya qirolligida taxminan 933-yilgacha oʻz qirolligini saqlab qolishga muvaffaq boʻlgan.

888-yilda nemis Velf oilasidan Rudolf I (912-yilda vafot etgan) hozirgi Shveytsariyaning koʻp qismini oʻz ichiga olgan Yuran Burgundiya qiroli deb tan olinadi. Uning oʻgʻli va vorisi Rudolf II 931-yilda Bozoning oʻgʻli Luis koʻrning vorisi — Gugo Provans bilan shartnoma tuzishga muvaffaq boʻlgan. Shu orqali u oʻz hukmronligini Son daryosining gʻarbiy qismidan tashqari butun Burgundiya boʻylab kengaytirgan.

Yuqori va Quyi Burgundiyaning ushbu ittifoqi 1032-yilda nemis qiroli va imperatori Konrad II ga vasiyat qilingan. Ushbu qirollik XIII asrdan boshlab Arles qirolligi sifatida tanilgan — Burgundiya nomi koʻproq Burgundiya grafligi (Sisyuran Burgundiya) va Burgundiya gersogligi uchun ishlatilgan.

Burgundiya qirolligi haqida ma'lumot.

Burgundiya qirolligi / wikipedia.org

Burgundiya gersogligi

Burgundiya gersogligi Son daryosi gʻarbiy qismidagi Burgundiya qirolligining bir qismi boʻlgan. U Bozodan fransuz karolinglari tomonidan qaytarib olinib, Fransiya qirolligining bir qismi boʻlib qolgan. Otun grafi, Bozo ukasi Richard hududning katta qismini oʻz hokimiyati ostida tashkil qilgan. 921-yilda uning oʻrniga taxtga oʻtirgan oʻgʻli Rudolf (Raul) 923-yilda Fransiya qiroli etib saylangan. 936-yilda Rudolf oʻlimidan soʻng karolinglar qiroli Luis IV va franklar gersogi Buyuk Gugo Burgundiyadan Sens, Troyes va (vaqtincha) Langres hududlarini ajratib olgan. Shunday qilib, tuzilgan gersoglik X asrdagidan koʻra kichikroq boʻlsa-da, avvalgilaridan kuchliroq boʻlib, 1361-yilgacha kapetinglar oilasida qolgan.

Kapeting sulolasi gersoglari tashqi siyosatda amakivachchalari — Fransiya qirollariga sodiqlik bilan boʻysungan. Ichki ishda esa oʻz hududini kengaytirib, oʻz vassallaridan itoat qilishni talab qilgan. Burgundiya fransuz qirolligining birinchi tengdoshi sifatida tan olingan. Bu davrda Burgundiya gersogligi ham, Sisyuran Burgundiya (Burgundiya grafligi) ham gullab-yashnagan. Shaharlar rivojlangan, Dijon esa muhim bozor shahriga aylangan. Ziyoratchilar Vezley va Otunga oqib kelgan. U yerda 1146-yili Saint-Lazar qabristoni atrofida ajoyib cherkov qurilgan. Burgundiya monastirlari mashhur boʻlgan. Klyuni (910-yilda asos solingan) Angliyadan Ispaniyaga choʻzilgan rohiblar ordenining markaziga aylangan. 1098-yilda Sito monastiri va u bilan birga sistersianlarning yangi diniy ordeni tashkil etilgan.

Kengayish davri

Ikki Burgundiya birlashuvi 1335-yilda boshlanib, 1361-yilda yakunlangan. Sisyuran Burgundiya (Fransh-Konte) Flandriyaning mustaqil grafligiga oʻtgan vaqtda Fransiya qiroli Ioann II gersoglikni toj qudrati bilan birlashtirgan. Burgundiya gersogligi tarixining yangi davri Ioann II davrida boshlangan, u 1363-yilda gersoglikni oʻz oʻgʻli Filippga topshirgan. U Filipp II boʻlib, “Jasur” nomi bilan tanilgan. 1369-yilda Filipp II graflik merosxoʻri, flandriyalik — Margaretga uylangan. 1384-yilda qaynotasi vafot etgach, Filipp II Never, Retel, Artua va Flandriyani, shuningdek, Fransh-Konteni hududlarini meros qilib olgan.

Ikkila Burgundiya davlatning janubiy qismini tashkil qilgan, shimoliy mulki Niderlandiya, Meus vodiysi va Arden boʻylab choʻzilgan. Shimolda kengayish davom etishi kerak edi (Gainaut, 1428, Brabant, 1430, Lyuksemburg, 1443), lekin 1404-yilda Neverdan ajralib chiqqan janubning ahamiyati kamroq boʻlgan. Biroq Burgundiyada yashagan Filipp II 1390-yilda Sharolening janubiy hududini sotib olgan. Ioann Qoʻrqmas 1404-yilda Filipp II ning oʻrnini egallab, oʻzini raqibi boʻlmish Orlean gersogi — Luis va 1412–1435-yillarda Burgundiya janubiy chegarasini vayron qilgan Armanyak grafligi ostidagi Luis tarafdorlari bilan kurashga bagʻishlagan.

1419-yilda Ioann oʻldirilgan, uning oʻgʻli Filipp III armanyaklarga qarshi kurashni davom ettirgan va Yuz yillik urush paytida inglizlarga yordam bergan. Burgundiya va Fransiya qiroli Karl VII oʻrtasida tinchlik oʻrnatgan Arras shartnomasi (1435) — Burgundiya gersogligiga katta hissa qoʻshgan. Shunga qaramay, yollanma guruhlar 1445-yilgacha oʻzining Burgundiyadagi talonchiligini davom ettirgan. Shundan keyingina 1467-yil, Filipp III vafotigacha gersoglik tinch boʻlgan. Navbatdagi gersog Karl Jasur doim fransuz qiroli Lyudovik XI bilan ziddiyatda boʻlgan.

Karlning maqsadi — Lotaringiyani qoʻshib olish orqali qirollikning shimoliy va janubiy qismini birlashtirish boʻlgan. Shuningdek, u Muqaddas Rim imperatoridan Burgundiya qiroli unvonini talab qilgan. Karlning bu maqsadiga unga qarshi bir nechta siyosiy harakat olib borgan — Lyudovik XI qarshi chiqqan va Burgundiyani iqtisodiy qamal qilgan.

Iqtisodiy oʻzgarishlar

Ikkala Burgundiya 1348-yildagi “qora oʻlim” vayronkorligi va Yuz yillik urushning yollanma askarlaridan aziyat chekkan. Aholi sezilarli darajada kamaygan va bu XV asrda ishlab chiqarishga katta zarar keltirgan. Gʻalla, vino va tayyor yungning daromadli savdosi xavf ostida qolgan va bozor yarmarkalari oʻz ahamiyatini yoʻqota boshlagan. Umuman olganda, ikki Burgundiya XIV–XV asrlarda Yevropaning katta qismiga qaraganda koʻproq xavfsizlikka ega boʻlgandek tuyiladi.

1477-yilda Karl Jasur vafotidan soʻng uning merosxoʻri Mariya Burgundi avstriyalik arxgersog (Avstriya imperatori oʻgʻli) Maksimilyan Gabsburg (keyinchalik Muqaddas Rim imperatori) bilan turmush qurgan va shu bilan u Lyudovik XI ning oʻgʻli Karl, yaʼni boʻlajak Fransiya qiroli Karl VIII ga turmushga chiqishi haqidagi fransuzlar umidini puchga chiqargan. Biroq Arras shartnomasiga (1482) koʻra, Fransh-Konte hududi Karl Mariyaning qizi avstriyalik — Margarita bilan nikohidan soʻng berilishi kerak edi..

U bu kelishuvni buzgach, 1493-yildagi Senlis shartnomasiga muvofiq, Fransh-Konteni hududi Avstriyaga berishga majbur boʻlgan. Keyingi 185 yil davomida Fransh-Konte gabsburglar mulki boʻlgan. Fransiya bilan tuzilgan Sen-Jan-de-Lons shartnomasi (1522) orqali gabsburglar va Valua chizigʻining soʻnggi fransuz qirollari oʻrtasidagi urushda graflik betarafligini taʼminlagan. Uning sanoat rivojlanishi va doimiy farovonligini shaharlaridagi ajoyib Uygʻonish davri arxitekturasi bilan baholash mumkin. Biroq fuqarolar tartibsizligi reformatsiya bilan birga protestant guruhlar asosan Rim-katolik grafligiga Germaniya va Shveytsariyadan kirib kelganida yuzaga kelgan.

1556-yilda imperator Karl V oʻz hududini taqsimlashi tufayli Fransh-Konte ispan gabsburglariga oʻtgan. Ispaniyalik Filipp II davrida protestantlarga nisbatan shafqatsiz qatagʻon amalga oshirilgan. Fransiyalik Genrix IV Filipp bilan boʻlgan urushda Fransh-Konte hududi betarafligini buzgan. 1598-yildan 1635-yilgacha tinchlik oʻrnatilgan, ammo fransuzlarning Gabsburgni qamal qilishdan qoʻrqishi Lyudovik XIII ni graflikni anneksiya (zoʻrlik bilan bosib olish) qilishga undagan. U 1636-yildan 1639-yilgacha har yili hududni bosib olgan va vayron qilgan. Biroq Vestfaliya tinchligi (1648) Gabsburg boshqaruvini taʼminlagan.

1668-yilda Devolyutsiya (markaziy hokimiyatdan mahalliy hokimiyatga oʻtish) urushida Buyuk Konde tomonidan zabt etilgan, lekin Eks-la-Shapel tinchligi (1668-yil 2-may) bilan Ispaniyaga qaytarilgan Fransh-Konte oxirgi Gollandiya urushida Konde tomonidan egallangan. Fransiya anneksiyasi 1678-yildagi Neymegen tinchligi tomonidan tan olingan. Lyudovik XIV yangi provinsiya poytaxtini sobiq imperator shahri — Bezansonga koʻchirgan. 1790-yilda Fransiyaning qolgan qismi bilan birga Fransh-Konte Yura, Du va Yuqori Sona kabi alohida departamentlarga boʻlingan. Karl Jasur vafotidan keyin (1477) Burgundiya gersogligi “Fransiya toji” tomonidan egallangan.

XVI asrda gersoglik diniy urush natijasida vayron qilingan. Shaharlar mudofaasi mustahkamlanishi kerak boʻlgani uchun yollanma askarlar mamlakat boʻylab kezib yurgan. Oʻttiz yillik urushda, shuningdek, Buyuk Konde boshchiligidagi Fronde (1648–1653) deb nomlanuvchi aristokratik qoʻzgʻolon paytida gersoglik yana vayron qilingan. 1678-yilda Fransiya Fransh-Konteni qoʻshib olgach, tinchlik va xavfsizlik qayta tiklanadi. 1631–1789-yillarda gersoglik Konde shahzodalari tomonidan boshqarilgan. Fransuz inqilobidan keyin Burgundiya provinsiyasi yoʻq boʻlib ketgan va u Kot-dʼOr, San va Luara va Yon departamentlariga boʻlingan. 2016-yilda Burgundiya hududi byurokratik samaradorlikni oshirish milliy rejasi doirasida Fransh-Konte bilan birlashtirilgan.



Manba: britannica.com
Muqova surat: wikimedia.org