5
Ulashish
974 marta koʻrilgan
1889–1966
Anna Axmatova
Anna Axmatova Andreyevna qiziqarli va qiyin hayotni boshdan kechirgan. U nafaqat oʻzgacha inson boʻlgan, balki zamondoshlari uni shohona goʻzalligi bilan lol qoldirgan, deb taʼkidlaydi. Anna Andreyevna Odessa shahrida tugʻilgan. Uning otasi Andrey Gorenko nafaqadagi flot muhandis-mexanigi boʻlgan. Anna Axmatova adabiy taxallusini buvisining familiyasidan olgan. Shoiraning xotirlashicha birinchi sheʼrini 11 yoshida yozgan boʻlib, “sheʼriyat men uchun Pushkin yoki Lermontovdan emas, balki Derjavin va Nekrasov asarlaridan boshlangan edi”, – deb xotirlaydi.
Ilk sheʼri 1907-yilda Parijning “Sirius” jurnalida chop etilgan boʻlib, uning noshiri N.Gumilyev shoiraning boʻlajak turmush oʻrtogʻi edi. Shu yili u Kiyevdagi Oliy ayollar kursining yuridik fakultetiga oʻqishga kiradi, lekin oʻshandayoq sheʼriyat uning taqdiri ekanini tushunadi.
1910-yilda Anna Axmatova taniqli rus shoiri, tarjimon va tanqidchi Nikolay Gumilyevga turmushga chiqadi. Turmush oʻrtogʻi bilan Parij va Italiya boʻylab sayohat qiladi, koʻplab taniqli rassom, sanʼatkor, shoirlar bilan tanishadi. Anna Andreyevnaning Modilya tomonidan chizgan portreti koʻpchilikka tanish. 1912-yilda uning yagona farzandi – mashhur tarixchi va etnograf Lev Nikolayevich Gumilyev tugʻiladi. Shu yil mart oyida Axmatovaning “Oqshom” ilk sheʼriy toʻplami, 1914-yilda esa yaxshi ommalashgan “Tasbeh” sheʼriy kitobi eʼlon qilinadi. Axmatova sevimli ayol portretini yaratadi. Bu toʻplamlarda uning ijodini belgilab bergan xususiyatlar: sevgi murakkabligi, qahramon iztirobining davr bilan uygʻunlashib ketishi, zamonaviy soʻzlashuv uslubi yoʻnalishi kabilar koʻzga tashlana boshladi.
Oʻsha yillar Rossiyada koʻp shoirlar turli oqim (futurizm, simvolizm, akmeizm) da ijod qilardi. Doʻstlari Mandelshtam, Narbut va Zenkevich bilan Axmatova akmeist shoirlar qatorida edi, ammo original shoirona tafakkuri bitta yoʻnalish doirasida qolib ketishiga yoʻl qoʻymadi. 1917-yilda uchinchi sheʼriy toʻplami – “Oq gala” nashrdan chiqdi. Axmatovaning poetik ifoda uslubi sezilarli darajada oʻzgarib bordi. Uni nafaqat shaxsiy iztiroblar bilan bogʻliq mavzular, balki Birinchi jahon urushi hamda yaqinlashayotgan revolyutsiya voqeasi ham qiziqtira boshladi.
Ilk bor unda yolgʻizlik va bashorat “ohangi” paydo boʻla boshladi. Oktabr revolyutsiyasidan keyin yozilgan sheʼrlarida zamonaviy, ayniqsa siyosiy hodisaga ishorani koʻramiz. Anna Axmatova revolyutsiyani qabul qilmagan boʻlsa-da, Vatanidan voz kecha ham olmasdi. Revolyutsiya voqeasidan keyin u Agronomiya instituti kutubxonasida ishlay boshladi. Uning sheʼrlari bir necha marta qayta nashr etilib, muvaffaqiyatga erishadi.
1921-yilda “Bargizub” toʻplami, 1922-yilda esa “An Domini MCMXXI” kitobi chiqadi. Bu yillarda Anna Andreyevna A.S. Pushkin hayoti va ijodi hamda eski Peterburg arxitekturasini oʻrganish bilan shugʻullanadi. Uning ijodida bu mavzular butun hayoti davomida davom etdi. Pushkinning “Tosh mehmon”, “Oltin xoʻroz”, “Adolf”, “Pushkin ijodida Benjamen Konstan”, “Pushkin haqida soʻz”, “Pushkin va Neva sohili”, “Pushkin ijodida Peterburg” kabilar shular jumlasidandir.
Shoiraning hayotida ham baxt, ham qaygʻu, ham muxlislar eʼtibori, sheʼrlarida xalqqa dushmanlik ohangi bor, degan ayblov, yolgʻizlik iztirobi-yu, doʻstlik quvonchi boʻlgan. Axmatova hayoti davomida koʻp azob chekadi. 1921-yilda uning turmush oʻrtogʻi Nikolay Gumilyev otib tashlanadi. 1935-yilda oʻgʻli hibsga olinib, bundan keyin yana ikki marta (1938 va 1949-yillarda) qamaladi. Anna Axmatova umrining 17 oyini qamoqxona navbatida oʻtkazadi.
Stalin repressiyasi fojiasini buyuk shoira xalq bilan birgalikda boshdan kechirdi. Shu yillarda unda “Rekviyem” poemasini yaratish gʻoyasi tugʻiladi. Poema davr “guvohi”ning lirik kundaligi boʻlib, ilk poeziyada gʻam tragediya ichki motiv sifatida talqin qilingan. Ammo 30-yillarga kelib, tragik mavzular umumiy ahamiyat kasb eta boshladi. Faqatgina buyuk rassom bu dahshatli davrdagi oʻz xalqining ogʻriq va iztirobini tasvirlay olardi. “Rekviyem” – stalincha qatagʻonga poetik ayblov. Bu poema ustida yigirma yil ishlangan. Vatanni sevish Axmatova uchun oson emasdi. Qancha azob-uqubatni boshdan kechirishiga toʻgʻri kelsa-da, shoira yurtini biror marta malomat qilmadi.
Axmatova ijodida oʻziga xos davrni Ikkinchi jahon urushi egallaydi. Urush boshlanganda u Leningradda boʻladi. 1941-yil sentabrida esa qamaldagi shahardan Toshkentga uchib keladi. Urush vaqtida Anna Axmatova avvalgidek oʻzini xalq, oʻzi tugʻilib oʻsgan va hayotning achchiq-chuchugini totgan yer bilan butundek his qiladi. Bu haqda 1942-yil 23-fevralda yozilgan mashhur “Mardlik” va “Samolyotdan” (1944-yil may) sheʼrlari guvohlik beradi. Axmatovaning urushgacha boʻlgan davr ijodining barcha bosqichi intim-lirik mavzularning yopiqligiga xos edi. Bu esa joʻshqin vatanparvarlik, jamiyat hayajon oldida chekinib, oliyjanob, insonparvarlik, Vatan taqdiridan hayratga, fuqarolar iztirobiga hamdardlik uchun yoʻl ochadi.
Urush vaqtida yozilgan sheʼrlarning fuqaroviy va vatanparvarlik pafosi haqida gapirganda, aynan shu davrda umidsizlik va fojiaviy yolgʻizlikka boy sheʼrlar ham yaratilganini taʼkidlab oʻtish kerak. Urushdan keyingi yillarda uni Yozuvchilar uyushmasidan chetlatishlari Anna Andryevna uchun navbatdagi zarba boʻldi. Bu 1946-yilda Sovet ittifoqi kommunistik partiyasi markaziy komitetining “Zvezda” va “Leningrad” jurnallari haqidagi qarori bilan bogʻliq edi. Axmatova va Zoshenko ijodi keskin tanqid ostiga olinadi, ammo Anna ijod qilishda davom etadi.
1950-yilda “Bolalar soʻzlaganda”, “Pionerlar oromgohida”, “Tinchlik qoʻshigʻi”, “Besh yil oʻtdi – yaralar tuzaldi”, “Dengiz boʻyidagi Gʻalaba bogʻi” kabi sheʼrlar yaratiladi, ular urush yillari vatanparvarlik sheʼriyatining davomi edi. Ayni shu davrda u jahon klassik sheʼriyati, xalq sheʼrlari va zamonaviy shoirlar ijodining tarjimasi bilan shugʻullanadi. 60-yillarda Axmatovaning ikki sheʼriy toʻplami – “Qamish” va “Yettinchi kitob” nashr qilinadi. 1962-yilda u 22 yil davomida yozgan “Qahramonsiz poema” ni yozib tugallaydi. Axmatova soʻzboshida: “Bu poemani uning ilk tinglovchilari boʻlgan doʻstlarim va qamal davrida Leningradda vafot etgan hamyurtlarimga bagʻishlayman», – deb yozadi.
“Qahramonsiz poema” Axmatova liro-epik ijodining choʻqqisi deb hisoblanishi mumkin. Bu yerda yosh shoir suiqasdining tragik syujeti eski dunyoning yaqinlashib kelayotgan tanazzuliga ishora qiladi. Bu yerda Axmatova uchun xos boʻlgan poetik matnni ritmik joylash, aniq va jarangdor soʻzni tanlash qobiliyati yaqqol koʻrinadi. Bu xususiyatlarning barchasi shoira Sharq, Gʻarbiy Yevropa va Boltiqboʻyi poeziyasidan qilgan tarjimasiga ham xosligini taʼkidlab oʻtish lozim.
60-yillarda Axmatova butun dunyo mashhurligiga erishadi. U 1964-yilda “Etna-Taormina” xalqaro adabiy mukofotga sazovor boʻladi, 1954- yilda esa Oksford universiteti faxriy doktori unvonini oladi. Anna Italiya, Angliya, Fransiya davlatlarida boʻladi. Murakkab, lekin qiziqarli hayotining xulosasini u 1965-yilda, oʻlimidan biroz avval yozgan avtobiografiyasidagi xulosa qatorida bayon qiladi: “Men sheʼr yozishdan toʻxtamadim. Ularda mening vaqt va xalqimning yangi hayoti bilan aloqa bor edi. Ularni yozganimda yurtimning qahramonona tarixida yangragan ritmda yashagan edim. Men shu yillarda yashaganimdan, tengi yoʻq voqealarga guvoh boʻlganimdan baxtliman”.
Bu ham qiziq: Maksim Gorkiy
Muqova suratlar: radiovera.ru / intersnyefakty.org