4
Ulashish
556 marta koʻrilgan
XVIII asr
Amerika inqilobi
1775-yildan 1783-yilgacha davom etgan Amerika inqilobi jahon tarixida yangi davlat — Amerika Qoʻshma Shtatlarining tashkil topishiga sabab boʻlgan hal qiluvchi sahifa boʻldi.
Amerika inqilobining ildizi Amerika mustamlakalari va ularning Britaniya hukmdorlari oʻrtasidagi munosabatlarni keskinlashtirgan bir qator voqealar natijasida yuzaga keldi. Vakilliksiz soliqqa tortish, Britaniyaning mustamlakalardagi savdoni nazorat qilishga urinishi va mustamlaka hududiga ingliz qoʻshinlarining joylashtirilgani mustamlakachilar oʻrtasida norozilikni kuchaytirdi. Shtamp akti¹ va Majburlov aktlari² kabi qonunlar erkinlikka boʻlgan istakni yanada kuchaytirdi.
Mustamlakalar Britaniya hukmronligi ostida boʻlishiga qaramay, 1760-yillarga qadar juda koʻp erkinlikka ega edi. Britaniya hukumati Atlantika okeanining narigi tomonida, 5 000 km uzoqlikda edi. Mustamlakalarning oʻz rahbari mavjud boʻlib, ular oʻz muammolarini oʻzi hal qilishni oʻrgangan edi. Bundan tashqari, Britaniya koʻpincha urushlar bilan band boʻlgani sababli har doim ham mustamlakalarga jiddiy eʼtibor qaratmagan.
1760-yillarga kelib Britaniya hukumati mustamlakalarni koʻproq nazorat qilishga harakat qildi. Bu oʻzgarishning asosiy sabablaridan biri fransuz va hind urushi edi. 1763-yilgi urushda Angliya Fransiyani magʻlub etdi. Lekin urush juda qimmatga tushdi. Shundan soʻng Buyuk Britaniya oʻz qarzlarini toʻlashda Amerika mustamlakalari yordam berishi kerak, degan qarorga keldi.
Amerika inqilobining sabablari
Britaniya pul yigʻish uchun mustamlakalarni yangi soliqlar toʻlashga majburladi. 1765-yilda Britaniya qonunchilari — Parlament Shtamp Akti deb nomlangan qonunni qabul qildi. Ushbu qonun hujjat, gazeta va boshqa turdagi nashr etiladigan mahsulotlarga soliq soldi. Mustamlakachilar soliqqa qarshi norozilik bildirdi. Ular, ayniqsa, parlamentda vakillari boʻlmasa ham, parlament ularni soliqqa tortganidan gʻazablandi. Noroziliklar tufayli Britaniya hukumati 1766-yilda soliqni bekor qildi.
Biroq 1767-yilda Charlz Taunshend ismli ingliz amaldori parlamentni bir nechta yangi soliq qonunlarini qabul qilishga majbur qildi. Taunshend qonunlari mustamlaka portlariga keladigan choy, qoʻrgʻoshin, boʻyoq, qogʻoz va shishaga soliq solgan. Bu soliqlar mustamlakachilarni yanada gʻazablantirgan.
Boston qirgʻini va Choy bayrami
Britaniya hukumati tartibni saqlash uchun Massachusets shtatining Boston shahriga askarlarini yubordi. 1770-yil 5-martda ingliz askarlari olomonga qarata oʻq uzadi. Oʻsha kuni Krispus Attoks (dengizchi) va yana bir qancha amerikaliklar halok boʻldi. Bu voqea Boston qirgʻini deb nomlandi.
Boston qirgʻini sodir boʻlgan kunning oʻzida parlament Taunshend qonunlarining koʻpini bekor qildi. Biroq ular choy soligʻini saqlab qoladi. Keyin 1773-yilda Britaniya bir ingliz kompaniyasiga choyni mustamlaka savdogarlariga qaraganda arzonroq sotishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi. 1773-yil 16-dekabrda mustamlakachilar Boston bandargohida ingliz kemalariga chiqib, yuklangan choylarni suvga tashlaydi. Ushbu voqea “Boston choy bayrami” sifatida tanildi.
Majburlov aktlari
Keyin Britaniya hukumati yanada qattiqroq qonunlar qabul qildi. Mustamlakachilar ularni “Majburlov aktlari” deb atagan. Bu qonunlarning eng kuchlisi mustamlakachilar vayron qilingan choy haqini toʻlamaguncha Boston portini yopib qoʻydi. Massachusets harbiy boshqaruv ostiga olindi.
Ushbu voqealardan keyin mustamlaka mamlakatlar birgalikda harakat qilishi kerakligini tushunib yetadi. 1774-yilda Jorjiyadan tashqari har bir koloniya vakillari Filadelfiyada (Pensilvaniya) uchrashdi. Uchrashuv Kontinental Kongress deb nomlandi. Vakillar Britaniyani Majburlov aktlarini bekor qilishga chaqirdi. Britaniya hukumati bunga javoban koʻproq qoʻshin yubordi.
Muhim voqealar
Bu vaqtga kelib, koʻplab mustamlakachilar muammolarini Britaniya bilan tinch usulda hal qilib boʻlmasligiga ishonch hosil qilgandi. Ular jang qilishga tayyorgarlik boshladi va minitmen³ deb nomlangan askar guruhlarini tuzdi. Minitmen “bir daqiqalik ogohlantirish bilan” jang qilishga tayyor boʻlishi kerak edi.
1775-yil aprel oyida Britaniya mustamlakachilarning harbiy taʼminotini tortib olish uchun Konkordga (Massachusets shtati) qoʻshin yubordi. Pol Rever (“Vatanparvar” harakati va “Ozodlik oʻgʻillari“ tashkiloti aʼzosi) dengiz yoʻli orqali va Uilyam Dous (amerikalik askar) quruqlik yoʻli orqali mustamlakachilarni ingliz askarlari kelayotganidan ogohlantirish uchun kechasi Bostondan Leksingtonga qarab yoʻlga tushadi. 19-aprel kuni bir guruh minitmenlar Konkordga boradigan yoʻlda joylashgan Leksington shahrida inglizlarni kutib oladi. Qisqa jangdan soʻng inglizlar Konkordga oʻtadi. Boshqa bir guruh amerikalik askarlar ularni orqaga qaytishga majbur qiladi. Shu tariqa Leksington va Konkord janglari Amerika inqilobini boshlab beradi.
1775-yil may oyida Filadelfiyada Ikkinchi kontinental kongress yigʻildi. U kontinental armiyani tuzish uchun koloniyalarning harbiy kuchlarini birlashtirdi. Va Jorj Vashington armiya boshqaruviga qoʻyildi. Vashington qoʻshinlarini jangga tayyorlash uchun bir necha oy sarfladi.
Bu orada urushning birinchi yirik jangi Boston yaqinidagi Bunker tepaligida boʻlib oʻtdi. 1775-yil 17-iyun kuni inglizlar Bunker tepaligini egallab oldi. Lekin ular shunchalik koʻp askarlarni yoʻqotdiki, mustamlakachilar gʻalabaga daʼvogarlik qildi. Bu jang mustamlakachilarni ruhlantirdi.
Mustaqillik uchun kurash
1776-yilgacha koʻpchilik mustamlakachilar Britaniyadan ozod boʻlishni xohlamagan. Ular faqat Britaniyani oʻz eʼtirozi boʻyicha biror narsa qilishga majburlamoqchi edi xolos. Ammo urush avj olgani sayin, koʻproq mustamlaka davlatlar Britaniyadan ajralib chiqishi kerakligiga ishonch hosil qildi. 1776-yil 4-iyulda Kontinental Kongress Mustaqillik Deklaratsiyasini tasdiqladi. Ushbu hujjat bilan 13-koloniya Amerika Qoʻshma Shtatlariga aylandi.
Endi amerikaliklar kattaroq va yaxshi qurollangan Britaniya armiyasiga qarshi kurashga kirishdi. 1776-yilning yozi va kuzida inglizlar Jorj Vashington qoʻshinlarini Nyu Yorkdan chiqarib yubordi. Amerikaliklar Nyu Jersi boʻylab Pensilvaniyaga quvildi. Ammo rojdestvo oqshomida Vashington Nyu Jersiga qaytish uchun Delaver daryosidan kesib oʻtdi. Uning yonida 2 400 askar bor edi va ular tez orada Nyu Jersi shtatidagi Trenton va Prinston shaharlaridagi muhim janglarda gʻalaba qozondi. Bu gʻalabalar mustaqillik uchun kurashni davom ettirdi.
Urushning burilish nuqtasi Nyu Yorkdagi Saratoga janglari boʻldi. 1777-yil 17-oktabrda general Horatio Geyts kontinental armiya bilan inglizlar ustidan katta gʻalabaga erishdi. Bu gʻalaba Fransiyani yangi Qoʻshma Shtatlar tomonida turib jang qilishga koʻndirishga yordam berdi. Fransiya kema va askarlar joʻnatdi.
1777–1778-yillar qishi amerikaliklar uchun juda ogʻir keldi. Vashington va uning qoʻshinlari Filadelfiya yaqinidagi Valley Forjda qarorgoh qurdi. Ular ochlik va kasallikdan qattiq azob chekdi. Ammo ular bahorda avvalgidanda kuchliroq jangovar kuch sifatida namoyon boʻldi va 1778-yil 28-iyunda Nyu Jersi shtatidagi Monmut shahrida inglizlarni magʻlub etdi.
Hal qiluvchi janglar
Urushning soʻnggi yillarida eng koʻp janglar janubda boʻlib oʻtdi. 1780-yilda general Charlz Kornuollis boshchiligidagi inglizlar Janubiy Karolinadagi janglarda gʻalaba qozonadi. Ammo 1781-yilda Amerika va Fransiya kuchlari Virjiniya shtatining Yorktaun shahrida Kornuollisni qamal qildi. Ilojsiz qolgan Kornuollis 1781-yil 19-oktabrda taslim boʻldi. Shu bilan jang tugadi. Tinchlik shartnomasi 1783-yil 3-sentabrda Fransiyaning Parij shahrida imzolangan. U Parij shartnomasi deb ataldi. Shartnomani imzolash orqali Britaniya Qoʻshma Shtatlarning mustaqil davlat ekanini tan oldi.
Tarixda Amerika inqilobi mavjud tartibni buzgan, erkinlik va oʻzini oʻzi boshqarish tamoyillariga asoslangan millatni vujudga keltirgan, tub burilish davri boʻldi.
[1] Shtamp akti — 1765-yilda Britaniya parlamentining gazeta, yuridik va tijorat hujjatlariga shtamp bojini joriy etish orqali Amerika mustamlakalaridan daromad undiruvchi akti.
[2] Majburiy aktlar — shuningdek, majburiy qonunlar sifatida ham tanilgan boʻlib, 1774-yilda Britaniya parlamenti tomonidan qabul qilingan 5 ta jazo qonunidan iborat edi. Bu qonunlar Massachusets mustamlakachilarining “Boston choy partiyasi” norozilik harakati uchun jazo edi. Qonunlar Massachusets koloniyasiga iqtisodiy va siyosiy zarar yetkazish uchun moʻljallangandi.
[3] Minitmen — Amerika inqilobidan oldingi yillarda inglizlarga qarshi kurashgan Amerika fuqarosi boʻlgan askar. Birinchi Minitmenlar 1774-yil sentabrda Massachusets shtatining Vorkester okrugida tashkil etilgan.
Manba: britannica.com Muqova surat: image.net