5
Ulashish
833 marta koʻrilgan
1757-1804
Aleksandr Hemilton
10 dollarlik kupyuralar 1914-yilgacha mavjud boʻlsa-da, AQSh Moliya departamenti maʼlumotlariga koʻra, ular 1913-yilda mamlakatning markaziy banki sifatida tashkil etilgan federal zaxira tomonidan berilmagandi. Ilk federal banknot 1914-yilda chiqarilgan va unda AQShning birinchi prezidenti — Endryu Jeksonning surati tasvirlangan edi. Qoʻshma Shtatlar Moliya departamenti maʼlumotlariga koʻra, 1929-yilda banknotning oʻlchami qisqartirildi. Uning old tomonidagi prezident Endryu Jeksonning portreti Endryu Hamiltonniki bilan almashtirildi.
Bugungi kunda ham ishlatilayotgan 2006-yilgi banknot xavfsizlik xususiyatlari uni soxtalashtirishning oldini olish maqsadida yangilangan. AQSh Moliya departamenti maʼlumotlariga koʻra, yangilashlar orasida portretining oʻng tarafidagi joyda Hamiltonning nurga tutilganda koʻrinadigan tasviri tushirilgan va yana xavfsizlik ipi ham mavjud. Aleksandr Hamilton Amerika Qoʻshma Shtatlarning asoschilaridan biri boʻlib, u Amerika revolyutsiya urushida jang qilgan. U konstitutsiya matnini yozishga yordam bergan va birinchi moliya vaziri lavozimida xizmat qilgan. U Amerika moliya tizimining asosiy tashkilotchisi va asoschisidir. Hamilton Britaniya Nevis orolidagi Charlztaunda 1755 yoki 1757-yilning 11-yanvarida tugʻilgan. Aleksandr tugʻilganida uning ota-onasi boʻlmish Reychel Fausett va Jeyms Hamilton hali turmush qurmagandi. Keyin esa 1766-yilda Jeyms oilasini tashlab ketadi va 1768-yilda esa Reychel vafot etadi.
Hamilton 1772-yilning oxirida Amerika yerlariga keladi va darhol Nyu Jersi (zamonaviy Prinseton) kollejiga hujjat topshiradi, lekin uning oʻrniga Nyu York shahridagi Qirollik kollejida oʻqiydi. U Nyu Yorkda ekan Britaniya imperatorlik siyosatiga qarshi noroziliklarni qoʻllab-quvvatlaydi. Hamilton 1774–1775-yillarda toʻgʻrisoʻz loyalist (Amerika revolyutsiyasiga qarshi va Britaniya mustamlakasini qoʻllab-quvvatlovchi odam) Samuel Siberining qarashlarini tanqid qiluvchi bir nechta pamflet (ijtimoiy-siyosiy mavzuga bagʻishlangan, aniq bir shaxs yoki ijtimoiy hodisani mazax qilib, ularning illatlarini fosh qilishga qaratilgan kichikroq publitsistik asar) yozadi. 1775-yilda Hamilton koʻngillilar qoʻshini batalyoni bilan mashgʻulotlar oʻtkazadi va 1776-yil mart oyida artilleriya boʻlinmasiga kapitan etib tayinlanadi. Amerika revolyutsiyasi urushi davrida u Kip koʻrfazi, Oq tekisliklar, Trenton va Prinseton janglarida qatnashdi.
Yosh kapitan Kontinental armiyaning katta ofitserlarini hayratda qoldiradi va hattoki Uilyam Aleksandr (Lord Stirling) undan harbiy yordamchisi boʻlishini soʻraydi. 1777-yil 25-yanvar sanasi ʼʼPensilvaniya kechki xabarlariʼʼda bir eʼlon bosildi: “Ushbu gazetani chop qilish uchun ariza beruvchi — Nyu York artilleriya boʻlinmasi kapitani Aleksandr Hamilton oʻzi uchun foydali boʻlgan yangilik eshitishi mumkin”. Bu general Jorj Vashingtonning Hamiltonni armiya safiga taklif etish qarori boʻlib, Hamilton buni qabul qildi va unga podpolkovnik unvoni berildi. Keyingi 4 yil mobaynida Hamilton Vashingtonning eng hurmatga sazovor xodimi boʻlib, koʻplab majburiyatlarni bajargan, shu jumladan, kongressga, davlat siyosatchilari va boshqa kontinental armiya ofitserlariga xatlar yozish bilan shugʻullangan.
Jorj Vashington 1789-yilda birinchi prezident etib saylanganidan keyin, u Hamiltonni moliya vaziri etib tayinladi. Hamilton mamlakat uchun barqaror moliyaviy poydevor yaratishga va markaziy hukumatning kuchini oshirishga intildi. U milliy hukumatni davlat qarzlarini oʻz zimmasiga olishga undadi, bu esa kreditorlarni federal hukumatga bogʻladi. Davlat kotibi Tomas Jefferson hamda vakil Jeyms Medison bu rejaga qarshi chiqdi va faqatgina Hamilton mamlakat doimiy poytaxti Potomak daryosi boʻylab joylashishiga rozi boʻlgach, uning rejasi kongressdan oʻtishiga yordam berdi. Hamilton moliyaviy rejasining markaziy qismiga Qoʻshma Shtatlar Birinchi bankini qoʻydi. Angliya banki namunasiga koʻra, bank davlat mablagʻlarini ushlab turdi, hukumatga kreditlar berdi, valyuta bilan taʼminladi va iqtisodiy oʻsishni osonlashtirish uchun likvid (naqdlashtirilgan qiymat) kapitalni oshirdi. Jefferson va Medison boshchiligidagi Hamiltonning raqiblari uning siyosati markaziy hukumatni kuchaytirishiga va yeoman (oʻz fermasining xoʻjayini va ishchisi) fermerlardan koʻra boylarni afzal koʻrishiga amin edi. Oʻz vaqtida Hamilton va Jefferson mos ravishda federalistlar hamda demokratik-respublikachilar partiyalarining yetakchilari boʻlgan. Jefferson va Hamilton, shuningdek, tashqi siyosat masalalarida ham kelisha olmagan. Buyuk Britaniya va Fransiya oʻrtasida 1793-yilda urush boshlanganidan soʻng Hamilton Vashingtonning betaraflik haqidagi eʼlonini maʼqulladi, Jefferson esa bunga qarshi edi. Vashington odatda Hamilton tarafida boʻlishdan hafsalasi pir boʻlgan Jefferson 1793-yil dekabr oyida isteʼfoga chiqdi. Hamilton 1794-yilda Viski qoʻzgʻolonini bostirishga yordam berdi va 1795-yil yanvar oyida lavozimidan isteʼfoga chiqdi.
Hamilton isteʼfoga chiqqandan soʻng ham siyosatda aktivligicha qoldi va 1796-yilda Vashingtonning xayrlashuv murojaatnomasi matnini yozishga yordam berdi. Fransiya bilan 1798-yilda urush boshlanganda Vashington vaqtinchalik armiyani boshqarishi uchun nafaqadan qayta chaqirib olindi. Keksa Vashington Hamiltondan oʻziga ikkinchi qoʻmondon boʻlishni talab qilib: “Men qayerda toʻgʻri tanlov qilish mumkinligini bilmayman”, — deb aytadi. Vashington 1799-yil dekabrda vafot etgach, Hamilton bir yil oʻtib, xizmatdan ketguniga qadar armiyaning yuqori martabali ofitserlaridan boʻldi.
Tomas Jefferson 1800-yilgi saylovda Aaron Burr bilan qatnashadi, unda baʼzi federalist kongress aʼzolari Burrga ovoz berishni xohlaydi. Hamilton Burrdan koʻra Jefferson yaxshiroq deb hisoblardi va u federalistlardan Jeffersonni qoʻllab-quvvatlashini soʻrab maktub yozadi. Xatlaridan birida Burrni haddan tashqari beqaror maqsadlarga ega odam, u insoniy mehr-muhabbatni nazarga ilmaydigan darajada xudbin ekanini va uning qobiliyat boʻyicha Jeffersondan pastroqdaligini yozadi. Hamilton kongressdagi tarang vaziyatni yumshatishga yordam berdi va saylovda Jefferson nomzodi gʻalab qozondi. Nyu York gubernatorligi uchun oʻtkazilayotgan 1804-yilgi saylovda Albany Register nashri tomonidan “Tushlik paytida nomzodlardan biri boʻlmish Aaron Burrni Hamilton haqorat qilgani toʻgʻrisida” gi bir xabar chop qilinadi. Burr saylovda yutqazdi va Hamilton bilan chop etilgan tuhmat haqida yuzma-yuz gaplashganidan soʻng, uni duelga chaqirdi.
Burr 1804-yil 11-iyul kunida Nyu Jersidagi Uiyxokenda boʻlgan duelda Hamiltonni oʻlar darajada yaralaydi va u ertasi kuni vafot etadi. Rafiqasi Eliza eridan keyin 50 yil umr koʻrdi va 1854-yilda vafot etdi. Bugungi kunda Hamilton Amerika moliya tizimini yaratishdagi roli uchun tan olinadi va uning portreti 10 dollarlik kupyuraga tushirilgan. U 2015-yilda Broadway ijodkorlari tomonidan yaratilgan Hamilton musiqiy asari bilan yangi eʼtiroflarga sazovor boʻldi. Asar uning ilhombaxsh mashhurlikka erishishi haqida va u Toni mukofotiga sazovor boʻlgan.
Manba: mountvernon.org Muqova surat: nps.gov