Orqaga

879 marta koʻrilgan

1822-1885

Uliss Grant

AQShning 50 dollarlik banknoti Qoʻshma Shtatlar valyutasining nominalidir. Hozirgi banknotning old tomonida AQShning 18-prezidenti Uliss S. Grant, orqa tomonida esa AQSh Kapitoliysi tasviri tushirilgan. Hozir muomalada boʻlgan ushbu kupyuralar dizayni 1913-yildagi 50 dollarlik kupyuradan kelib chiqqan. Ularning barchasida Uliss S.Grant portreti tasvirlangan. Soʻnggi 110 yil ichida ushbu banknotning dizayni xavfsizlikni oshirish va uni qalbakilashtirish ehtimolini kamaytirish maqsadida 3 marta (1990, 1997, 2004) oʻzgartirildi. Hozirgi kunda ular moviy va qizil koʻrinishdagi nozik fon ranglariga ega va ularga ultrabinafsha nurlari ostida sargʻish tarzda porlaydigan xavfsizlik iplari joylashtirilgan. Shuningdek, banknot yorugʻlikka tutilgan paytda undagi portret har ikkala tomondan ham koʻrinadi. Bundan tashqari, banknotning pastki oʻng burchagida rangi oʻzgaruvchan 50 raqami tushirilgan.

Prezident Uliss Grant portreti 1913-yilga qadar 50 dollarlik kupyurada tasvirlanmas edi. Undan avval old tarafida Jorj Vashington, Benjamin Franklin, Aleksandr Hamilton va Genri Kley surati tushirilardi. Uliss Grant (1822–1885) Amerika fuqarolar urushi (1861–1865) davrida gʻalaba qozongan ittifoq qoʻshinida qoʻmondon sifatida yaxshi tanilgan. U Ogayo shtatida tugʻilib oʻsgan va oʻsha yerda West Point harbiy akademiyasida tahsil olib, 1869-yildan 1877-yilgacha Qoʻshma Shtatlarning 18-prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan. Fuqarolar urushi davrida unga Qoʻshma Shtatlarning butun boshli armiyasiga qoʻmondonlik qilish vazifasi topshiriladi va urush tamom boʻlgach, u oʻz-oʻzidan milliy qahramonga aylandi. Respublikachilar prezidentlikka uning nomzodini koʻrsatdi. U 1969-yilning 4-martida saylovda gʻalaba qozondi va Qoʻshma Shtatlarning 18-prezidenti boʻldi. Uning muddati 1877-yilda tugadi. Prezidentlik davrida uning asosiy faoliyati Shimol va Janubni murosaga keltirish, yangi ozod qilingan qora tanli qullarning fuqarolik huquqlarini himoya qilishga qaratilgan edi. Shuningdek, u fuqarolar urushidan keyingi iqtisodiyotni barqarorlashtirdi va adliya boʻlimini tuzdi. Prezident sifatida Grant hukumatni xuddi armiya kabi boshqargan. Xususan, u oʻz armiyasining bir qismini Oq uyga ham joylashtirgandi.

1863-yil, 14-mayda boʻlib oʻtgan Jekson jangi / wikipedia.org

Grant juda halol inson boʻlishiga qaramay, prezident sifatida fuqarolar tomonidan berilgan ajoyib hadyalarni ham qabul qilardi. Bundan-da yomoni, u ikki olibsotar — Jey Gould va Jeyms Fisk bilan ommaga koʻrinish bergan. Grant ularning oltin bozorini egallab olish rejasini anglab yetgach, buni barbod qilish uchun moliya kotibiga yetarli miqdorda oltin sotishga ruxsat beradi, ammo chayqovchilik allaqachon biznesga putur yetkazib ulgurgandi. Grant prezidentlikdan isteʼfoga chiqqanidan soʻng bir moliyaviy firmaga sherik boʻladi, ammo koʻp oʻtmay firma bankrotga uchraydi. Oʻsha paytlarda uning tomoq saratoniga chalingani ham maʼlum boʻladi. U qarzlarini toʻlash va oilasini taʼminlash uchun oʻz xotiralarini kitob qilib yozishni boshlaydi. Esdalik kitobini yaratish uchun oʻlimga qarshi kurashdi va yakunda 450 000 dollar daromad oldi. Soʻnggi sahifasini yozib tugatganidan hech qancha vaqt oʻtmay, 1885-yilda Grant vafot etadi. Katta muvaffaqiyat keltirgan kitobini esa Mark Tven nashr qildirdi.



Manba: whitehouse.gov
Muqova surat: wikipedia.org