6
Ulashish
1180 marta koʻrilgan
1835–1910
Mark Tven
Mark Tven — satirik, yumorist, yarim asrdan ortiqroq vaqt davomida Amerikaning chuqur va batafsil hayotini aks ettirgan hikoya va romanlar muallifi. Semyuel Klemens Missuri shtatining Florida shaharchasi, yurist oilasida tugʻilgan. Tez orada oila Missisipi daryosi qirgʻogʻidagi Gannibal shahriga koʻchib oʻtadi va adib bolaligining bir qismi shu yerda oʻtadi. Otasining oʻlimidan keyin u tipografiyaga matn teruvchiga shogird qilib beriladi.
Tven ilk adabiy ijodini gazetada chop ettirib yuradi. Klemens koʻp vaqtini nashriyot kutubxonasida oʻtkazar, Amerika va Yevropa adabiyotining qiziqarli tasviri yosh yigitni oʻziga jalb qilardi. 18 yoshidan boshlab, u Missisipi shaharlari boʻylab sayyor matn teruvchi boʻlib ishlab yuradi. Katta daryo boʻyidagi hayot qiziquvchan yigitga koʻplab taassurotlar berar, ayniqsa, daryo “tangrilari” — lotsmanlar uni hayratga solardi.
Boʻlajak yozuvchi lotsman (dengizchi) boʻlib yollanib, kemalarni Missisipi boʻylab yoʻnaltirardi. Daryo adib taxallusining “beshigi” boʻlgan edi. Mark twen (suv darajasini oʻlchash atamasi: ikki oʻlcham) — lotter (matros) ning bu chaqirigʻi lotsman uchun yoʻlning xavfsizligini bildirar edi. Shu paytda Shimol va Janub oʻrtasida fuqarolar urushi boshlanadi.
Yosh lotsmanni quldorlik jamiyati boʻlgan janubliklar armiyasiga chaqirishadi va u harbiy hukumatdan qochib, Nevadaga oʻtadi. Kumush qazish vasvasasi hukmron boʻlgan muhitga tushib qolgach, bir necha yilini toʻkis hayot ilinjida kvarts shaxtalarida sarflaydi. Boyib ketishni uddalay olmaydi, ammo vaqti-vaqti bilan “Enterprayz” gazetasi uning Josh taxallusi bilan yozgan qaydlarini chop qilib turardi. U kon lagerini tashlab, Virjiniya-sitiga bir necha yuz km piyoda yurib keladi.
Ilk yumoristik hikoyalarining oʻzi ham uni mashhur qiladi. Adabiyot texnikasi boʻyicha “Shovqinli lagerning baxti” kitobi muallifi Bret Hart unga ustozlik qiladi. Mark Tven birinchi hikoyalar toʻplamiga uni mashhur qilgan asari “Kalaverasdan chiqqan mashhur sakrovchi qurbaqa” (1865-yil) nomini beradi. Shundan soʻng sayohatlar haqidagi “Chet eldagi soddadil kishilar” (1869-yil) kitobida Yevropa va Falastin sayohati taassurotlarini yoritadi. Har ikki kitob yosh yozuvchining ulkan yutugʻiga aylanadi.
Amerika adabiyotiga xalq hajviyotining donoligi va insonparvarligiga asoslangan yorqin yumor kirib keldi. “Chet eldagi soddadil kishilar” amerikaliklar milliy tafakkurini shakllantirishda muhim rol oʻynadi. Amerika hikoyanavisligidagi jiddiy ohangni Mark Tven shodon bayon uslubiga almashtiradi, unga hajviya, parodiya, mistifikatsiya, fantastika, burlesk (komik poeziya janri) shaklini singdiradi, besoʻnaqaylik, nodonlikni “kulgiparda” ga oʻraydi.
Yozuvchi koʻp shaklli olamni xuddi shunday turli janrlar — qayd, sketch (qoralama surat), yumoreska, ocherk, maqola, felyeton, pamflet-hikoya, parodik miniatyuralarda ifodalaydi. “Eski va yangi ocherklar” (1875-yil) toʻplamiga 1870-yillarda yozilgan novellalar kirgan boʻlib, ularda Amerika jamiyatidagi qarama-qarshilik, shafqatsiz raqobat satirik tarzda baralla fosh etiladi.
Satira oʻqi bilan “charxlangan” tasvirlarda yozuvchi oʻz taʼbiri bilan aytganda, “toʻgʻri va notoʻgʻri orasidagi tafovut” ni ochib beradi. Muallif neft, paxta bilan savdo qiladigan amerikalik “cherkov tadbirkorlari”, “Muhim yozishma” hikoyasida keltirilgan non birjasidagi spekulyantlar (narx oʻzgarishidan foyda qiladigan shaxslar), “Amerika injil jamiyati” namoyondalari, Morgan va Dyupon kabi bankirlar hamtovoqlari satirik portretining butun galereyasini yaratadi.
Shuningdek, hukumat tashkilotlari, senator va kongressmenlarning poraga sotilishini (“Jorj Fisher ishi”, “Goʻsht taʼminoti ishi”) tasvirlaydi, “ozodlik” soʻzi ortida yashiringan yolgʻon mafkurani ochib tashlaydi (“Maxfiy tashrif”, “Meni gubernatorlikka qanday saylashgani”, “Tennessidagi jurnalistika”), hindular bilan jangga qarshi chiqadi, amerikacha irqchilikni gʻazab bilan qoralaydi (“Goldsmitning doʻsti yana xorijda”).
Mark Tven “Linkoln farzandlari” ning irqchilik mafkurasi ostida buzilgan sharaf va vijdoni himoyasi uchun oyoqqa turadi. Har bir hikoyasida gʻam, shumlik va xursandchilik yonma-yon keladi. Charlz Uorner bilan hammualliflikda yozilgan “Zarhal asr” (1873-yil) asarida Mark Tven amerikancha plutokratiya (davlat boshqaruvining bir turi boʻlib, unda barcha hokimiyat yuqori sinf qoʻlida toʻplanadi) va kongress tomonidan qonuniylashtirilgan oʻgʻrilik, poraga sotilgan sud tizimi va matbuotni fosh qiladi.
Adib grotesk usulidan foydalanadi, yaʼni bu yerda yumoristik mubolagʻa ham, yirik masshtabli satirik karikatura hamda tragik holatning kulgiga toʻsatdan aralashib ketishi ham, parodik uslubning turfa xil shakllari ham koʻzga tashlanadi. U mamlakat qashshoqligining asosiy sababini siyosatning biznesga aylantirib yuborilganida deb biladi. Boyib ketish qutqusi kambagʻallar qatlamini ham, piyoda askarlar guruhini ham egallab oladi. Romanning bunday nomlanishi sinizm (jamiyatning maʼnaviy-axloqiy qadriyatini nazar-pisand qilmaslik) va mulkchilikka asoslangan fuqarolar urushidan keyin Amerika jamiyatini yeb bitirayotgan spekulyatsiya (chayqovchilik) va tovlamachilik davrining ramziga aylandi.
1870-yil Yevropaga sayohat va oila qurishdan soʻng Mark Tven Konnektikut shtati, Xartford shahriga koʻchib, u yerda 1891-yilgacha yashaydi. Shu yerda u Missisipi daryosining eposi nomini olgan “Missisipidagi eski davrlar” (1875) ocherklari, “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” (1876), “Missisipidagi hayot” (1883), “Geklberri Finning boshidan kechirganlari” (1884) romanlarini yozadi. Muallif Amerikaning burjuaz realligidan, tarixiy davriga murojaat etadi. Ha, Amerikaning oʻtmishida shafqatsiz va yovvoyi, soxta hamda kulgili holatlar koʻp boʻlgan edi. Ularning oldida isyonkor bolakay Tom ham bor edi. Tom Soyer oʻz jamiyatidagi taqvoga ham, shahar aholisining hayot tarziga ham, maktabi va oilasidagi puritanlikka ham qarshi chiqadi.
Mark Tven ijodida qudratli daryo tinchliksevarlik ramziga aylanib qoladi. Bu prozaga yoʻgʻrilgan bolalik madhiyasi, Jon Golsuorsi taʼbiri bilan aytganda, yoshlik madh etilgan epos edi. Tomning bola ongi atrofni zerikarli qiladigan qolipdagi shartlardan xoli edi. Cherkovdagi yakshanba kungi xizmatda pudel iti bilan chiqqan mojaro qatʼiy cherkov qoidalarini buzadi. Lekin qahqahasini zoʻrgʻa tutib turgan katta yoshli avlod ham kutilmagan tomoshadan mamnun edi. Maktab hayotining Tom uchun “qamoq va kishan” ga aylangan bir xilligi va shartliligi fonida Amerika jamiyatining tussiz va baxtsiz hayoti aks ettirilgandi. Bu hayot Tomga taʼsir qilmaganining sababi, u boshqacha qarash va qiziqishlar bilan yashaganida boʻlgan. Uning qatʼiyatli va mard tabiati baxtsiz hodisa, bidʼat va xurofotlarga qarshi kurashda shakllanib boradi. Tom — “birinchi ixtirochi” ning chegarasiz fantaziyasi oʻsmir ruhiyatini jamiyatning salbiy taʼsiridan saqlaydi.
Sent-Pitersberg shahrining aholisi Tomning doʻsti Gek Finning ezgu niyatlari — mustaqillik, erkinlikka intilish, sivilizatsiya manfaatiga boʻlgan nafrat kabilarni aqlsizlik, oʻzboshimchalik deb baholaydi. Tom va Gekning yangi hayoti kattalarning gʻaflatdagi umriga qarshi qoʻyiladi. Bu yerda Mark Tven konflikt, portret, xatti-harakatlarning psixologik motivini tasvirlashdagi mahoratini koʻrsatadi. Bu realist-yozuvchi iqtidorining yangi bosqichi edi.
Tven “Shahzoda va gado” (1881-yil) ertak-romanida zamonaviy Amerika va oʻrta asrlar Angliyasidagi adolatsiz qonunlar oʻxshashligini koʻrsatib beradi. Yosh, adolatli hukmdor Tom Kenti — “gadolar shahzodasi” despotik qonunlarni rad etadi, davlat muhrini esa yongʻoq chaqish uchun ishlatadi. Aqlli hukmdorga muhr ham, qarorlar ham, amaldorlar ham kerak emasdi. Bu ertakka xos barcha poetik vositalar — voqealarning qadim zamonga taalluqli ekani, niyatlarning amalga oshishi, gʻaroyib sarguzashtlar, baxtli yakunga ega boʻlgan qiziqarli, dinamik romandir. Qizigʻi shundaki, oxir-oqibatda shahzoda qirollik huquqini gadoning qoʻlidan qabul qilib oladi.
Mark Tvenning “Geklberri Finning boshidan kechirganlari” (1884-yil) romani markazida Amerikaning eng katta muammosi — quldorchilik turardi. Muallif oq tanli bolakay Gek va qora tanli kishi Jimning taʼsirli doʻstligini tasvirlab beradi. Roman markazida Amerikaning tilla va inson hayoti ustidan hukmronlik qiladigan qatlamining oddiy amerikalik xalqqa nisbatan dushmanlik gʻoyasi turadi. Romandagi muhim dramatik holat Gek va Gomning qora tanlini qullikdan olib qochishga qaror qilishi bilan bogʻliq edi. Yirik ijtimoiy kuch romanni utopiyaga aylantirgandi. Bu Amerikada keskinlashib borayotgan sinfiy kurash davrini koʻrsatib berardi. Lekin tabiatga nisbatan munosabatdagi erkinlikdan tashqari, boshqa hech qanday erkinlik haqida gap boʻlishi mumkin emasdi. Roman xuddi yovvoyi hayvonni ovlagandek qora tanlining ortidan quvish bilan yakunlanadi.
Koʻplab yozuvchilar Gek va Jim haqidagi kitobni oʻzining sevimli asari deb hisoblagan. Ernest Xeminguey: “Zamonaviy Amerika adabiyoti Mark Tvenning birgina ʻGeklberri Finnʼ asaridan barpo boʻlgan”, — deya fikr bildirgan edi. Mark Tven bu roman orqali nafaqat gʻoyaviy, ijtimoiy jihatni koʻrsatib bergan, balki sheva shakllari bilan boyitilgan yangi Amerika adabiy tilining asoschisi ham boʻlib qolgan edi.
1889-yilda yozuvchining soʻnggi romani — “Yanki va qirol Artur” nashr etiladi. Asardagi voqealar Angliyada, VI asrda boʻlib oʻtadi. Roman amerikalik ishchilar birlashuvi ortidan yuzaga kelgan qarshilik harakatining kuchayib borishiga adibning javobi boʻlgan. Chikagoda bomba portlashi bilan kechgan namoyishdan keyin 19 nafar ishchi oʻlimga hukm qilinadi. Roman ishchilar huquqini hukumatdan himoya qilardi, chunki ishchilar butun xalq timsoli edi. Yanki XVIII asrdagi fransuz revolyutsiyasining tozalovchi roli haqida otashin nutq soʻzlaydi.
1895-yilda Mark Tven nashriyot ochishga boʻlgan omadsiz urinishdan soʻng qarzlaridan qutulish ilinjida ommaviy nutqi bilan Avstraliya, Yangi Zelandiya, Seylon, Hindiston va Janubiy Afrikaga ogʻir sayohatni amalga oshiradi. Bu davrda yozilgan asarlari: “Ovsar Vilson”, “Janna Dʼark haqidagi shaxsiy xotiralar” (1896-yil), “Qorongʻida oʻtirgan odamga” (1901-yil) va boshqa pamfletlarida yozuvchi iztirobi sezilib turadi.
Lekin avvalgidek kulgi ortida dushmanning yashiringan zulmi hamda soxtaliklar, ekspluatatsiya va zoʻravonlik dunyosida insonning metin bardoshini koʻra oladi. Yozuvchining koʻp asarlari vafotidan keyingina nashr qilingan, jumladan, “Birlashgan Shtatlar” (1923-yil), “Harbiy ibodat” (1923-yil), “Qayd daftarlari” (1935-yil), “Yerdan maktub” (1960-yil). Mark Tven ijodi Rossiyada yuksak baholangan. Maksim Gorkiy hamda Aleksandr Kuprin Mark Tven bilan Amerikada boʻlgan uchrashuv haqida ocherk yozadi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / wikimedia.org / poetryfoundation.org