Orqaga

965 marta koʻrilgan

1899–1961

Ernest Xeminguey

Ernest Miller Xeminguey taniqli amerikalik qo‘shiqchi Greys Xoll va umumiy amaliyot shifokori Klarens Xemingueyning o‘g‘illari orasida eng kattasi edi. U Chikago yaqinida joylashgan Oks parkdagi nufuzli Amerika maktabida o‘qigan va u yerda uning adabiy qobiliyati yaqqol namoyon bo‘lgan. O‘spirin yigit yozgan qiziqarli hikoyalarini maktab va shahar gazetalarida chop ettirgan.

Xeminguey 1917-yilda o‘rta maktabni tugatgach, armiyaga jo‘nashni xohlaydi. Biroq u ko‘rish qobiliyati tufayli armiyaga qabul qilinmaydi. U bolaligida jarohat olgan boʻlib, bir ko‘zi deyarli ko‘rmas edi. Keyinchalik u Kanzasdagi Star gazetasining muxbiri sifatida Fransiyaga borishga muvaffaq bo‘lgan. Xeminguey Amerika ekspeditsiya korpusi (qoʻshin) ga qo‘shilgan, ammo urushda oyog‘idan og‘ir yaralanib, Italiya kasalxonasiga yotqizilgani uchun urushda bor-yo‘g‘i 3 oy qatnashgan. U yerda bir necha oy yotgan va bir mehribon qizni sevib qolgan.

10 yil o‘tgach, bu sevgi hikoyasini u “Alvido, qurol!” romanida qo‘llagan. Xeminguey Amerikaga qaytgach Italiya hukumati uni orden bilan taqdirlagani uchun urush qahramoniga aylanadi. U “Star uikli” jurnalida ishlay boshlaydi. Ushbu jurnalda 2 yil muxbirlik qilgach, u yosh rafiqasi Xedli Richardson bilan yana Fransiyaga jo‘naydi. Parijda Xeminguey o‘zining dastlabki 3 ta kitobi — sheʼr va hikoyalar to‘plamini nashr ettiradi. Ular muallifning hisobidan chiqqan, lekin eʼtibordan chetda qolmagan.

Xeminguey ijodini Amerikaning “Skribner” nashriyot uyi vakili kuzatib borgan. Aynan oʻsha nashriyot AQShda uning ilk kitobini nashr etishiga yordam bergan. Kitob tiraji yashin tezligida sotilgan va “Skribner” yozuvchi bilan kelajakdagi barcha asarlarini birinchi boʻlib nashr etish huquqi uchun uzoq muddatli shartnoma tuzgan.

1926-yil oktabr oyida Amerikada Xemingueyning “Quyosh chiqadi” (inglizcha nashrlarda “Fiesta” nomi bilan chop etilgan) nomli birinchi romani nashr etilgan. Bu vaqtda yozuvchi ko‘p sayohat qiladi, Italiya, Ispaniyaga tashrif buyuradi. 1927-yilda u 2-xotini bilan ajrashgan va nemis jurnalisti Polina Pfayferga uylangan. U xotini bilan qisqa muddatga Amerikaga kelgan. O‘sha paytda u yerda uning 2-romani “Alvido, qurol!” nashr etilayotgan edi. Shundan keyin Xeminguey eng mashhur amerikalik yozuvchilardan biriga aylangan. U jasur, kamgap va juda yolg‘iz qahramonlarni tasvirlagan. Uning uslubi sodda bo‘lib, batafsil tavsif va bezaklardan yiroq bo‘lgan. U qisqa ibora va dinamik syujetni afzal ko‘rgan.

1930-yillarda ilk bor e’tibor markazida bo‘lgan yozuvchi “yulduzlik kasalligi” bilan ogʻriydi. U ko‘p sayohat qilib, Afrikada ov qilar, betartib hayot tarzini olib borardi. Uning hamrohlari fotomodel, aktrisa, jurnalistlar bo‘lgan. Biroq o‘sha yillarda ham u adabiy faoliyatini bir kun ham to‘xtatmagan. Yozuvchining sayohat taassurotlari Xemingueyning bir qancha hikoya va qissalariga asos bo‘lgan. Ulardan eng qiziqarlilari — “Peshindan keyingi o‘lim”, “Kilimanjaro qorlari”. “Kilimanjaro qorlari” da u otasi va yaqin ayollari bilan bo‘lgan munosabatlarini yashirin shaklda namoyon etadi. Shuningdek, bolalik va o‘smirlik davridagi baʼzi taassurotlarini ham yetkazadi.

Xeminguey hayoti 1936-yilda, Ispaniyada urush boshlanganidan keyin keskin o‘zgargan. U respublikachilar uchun pul va kiyim-kechak yig‘ishni tashkil qilgan va tez orada o‘zi Madridga yo‘l olib, u yerda xorij legioniga qo‘shilgan. Respublikachilar harakatining oxirgi kunlarigacha Xeminguey jang safida bo‘lgan. Faqat 1939-yilda, respublika harakati magʻlubiyatidan so‘ng u Kubaga jo‘nab ketgan va u yerda Ispaniya fuqarolar urushiga bag‘ishlangan “Motam qo‘ng‘irog‘i” (1940-yil) romani ustida ishlagan.

Ernest va Kubaning sobiq prezidenti Fidel Kastro / britannica.com

1940-yilda Xeminguey yana ajrashgan va koʻp oʻtmay, nemis jurnalisti Marta Gellxornga uylangan. U Kubadagi “Finka Vixiya” mulkini sotib olgan. Mazkur uy haligacha unga tegishlidir. Ikkinchi jahon urushi paytida Xeminguey Xitoyga muxbir sifatida borgan. Biroq Yevropada urush boshlanishi bilan yozuvchi Angliyaga yoʻl olgan. U yerda fashizmga qarshi kurash agentligini tuzgan.

Keyinchalik Xeminguey Normandiyadagi ittifoqchilar desant (samolyot, vertolyot, kemalardan tushirilgan qoʻshin) larida qatnashadi va ingliz bombardimonchi (bombardimon qilishga moslangan samolyot) larida parvozni amalga oshiradi. Adib urush tugagach, tinch hayotni orzu qilib, Kubaga qaytadi. Xeminguey Gellxorn bilan ajrashib, Meri Uelshga uylanadi. U umrining oxirigacha Meriga bog‘lanib qoladi. Endi uning hayoti butunlay 4 ta omilga bag‘ishlanadi: adabiyot, kino, ovchilik va baliq ovi.

Ernest va uning ayoli Marta Gellxorn / novochag.ru

1952-yilda Xemingueyning “Chol va dengiz” nomli yangi qissasi nashr etiladi, u uchun yozuvchi Pulitser, 1 yildan so‘ng esa adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini oladi. Uning hikoyasiga asoslangan “Kilimanjaro qorlari” filmining ekran yuzini ko‘rishi muvaffaqiyatli bo‘lgan, unda Gregori Pek bosh rolni qoyilmaqom o‘ynagan. Biroq Xeminguey Nobel mukofotini topshirish marosimiga kela olmagan, chunki kundalik mashaqqatli mehnat uni jiddiy ruhiy tushkunlikka solib, uzoq muddatli davolanishni talab qilgan.

Faqat 2 yil o‘tgach, u qisqa muddatga yengillik his qilgan, lekin tez orada uning kasalligi yana og‘irlasha boshlagan va 1958-yilda Yevropaga qisqa safaridan keyin yozuvchi odamlardan yolgʻiz qolish uchun Kubaga joʻnagan. Depressiya asta-sekin kuchayib borib, Xeminguey o‘z joniga qasd qilgan. Biroq yozuvchi vafotidan keyin ham o‘quvchilar uning yangi asarlari bilan tanishishda davom etgan, chunki Xeminguey bevasi uning yozganlarini nashrga tayyorlab, chop ettirgan. Shunday qilib, 1964-yilda Xeminguey o‘limidan oldin yozishni boshlagan, ammo tugatishga ulgurmagan “Okeandagi orollar» romani nashr etilgan.



Muqova suratlar: biography.com / wikipedia.org