Orqaga

1036 marta koʻrilgan

1706-1790

Benjamin Franklin

Dunyodagi eng koʻp tan olingan va orzu qilingan banknotlardan biri — 100 dollar. AQShning “otasi” hisoblanmish Benjamin Franklin portreti aks ettirilgan ushbu banknot XVIII asrga borib taqaladigan uzoq va qiziqarli tarixga ega. Muomaladagi AQSh pul birligining eng katta nominal qiymati sifatida 100 dollarlik banknot kollektor va investorlar tomonidan qadrlanadi. 100 dollarlik kupyura birinchi marta 1862-yilda qonuniy toʻlov banknoti sifatida muomalaga kiritilgan. Dastlab uning old tarafida Avraam Linkolnning portreti, orqa tarafida esa ozodlikni ifodalovchi allegorik shakl tasvirlangan edi. Amerika inqilobining eng koʻzga koʻringan arboblaridan biri — Benjamin Franklin portretini kiritish uchun 1914-yilda banknot qaytadan dizaynlashtirildi.

Shundan beri 100 dollarlik banknot dizayni bir necha bor oʻzgartirishlarga uchradi, lekin Franklinning portreti saqlab qolindi. Amerikaning dastlabki tarixidagi yetakchi shaxslardan biri boʻlgan Benjamin Franklin (1706–1790) davlat arbobi, yozuvchi, noshir, olim, ixtirochi va diplomat boʻlgan. Massachusets shtatining maʼmuriy markazi boʻlmish Boston shahridagi kamtarona oilada tugʻilgan Franklin rasmiy ravishda juda kam taʼlim olgan. U Filadelfiyada muvaffaqiyatli bosmaxona biznesini yoʻlga qoʻyadi va boyib ketadi. Franklin oʻzini qabul qilgan shahardagi jamoat ishlarida anchagina faol boʻlib, u yerda kutubxona, kasalxona va kollejni ishga tushirishga yordam beradi, boshqa loyihalar qatorida elektr energiyasi bilan bogʻliq tajribalari uchun maqtovga sazovor boʻladi. Amerika inqilobi davrida Ikkinchi kontinental kongressda faoliyat olib boradi va 1776-yilda Mustaqillik deklaratsiyasining matnini yozishga yordam beradi. Shuningdek, u inqilobiy urushga (1775–1783) barham bergan 1783-yildagi Parij shartnomasi uchun muzokaralar olib borgan. Uning xalq uchun qilgan muhim xizmatlaridan biri 1787-yilda AQSh konstitutsiyasini ishlab chiqqan konvensiya delegati boʻlganidir.

1706-yilning 17-yanvar sanasi Britaniya Amerikasining Massachusets koʻrfazidagi Boston shahrida tugʻilgan Benjamin Franklin Eski janubiy majlislar uyida choʻqintirilgan. Uning otasi Jozef Franklin oʻgʻlining ruhoniy boʻlishini istagandi, lekin moliyaviy yetishmovchiliklar sabab Benjamin maktabga atigi 2 yil qatnay oladi xolos. U kitob oʻqishga qiziqqan va shu odati uning butun bolalik davrida muhim rol oʻynagan. Benjamin to 12 yoshga toʻlguniga qadar noshirlik bilan shugʻullanuvchi akasi Jeyms nazorati ostida kasb-hunarning sir-asrorlarini oʻrgana boshlaydi. U 17 yoshga toʻlgach, hayotini yangidan boshlash uchun uyini tashlab Filadelfiyaga yoʻl oladi.

Benjamin Filadelfiyadagi bir nechta bosmaxonada faoliyat yuritadi, lekin unchalik omadi chopmaydi, shu sababli Londonga koʻchadi va u yerda harf teruvchi boʻlib ishlaydi. U 1726-yilda Filadelfiyaga qaytadi va u yerda buxgalter, doʻkondor va Tomas Denham ismli savdogarga yordamchi sifatida ish boshlaydi. Benjamin 1727-yil 21 yoshida ijodkorligi bilan jamiyat hayotiga oʻzgarish olib kirishni xohlagan bir-biriga hamfikr odamlarni birlashtirgan “Junto” (“Charm fartuk” nomi bilan ham mashhur boʻlgan) guruhini tashkil etadi. Guruhdagilar kitob oʻqishni yoqtirardi, lekin oʻsha paytda kitoblar yetishmagani tufayli ular turli xil janrdagi asarlarni yigʻa boshlaydi va bu harakat Amerikada ilk obuna kutubxonasi tashkil topishiga sabab boʻladi.

U 1731-yilda Filadelfiya kutubxona kompaniyasi nizomini yozib chiqadi va shunday qilib, Amerikada ilk kutubxona vujudga keladi. U “Pensilvaniya gazetasi” nomli gazeta chiqaradi. 1733-yildan eʼtiboran esa pishiriq retseptlari, munajjimlar bashorati va ob-havo maʼlumotlari berib boriladigan “Bechora Richardning almanaxi”ni nashrdan chiqarishni boshlaydi. Benjamin 1736-yilda mamlakatning birinchi yongʻinga qarshi koʻngilli tashkiloti Yongʻin ittifoqi kompaniyasiga asos soladi. Bu uning jamiyatga qoʻshgan koʻplab misli koʻrilmagan hissalaridan biri edi. U dastlabki demografiyani oʻrganish sohasiga katta hissa qoʻshgan va aholining oʻsish holatlarini qayd etib borgan. Uning 1751-yildagi “Insoniyatning koʻpayishi, mamlakatlarning odamlar bilan toʻlishi va boshqalar haqidagi kuzatishlar” asari Tomas Maltus va Adam Smit uchun ilhom manbai boʻldi.

Shuningdek, u 1743-yilda Amerika falsafa jamiyatini, 1751-yilda Pensilvaniya kasalxonasini, 1752-yilda esa Yongʻin talafotlariga qarshi sugʻurtalash uchun Filadelfiyaning hissasi kabilarni tashkillashtirishda yordam bergan. Bu tashkilotlar hozirgi kunda ham mavjud. Franklin 1753-yilda London qirollik jamiyati tomonidan “Kopli medali” bilan taqdirlangan. 1756-yilda esa u jamiyat aʼzosi etib saylanadi. Uning tajribalari chaqmoqning elektrli ekanini isbotladi va chaqmoq tayoqchasi ixtiro qilinishiga olib keldi. Siyosatchi sifatida u mustaqillik va koloniyalarni birlashtirish uchun faol harakat qilib, mamlakatining huquqlari uchun kurashdi. U 1776-yilda Mustaqillik deklaratsiyasining matnini yozishda yordam berdi. Xuddi shu yili u Amerika Qoʻshma Shtatlarning Fransiyadagi komissari etib tayinlandi va u bu vazifani mahorat, muvaffaqiyat bilan bajardi. Franklin 1785-yilda Fransiyadan ketadi va yana Filadelfiyaga qaytib boradi. 1787-yilda u konstitutsiyaviy konvensiyaning Pensilvaniya delegati edi (81 yoshli Franklin konvensiyaning eng keksa delegati edi.) U konvensiyaning yakunida — 1787-yil sentabr oyida oʻziga safdosh delegatlarning qattiq bahs-munozaralariga sabab boʻlgan yangi hujjatni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi. AQSh konstitutsiyasi 1788-yil iyunda zarur boʻlgan 9 ta shtat tomonidan ratifikatsiya qilindi va Jorj Vashington Amerikaning birinchi prezidenti sifatida inauguratsiya (lot. inauguro — ba-gʻishlayman) — davlat boshligʻining shu oliy lavozimini bajarishga kirishishi munosabati bilan oʻtkaziladigan tantanali marosim) qilindi.

Benjamin bir yildan keyin — 1790-yil 17-aprel kuni 84 yoshida Filadelfiya shahrida hayotdan koʻz yumdi. Taxminan 20 000 kishi ishtirok etgan dafn marosimidan soʻng u Filadelfiyadagi Masih cherkovi qabristoniga dafn etildi. U vasiyatnomasida Boston va Filadelfiyaga pul qoldirgan, keyinchalik bu pullar kasb-hunar maktabi hamda ilm-fan muzeyini tashkil etish, stipendiyalar fondi va boshqa jamoat loyihalarini moliyalashtirish uchun ishlatilgan. Vafotidan 200 yildan koʻproq vaqt oʻtib, Franklin Qoʻshma Shtatlar tarixidagi eng mashhur arboblardan biriga aylandi. Uning surati 100 dollarlik banknotdan joy oldi. Uning ismi esa Amerika boʻylab shaharlar, maktablar va kompaniyalarga berildi.



Manba: thefamouspeople.com
Muqova suratlar: wikipedia.org / timeforkids.com