Orqaga

1182 marta koʻrilgan

1805–1875

Xans Andersen

Xans Kristian Andersen oʻz hayotini bir necha bor ertakka qiyoslagan. Haqiqatan ham u yashagan davrlarda Daniyaning kambagʻal qatlamidan chiqqan kishi butun dunyoga mashhur yozuvchi boʻlishi, koʻplab davlatlarni koʻrishi va oʻz davrining mashhur shaxslari bilan doʻstlashishi aql bovar qilmas hodisa edi.

Andersen Daniyaning kichik shaharchasi — Odenseda, kambagʻal etikdoʻz va kir yuvuvchi oilasida tugʻilgan. Uyida non koʻpincha boʻlmagan boʻlsa ham kitoblar doim boʻlgan. Andersenning iqtidorini atrofdagilar ancha erta sezgan. 4 yoshida Xans oʻqishni oʻrganib olgan edi, teatrdagi Rojdestvoda qatnashgach, oʻzi pyesa va sheʼrlar toʻqiy boshlaydi. Mablagʻ yetishmovchiligi tufayli u shahar maktabiga kira olmaydi va yozuv, arifmetika va ilohiyot oʻqitiladigan kambagʻallar maktabida oʻqiy boshlaydi. 1816-yilda otasining vafotidan keyin Xans tirikchilik uchun ishlay boshlaydi.

1819-yilda 14 yoshli Andersen biroz jamgʻargan puli bilan poytaxt Kopengagenga omadini sinash uchun yoʻl oladi. U hali Odenseda boʻlganidayoq yigitga yordam berishga vaʼda qilgan Kopengagen teatrlaridagi aktyorlar bilan tanishgan edi. Kopengagenga kelgach, Xans ularni izlab topadi. Doʻstlari unga xor maktabiga kirishiga yordamlashadi. Iqtidorli yigitni tez payqashadi va u hatto spektakllardan biridan rol ham oladi. Teatr direktori Andersenga shahar gimnaziyalaridan birida taʼlimni davom ettirishiga koʻmaklashadi. Uni tugatgach, Kopengagen universitetida oʻqituvchilik lavozimi uchun imtihon topshiradi. Bu lavozim yosh yozuvchini yoʻqchilikdan qutqarib, hayotini keskin oʻzgartirib yuboradi.

Gimnaziyada oʻqish davomida Andersen “Xolms kanalidan Amager oroligacha sayohat” nomli ilk asari va bir qancha ertaklar bilan pyesalarini nashr qildiradi. Bulardan keyin iqtidorli yigitchani Daniya davlat arboblaridan biri Yonas Kollin uy muallimligi lavozimiga taklif qiladi. Uning farzandlari Edvard, Ingeborg va Luisa bilan Andersen bir necha bor Yevropa boʻylab sayohat qiladi. Keyinchalik Luisa uzoq yillar davomida uning sevgilisiga aylanadi. Germaniyada boʻlganida Andersen Haynrix Hayne va Robert Shuman bilan tanishadi, Fransiyada Viktor Gyugo, Aleksandr Dyuma, Alber de Myusselar bilan koʻrishadi.

1840-yilda u mashhur shved qoʻshiqchisi Yenni Lind bilan tanishadi. Zamondoshlari uni “shved bulbuli” deb atardi. Lekin bu muhabbat ikki tomonlama boʻlib chiqmaydi. Lind yozuvchini emas, uning asarlarini yoqtirib qolgandi. Andersen qolgan hayotini yolgʻizlikda, adabiyot bilan shugʻullanib, ertak va pyesalar yaratish bilan oʻtkazdi. 1838-yilda u oʻzining ilk toʻplamini eʼlon qiladi, unga butun dunyoga mashhur “Chaqmoqtosh”, “Suv parisi”, “Noʻxat ustidagi malika”, “Bulbul”, “Qirolning yangi libosi” kabi ertaklar kirgan edi. Oʻshandan beri uning ertaklar toʻplami davomli ravishda chiqishni boshlagan.

Qirqinchi yillarning oxiriga kelib, Andersen kattaroq shakldagi asarlarga oʻtishni boshlaydi, “Soya” kabi ertak-pyesa va “Yovvoyi oqqushlar”, “Qor malikasi” kabi qissalar yozadi. Andersen oʻz ertaklarining syujetini oʻylab topmasdi, balki atrofidagi olamni tasviriy, sodda va majoziy tarzda ifodalab berardi. Masalan, “Qor malikasi”da Odenseda oʻzi yashagan uyni tasvirlaydi, “Qoʻrgʻoshin soldatcha” da esa Andersen bolaligida qimmat oʻyinchoq doʻkonlari peshtaxtasida koʻrgan oʻyinchoqlarning yorqin tasviri bilan tanishasiz. Koʻz oldimizda bir vaqtlar muallif orzu qilgan bolalik olami gavdalanadi. «Qizigʻi, uning ayrim ertaklari — “Suv parisi” yoki “Gugurtli qiz” ertaklari oʻsha davr anʼanalariga zid ravishda tushkun, hatto fojiali tarzda yakunlanadi. Lekin uning hamma qahramonlari kuchli, haqiqiy hislarni tuyadi. Qahramonlarni tasvirlashdagi bunday dramatizm va ruhiyatning chuqurligi Andersenning rassom sifatidagi novatorligi edi. Uning hikoyalaridagi harakat dinamik tarzda rivojlanib boradi, ularda kutilmagan burilishlar koʻp, yakuni esa kitobxonlarning umuman xayoliga ham kelmagan boʻladi. Bundan tashqari, ertaklar yumor, ayniqsa salbiy qahramonlarga nisbatan muallifning ironiyasi bilan boyitilgan boʻladi.

Andersen koʻplab beqiyos asarlar yaratgan boʻlsada (uning tanlangan asarlari sakkiz jildni tashkil qiladi), jahon adabiyotiga u ertakchi-yozuvchi sifatida kirgan. Andersen hayotligidayoq oʻz davrining eng mashhur yozuvchisiga aylangan edi. U koʻplab akademiya va ilmiy jamiyatlarning diplomi bilan taqdirlangan. Uning dafn marosida mamlakatda milliy motam kuni eʼlon qilingandi.

1958-yilda YUNESKO Xans Xristian Andersen oltin medalini taʼsis etdi. Bu medal kichik Nobel mukofoti nomini oldi. Ikki yilda bir marta bu mukofot eng yaxshi bolalar yozuvchisi va bolalar kitoblarining rassom-illyustratoriga topshiriladi. Andersen tugʻilgan 2-aprel kuni Xalqaro bolalar kitoblari kuni deb eʼlon qilingan. Andersen anʼanalarining Angliya, Daniya, Shvetsiya va Finlandiyadagi davomchilari boʻlib, D.Barri, K.Grexem, L.Kerroll, S.Lagerlef, A.Lindgren, A.Topelius, T.Yanson kabilar qolgan.



Muqova surat: lithub.com / teatr-uz.ru