Orqaga
Xaniva deb Tumullar davriga oid yapon elitasi qabrlarining usti va atrofida o'rnatilgan, sirlanmagan terrakota silindrlar va ichi bo'sh sopol haykallari aytiladi.

665 marta koʻrilgan

III asr

Xaniva sopol haykallari tarixi

Xaniva (yaponcha “loy doirasi”) deb Tumullar davriga (taxminan 250–552-yillar) oid yapon elitasi qabrlarining (kofun) usti va atrofida oʻrnatilgan, sirlanmagan terrakota (sopol) silindr va ichi boʻsh haykallarga aytiladi. Qabr chegarasini belgilash uchun ishlatiladigan bochka shaklidagi silindrlar birinchi va eng keng tarqalgan xanivalar edi. Keyinchalik IV asrning boshida silindrlar ustiga jangchi, xizmatkor ayol, raqqosa, qush, hayvon, qayiq, harbiy texnika va hatto uylar shakllari oʻyila boshlangan. Taxminlarga koʻra, bu shakllar u dunyoda marhumga xizmat qiladigan kishilar timsoli boʻlgan.

Xaniva balandligi 30–150 sm gacha boʻlib, oʻrtacha balandligi taxminan 90 sm hisoblanadi. Inson figuralari koʻpincha geometrik naqsh va oq, qizil hamda koʻk rangdagi pigmentlar bilan bezatilgan. Boʻsh haykallarning koʻzi, burni va ogʻzi obyektlarga sirli joziba beradigan teshiklar bilan koʻrsatilgan. VI asrda xaniva ommaviy ravishda ishlab chiqarilgan, ammo keyinchalik buddizmning kirib kelishi va marhumlarni yoqish amaliyoti xanivalar ishlab chiqilishining pasayishiga olib keldi.

Xaniva deb Tumullar davriga oid yapon elitasi qabrlarining usti va atrofida o'rnatilgan, sirlanmagan terrakota silindrlar va ichi bo'sh sopol haykallari aytiladi.

Oʻtirgan ayol tasvirlangan xaniva / wikipedia.org

Paydo boʻlishi

Dastavval dogu deb nomlangan, loydan yasalgan haykalchalar Jomon davrida (mil. avv. 14000–300-yillar) paydo boʻla boshlagan. Xanivaning paydo boʻlishi Yayoi davrining (mil. avv. 300-yildan milodiy 250-yilgacha) soʻnggi qismida Kibi qirolligi (Gʻarbiy Yaponiyadagi qirollik) atrofida boshlangan. Bu davrda hukmdor qabrlari tepasida maxsus sopol haykalcha va kosalar paydo boʻla boshlagan. Dastlabki haykallar uzunligi 1 m dan oshardi. Ular gavdani ifodalovchi silindr va asos qismdagi oyoqlarni ifodalovchi yubka shaklidagi qismdan iborat edi. Koʻpincha haykallarning tana qismida maxsus tamgʻa yoki naqsh ifodalanardi. Baʼzan haykal tanasiga obi — yaponlar milliy kiyimi hisoblanmish kimononing belbogʻi bogʻlanardi. Taxminlarga koʻra, ushbu haykallar dafn marosimining bir qismi sifatida ishlatilgan. Bu kabi haykallar Kibi hududidan tashqari, faqatgina Yaponiyaning qadimiy provinsiyasi Izumodan topilgan.

Milodiy III asrning ikkinchi yarmida bu haykallar qadimiy Yaponiyaning Kinay hududidagi imperator qabrlari tepasida paydo boʻla boshladi. Bu davrda xanivalarning sopol kosalar bilan yanada takomillashtirilgan shakli paydo boʻldi. Ushbu haykal va xanivalarning Kibi hududidan Kinayga koʻchishi ularning ahamiyati ortib borganidan dalolat beradi.

Keyingi taraqqiyot bosqichlari

Kofun davrining (mil.avv. 300–538) dastlabki qismida (milodiy III asrning oxiri) sopol xanivalar bochkaga oʻxshash silindr shaklida boʻlgan. Bu kabi xaniva bochkalari kofun tepaligini hosil qilish uchun ishlatilgan.

Ular tepalik shaklida (kvadrat, doira yoki kalit teshigi shakllarida) joylashtirilgan. Tepalikning ichki qismini toʻldirish uchun tuproqdan foydalanilgan, soʻngra tepalikning navbatdagi qavatini hosil qilish uchun xaniva bochkalari yana bir qatordan terib chiqilgan va tepalik istalgan balandlikka yetgunga qadar bu jarayon takrorlangan. Tashqaridan bir tomonga ogʻgan yoki qiyshiq tomonlariga shakl berish uchun qoʻshimcha tuproq qoʻshilgan.

Milodiy IV asr boshlarida qalqon va boshqa qurollar shaklidagi xaniva haykallari paydo boʻla boshladi. Kofun davrining oʻrtalarida (milodiy V asr oʻrtalarida) ziyoratgoh qizlari (Sinto ziyoratgohida ishlaydigan yosh ruhoniy ayol), ot, it va boshqa hayvonlar shaklidagi xaniva haykallari mavjud edi. Milodiy VI asrning oʻrtalariga kelib, tantanali dafn etish marosimlari kamayib ketgani sababli Kinay hududida xanivalar soni kamaygan. Shunga qaramay, Kanto (Yaponiyaning asosiy oroli Xonsyuning sharqiy qismida joylashgan) hududida xanivalar koʻp miqdorda yasalgan.

Xaniva deb Tumullar davriga oid yapon elitasi qabrlarining usti va atrofida o'rnatilgan, sirlanmagan terrakota silindrlar va ichi bo'sh sopol haykallari aytiladi.

Xaniva ot haykalchasi / wikipedia.org

Shuningdek, ayrim xanivalarga qizil yoki boshqa rangli boʻyoqlar bilan rang berilmas edi. Xanivalarning silindrsimon (enkei-haniva) turidan tashqari, yana bir keng tarqalgan turi — uy shaklidagi xaniva (keisho-haniva). Keisho-haniva toifasiga yana odam, hayvon va qilichlar shaklidagi haykallar kirgan. Xaniva haykallari tafsilotlari zodagonlarning qabrlarga dafn etilishi va oʻsha davr odamlari foydalangan asbob hamda boshqa buyumlarni tasvirlaydi. Jumladan, harbiy xanivalar arxeologlarga oʻsha davrga xos zirh va qurollar, jumladan, harbiy sinfning maqom belgilari haqida maʼlumot beradi.

Xaniva deb Tumullar davriga oid yapon elitasi qabrlarining usti va atrofida o'rnatilgan, sirlanmagan terrakota silindrlar va ichi bo'sh sopol haykallari aytiladi.

Uy shaklidagi xaniva keisho-haniva / wikipedia.org

Ahamiyati

Dastlab silindrsimon tipdagi xanivalar qabrlar tepasiga oʻrnatilardi, shuning uchun ular dafn marosimlarida qandaydir maqsadga ega boʻlgan deb hisoblanadi. Ammo xaniva rivojlanib borgan sayin, ular qabr maydonining tashqi tomoniga oʻrnatila boshlagan. Ular qabriston hududi uchun chegara belgilari sifatida ishlatilgan deb taxmin qilinadi.

Dastlabki xanivalar qabrning tepasiga oʻrnatilgani sababli marhumning ruhi xanivada istiqomat qiladi, degan nazariya ham mavjud. Shuningdek, qurol-aslaha va zirh bilan qurollangan xanivalar ham bor boʻlib, hozirda ular ruhlar uchun konteyner vazifasini bajargan, deya faraz qilinadi. Qurol-aslahalar yovuz ruhlarni haydab chiqaradi va dafn etilgan hukmdorni ofatdan himoya qiladi. Ot va boshqa hayvon shaklidagi xanivalar odatda bir qator, chiroyli tarzda joylashtirilgani sababli ularga “joʻnatish” (dafn etish) marosimining bir qismi sifatida qaraladi.

Zamonaviy jamiyatdagi oʻrni

Xanivaning diniy taʼsiri zamonaviy jamiyatda sezilarli darajada pasaygan boʻlsa-da, koʻpchilik odamlar haykallarning estetik va tarixiy ahamiyatini hamon qadrlaydi. Masalan, amerikalik rassom va haykaltarosh Isamu Noguchi asarlariga xaniva kuchli taʼsir koʻrsatgan. Time jurnalidagi maʼlumotlarga koʻra, ular “sof sanʼat” (tashqi kuchlar taʼsirida boʻlmagan sanʼat) sifatida qabul qilingan. Badiiy haykaltaroshlik namunasi sifatida oddiy baho berishdan tashqari, zamonaviy ommabop madaniyat, baʼzi hollarda xanivani oddiy ichi boʻsh haykal sifatida emas, balki hissiy mavjudot sifatida tasvirlaydi.

Xanivaning jonli tasviri 1990-yillarning oxiridan boshlab keng tarqalgan boʻlib, koʻngilochar vositalarda, jumladan, videooʻyin, savdo kartalari, film, televizion efir va bulardan tashqari boshqa dasturlarda ham namoyish etilmoqda. Baʼzi tasvirlarda xaniva birinchi navbatda oʻz vazifasini bajarishda pushaymonlikni his qilmaydigan, arvohga oʻxshash, yomon niyatli mavjudot sifatida taqdim etiladi. Eng keng tarqalgan tasvir esa dumaloq, qozonga oʻxshash shaklga ega boʻlgan, ikkita chuqur koʻzli, keng ogʻizli va “qozonning” qarama-qarshi tomonida ikkita oddiy “qoʻlni” tasvirlaydi.

Xaniva deb Tumullar davriga oid yapon elitasi qabrlarining usti va atrofida o'rnatilgan, sirlanmagan terrakota silindrlar va ichi bo'sh sopol haykallari aytiladi.

Kofun davridagi Xaniva, Tokio milliy muzeyi / wikipedia.org



Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org