22
Ulashish
1202 marta koʻrilgan
1779–1845
Uvaysiy
XVIII asr oxiri XIX asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan mashhur oʻzbek shoirasi Jahon Otin Uvaysiy taxminan 1779-yilda Margʻilon shahrining Childuxtaron mahallasida dunyoga keladi. Uvaysiy oila aʼzolarining barchasi iqtidorli shaxslar boʻlgan desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Jahon otinning otasi toʻquvchi va kosiblik bilan shugʻullangan boʻlsa-da, oʻzbek va tojik tillarida sheʼr ham yozib turgan. Onasi Chinnibibi esa oʻz davrining donishmand ayollaridan boʻlib, maktabdorlik qilgan. Akasi Oxunjon hofizdan sheʼriyat ilmini oʻrgangan shoira tez orada otin sifatida taniladi. U, ayniqsa, aruzni, muammo (sheʼrda fikrni yashirib ifodalash) sanʼatini mukammal egallagan. Jahonbibi oila aʼzolarining taʼsirida koʻproq shaxsiy mutolaaga berilib, oʻzbek, tojik va ozarbayjon allomalarining asarlarini muhabbat bilan oʻqigan. Vaysiy, Uvaysiy taxallusi bilan sheʼrlar yoza boshlagan va tez orada shoira, otin sifatida tanilgan.
Margʻilondagi Uvaysiy uy-muzeyi / uzbekistan.travel
Qoʻqon adabiy muhiti bilan yaqinlashib, mushoiralarda qatnashgan. Shoira saroyda Nodira va boshqa xotin-qizlarga sheʼriyat ilmidan dars berib, ustozlik qilgan. Dilshod otinning maʼlumot berishicha, Uvaysiy Nodira bilan Konibodom, Xoʻjand, Oʻratepa, Toshkent, Andijon kabi shaharlarga borgan, u yerdagi adabiy davralarda ishtirok etgan, sheʼriyat ahli bilan tanishib, oʻzaro aloqalar oʻrnatgan. 1842-yilda Buxoro amiri Nasrullaxon Qoʻqonni egallagach, Margʻilonga qaytib, umrining oxirigacha shu yerda yashagan.
Ijodi
Uvaysiyning 4 ta devon tartib bergani adabiyot ahliga maʼlum. Lekin bu devonlarning asl qoʻlyozmalari hanuzgacha topilmagan. Uvaysiy oʻzbek mumtoz sheʼriyatining barcha janrlarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy asarlariga muxammaslar bogʻlagan. Shoiraning adabiy merosida 269 gʻazal, 29 muxammas, 55 musaddas, 1 murabba, shuningdek, 4 fard, chiston, 3 doston va tugallanmagan bir manzuma bor. Ijodining gʻoyaviy mavzu doirasi teran va koʻp qirrali. Shoiraning Navoiy, Fuzuliy gʻazallariga bogʻlagan koʻplab muxammaslari va naziralari, Bedil sheʼrlariga izdoshligi uning poetik balogʻatidan dalolat beradi.
Shoira adabiyotda taraqqiyparvar namoyandalarning qarashlari asosida maydonga kelgan inson taqdiri, shaxs erki va maʼrifatparvarlik gʻoyalarida latif va dilkash asarlar yaratadi. Asarlarida insonni eʼzozlash, odamning tabiat va hayot noz-neʼmatlaridan bahramand boʻlishga undash, doʻstlik, vafo va sadoqat kabi oʻzining ulugʻvor niyatlarini Qurʼon oyatlari, hadislar va tasavvufiy talqinlar bilan asoslagan holda ijodiy barkamollikka erishdi. Uning sheʼrlarida tariqatning talab va qoidalariga taalluqli boʻlgan talqinlar koʻp uchraydi. Uvaysiy hayotlik davridayoq nafis lirikasi bilan mashhur boʻlgan va zamondoshlarining eʼtiborini qozongan. Lirik sheʼrlaridan tashqari, uning “Shahzoda Hasan”, “Shahzoda Husan” kabi liro-epik asarlari va “Voqeoti Muhammad Alixon” kabi tarixiy dostonlari mavjud. Shoiraning liro-epik dostonlari islom tarixi bilan bogʻliq voqealar asosida yaratilgan.
Uvaysiy asarlari oʻzining latif mazmuni va dilkash badiiyligi bilan xalq ommasi orasida keng yoyilgan, hofizlar, xonandalar tomonidan maqom va xalq ohanglari yoʻlida kuylab kelinadi. Uvaysiy asarlarida tabiatning hisobsiz goʻzalliklari ogʻushida ishq mavjlanadi, muhabbat hayotni qadrlashga, uning lazzatlaridan bahramand boʻlishga chaqiradi:
Zaboningni keturgil, ey shakarlab toʻti guftora,
Nechukkim marhamat oʻlsun necha mendek dil afgora.
Nigohing tashlagʻil, lutf aylabon, ey shoʻxi beparvo,
Yoʻlingda intizor oʻlgʻon meni bul oshiqi zora.
U talabalar uchun fikrlashni oʻstirish, chiroyli soʻzlash, topqirlik, zukkolik va boshqa taʼlim-tarbiya vositalari bilan bogʻliq boʻlgan chiston-topishmoqlar yaratgan:
Ul na gumbazdur, eshigi, tuynugidin yoʻq nishon,
Necha gulgunpoʻsh qizlar manzil aylabdur makon?
Sindurib gumbazni qizlar holidin olsam xabar,
Yuzlarida parda tortugʻliq tururlar bagʻri qon.
Shoira anor shaklini eshik va tuynuksiz gumbazga, donalarini esa yuzlariga parda tortib, yurak-bagʻri qon “gulgunpoʻsh” qizlarga oʻxshatadi. Koʻchma maʼnoda esa shu tor tuynuksiz qasr, xon haramida yuragi qon boʻlgan, bu qonlikni parda ortida oqlikka oʻragan qizlarning taqdirini ifodalab ketgan. Asosan adabiyotlarda ,,Anor” chistonining shu ikki jihati tahlil etiladi. Lekin professor Iqboloy Adizova oʻzining ,,Uvaysiy ijodida janrlar takomili” risolasida uning chistondan koʻzlangan uchinchi maqsadini ham aytib oʻtadi. Uning fikricha, anorning tashqi koʻrinishi chek-chegarasiz dunyo, qizil rang bagʻriqonlik – hijron ramzi, parda esa solik bilan Alloh vasli oʻrtasidagi toʻsiq.
Shoira shunday yozadi:
Fano mardumlarin sirridin hech kimsa yoʻq ogoh…
Shoiraning bu kabi orifona satrlari Alisher Navoiyning insonni komillik yoʻlidagi izlanishlarida tasvirlagan — yuz kufr ketganda ham bir tavba qilishni xayoliga keltirmaydigan, pokni nopokdan ajrata bilmaydigan dilozor kishilarni qattiq qoralagan satrlariga hamohangdir. Insonning komillik darajasiga yetishdagi qiyinchiliklar ifodasi shoira sheʼriyatida quyidagi kabi oʻz aksini topadi:
Fano mardumlarin sirridin hech kimsa yoʻq ogoh,
Qabih guftor mardumdin koʻngul dogʻ oʻldi, dogʻ oʻldi.
Uvaysiy oʻzini “mehnat-u alamlarga mubtalo”, “qayda dard eli boʻlsa oshno” shoira sifatida tanitadi. Adabiyotimiz tarixida Uvaysiygacha bunday shoira boʻlmagan. Uning shaxsiyatida jasur, fidoiy va haqgoʻy shoirlarga xos axloqiy ruhiy sifatlar ustunlik qiladi. Ijodkor ayollar tasavvufi tushunchasini yangi pogʻonaga olib chiqdi. Badiiy jihatdan pishiq, goʻzal sheʼriyati nafaqat shoiralar uchun, balki shoirlar uchun ham mahorat maktabi sifatida xizmat qilib kelmoqda:
Mehnat-u alamlarga mubtalo Uvaysiyman,
Qayda dard eli boʻlsa, oshno Uvaysiyman,
Istadim bu olamni, topmadim vafo ahlin,
Barchadin yumub koʻzni muddao Uvaysiyman.
“Uvaysiyga qadar biron oʻzbek shoiri oʻz sevgilisini erkalab, uning yuzini gulzorga va unda ochilib turgan raʼnoga qiyoslab gʻazal bitmagan”, — deb yozadi professor A.Hayitmetov.
Taxallusi
Uvaysiy “Jahon otin” nomi bilan hurmat topgani va mashhur boʻlgani barchamizga maʼlum. Xalq orasida xat-savodli va diniy ilmlardan puxta xabardor boʻlgan ayollar “otin” yoki “otincha” deyilgan. Lekin otin bilan u tanlagan “Uvaysiy” taxallusi mohiyatan toʻgʻri kelmaydi: otinlik bolalarni oʻqitish boʻlsa, uvaysiylik ruhoniy tarbiya olish demakdir. Jahon otinning bunday taxallus tanlashi qaranlik oshiq Uvays Qaraniy nomi bilan bogʻliq, deyishga bir qator asoslar bor. Uvaysiylik tarixiga murojaat qilinsa, hazrati Vaysal Qaraniyning Alloh Rasuliga bogʻlagan pok muhabbati namoyon boʻladi. Shoira taxallus tanlashda Hazrat Uvays Qaraniyga nisbat beradi. Uning Allohga va Rasuliga boʻlgan cheksiz muhabbatini qadrlaydi. “Vaysiy Qarandek shoh”ga izdoshlik qilishni, nomdosh qatorida Alloh marhamatidan, Rasulining shafoatidan bahramand boʻlishni orzu qiladi. Shu orzu yoʻlida yashaydi, ijod qiladi. Ijodining asosiy qismini Ishqi Ilohiyga bagʻishlaydi.
Uvaysiyning muzeydagi shaxsiy buyumlari expozitsiyasi / uzbekistan.travel
Xotira
Uvaysiyning xattotlar tomonidan koʻchirilgan 3 nusxa qoʻlyozma devoni Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Andijon universiteti kutubxonasida saqlanadi. Rus shoiri va tarjimoni Naum Grebnev (1921–1988) tomonidan asarlari rus tiliga oʻgirilgan. Margʻilon shahridagi Jahon Otin Uvaysiy yashab oʻtgan joy uy-muzeyga aylantirilgan.
Shoiraning qabri / uzbekistan.travel
Manbalar: kh-davron.uz / n.ziyouz.com / “Maʼnaviyat yulduzlari” kitobi Muqova surat: wikipedia.org