6
Ulashish
1105 marta koʻrilgan
1048–1131
Umar Xayyom
Umar Xayyom nafaqat yirik shoir, balki ajoyib olim ham edi. Tadqiqotchilar uzoq vaqt davomida mashhur shoir va taniqli olim bir shaxs ekaniga shubha bilan qaragan, chunki turli xil sohada boʻlsa-da, uning yutuqlari jahon miqyosida katta ahamiyatga ega. Umar Xayyom yirik savdo shahri Nishopurda mohir hunarmand oilasida tugʻilgan. Xayyom taxallusi soʻzma-soʻz tarjima qilinganda “chodir tikuvchi” degan maʼnoni anglatib, tadqiqotchilar hatto Nishopur bozori uchun Xayyomning otasi Ibrohim katta gumbaz toʻqiganini ham aniqlagan. Umar oilada yagona oʻgʻil boʻlgani uchun otasi unga yaxshi taʼlim bergan. Boʻlajak olim 10 yasharligidayoq arab tilini oʻrganadi, 2 yildan soʻng esa Nishopur madrasasi talabasiga aylanadi. U islom huquqi va tibbiyoti kursini aʼlo darajada tamomlab, hakimlik (shifokor) malakasiga ega boʻladi.
Ammo tibbiy amaliyot Umarni unchalik qiziqtirmasdi, shuning uchun bilim olishni davom ettirishga qaror qiladi. Xayyom musulmon madaniyatining mashhur arbobi Sobit ibn Harroniydan tahsil oladi. Hali Nishopurda boʻlgan paytida yunon matematiklari asarlarini oʻrganib, Yevklidning mashhur “Negizlar” asari tarjimasini oʻqiydi. Biroq 16 yoshida hayotidagi eng ogʻir judolikka uchraydi: epidemiya paytida avval otasi, biroz vaqt oʻtgach onasi vafot etadi. Umar ota uyi va ustaxonani sotib, oʻsha paytda Sharqda tan olingan ilmiy-madaniy markaz — Samarqandda oʻqishni istab, u yerga joʻnab ketadi. Samarqandda dastlab madrasalardan biriga talaba boʻlib oʻqishga kiradi, ammo munozaralarda bir necha marta nutq soʻzlaganidan soʻng oʻz bilimi bilan hammani hayratda qoldiradiki, unga darrov ustozlikni taklif qilishadi.
Oʻsha davrning boshqa yirik olimlari kabi Xayyom ham hech qaysi shaharda uzoq vaqt qola olmasdi. Oradan 4 yil oʻtgach, u Samarqandni tark etib, Buxoroga koʻchib oʻtadi va u yerda katta kitob maskanlari — ilm uylarida ishlay boshlaydi. Olim Buxoroda 10 yil yashab, bu vaqtda matematikaga oid 4 ta fundamental risola yozishga ulguradi. Xayyom Yevklid faoliyatini takrorlashga va matematikaning rivojlanishini sarhisob etishga qaror qiladi. Yozgan risolalari unga olim sifatida katta shuhrat keltirib, shogirdlari soni oshib boradi. Ammo haqiqiy shon-shuhrat ruboiy (4 misrali sheʼr) yoza boshlaganidan keyin keladi.
Umar Xayyom ruboiylarida asosiy eʼtiborni tinchlik, inson mavjudligining uygʻunligi, hayotning oʻtkinchi ekani va shaxsiy munosabatlarning nozikligiga qaratgan. Aftidan, oʻsha paytda Xayyom soʻfiylik mafkurasiga asosan inson atrofidagi butun dunyo faqat qisqa muddatli illyuziya ekaniga ishongan. “Borliqning umumiyligi haqida risola” sini yozgach, Xayyom Buxoroni tark etadi va Sanjar davlatining markazi Isfahonga koʻchib oʻtadi. Uni Sulton Malikshoh oʻz saroyiga taklif qiladi va shohning bosh vaziri Nizom ul-mulk tashabbusi bilan Xayyom nadim — hukmdorning ruhiy ustoziga aylanadi.
Mashhur olim Buxorodan faqat saroy lavozimi uchun ketmagan edi, Malikshoh uni qadimda dunyo boʻyicha eng yirik boʻlgan saroy rasadxonasiga boshqaruvchi qilib tayinlaydi. U yerda Xayyom nihoyat tizimli ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega boʻladi. U nafaqat matematika boʻyicha oʻqishni takomillashtiradi, balki mashhur astronomga ham aylanadi. Hatto buyuk shoh Mirzo Ulugʻbek ham olim tuzgan yulduzlar katalogining beqiyosligini taʼkidlab oʻtgan. 1079-yilda Xayyom koʻplab kuzatishlar asosida kabisa tizimini, yaʼni har toʻrtinchi yilga bir kun qoʻshish taklifi kiritilgan asarini nashr ettiradi. Shu tarzda u oʻsha paytda mavjud boʻlgan kalendarni isloh qilishi ortidan uning yanada aniq va umumbashariy ahamiyati ortadi. Xayyom astronomiya bilan bir qatorda falsafada ham mukammallikka intiladi. Oʻsha yillarda Isfahonga tashrif buyurgan koʻplab sayohatchilarning yozishicha, aynan Xayyomning maʼruza va suhbatlari bu shaharni eng qimmatli diqqatga sazovor joyga aylantirgan.
1080-yilda Xayyom oʻzining asosiy falsafiy asari “Borliq va zarurlik haqida risola” sini tugatadi. Asarning bunday biroz murakkab nomi ortida chinakam falsafiy ensiklopediya yotadi. Unda Xayyom Aristotelga ergashib, dunyo eng kichik boʻlinmas zarralardan iborat ekanini isbotlaydi. U yer va osmon tuzilishida oʻxshashlikni oʻrnatishga harakat qilib, butun dunyo bir-biriga koʻrinmas ip bilan bogʻlangan, deb hisoblaydi. Olimning matematikaga oid risolalari uning shon-shuhratini oshirish bilan birga musulmon olami namoyandalari orasida norozilikni uygʻotishga sabab boʻladi va Malikshoh vafotidan keyin u Isfahonni tark etib, vataniga qaytishdan oʻzga chorasi qolmaydi. Bu paytda shoir allaqachon uylangan va farzandlari ham boʻlgani haqida maʼlumotlar mavjud.
Nishopurda muallimlik faoliyatini davom ettirib, madrasada dars berish barobarida yakka darslar ham oʻtadi. U bosh vazir Nizom ul-mulkning hukmdori Malikshohning ustoziga aylanadi. Umar Xayyom bir joyda muqim yashaydigan olim emas edi, koʻp sayohat qilardi. Doʻstlari va koʻplab muxlislari taklifi bilan Balx, Marv va boshqa yirik shaharlarga tez-tez tashrif buyurib turardi. Shu tariqa, Xayyom 1113-yilda mashhur olim Samarqandiy bilan uchrashish uchun Balxga maxsus borgani haqida maʼlumot mavjud. Oʻsha yillarda uning asosiy mashgʻuloti oʻziga xos natijalarni umumlashtirish boʻlib, nihoyat, yoshligida boshlagan “Borliq umumiyligi haqida risola”sini tugatadi, sheʼrlarini esa “Ruboiyot” deb atalgan asarga jamlaydi. Bu paytga kelib Xayyom allaqachon tuzalmas kasalga chalinganiga qaramay, ruhiyatini choʻktirmagan, u odam hech qachon tushkunlikka tushmasligi kerak, deb hisoblardi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / bigpicture.ru