Orqaga

959 marta koʻrilgan

1847–1931

Tomas Edison

Tomas Alva Edison tarixga oʻz ixtirolari bilan dunyoni oʻzgartirgan inson boʻlib kirgan. Tavalludiga oltmish yil toʻlganda Amerika Kongressi tomonidan yuborilgan tabrikda ixtirochi faoliyatiga shunday taʼrif berilgandi.

Tomasni uyda kichik Al deb chaqirishardi, u bolaligida harakatchan, ammo kasalmand bola boʻlgan. Bolaligidan rivojlanib borayotgan karlikdan aziyat chekkan. Shu sababdan maktabda yaxshi oʻqiy olmagan, lekin onasi nazoratida yaxshi oʻqigan. Keyinchalik Edisonning oʻzi aynan onasi bilan boʻlgan mashgʻulotlar unda ixtirochilikka ishtiyoq paydo qilganini bir necha bor taʼkidlagan.

Edison koʻproq kimyoga qiziqqan va keyinchalik uyning boloxonasini haqiqiy laboratoriyadek jihozlagan edi. Tajribalar uchun kerakli kimyoviy moddalarni sotib olish uchun esa pul kerak boʻlgan. Pul ishlash maqsadida Edison maktabda oʻqish bilan birga poyezdlarda gazeta sotgan.

12 yoshida u qulogʻi ogʻirlashgani va oiladagi moliyaviy qiyinchiliklar sabab maktabni tark etishga majbur boʻladi. Shunga qaramay, u oʻqib-oʻrganishdan toʻxtamaydi. U avvalgidek koʻp oʻqir, tirikchilik qilish uchun esa gazeta sotish va kichik narsalarni yetkazib berish boʻyicha firmaga oʻxshagan tuzilma tashkil qiladi. U bilan birga 12 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bir nechta bolalar ham ishlardi.

Fuqarolar urushi davrida Edison maxsus taʼlimdan soʻng telegrafist boʻladi. Oʻshanda u oʻzining ilk ixtirosini qilgan edi. Bu ovozlar sonini sanashning oddiy va ishonchli qurilmasi boʻlgan. Qurilmasini sotish uchun yosh ixtirochi Vashingtonga yoʻl oladi, ammo ovoz berishda gʻirromlikka yoʻl qoʻymaydigan qurilmani sotishga urinishlarning barchasi muvaffaqiyatsiz yakunlanadi. Edison telegraf firmalaridan biriga telegrafist boʻlib ishga kirishga majbur boʻladi. Bir safar, firma birja savdolariga xizmat koʻrsatayotgan vaqtda telegraf ishlamay qoladi. Edison nafaqat toʻxtab qolgan apparatni tuzatadi, balki uning ishini takomillashtiradi ham. Bu ixtirosi uchun u oʻsha davrda oʻta katta mablagʻ boʻlgan 40 000 dollarni qoʻlga kiritadi. Edison bu pullarga kerakli jihozlarni sotib olib, oʻz firmasiga asos soladi. Bu firma Nyu York yaqinidagi Menlo park qishlogʻida joylashgan edi. Oʻshandan boshlab, uning hayotidagi asosiy ish ixtirochilik boʻlib qoladi.

U deyarli bor vaqtini laboratoriyada, turli jihoz va apparatlarni takomillashtirish bilan oʻtkazardi. Lekin uning asosiy ixtirolari elektrdan foydalanishga aloqador boʻldi. 1881-yilda Edison rus olimi Lodiginning tejamkor choʻgʻlanma lampochka ixtirosi haqida xabar topadi. U bunga qiziqib qoladi va lampochkani takomillashtirishga kirishadi. Tez orada biz bugungi kunda foydalanayotgan lampochka namunasi paydo boʻladi. Uning ixtirosi shundan iborat edi: u elektrda qiziydigan ingichka, oʻziga xos shaklda oʻralgan volfram tolasini qoʻllagan edi. Lampochkani yasagan Edison patron va oʻchirib yoqqichni ham oʻylab topadi. Bundan tashqari, u havoni butunlay siqib chiqarishning usulini ham topadi va bu lampochkalarning umrini uzaytirishni taʼminlash imkonini beradi.

Edison elektr tarmogʻining butun tizimini, elektr hisoblagichni, oʻtkazgich va yerosti oʻtkazgichlarini, dinamo mashina hamda elektrostansiyalar tizimini ham ishlab chiqadi. Tez orada Nyu Yorkda ilk shahar elektr tarmogʻi ishga tushiriladi. Elektr tarmogʻi bilan birgalikda Edison telegrafni ham mukammallashtiradi. U bir vaqtning oʻzida istalganicha telegramma joʻnatish imkonini beradigan uzatish usulini ixtiro qiladi. Bu telegraf aloqasining narxi arzonlashishi va sifatining oshishiga yordam beradi.

Edison uzoq vaqt davomida Aleksandr Grexem Bell tomonidan ixtiro qilingan telefonni takomillashtirish ustida ishlaydi. U ovoz baland va aniq chiqishi uchun mikrofonni qayta yasaydi, bundan tashqari telefon stansiyasini ham ixtiro qiladi. Bu katta shaharlarni telefon tarmogʻi bilan taʼminlash imkonini beradi. Edisonning yana bir ixtirosi – ovoz yozib, eshittiruvchi qurilmasi shov-shuvga sabab boʻladi. U oʻz ixtirosini fonograf deb nomlaydi. Yangi qurilmaning ilk namunalaridan birini dunyoga mashhur rus yozuvchisi Lev Tolstoyga sovgʻa qilib yuboradi.

Uning barcha ixtirolari kerakli vaqtda yaratilgan va tezda ommalashgan edi. Edison laboratoriyasi oʻziga xos ilmiy-tadqiqot instituti boʻlib, unda koʻplab muhandis, olim va ishchilar faoliyat koʻrsatardi. Edisonning oʻzi esa hammadan koʻp ishlardi. Birinchi jahon urushi davomida u suvosti kemasi uchun torpeda apparati va periskopning yangi shaklini yasaydi. U ixtirosi qanday ishlayotganini tekshirish uchun bir necha bor suzishga chiqadi.

Edison oʻziga xos inson sifatida tanilgandi. U uzoq umr koʻrganidan, u haqida bir qancha latifalar tuzishga ham muvaffaq boʻlishgan. Lekin shu oʻziga xos kishi insonlar uchun hayratlanarli tarzda koʻp va foydali ishlar qilgani sabab butun dunyo olimlari eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Edison koʻplab davlatlarning, jumladan, Rossiyaning ham fanlar akademiyasi aʼzosi edi.



Muqova suratlar: wikipedia.orgrenewableenergyworld.com