6
Ulashish
795 marta koʻrilgan
1802-yil
Yoritish lampasining tarixi
Hayotimizga eng koʻp taʼsir qiladigan kundalik qulayliklardan biri boʻlgan elektr chiroq 1879-yilda Tomas Alva Edison tomonidan anʼanaviy maʼnoda “ixtiro qilingan” emas, shunga qaramay, biz uni tijoriy jihatdan ilk amaliy choʻgʻlanma chiroqni yaratgan inson deb aytishimiz mumkin. U choʻgʻlanma lampochkani ixtiro qilmoqchi boʻlgan birinchi va yagona odam emas edi. Darhaqiqat, baʼzi tarixchilarning taʼkidlashicha, Edison yaratgan versiyadan oldin 20 dan ortiq choʻgʻlanma lampalar ixtirochilari mavjud boʻlgan. Biroq koʻpincha Edison ixtiro qilgan lampa eʼtirof etiladi, chunki uning versiyasi 3 ta omilning kombinatsiyasi tufayli oldingi versiyalarni ortda qoldira oldi. Xususan, uning lampasi samarali choʻgʻlanma materiali, boshqalar erisha olganidan koʻra yuqori vakuum va markazlashtirilgan manbadan quvvat taqsimotini iqtisodiy jihatdan foydali qilgan yuqori qarshilikka ega boʻlgan.
Dastlabki choʻgʻlanma lampalar
Xamfri Deyvi 1802-yilda birinchi elektr chiroqni kashf etdi. U elektr toki bilan tajriba oʻtkazdi va elektr batareyasini ixtiro qildi. Deyvi simlarni batareya va uglerod boʻlagiga ulaganida, uglerod porlab, yorugʻlik hosil qildi. Uning ixtirosi elektr yoyi lampasi sifatida tanilgan. Garchi yorugʻlik ishlab chiqargan boʻlsa-da, bu uzoq vaqt davom etmadi va amalda foydalanish uchun ham juda yorqin edi.
Keyingi 70 yillikda boshqa ixtirochilar ham “yoritish lampochkalari” ni yaratdi, ammo tijorat maqsadida foydalanish uchun dizaynlar paydo boʻlmadi. Yana bir muhim jihat shundaki, 1840-yilda ingliz olimi Uorren de la Ru vakuum trubasiga oʻralgan platina filamentini burab, u orqali elektr tokini oʻtkazdi.
Dizayn — platinaning yuqori erish nuqtasi uning yuqori haroratda ishlashiga imkon beradi va vakuumlangan kamerada platina bilan reaksiyaga kirishadigan gaz molekulalari kamroq bo‘lib, uning xizmat qilish muddatini oshiradi degan konsepsiyaga asoslangan. Bu samarali dizayn boʻlgan boʻlsa-da, platina narxi uni tijorat maqsadida ishlab chiqarish uchun amaliyotga joriy etish imkonini bermagan.
Ingliz fizigi Jozef Uilson Svan 1850-yilda vakuumlangan shisha lampochkaga karbonlangan (uglerod bilan qoplangan) qogʻoz filamenti (tola) ni oʻrab, “lampochka” yaratdi, 1860-yilga kelib u ishlaydigan prototipga ega edi. Lekin yaxshi vakuum va elektr energiyasining yetarli emasligi sabab yorugʻlikning samarali ishlab chiqaruvchisi deb hisoblash uchun lampochkaning “umri” qisqalik qildi.
Biroq 1870-yillarda yaxshiroq vakuum nasoslari tufayli Svan lampochkalarda tajribalarni davom ettirdi. U 1878-yilda tozalangan paxta ipidan foydalanib, uzoqroq ishlaydigan lampochka ishlab chiqdi, bu lampochkaning erta qorayishini ham bartaraf etdi.
Kanada patentiga 1874-yil 24-iyulda Torontolik tibbiyot elektrotexnigi Genri Vudvord va uning hamkasbi Metyu Evans tomonidan hujjat (ariza) topshirildi. Ular lampalarini azot bilan toʻldirilgan shisha silindrlarda elektrodlar orasiga tutilgan turli oʻlcham va shakldagi uglerod tayoqchalari bilan yasadi. Vudvord va Evans oʻzining chiroqlarini tijoratlashtirishga harakat qildi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Oxir-oqibat 1879-yilda ular patentini Edisonga sotishga majbur boʻldi.
Tomas Edison va dastlabki yoritish lampasi
Tomas Edison 1878-yilda amaliy choʻgʻlanma chiroqni ishlab chiqish boʻyicha jiddiy izlanishlarni boshladi va 1878-yil 14-oktabrda “Elektr chiroqlarini yaxshilash” uchun birinchi patent arizasini topshirdi. Biroq u oʻzining original dizaynini yaxshilash maqsadida metall filamentlar uchun bir necha turdagi materiallarni sinab koʻrishni davom ettirdi. 1879-yil 4-noyabrga kelib, u “uglerod filamenti yoki uzunchoq oʻralgan metall tasma va ulangan platina aloqa simlari” dan foydalanib, elektr chiroq uchun boshqa AQSH patentiga ariza topshirdi.
Patentda uglerod filamentini yaratishning bir necha usullari, jumladan, “paxta va zigʻir ipi, yogʻoch shina, turli yoʻllar bilan oʻralgan qogʻozlar” dan foydalanish tasvirlangan boʻlsa-da, patent berilganidan bir necha oy oʻtgach, Edison va uning jamoasi karbonlangan bambuk filamenti 1 200 soatdan ortiq vaqt davomida xizmat qilishi mumkinligini aniqladi.
Ushbu kashfiyot tijorat maqsadida ishlab chiqarilgan lampochkalarning boshlanishini belgilab berdi va 1880-yilda Edison Electric Light kompaniyasi oʻzining yangi mahsulotini sotishni boshladi.
Boshqa mashhur sanalar
1906-yil — General Electric kompaniyasi birinchi boʻlib choʻgʻlanma lampochkalardan foydalanish uchun volfram filamentlarini yasash usulini patentladi. Edisonning oʻzi volfram oxir-oqibat choʻgʻlanma lampalardagi filamentlar uchun eng yaxshi tanlov boʻlishini bilar edi, ammo uning davrida simni bunday nozik shaklda ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan mexanizmlar mavjud emasdi.
1910-yil — General Electric kompaniyasidan boʻlgan amerikalik injener Uilyam Devid Kulij xizmat muddati eng uzoq davom etadigan volfram filamentlarini ishlab chiqarish jarayonini takomillashtirdi.
1920-yillar — birinchi naqshli (muz naqsh solingan) lampochka va avtomobil faralari hamda neon yoritgichlar uchun sozlanuvchan, quvvatli nurli lampochkalar ishlab chiqarilgan.
1930-yillar — bu yillarda fotografiya uchun bir martalik kichik lampochkalar va nurlatganda yaltirab koʻrinadigan toblovchi (qoraytiruvchi) chiroqlar ixtiro qilindi.
1940-yillar — dastlabki “yumshoq nurli” choʻgʻlanma lampalar paydo boʻldi.
1950-yillar — kvarts shishasi va halogen lampochka ishlab chiqarildi.
1980-yillar — yangi past kuchlanishli metall galogenidlar yaratildi.
1990-yillar — uzoq xizmat qiluvchi lampalar va ixcham lyuminestsent (nurlatganda yaltirab koʻrinadigan) lampalar oʻzining debyutini amalga oshirdi.
Dastlabki yoritish lampasining kelajagi
Zamonaviy choʻgʻlanma lampalar energiya jihatdan tejamkor emas — lampochkaga yetkazib beriladigan elektr quvvatining 10 foizdan kamrogʻi koʻrinadigan yorugʻlikka aylanadi. Qolgan energiya issiqlik sifatida yoʻqoladi. Biroq ushbu samarasiz lampochkalar quyidagi afzalliklarga ega boʻlgani sababli bugungi kunda ham keng qoʻllanadi:
— keng miqyosda, arzon narxlarda mavjudligi;
— elektr tizimlariga oson ulanishi;
— kichik tizimlarga moslashuvchanligi;
— batareya quvvati bilan ishlaydigan qurilmalar kabi past kuchlanishda ishlashi;
— keng shakl va hajmda mavjudligi.
Afsuski, choʻgʻlanma lampochkadan koʻplab mamlakatlar, shu jumladan, AQSH bosqichma-bosqich voz kechmoqda. Hukumat uning oʻrniga lyuminestsent lampa va LED lampalar kabi energiyani tejovchi variantlarni maʼqul koʻrmoqda.
Biroq choʻgʻlanma lampalarning arzonligi, yorugʻlikning bir zumda mavjud boʻlishi va CFL (Compact Fluorescent Lamps — ixcham lyuminestsent lampalar) simobi orqali havo ifloslanishi xavotiri tufayli bu siyosatga koʻp qarshilik boʻlmoqda. Biroq LED narxlari sezilarli darajada tushib ketgani tufayli kelajak LED lampalaridan foydalanadigandek boʻlib tuyuladi.
Manba: bulbs.com Muqova suratlar: unsplash.com / bulbs.com