2
Ulashish
862 marta koʻrilgan
1850–1891
Sofya Kovalevskaya
Odatda matematiklar orasida yozuvchilik mahoratiga ega hamda siyosatga aralashib turadiganlari kamdan kam uchraydi. Biroq aynan shunday serqirra matematiklardan bir nechtasiga tarix guvoh boʻlgan. Misol uchun, Unabomber laqabli yovuz, qoʻporuvchi jinoyatchining asl ismi Teodor Kachinskiy boʻlib, bilimini yaxshilik uchun ishlatmagan. Aslida u yetuk matematik boʻlgan. Shuningdek, Andre Blox ismli kuchli matematik ham oʻz mutaxassisligi bilan emas, balki jinoyatchiligi bilan koʻproq nom chiqargan. Bunday misollardan yana koʻplab keltirish mumkin. Keling, shular bilan cheklana qolamiz, chunki hikoyamiz Sofya Kovalevskaya haqida.
Markaziy Yevropaning aksar shaharlarida hali-hanuz Vengriya qiroli — Matyash I Korvinni (1443–1490-yillar) yaxshi gaplar bilan eslashadi. Uning taxallusi “Adolatparvar” boʻlgan. Oddiy xalq vakillari ushbu qirolni oʻta kamtar va hammaga birdek adolatli boʻlgani uchun qattiq hurmat qilgan. Naql qilinishicha, Matyash I oddiy juldur kiyimlarni kiyib, omma orasiga kirib borishni va avom xalqning ahvoli bilan shaxsan tanishishni odat qilgan ekan. U shaharlardagi odam gavjum joylarga borib, duch kelgan notanish odam bilan yaqindan suhbat qurar, mamlakat va jamiyat ahvolini oddiy fuqarolar nazari bilan tahlil qilishga urinar edi. Mashhur olima — Sofya Kovalevskaya ham shajarasiga koʻra, aynan Matyash I ning avlodi sanaladi. Sofya Kovalevskayaning tugʻilgandagi asl ism-familiyasi Sofya Korvin-Kurkovska boʻlib, u 1850-yilning 15-yanvar (oʻsha paytdagi taqvim boʻyicha esa 3-yanvar) sanasida Moskvada tugʻilgan. Uning otasi armiya generali boʻlib, isteʼfoga chiqqach, oilasini olib, mamlakatning Litva bilan chegarasida joylashgan Polibino yer-mulkiga koʻchib oʻtgan. Sofyaning ota-onasi Shubert familiyasi bilan Rossiyada nom chiqargan boʻlib, ular odatda farzandlaridan alohida yashagan. Buning sababi harbiy otaning koʻpincha boshqa joylarda xizmat oʻtagani bilan bogʻliqdir. Oilada farzandlarning taʼlim va tarbiyasi bilan asosan bobosi va enagalari mashgʻul boʻlgan.
Kovalevskayaning bobosi matematika va astronomiyaga juda qiziqadigan, ziyoli odam boʻlib, nabirasidagi matematik ishtiyoqni aynan u paydo qilgan boʻlsa kerak. Shubert oilasi badavlat oilalar sirasiga kirgan va farzandlarining taʼminotida ham hech narsadan pul ayamagan. Oʻsha paytda boylar oʻz xonadonining har bir xonasini jimjimador, naqshinkor gulqogʻoz bilan bezash urf boʻlgan edi. Boylar bu borada kimoʻzarga poyga oʻynashga ham oʻtib ketgan. Ayrim xonadonlar uyning har bir qismi, hatto omborxonalarni ham qimmat gulqogʻozlar bilan bezashdan tiyilmas edi. Albatta, Shubertlar oilasi, yaʼni Korvin-Kurkovskilar ham birovdan kam boʻlgisi kelmagan va uyidagi har bir xonani, jumladan, bolalar xonalarini ham naqshikor gulqogʻoz bilan bezashni maqsad qilgan. Biroq yirik shaharlardan ancha uzoqda joylashgan Polibino yer-mulkiga koʻplab tovarlar, xususan, gulqogʻozlar ham yetib kelishi qiyin boʻlib, buyurtmani oylab kutishga toʻgʻri kelar edi. Shu sababli Korvin-Kurkovski oilasida bolalar xonasi bitgach, xona devorlarini bezatishga buyurtma qilingan gulqogʻoz yetib kelgunicha, uning oʻrniga vaqtincha boshqa narsa yopishtirib qoʻyishga qaror qilingan. Aynan shu qaror yosh Sofya uchun eng katta taʼsir oʻtkazgan muhim qadam boʻlgan edi.
Gap shundaki, devorga qogʻoz yopishtirishni maqsad qilgan ustalar allaqayerdan eski matematika kitobini topib kelib, uning sahifalarini devorga yelimlab chiqqan. Ular yopishtirgan ushbu sahifalar, yetuk matematik Mixail Ostragradskiy (1801–1861-yillar) qalamiga mansub differensial (nomaʼlum funksiya, ularning turli tartibli hosilalasi va erkli oʻzgaruvchilar ishtirok etgan tenglama) va integral hisoblash (integrallar va ularning xossasi, hisoblash usullarini oʻrganuvchi matematika boʻlimi) ga oid kitob boʻlgan. Oʻz xonasi bitgach, Sofya, albatta, gulqogʻozning jimjima naqshlariga emas, balki unda yozilgan turli formula va chizilgan grafiklarga mahliyo boʻlib qolgan. Toʻgʻri, Sofya bolalik chogʻida bu narsalarni hali tushunmas edi, lekin har kuni beixtiyor uning koʻz oʻngida integrallash va differensiallashga oid tafsilotlar yoritilgan ulkan darslik yoyilardi.
Sofya asosan bobosi bilan matematika boʻyicha shugʻullanib, bilimini muttasil oshirib borgan. Uning fikrlash va mantiqiy xulosalash qobiliyati ajoyib shakllangan boʻlib, oʻsmirlik paytidayoq oʻzining oʻtkir zehni hamda kuchli xotirasi bilan barchani lol qoldirar edi. Kunlarning birida, Korvin-Kurkovski xonadoniga tez-tez mehmon boʻlib turuvchi, fizika professori — Tirtov, Sofyaga oʻzining yaqindagina nashrdan chiqqan fizika kitobini sovgʻa qiladi. Kitobning boblaridan biri optikaga bagʻishlangan boʻlib, ushbu bobda trigonometrik formulalar juda koʻp qoʻllangan edi. Sofya kitobni oʻsmirlarcha qiziqish bilan mehmonning huzuridayoq apil-tapil ochib koʻrdi va tezkorlik bilan koʻzdan kechirdi. Uning trigonometrik formulalar boʻylab shoshib koʻz yugurtirishidan kulimsiragan professor qizaloqqa shoshmaslikni maslahat berdi. Lekin qizcha tezkorlik bilan hamma formulalarni tekshirib chiqar ekan, ularda yashiringan koʻplab yangi xulosalarni professorga bayon qilib berdi. Yaʼni Sofya optika qolib, kitobda optika hodisalarini tushuntirish uchun qoʻllangan trigonometrik kombinatsiya mohiyatini tahlil qilib ketgan edi. Keyinchalik Tirtovning eslashicha, oʻsha payt oʻsmir yoshda boʻlgan Sofya Korvin-Kurkovski, trigonometriyaga oid hatto professor ham bilmaydigan va kitobda umuman eslab ham oʻtilmagan ayrim xulosalarni mustaqil keltirib chiqargan ekan.
Albatta, professorning cheksiz hayratiga sabab boʻlgan ushbu voqeaning aslida oʻziga yarasha muhim, asos tayanchi bor edi. Sofya shunchalik qobiliyatli qiz boʻlganki, u elementar trigonometriyani birovning koʻmagisiz, darsliklar orqali oʻzi mustaqil oʻrganib olgan. Tirtov oʻzini lol qoldirgan qizni zudlik bilan mamlakatning biror nufuzli oliy oʻquv yurtiga joylashtirish kerak, deb hisoblagan va bu borada Sofyaning otasiga oʻz yordamini taklif qilgan. Biroq harbiylarcha fikrlaydigan ota, qizining biror ilmiy yoʻnalish, ayniqsa, matematikani egallashini istamagan. U qizini hamma oliynasab xonimlar singari zodagon oyimtilla boʻlib voyaga yetishini xohlagan. Uzoq avrashlardan soʻng Tirtov baribir Sofyaning otasini koʻndirishga muvaffaq boʻldi va uni Sankt-Peterburgda oʻqish uchun olib ketdi.
Sofya Sankt-Peterburgda bolaligidagi xona devorlaridan tanish boʻlgan Ostragradskiy kitobining bus-butun saqlangan nusxasini topib, undagi differensial va integral hisob tafsilotlarini qunt bilan oʻrgana boshlaydi. Uning ijodiy-mantiqiy qobiliyati faqatgina matematika bilan bogʻlanib qolmasdan, balki adabiyot sohasida ham juda yaxshi shakllangan edi. Sofya har qanday tafsilotni ajoyib badiiy bezaklar orqali mahorat bilan bayon qila oladigan yozuvchi ham boʻlgan. Shuningdek, qahramonimiz sayohat qilishga ham orzumand boʻlib, biroq qattiqqoʻl otasi unga Sankt-Peterburgni tark etishni taʼqiqlab qoʻygan.
U yerda Sofyaning taqdiriga mashhur yozuvchi Fyodor Dostoyevskiy ham aloqador boʻlib qoldi. Dostoyevskiy bilan Sofyaning opasi — Anya yaqindan tanish boʻlib, ular aksar rus ziyolilari singari faol fuqarolik pozitsiyasi — nigilizm tarafdorlari boʻlgan. Dostoyevskiy esa nigilistlar toʻgaragining faol rahbarlaridan biri edi. Oʻsha payt Rossiyada qizlar faqat otasining ruxsati bilangina chet elga chiqishi mumkin boʻlgan. Bundan tashqari, turmushga chiqmagan qizlarning huquqini cheklovchi baʼzi tartib-qoidalar mavjud edi. Shu sababli, ayniqsa, chet elda oʻqishni istagan qizlar koʻpincha orzulariga yetolmay qolib ketavergan. Boz ustiga nafaqat qizlar, balki yigitlar uchun ham ayrim cheklovlar boʻlib, eng katta huquq egalari faqat voyaga yetgan va oilali shaxslar boʻlgan. Lekin XIX asring 1870–1880-yillaridan boshlab, ilgʻor fikrli va iqtidorli rus yoshlari bu masalaga oʻziga xos yechim topgan. Yoshlar er-xotinlik huquqiga ega boʻlish va bundan pasport olish hamda chet elga chiqish uchun oʻzaro soxta nikohga kirgan. Yaʼni bunda yigit va qiz nikohdan rasman oʻtadi, lekin ular amalda boshqa-boshqa yashaydi.
Bunday nikohlar har ikki tarafning roziligi asosida, avvaldan shartlashib va yotoq hayotiga daʼvo qilmaslikka qasam ichgan holatda tuzilgan. Bunday “nikoh” dan, ayniqsa, qizlar koʻproq manfaatdor boʻlgan. Chunki nikoh qayd qilinganligi haqida belgi mavjud pasport bilan ayol kishi chet ellarga istagancha chiqib qaytishi mumkin boʻlgan. Bunday nikoh egasi boʻlgan qizlar uchun ustuvor huquq otasining emas, balki rasmiy “erning” roziligi asosida tayinlangan. Albatta, yoshlar orasida urf boʻlayotgan va xorijga chiqish uchun eng yaxshi imkoniyat sanalgan bunday soxta nikohdan Sofya ham foydalanib qolgan. Shunday nikohga rozi boʻluvchi yoshlar, koʻpincha birga toʻplanib, oʻzlariga mos rasmiy “er” yoki “xotin” tanlar edi. Nikoh soxta boʻlishini inobatga olib, yoshlar odatda shunchaki qurʼa tashlash bilan muammoni hal qilgan. Sofya ham oʻzining soxta nikohini qurʼa orqali hal qilgan. Unga Vladimir Kovalevskiy ismli yosh geolog talaba toʻgʻri kelgan. Aynan shu soxta nikohdan keyin qahramonimiz Kovalevskaya familiyasiga ega boʻlgan. Aytish mumkinki, soxta nikoh borasida Sofyaning omadi kelgan edi. Chunki Vladimir Kovalevskiy ilgʻor fikrli, intiluvchan yoshlardan boʻlib, u ham sayohat shaydosi boʻlgan.
Vladimir Kovalevskiyning Angliyada Darvin ismli yaqin tanishi boʻlib, ular yoʻnalishlarda hamkorlik olib borgan. Sofya va Vladimir Kovalevskiylarni rasmiy, biroq soxta nikohdan tashqari yana chuqur ilmiy qiziqishlar ham oʻzaro bogʻlab turar edi. Ularning har ikkisi oʻz ilmiy yoʻnalishlari boʻyicha Yevropaning eng ilgʻor ilmiy dargohlarida taʼlim olish istagi bilan yashardi. Ular birinchi boʻlib Geydelbergga yoʻl olgan. Sofya bu yerda olmon (nemis) matematika maktabining soʻnggi yutuqlarini oʻzlashtirishga harakat qilgan. U bir necha yillik izlanishdan soʻng Geydelberg darajasidan ham yuqoriroq matematika maktabiga ehtiyoj sezdi va Berlinga yoʻl oldi. Berlinda matematik analiz va differensial tenglamalar borasida oʻz davrining eng kuchli matematigi boʻlgan Karl Veyershtrass faoliyat yuritardi. Biroq Berlinda Sofya oʻzi uchun kutilmagan gʻovga roʻpara keldi. Germaniya poytaxtidagi nufuzli ilmiy doiralarda ayollarning ilmiy izlanishda qatnashishi taʼqiqlangan boʻlib, qizlarga hatto tinglovchi sifatida darsda qatnashishi uchun ham ruxsat berilmagan. Bunday sharoitda biror ayol kishining qandaydir ilmiy darajaga erishishi haqida gap ham boʻlishi mumkin emasdi.
Bu davrda Berlin matematika olamida nomi yuqorida eslab oʻtilgan inson, atletik jismoniy xususiyat va ajoyib matematik mantiq egasi, oʻz davrining buyuk olimlaridan boʻlmish Karl Veyershtrass “hukmronlik qilgan”. Veyershtrass matematikaning deyarli barcha sohalarini mustaqil ravishda oʻzlashtirgan. Uning nihoyatda oʻtkir zehni bilan birgalikda oʻta tartibli boʻlgani, boshqalardan ham qatʼiy intizomni talab qiladigan va oʻzi ham hamma ishni aniq va puxta bajaradigan odam boʻlganini tarixchilar koʻp bora qayd qilgan. Berlinga yetib kelgan Sofya Kovalevskaya jinsga koʻra joriy etilgan taʼqiqdan tushkunlikka tushmasdan, oʻziga xos qatʼiyat bilan maqsadiga erishish uchun harakat qila boshlagan. U mavjud ilmiy tartiblarni aylanib oʻtib boʻlsa-da, oʻzi istagan olim Veyershtrassdan taʼlim olmoqchi edi. Shu maqsadda u Veyershtrass huzuriga kelib, basharti ayol kishi boʻlgani uchun darslarga qatnasha olmas ekan, unda olimdan uyda, xususiy tartibda dars berishni iltimos qildi.
Karl Veyershtrass ushbu koʻhlikkina, lekin nihoyatda jurʼatli rus qizining iltimosini birdaniga rad etishdan andisha qilib, unga bir nechta oʻta murakkab masalani berish orqali qutulmoqchi boʻldi. Veyershtrass “sinov uchun” deb bergan oʻsha masalalar aslida eng kuchli matematik mutaxassislar uchun ham qiyinlik qiladigan darajada boʻlib, olim Sofyani bu masalalarni yecha olmaydi deb ishongan. U Sofya qaytib kelmaydi yoki qaytib kelsa ham masalani toʻgʻri yecha olmaydi, deb oʻylagan. Biroq Sofya oʻziga berilgan murakkab masalalarni shunchaki yechib kelmasdan, balki Veyershtrassni ham hayratda qoldiradigan darajadagi ajoyib oʻtkir matematik usullar bilan taqdim etgan. U qoʻllagan usullarining ayrimlari hatto professor uchun ham yangilik boʻlgan. Veyershtrass oʻziga shogird tushmoqchi boʻlayotgan rus qiziga munosabatini bir zumdayoq oʻzgartirgan. U qarshisidagi ayolning aqliy salohiyati aslida juda ham balandligini sezib, Sofyaga istagancha xususiy dars oʻtishga rozilik bildirgan. Ustoz-shogird bir necha yillar davomida oʻta samarali ilmiy hamkorlik qilgan. Veyershtrass esa Sofyani shogird olgani oʻz ilmiy faoliyatidagi eng katta yutuqlaridan biri boʻlganini koʻp taʼkidlagan.
Bir necha yillik izlanishdan soʻng Sofya Kovalevskaya ustozi Karl Veyershtrass rahbarligida doktorlik dissertatsiyasini yozishga qaror qildi. Tabiiyki, u buning uchun differensial tenglamalar mavzusini tanlagan. U bir vaqtning oʻzida Yevropaning eng nufuzli ilmiy jurnallarida ajoyib va muhim ilmiy maqolalari bilan chiqish qilib borgan. Sofya Kovalevskayaning maqolalari faqat matematik mavzular bilan cheklanib qolmasdan, balki ilm-fanning boshqa sohalarini ham qamrab olar edi. Xususan, uning Saturn halqalariga oid maqolasi Yevropa ilmiy doiralarida katta qiziqishga sabab boʻlgan. Ushbu maqolani Sofya oʻzi mustaqil yozgan boʻlib, undan Veyershtrassning xabari boʻlmagan. Maqolaning nomi biroz vahimali tarzda “Laplasning Saturn halqasi shakli haqidagi tadqiqotlariga nisbatan qoʻshimcha va izohlar” (Zusatze und Bemerkungen zu Laplaceas Untersuchungen ber die Gestalt der Saturnringe) deb nomlangan. Muallif ushbu maqolada Saturn halqalarining shakli va tarkibi haqida soʻz yuritdi. Lekin Sofyaning mazkur maqolasida biron-bir mukammal ilmiy gʻoya mavjud boʻlmagan. Aksincha, maqola boshdan oxirigacha turli taxmin va gipotezalardan iborat boʻlgan. Albatta, bunda Sofya Kovalevskayani ayblash notoʻgʻri. Chunki olimlar u paytda Saturn halqalari haqida deyarli hech narsa bilmas va bu boradagi maʼlumotlar faqat taxmindan iborat edi.
Biz hozirda Saturn halqalari aslida yaxlit emasligi, milliardlab mayda-mayda muz va tosh boʻlaklaridan iborat tizim ekanini yaxshi bilamiz. Biroq tan olishimiz kerakki, Kovalevskayaning Saturn halqalari haqidagi maqolasi oʻz davri uchun nihoyatda katta shov-shuv keltirib chiqargan. Uning Krell jurnalida bosilib chiqishidan keyingi ovozasi, Sofyaning ilmiy doiralardagi obroʻsini mislsiz oshirib yuborgan. Olimaning bunday yutuqlarini eʼtirof etgan holda, matematika olamidagi eng nufuzli universitetlardan biri boʻlgan Gyottingen universiteti rahbariyati 1874-yilda Sofya Kovalevskayaga fan doktori darajasini berishga qaror qilgan. Hatto shunday yuksak ilmiy eʼtirof va beqiyos matematik taʼlim sohibasi — Sofya uchun ham jinsga koʻra joriy etilgan cheklovlar yechilmagan edi. U qanchalik yetuk matematik boʻlmasin, hech qaysi oʻquv yurtida dars bera olmas, xususiy muallimalik bilan ham shugʻullana olmas edi. Barchasining birdan bir sababi — uning ayol kishi ekanida. Garchi u matematika boʻyicha ayrim universitetlarning eng kuchli professor va akademiklaridan ham oʻzib ketgan boʻlsa-da, lekin hech bir ilmiy dargoh uni oʻz jamoasida koʻrishni istamagan. Hatto Karl Veyershtrassdek yirik olimning obroʻsi ham oʻzining eng yaxshi shogirdi uchun Germaniyadan ish topishga yordam bera olmagan.
Uzoq qidiruvdan hafsalasi pir boʻlgan Sofya vatani — Rossiyaga qaytishga qaror qildi. Biroq Rossiyada ham olimaning ishi yurishmagan. Uni milliy anʼanalarni pisand qilmaydigan, gʻarbparast ayol sifatida sovuq kutib olishgan. Sofya Rossiyadagi ijtimoiy muhitga koʻnika olmay juda qiynalgan. Bu paytda uning soxta nikohdagi “eri” Vladimir ham Rossiyaga qaytgan boʻlib, ular Sofyaning ota-onasidan qolgan meros hisobiga yangi biznes boshlamoqchi boʻlgan. Biroq oldi-sotdi masalasida uquvsizlik qilgan Vladimirning xatosi tufayli ular chuv tushgan. Katta boylikdan mosuvo boʻlgan Sofya, bundan qattiq tushkunlikka tushgan va bir muddatga ilmiy ishlarni butunlay yigʻishtirib qoʻyib, oʻzini adabiyotga bagʻishlagan. Bu orada soxta nikoh chinga aylanib, Vladimir va Sofya bir-birini rostdan ham yaxshi koʻrib qoldi. Meros va oldi-sotdi masalasidagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, ular shu paytgacha soxta boʻlib kelgan, yuzaki oilani endi haqiqatga aylantirgandi. Sofya va Vladimir allaqachon rasmiy qayd qilingan, biroq qasamga koʻra soxta boʻlib qolgan oiladan haqiqiy oilaga qadam qoʻyar ekan, endi bir-biriga tayanch boʻlib, ahil yashay boshlagan. 1878-yili ular oilasida qizaloq dunyoga keldi. Ular rus anʼanalariga koʻra, qiziga ham onasining ismi, yaʼni Sofya nomini bergan.
Vladimir Kovalevskiy bu orada Moskva universitetiga ishga kirib, paleontologiya fanidan dars bera boshladi. Lekin u bir muddat universitetda ishlagach, maoshga qanoat qilmagan shekilli, ishni tashlab, savdogarlikka oʻtib ketdi. Biroq savdo-sotiq Vladimirning ishi emas edi. U Sofyaning merosi boʻyicha bir marta yomon chuv tushganini esidan chiqarmagan boʻlsa ham, lekin toʻgʻri xulosa chiqarmagan koʻrinadi. Savdo va chayqovchilikning nozik farqini tushunib yetmagan Vladimir, olibsotarlik qilishni ham eplay olmagan. Bu safar ham chuv tushgan Vladimir Kovalevskiy deyarli hech vaqosiz qolib, qattiq ruhiy tushkunlikka tushib qoldi. Kunlarning birida uni oʻlik holda topishgan. Omadsiz savdogar oʻz joniga qasd qilgan edi. Ushbu dahshatli voqealardan larzaga tushgan Sofya, bir muddat nima qilishini bilmay qoldi. Vanihoyat, u yukini yigʻishtirib, yana Germaniyaga, Veyershtrass huzuriga qaytishga qaror qildi. U Berlin yoki boshqa biror nemis shahrida matematikadan oʻqituvchilik qilishni maqsad qilgan edi. Biroq uning bu safargi urinishi ham bekor ketib, olima hech qayerdan ish topa olmagan. Germaniyada dongʻi chiqqan olim, kimsan Veyershtrassning shogirdi, ilmiy darajasiga koʻra, fan doktori, matematik analiz va differensial tenglamalar sohasida eng yetuk mutaxassislardan biri — Sofya Kovalevskaya biror bir oʻrtamiyona institutda boʻlsa ham dars berish huquqidan mahrum edi. Juda gʻalati, toʻgʻrimi? Buning hammasiga faqatgina uning ayol kishi ekani sabab boʻlgan.
Sofyaning baxtiga oʻsha vaqt Shvetsiyada nisbatan erkin ilmiy muhit hukmron boʻlgan. Mamlakatning ilmiy dargohlarida dars berish uchun mutaxassisning jinsiga qarab emas, balki ilmiy va pedagogik salohiyatiga qarab tanlanar edi. Sofya ham Shvetsiyaga borib ishlashga qaror qildi. Baxtli tasodif tufayli u oʻsha paytda Shvetsiyaning birinchi raqamli matematigi boʻlgan yirik olim — Magnus Gyost Mittag-Leffler (1846–1927-yillar) bilan tanishib qoldi. Sofya ushbu yirik shved matematigi haqida avvaldan yaxshi bilar va uni juda qattiq hurmat qilardi. Mittag-Leffler Sofya Kovalevskayani Shvetsiyaga, Stokgolm universitetiga matematika oʻqituvchisi lavozimiga taklif qilgan edi. Bu Sofyaning ham koʻnglidagi orzusi boʻlib, olima oʻylab oʻtirmay rozi boʻlgan va Skandinaviya sari yoʻl olgan. Sofya Kovalevskaya Stokgolmda oʻzini topgan edi.
U ham matematikadan dars berar, ham mustaqil ilmiy izlanish olib borar, shuningdek, eski “tanishi” — adabiyot bilan ham shugʻullanishga vaqt ajratardi. Stokgolm universitetida atigi yarim yil ishlagach, Sofya Kovalevskaya ushbu universitetning matematika professori darajasiga koʻtarildi. U Shvetsiyada boshlangan yangi hayotida, oʻzining Veyershtrassdan keyingi ikkinchi ustozi, Magnus Mittag-Lefllerning singlisi — Anna Sharlotta-Leffler bilan juda yaqin dugonaga aylangan. Ularni oʻzaro qalin doʻst sifatida bogʻlab turuvchi asosiy omil — har ikkalasining adabiyotga boʻlgan kuchli qiziqishi va badiiy mahorati desak yanglishmaymiz. Ushbu ikki dugona hayotda doimo bir-birini qoʻllab-quvvatlab, badiiy ijodda ham oʻzaro toʻldiruvchi boʻlgan. Ular oʻrtasida gʻalati va qiziq bir kelishuv boʻlgan ekan. Dugonalardan qaysi biri birinchi boʻlib vafot etsa, hayotda qolgani marhumaning biografiyasini bayon qiluvchi kitob yozishi kerak boʻlgan. Taqdiri azal hukmi bilan birinchi boʻlib Sofya Kovalevskayaning ajali yetgan. Vaʼdaga muvofiq, Anna Sharlotta-Leffler dugonasi Sofya Kovalevskayaning hayotiga bagʻishlangan biografik asar yozgan.
1888-yilda Fransiya Fanlar Akademiyasi koʻmagi bilan Parijda Prix Bordin nomli nufuzli ilmiy tanlov va mukofot taʼsis etilgan. Ushbu mukofot nizomiga koʻra, talabgorlar ilmiy maqola taqdim etishi lozim boʻlgan. Gʻolibni esa kattagina pul mukofoti — 3 000 frank kutar edi. Sofyaning barcha yaqin doʻstlari uning ushbu tanlovda qatnashishiga ishonar edi. Sofyaning tanlov uchun taqdim etgan ilmiy ishi mavzusi qattiq jismning kuchli tortishish kuchi taʼsirida markaziy nuqta atrofida aylanishi haqida boʻlgan. Tanlovda tanish-bilishchilik va soxtakorlik oldini olish maqsadida maxsus qoida joriy etilgan. Yaʼni tanlov ishtirokchilari oʻz ilmiy ishini maxsus konvertda, ustiga mavzusi va muallif ism-familiyasini yozmagan holda, shunchaki tanlov manzilini koʻrsatgan tarzda taqdim etishi kerak boʻlgan. Shu tarzda hakamlar oʻzi tekshirayotgan va baholayotgan ilmiy ishning muallifi kim ekanini mutlaqo bilmagan. Ular faqat ishning mazmuni va dolzarbligini baholash imkoniga ega boʻlgan.
Taqdirlash marosimigacha ham mualliflarning ism-familiyasi oshkor qilinmagan. Faqat mualliflar oʻzi uchun biror shior tanlab, ilmiy ishlarining soʻngida oʻsha shiorni alohida yozib qoʻyishi zarur boʻlgan. Shu tariqa, tanlovning taqdirlash marosimida ilmiy ish muallifining ismi aytilmasdan, balki uning shiori oʻqib eshittirilgan. Sofya Kovalevskayaning shiori “Bilganingni ayt, qilishing kerak boʻlgan ishni qil va asling kabi boʻl!” koʻrinishida boʻlgan. 1888-yilgi tanlovda 15 nafar ishtirokchi mukofot uchun kurashgan. Gʻoliblikka loyiq koʻrilgan ilmiy ishning nomi uzundan uzoq va biroz qoʻrqinchli edi: “Qattiq jismning qoʻzgʻalmas nuqta atrofida aylanishi masalasida integrallashning giperelliptik integrallar yordamida bajariladigan xususiy holati haqida”. “Sezganingizdek, uning muallifi qahramonimiz Sofya Kovalevskaya boʻlib, gʻolib nomi eʼlon qilinganida, yigʻilganlarning koʻpchiligi hayratdan labini tishlab qolgan. Chunki hech kim kutmagan bir holatda, shunday nufuzli mukofot ayol kishiga nasib etgan edi. Sofyaning gʻolib boʻlgani haqidagi xabarni uning oʻzidan avval koʻplab doʻstlari eshitgan.
Shu tarzda Kovalevskayaning obroʻsi bir necha kun ichida butun Yevropada mashhur boʻlib ketgan. Ammo gʻolibning oʻzi bu haqida biroz kechroq, milod (har yilning 25-dekabr sanasida Isoning tugʻilgan kuni sharafiga nishonlanadigan bayram) tantanasi arafasida xabar topgan. Oʻshanda olima bolalarcha behad quvonib, ichiga sigʻmay ketgan edi. Axir ushbu tanlov gʻolibligi shunchaki katta pul mukofotigina emas, balki umumjahon eʼtirofiga sazovor boʻlish degani ham edi-da! Kovalevskaya oʻz ilmiy maqolasini shu darajada puxta tayyorlaganki, unda keltirilgan yechimlar, mavzu boʻyicha koʻtarilgan savollarni uzil-kesil yopgan. Yaʼni Kovalevskaya qoʻzgʻalmas nuqta atrofida aylanuvchi qattiq jism xossasining meʼyoriy holatiga javob beruvchi har qanday integral tenglamalarni yechish usullarini keltirib oʻtgan edi. Ilmiy ishning saviyasi va koʻtarilgan mavzuga nisbatan keltirilgan yechim koʻlamini inobatga olib, mukofot taʼsis hayʼati pul mukofoti miqdorini 5 000 frankkacha oshirishga qaror qilgan. Sofya Kovalevskayaning ushbu yutugʻidan behad xursand boʻlgan ustozi Karl Veyershtrass unga shunday yozgan edi: “Sizning muvaffaqiyatingiz meni, singillarim va bu yerdagi doʻstlaringizni qanchalik quvontirganini aytishga soʻz topolmayapman. Shaxsan men haqiqiy rozilik hissini tuydim. Hakamlar hayʼati toʻgʻri qarorga kelgan. Mening sodiq, ojiza shogirdim, endi boshqalarning soyasida yurmay, oʻz matematik siymosiga ega boʻldi!”.
Haqiqatan ham, Sofya Kovalevskaya ushbu nufuzli tanlov gʻolibi boʻlishi bilan oʻz nomini matematika fani zarvaraqlariga bitib qoʻydi. U, shubhasiz, XIX asr 2-yarmida yashagan eng kuchli ayol matematik boʻlgan. 1891-yilda qahramonimiz oʻzining uzoq qarindoshlaridan biri bilan oila qurmoqchi boʻldi. Ular birgalikda Fransiyada mehnat taʼtilini oʻtkazdi va kelajak uchun rejalar bilan oʻz shaharlariga qaytdi. Biroq Sofya Kovalevskaya Shvetsiyaga qaytishda, yoʻlda tumov boʻlib qoldi. Hali antibiotiklar va boshqa xil samarali darmondori mavjud boʻlmagan bu davrda, oddiy tumov ham odamlar uchun juda xatarli kasallik hisoblanar edi. Sofya Kovalevskayada tumov juda tez rivojlanib, pnevmoniyaga oʻtib ketgan. Ushbu kasallik tufayli endigina 41 yoshda boʻlgan, ilmiy faoliyatining choʻqqisiga chiqib borayotgan kuchli matematik olima — Sofya Kovalevskaya 1891-yilning 29-yanvarida Stokgolmda vafot etgan.
Kovalevskayaning vafoti munosabati bilan Rossiya Ichki ishlar vazirining bergan munosabati, nima uchun shunday yuksak ilmiy salohiyatli olima Rossiyani tashlab chiqib ketganini qisman izohlaydi deb oʻylaymiz. Zero, Ichki ishlar vaziri shunday yozgan: “Umuman olganda, tashvishlanishga hech qanday hojat yoʻq. Oxir-oqibat, bitta oddiy nigilistka oʻldi xolos”. Sofyadan kattagina ilmiy meros qolgan. U matematik analiz boʻyicha qator muhim ilmiy ishlar qilgan va bu orqali matematika fani rivoji uchun salmoqli hissa qoʻshgan. Xususan, Koshi-Kovalevskaya teoremasi uning nomi bilan atalgan. Ushbu teorema taʼrifi biroz murakkab boʻlib, uni ushbu hikoyada keltirib oʻtmaslikni joiz topdik. Shuni aytish lozimki, Koshi-Kovalevskaya teoremasida xususiy hosilali differensial va analitik funksiyalar qoʻllaniladi. Qisqasini aytganda, ushbu teoremani matematik mutaxassis boʻlmagan odamning tushunishi biroz mushkuldir. Mazkur teorema ilk bora 1880-yili Krell jurnalida eʼlon qilingan boʻlib, ushbu maqola “Xususiy hosilali differensial tenglamalar nazariyasi haqida” (Zur Theorie der Partiellen Differentialgleichung) deb nomlangan.
Kovalevskaya bu ilmiy ish uchun Prix Bordin tanloviga yoʻllagan ishidan ham koʻproq vaqt sarflagan. Maqoladagi muallifning nomi qanday koʻrsatilgani ham qiziq. Nimagadir aynan shu maqolada qahramonimiz Sofya fon Kovalevskaya deb qayd etilgan. Sofya Kovalevskayaning qiziqishi matematikaning oʻzi bilan chegaralanib qolmagan. Unga tegishli boʻlgan va hozirda matematiklar orasida aforizmga aylangan bir ibora mavjud: “Qalbingning tubida shoir boʻlmas ekansan, matematik ham boʻla olmaysan”. Aytish kerakki, Sofya Kovalevskaya uchun bu shunchaki balandparvoz jumla emas edi. Kovalevskayani oʻz davrida nafaqat yetuk matematik, balki taniqli adiba sifatida ham yaxshi bilishgan. U koʻpgina badiiy asarlar muallifi sanaladi. Kovalevskayaning “Bolalikni xotirlab” asari oʻz hayot yoʻlini tahlil qilish va begʻubor bolalik xotiralarini yoritish borasida ajoyib namuna asar boʻlgan desak xato boʻlmaydi. Kovalevskaya qalamiga mansub bir necha roman va qissalar Shvetsiyada anchagina mashhurlikka erishgan. Agar uning hayot yoʻli uzunroq boʻlganida, ehtimol biz Sofya Kovalevskaya timsolida XIX asr oxiri va XX asr boshining mashhur adibasini ham eslab oʻtgan boʻlardik.
Sofya Kovalevskayaning tanish va yaqinlari doirasi ham oʻz davrining ancha mashhur kishilari, asosan olimlardan iborat boʻlgan. Uning mashhur matematik Veyershtrassning shogirdi ekanidan tashqari, Mittag-Leffler, Ermit, Pikar, Puankare, Chebishyov singari olimlar bilan yaqin ilmiy hamkorlik yuritgani soʻzimizning isbotidir. Kovalevskaya, shuningdek, fransuz yozuvchisi — Jorj Elliot, Fyodor Dostoyevskiy, Ivan Turgenev singari rus adiblari hamda Vilgelm Bunzen, German Gelmgolts, Gustav Kirxgof kabi nemis olimlari bilan barqaror ilmiy munosabat oʻrnatgan. Olimaning kimyogarlar — Dmitriy Mendeleyev, Yuliya Lermontova, Alfred Nobel kabilar bilan munosabatida oʻsha davr kimyosining muhim masalalari muhokama qilindi. Bu esa Kovalevskayaning aniq fanlarning deyarli barcha sohalari bilan yaqindan tanish boʻlganidan darak beradi. Kovalevskayaning koʻp sonli doʻstlari, ayniqsa, u bilan ilmiy hamkorlik qilgan olimlarning aksariyati Sofya hayotda juda kamtar, lekin oʻta aqlli, didli ayol boʻlganini qayd etgan. Shuningdek, ularning barchasi Sofyaning juda goʻzal ayol boʻlganini yakdillik bilan taʼkidlagan. Kovalevskaya sharafiga astronomlar uning nomini Oydagi kraterlardan biriga bergan. Oʻylaymizki, Oy Yer atrofida aylanishda davom etar ekan, undagi Kovalevskaya nomli ushbu krater mashhur matematik olima xotirasini insoniyatga eslatib turadi.
Muqova suratlar: wikipedia.org / culture.ru