1
Ulashish
1128 marta koʻrilgan
1833–1896
Alfred Nobel
Alfred Bernxard Nobel ixtirochi va sanoatchi boʻlganiga qaramay, uning nomi boshqa sababga koʻra dunyoga mashhur. Sayyoramizdagi eng nufuzli, 100 yildan koʻproq vaqt davomida faoliyat yuritayotgan Nobel mukofoti uning nomi bilan chambarchas bogʻliqdir. Alfred taniqli shved sanoatchisi Emmanuel Nobel oilasida toʻrtinchi farzand edi. Bolaligida juda zaif salomatligi tufayli kasalliklardan boshi chiqmagan. Ehtimol, shuning uchun ham uning eng yaqin insoni onasi boʻlgan boʻlsa ajab emas. Alfred umri davomida onasidan ajralmaslikka harakat qilgan, qayerga bormasin, har kun unga xat yozishdan erinmagan.
1842-yilda Alfred 9 yoshga toʻlgan payt Nobelning oilasi Rossiyaga koʻchib oʻtadi. U yerda otasining savdo biznesi — bugʻ mashinalari ishlab chiqaruvchi kompaniyasi gullab-yashnaydi. Shuning uchun boʻlajak ixtirochining bolaligi Rossiyada oʻtgan. 1850-yilda otasi 17 yoshli Alfredni Germaniyaga oʻqishga yuboradi va Alfred u yerda bir nechta universitetlarda kimyo boʻyicha kursni tamomlaydi. Keyin Parijda oʻqishni davom ettirib, taʼlimni yakunlash uchun AQSHga joʻnaydi. AQSHda oʻz davrining paroxod dvigatellari boʻyicha yetakchi mutaxassisi boʻlgan mashhur ixtirochi Jon Eriksonning zavodida ishlaydi. U Sankt-Peterburgga qaytgach esa otasining kompaniyasida ishlay boshlaydi. Bu paytda Rossiya Qrim urushida (1853–1856-yillar) qatnashayotgani sabab kompaniya oʻq-dorilar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi.
Urush tugagach, Nobel kompaniyasi bugʻ mashinasi va paroxodlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishda davom etadi. Ammo kimyoga boʻlgan qiziqish Nobelni Stokgolmga qaytishga majbur qiladi. U shahar yaqinidagi mulkida joylashgan laboratoriyasida ilmiy tadqiqotlarni boshlab yuboradi. Nobel tajribalarining maqsadi — kuchli, ammo oʻta xavfli portlovchi nitroglitserinni takomillashtirish edi. 3 yillik uzluksiz tajribalar natijasida u nitroglitserinni fan va texnikaning turli sohalarida qoʻllash imkonini beruvchi 3 ta ixtiro yaratishga muvaffaq boʻladi. Birinchi ixtiro detonator — nitroglitserinning xavfsiz portlashiga imkon beruvchi qurilma edi. Detonatorning asosiy qismi simob birikmasi bilan toʻldirilgan kichik metall kapsuladan iborat boʻlib, u hali ham turli xil oʻq-dorilar va portlovchi zaryadlarda qoʻllanadi. Bundan tashqari, Nobel nitroglitserinni turli xil organik moddalar bilan birlashtirish natijasida yangi portlovchi modda — dinamit hosil qiladi va uni 1867-yilda patentlaydi. Soʻng Shvetsiya temir yoʻllari boshqarmasini tunnel qazishda dinamitni sinab koʻrishga koʻndiradi.
Tajriba shu qadar muvaffaqiyatli chiqadiki, dinamit ovozasi butun dunyo boʻylab tarqala boshlaydi. Bu ixtiro dunyoning 15 davlatida patentlanganidan soʻng dinamit yoʻl va yirik yerosti inshootlari qurishda keng qoʻllana boshlaydi. Yangi portlovchi qurilma Monblan (Gʻarbiy Alp togʻlaridagi togʻ massivi) ostida tunnel qurish, Dunay daryosi oʻzani va Nyu Yorkning Ist-river dengiz-kanalini tozalash kabi yirik loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. XIX asrning 70–80-yillariga kelib Nobel dinamit ishlab chiqarish uchun dunyoning turli mamlakatlarida, shu jumladan, Rossiyada ham sanoat korxonalari tarmogʻini yaratadi. Bu ulkan ish uning butun kuchini olib, ilmiy ishga koʻp ham vaqt ajrata olmay qoladi.
Nobel 1873-yilda kompaniyani boshqarish qulayroq boʻlgani uchun Gamburgdan Parijga koʻchib oʻtadi. Ilmiy izlanishlardan voz kechmaslik uchun oʻz uyida kichik laboratoriya tashkil etib, boʻsh vaqtini shu yerda oʻtkaza boshlaydi. Ammo 1880-yilning oxiri uning uchun ogʻir keladi: 1888-yilda akasi vafot etsa, 1889-yilda Nobel chin dildan yaxshi koʻrgan insoni bo‘lmish onasidan judo boʻladi. 1891-yilda u Parijni tark etib, Italiya qirgʻoqlarida joylashgan kichik San-Remo shaharchasiga joylashishga qaror qiladi. Alfred Nobel u yerda kichik kimyoviy laboratoriya quradi va imkoni boʻldi deguncha u yerga tashrif buyurib turadi. Nobel vasiyatnomasini 1895-yil 27-noyabrda tuzgan. Unga koʻra, barcha kapitali kimyo, fizika, tibbiyot va adabiyot sohasidagi ulkan yutuqlar uchun mukofot jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi. Bundan tashqari, Nobel mukofoti tinchlikni mustahkamlashda katta ishlarni amalga oshirgan siyosiy arboblarga ham beriladi.
Nobel 1896-yil 10-dekabrda San-Remodagi villasida miyaga qon quyilishi oqibatida vafot etgan. Oʻsha paytda gazetalardagi nekrologda shunday soʻzlar bitilgan: “Paradoks shundaki, u yolgʻizlikni xush koʻruvchi shaxs edi, shuning uchun uning butun dunyo boʻylab taralgan shon-shuhrati u intilgan tinchlikni topishga toʻsqinlik qildi”. 1900-yilda vasiyatiga koʻra, Nobel jamgʻarmasi tashkil etilib, har yili 10-dekabr kuni uning nomidan Stokgolm va Osloda ushbu nufuzli mukofotlarni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtadi. 1968-yilda mukofotlar soni koʻpaytirilib, iqtisodiyot sohasidagi yutuqlar uchun ham maxsus mukofot taʼsis etilgan.
Muqova suratlar: pro100-mica.livejournal.com / timenote.info