Orqaga

1193 marta koʻrilgan

1834–1907

Dmitriy Mendeleyev

Mendeleyev (haqiqiy ismi — Dmitriy Ivanovich Mendeleyev) jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk olimlardan biri. Odatda uni maktab kimyo xonasidagi sersoqol portreti hamda uning nomi bilan ataluvchi kimyoviy elementlar davriy jadvali orqali bilamiz. Ushbu maqolamizda esa mashhur kimyogarning hayotiga oid biz bilmagan va yana boshqa ochilmagan qirralari haqida fikr almashamiz.

Oilada 17-chi farzand. Dmitriy Mendeleyev Tobol shahri gimnaziyasining direktori lavozimida ishlagan — Ivan Pavlovich Mendeleyev oilasidagi 17-farzand boʻlgan. Oʻsha vaqtlarda bunchalik koʻp bolali oilaga ega boʻlish rus ziyolilari orasida nihoyatda kam uchragan. 17 ta farzand deganda ajablanib yoki hayratlanib qarashdan oldin Ivan Pavlovichning Dmitriydan oldingi nechta aka va opalari yashab ketganiga ham eʼtibor qaratish zarur. 17 ta farzanddan faqat 3 oʻgʻil va 5 qiz omon qolgan. Dmitriydan avvalgi 8 ta aka-opasi chaqaloqligidayoq vafot etgan, ulardan 3 tasi oʻlik tugʻilgan. Oilaning yana bir qiz farzandi — Masha esa 15 yoshida vafot etgan.

Aslida u Mendeleyev emas!

Hayron boʻlmang, haqiqatan ham Dmitriy Ivanovichning asl familiyasi Mendeleyev boʻlmagan. Bu hatto taxallus ham emas. Aksincha, Mendeleyev – Ivan Pavlovichning qoʻshnisining familiyasi! Gap shundaki, ular oilasining asl familiyasi Sokolov boʻlgan. Biroq Dmitriy Ivanovichning bobosi, yaʼni Pavel Maksimovich oʻzining xudojoʻyligi tufayli cherkov xizmatiga kirib, u yerda maʼlum martabaga erishgach, oʻsha zamon anʼanalariga koʻra, oʻz oʻgʻillariga boshqa familiyalar bergan. Xususan, katta oʻgʻli — Aleksandrga familiyani cherkov joylashgan qishloq nomini Tixomandritskiy deb oʻzgartirgan boʻlsa, Ivanga, yaʼni mashhur olimning otasiga, qishloqdagi qoʻshnilari — Mendeleyevlarning familiyasini bergan ekan. Ana shunaqa, hozir biz Mendeleyev emas, balki Sokolov davriy jadvali haqida gaplashayotgan boʻlishimiz mumkin edi.

Ikkichi va oltin medalchi

Dmitriy Mendeleyev gimnaziyada unchalik yaxshi oʻqimagan. U, ayniqsa, lotin tili va ilohiyot darslarini umuman xushlamagan. Peterburgdagi pedagogika institutidagi oʻqish chogʻida u yaxshi oʻzlashtirmagani uchun bir marta kursdan kursga ham qoldirilgan. U 1-kursda matematikadan tashqari, boshqa barcha fanlardan qoniqarsiz baho olgan ekan. U matematika imtihonini ham zoʻrgʻa 3 ga topshirgan. Biroq yuqori kurslarga oʻtib, boʻlajak olimning ishlari yurishib ketdi. U barcha fanlarni aʼloga oʻzlashtiradi. Mendeleyev 5 ball bilan institutni yakunlagan, faqat ilohiyot darslaridan 3 baho olgan. 1855-yilda Dmitriy Mendeleyev institutni oltin medal bilan yakunlaydi va Simferopol gimnaziyasiga katta oʻqituvchi qilib ishga tayinlanadi. Ammo bu orada boshlanib qolgan Qrim urushi tufayli Mendeleyev ish faoliyatini Odessadagi Rishyel litseyida davom ettirishga majbur boʻladi.

Chamadon yasash boʻyicha tan olingan mohir usta

Mendeleyevning asosiy ishidan tashqari, qoʻshimcha hunari yoki xobbisi — kitoblarni muqovalash, portretlar uchun ramkalar tayyorlash va chamadonlar yasash borasida yetuk usta boʻlganini koʻpchilik bilmasa kerak. U yasagan chamadonlar Moskva, Qozon, Peterburg va butun Sharqiy Yevropa bozorlarida xaridorgir boʻlib, oʻziga xos ogʻzaki brend — “Aynan Mendeleyevniki” nomi ostida savdogarlar orasida maʼlum va mashhur boʻlgan. Bundan tashqari, olim oʻz davri uchun gʻoyat mukammal va mustahkam sanalgan kley mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha ham dong taratgan. U oʻzining kley tayyorlash retseptini qattiq sir saqlagan.

Olim — aygʻoqchi

Dmitriy Ivanovich sanoat aygʻoqchiligi boʻyicha ham uncha-muncha ishlar qilgani ayrimlarga yangilik boʻlishi tabiiy. U 1890-yilda Chor Rossiyasi dengiz vazirligi buyurtmasiga koʻra, tutunsiz poroxni tayyorlash texnologiyasi boʻyicha Gʻarb davlatlari tomonidan sir tutiladigan maʼlumotlarni qoʻlga kiritish borasida ish olib borgan. Bunday poroxni chet eldan oltin evaziga sotib olish ruslarga juda qimmatga tushar edi. Hukumat buyurtmasini qabul qilgach, Mendeleyev Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya davlat kutubxonalari va statistika idoralaridan soʻnggi 10 yillik tegishli koʻmir va boshqa porox tayyorlashda qoʻllanuvchi tarkibiy ingrediyentlarning isteʼmol va sarf miqdori haqidagi hisobotlarni tekshirib chiqib, ular asosida tegishli proporsiyalarni keltirib chiqaradi. 1 haftalik izlanishlardan soʻng Chor hukumati dengiz floti uchun tutunsiz porox tayyorlash usulini ochib beradi.

Mendeleyev poroxini ruslar AQShdan sotib olgan. 1893-yilda xorijiy manbalar asosida Mendeleyev oʻzi qayta ochgan tutunsiz porox tayyorlash usuli boʻyicha ishlab chiqarishni sanoat miqyosida yoʻlga qoʻydi. Lekin ruslarning oʻzi ham bu bu borada oʻzidan ham ustasi farang nayrangchilar — amerikaliklar haqida unutib qoʻygan koʻrinadi. Chunki Mendeleyev usulidagi poroxni Chor hukumatidan avvalroq okean orti korchalonlari patentlashtirishga erishadi. Ular Mendeleyev poroxi ishlab chiqarish huquqini oʻziniki qilib oladi. Vaziyatga koʻra, Rossiya oʻz olimi nomi bilan ataluvchi poroxni Amerikadan sotib olishga majbur boʻlgan. Bu haqda AQShda hatto hajviyalar ham tarqalgan ekan.

Dvigatelli aerostat loyihasi

Dmitriy Mendeleyev Yer atmosferasining yuqori qatlamlari, xususan, stratosferani tadqiq qilish maqsadida, aeronavtik (aviatsion) ekspeditsiyalar uyushtirish borasida jiddiy takliflar bilan chiqqan edi. Jumladan, u aerostat (gaz bilan toʻldirilgan havo shari) uchun maxsus dvigatel oʻrnatib, boshqariladigan aerostat yasash loyihasini ishlab chiqqan. Biroq kimyogar olimga konstruksiyani yigʻish uchun mablagʻ ajratilmagan va loyiha qogʻozda qolib ketgan. Natijada stratosferaga aerostatda parvoz qilish boʻyicha “estafeta” ni nemislar olib ketadi. Stratosfera tomon birinchi boshqariladigan aerostat Germaniyaning Augusburg shahridan 1931-yilda uchiriladi. Stratosfera tomon qilingan ilk parvoz balandligi 11 km ni tashkil qilgan.

Neftni quvurlar orqali uzatish gʻoyasi

Biz davriy jadval muallifi sifatida taniydigan Dmitriy Mendeleyev, shuningdek, neftni tarmoqlangan quvurlar sistemasi orqali qazib olish joylaridan qayta ishlash korxonalariga uzatish gʻoyasining muallifi hamdir. Aynan Mendeleyev neftning kelib chiqishi organik kimyoga borib taqalishi va uni tarkibiy qismlarga parchalash orqali benzindan boshqa yana koʻplab foydali mahsulotlar olish mumkinligini taʼkidlagan. U neftning ikkilamchi qoldiqlarini shunchaki yoqib yuborishni jinoyat sifatida baholagan edi. U oʻz zamonasi neft magnatlariga neftni arava va meshlarda tashishdan koʻra sisterna va quvurlarda uzatish iqtisodiy va xavfsizlik nuqtayi nazaridan foydali ekanini aniq amaliy misol, matematik hisob-kitob bilan isbotlab bergan.

Nobel mukofotining 3 karra laureati

Dmitriy Mendeleyevning nomzodi jahondagi eng nufuzli ilmiy mukofot — Nobel mukofoti uchun 3 marta 1905, 1906 hamda 1907-yillarda ilgari surilgan. Biroq har safar mukofot uning raqobatchilariga topshirilgan.

Оʼzinikilar ichida begona, begonalar ichida oʻziniki

Kimyo dahosi — Mendeleyev oʻzining yuksak ilmiy salohiyati va beqiyos amaliy ishlari bilan tirikligidayoq butun dunyoda katta shuhrat qozongan. Chunonchi, u Yevropa va okean ortining yirik nufuzli ilmiy uyushma, akademiyalarining haqiqiy faxriy aʼzoligiga saylangan. Biroq shunday ajoyib olimni oʻz vatani fanlar akademiyasining aʼzoligiga qabul qilishmagani qiziq va taajjubli holat. Yana shunisi gʻalatiki, Mendeleyevning nomzodi Nobel mukofotiga tavsiya etilgan yillarda yashirin ovoz berish jarayonida aynan rus Fanlar akademiyasining oʻzi uning nomzodiga qarshi ovoz bergan.

Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalini tuzgan 1-olim emas!

Haqiqatan ham Dmitriy Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalini tuzgan ilk olim emas. U kimyoviy elementlar xossalarining davriyligi haqidagi gʻoyani ham birinchi boʻlib ilgari surgan emas. Mendeleyevning yutugʻi va fan oldidagi eng katta xizmati — kimyoviy elementlar xossalari davriyligi qonuniyatini aniqlagani va uning asosida oʻzigacha fanga maʼlum boʻlgan elementlarni jadvalga joylashtirib chiqqanligi. Olim xossalarning davriyligi asosida hali fanga nomaʼlum boʻlgan kimyoviy elementlar uchun bosh katakchalar qoldirib ketgan. Jadval davriyligi va oraliq boʻsh kataklarga toʻgʻri kelishi lozim boʻlgan fizik hamda kimyoviy xossalarga koʻra, hali ochilmagan kimyoviy elementlar haqida nazariy maʼlumotlarga ega boʻlish, ularni qanday qilib kashf qilish yoki sintez qilish mumkinligi haqida xulosa chiqarish imkoni paydo boʻlgan.

Mendeleyev jadvalining ilk tuzilishi / indicator.ru

Mendeleyev sharafiga nomlangan kimyoviy element

Mendeleyev sharafiga qoʻyilgan nomning muallifi uning oʻzi boʻlgan, kimyoviy elementlar davriy jadvalidagi 101-element — mendeleyeviy deb atalgan. Ajablanarlisi shundaki, ilk bora 1955-yilda sunʼiy ravishda olingan mazkur 101-element uchun rus kimyogari nomini ruslarning oʻzi yoki ularga qardosh millat olimlari emas, balki ularning okean ortidagi ashaddiy raqobatchilari — AQShning Kaliforniya shtati, Berkli universitetining Glen Siborg boshchiligidagi kimyogar olimlar guruhi taklif etgan. Sovuq urush ayni avjiga chiqqan zamonda ham ilm-fan fidoyilarining bunday tolerant va begʻaraz pozitsiya tutishi tahsinga sazovor holatdir.



Muqova suratlar: wikipedia.org / britannica.com