Orqaga
Rim qirollari haqida. Romul davrida Rim. Qirollar Numa Pompilius, Tullus Gostilliy, Ank Martsiy, Lutsiy Tarkviniy Prisk, Serviy Tulliy boshqaruvi.

957 marta koʻrilgan

m. a. 753–509

Rim qirollari

Romul

Suratda miloddan avvalgi 753-yilga doir Rim xaritasi tasvirlangan. Ushbu topografik xaritada yashil rang bilan pasttekisliklar, jigarrang bilan balandlik va togʻlar koʻrsatilgan. Tepaliklarning lotincha nomlari bosh harflarda yozilgan.

Afsonalarga koʻra, Rim xudosi Marsdan orttirilgan, bokira Vestal (xoʻjalik, uy, oila va nonvoylar maʼbudasi boʻlgan Vestaga ibodat qiluvchi ayol) Reya Silviyaning oʻgʻli boʻlmish afsonaviy Romul Rimning asoschisi va birinchi qiroli boʻlgan. U va uning egizak ukasi Rem Albalik qirol Amuliyni taxtdan agʻdarib, qirolning ukasi va ularning bobosi Numitorni taxtga qayta tiklab qoʻyganidan soʻng ular goʻdakligida tashlab ketilgan joyda shahar qurishga qaror qildi. Romul yuzaga kelgan mojaroda Remni oʻldirganidan soʻng Palatin tepaligida shahar qurishni boshladi. Romul ishni istehkomlarni mustahkamlashdan boshlagan. U barcha toifadagi, jumladan, qullar va ozod odamlarga ham hech ikkilanmasdan Rimga kelish va uning fuqarosi boʻlishga ruxsat bergan. U shaharning diniy, huquqiy va siyosiy institutlarini tashkil etishda jonbozlik koʻrsatgani haqida aytishadi. Romul fuqarolarni oʻz qirollarini aniqlash uchun kengashga chaqirganida, fuqarolar uni bir ovozdan qirol deb koʻtargan va shu tariqa qirollikka asos solingan.

Rim qirollari haqida. Romul davrida Rim. Qirollar Numa Pompilius, Tullus Gostilliy, Ank Martsiy, Lutsiy Tarkviniy Prisk, Serviy Tulliy boshqaruvi.

“Certosa di Pavia” —  medalyoni”. Lotin tilid bular Romul va Remus ekanligi yozilgan / wikipedia.org

Romul maslahat kengashi sifatida Senatni tashkil etdi va shahardagi 100 nafar eng oliyjanob erkaklarni senatorlar etib tayinladi. U bu odamlarni patres (pater soʻzidan olingan, ota, rahbar degan maʼnolarni anglatadi) deb atagan va ularning avlodlari esa patritsiylar nomini olgan. Buyruqlarni loyihalash va aholiga yetkazish uchun oʻziga xizmatchilar, xususan, 12 nafar liktorlarni tanlab oldi. U senturiylar deb nomlangan otliqlarning 3 ta boʻlinmasi (ekvitlar) ni shakllantirdi. Ushbu boʻlinmalar ramn (rimliklar), tit (Sabin qiroli nomi bilan atalgan) va lutser (etrusklar) qabilalaridan iborat boʻlgan. Romul, shuningdek, oʻzi va Tatiy oʻrtasidagi urushga barham berishda jonbozlik koʻrsatgan 30 nafar sabin qabilasi ayollari sharafiga Rim aholisini 30 ta kuriya (kuriya — bir nechta patritsiy urugʻlarining birlashmasi) ga ajratdi. Xalq majlislarida (Comitia Curiata) kuriyalardan ovoz berish boʻlinmalari tuzildi.

Qirollik davrida shahar hududining kengayishi

Romul Rim tarixidagi eng mashhur sharmandali harakatlardan biri — sabin ayollarini zoʻrlash deb nomlanuvchi voqea ortida turgan. Oʻz fuqarolarini turmush oʻrtoq bilan taʼminlash maqsadida Romul qoʻshni qabilalarni Rimdagi festivalga taklif qiladi. Bayram davomida esa rimliklar tashrif buyuruvchilar orasidan yosh ayollarni ommaviy ravishda oʻgʻirlab ketadi. Oʻgʻirlangan ayollar soni 30 dan 683 nafargacha deya hisob qilinadi. Bu aholisi 3 000 nafar boʻlgan shahar uchun (va, albatta, sabinlar uchun ham) anchagina katta raqamdir. Romul asirlarni qaytarishdan bosh tortgach, urush boshlandi. Sabin qabilasi Rimning tepalikda joylashgan aholi punktlariga bostirib kirish uchun 3 marta yurish qiladi, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Keyin ayollarning oʻzi urushni toʻxtatish uchun Kurtsiy koʻli yaqinidagi jangga aralashadi. Urushga chek qoʻyilgach, ikki xalq qoʻshma qirollik sifatida birlashdi. Hokimiyat Romul va sabinlar qiroli — Tit Tatiy oʻrtasida boʻlindi. Romul sabinlardan tashqari, fidenatlar (qadimgi Fidena shahri aholisi) va veyentalar (Veyi shahri aholisi) bilan ham urush olib borgan. U 37 yil hukmronlik qildi.

Afsonalarga koʻra, Romul 54 yoshida Mars maydonidagi oʻz qoʻshinlarini koʻzdan kechirayotgan vaqtida oʻz-oʻzidan gʻoyib boʻlgan. Aytishlaricha, u Olimp togʻiga boʻron sifatida koʻtarilgan va oʻsha yerda maʼbudga aylangan. Romulning gʻoyib boʻlishi jamiyat tomonidan qabul qilina boshlangan vaqtda, turli mish-mishlar tufayli patritsiylar nopok oʻyinlar qilgani haqida shubhalar kuchayib ketadi. Xususan, baʼzilar zodagon aʼyonlar uni oʻldirib, jasadini boʻlaklab, parchalarini oʻz yeriga koʻmib tashlagan, deb hisoblagan. Hurmatga sazovor zodagon xonadoni vakillaridan biri Romul uning tushiga kirgani va u Kvirin xudosiga (Kvirin dastlab sabinlarga tegishli boʻlib, Marsga oʻxshash urush maʼbudi hisoblanardi va keyinchalik Romulga tenglashtirilgan) aylangani haqida guvohlik berganidan soʻng bu kabi shubha va gumonlar chetga surildi. Ular Romulni Rimning 3 ta asosiy xudolaridan biriga aylanganiga ishongan va uni shaharning timsoli sifatida ulugʻlagan. Romul kulbasining nusxasi Rim imperiyasining oxiriga qadar Rim markazida saqlanib turgan.

Numa Pompilius

Numaning surati miloddan avvalgi 48-yilda zarb etilgan dinorda tasvirlangan. Romul vafot etganidan soʻng bir yil davomida oraliq qirollar hukmronlik qilgan. Bu vaqt davomida Senatdan saylangan oʻn kishi ketma-ket interreglar (vaqtinchalik qirollar) sifatida Rimni boshqardi. Nihoyat, Senat aholining bosimi ostida Romulning oʻrniga sabin qabilasiga mansub Numa Pompiliusni qirol sifatida tanladi. Numa adolatli va taqvodor boʻlgani uchun qirollik taxtiga munosib koʻrildi. Senatning tanlovi Kuriat majlisi tomonidan ham qabul qilindi.

Rim qirollari haqida. Romul davrida Rim. Qirollar Numa Pompilius, Tullus Gostilliy, Ank Martsiy, Lutsiy Tarkviniy Prisk, Serviy Tulliy boshqaruvi.

Numa Pompiliusning haykali / wikipedia.org

Numaning hukmronlik davri tinchlik va diniy islohotlar bilan ajralib turadi. U Yanus (ibtido va intiho maʼbudi) ga atab yangi ibodatxona qurdirdi va Rimning qoʻshnilari bilan tinchlik oʻrnatganidan soʻng tinchlik holatini saqlab qolish uchun ushbu ibodatxona eshiklarini yopib qoʻydi. Eshiklar Numa hukmronligining oxiriga qadar yopiqligicha qoldi. Bundan tashqari, u Rimda vestallar (Vestal ibodatxonasida muqaddas olovning oʻchib qolmasligiga bosh-qosh boʻluvchi bokira qizlar) kasbini joriy etdi.

Numa, shuningdek, Yupiter (osmon va chaqmoq xudosi), Mars (urush va qishloq xoʻjaligi xudosi) va Kvirin maʼbudlari uchun saliy va flaminlar (ruhoniylik) ga asos soldi. Bosh pontifik (oliy bosh ruhoniy) lavozimi va uning vazifalari ham Numa davrida belgilandi. Numa 43 yil hukmronlik qildi. U Rim kalendarini quyosh va qamariy yilga moslashtirib, yilga yanvar va fevral oylarini qoʻshdi. Shu orqali oylarning umumiy sonini 12 taga yetkazib, kalendarni isloh qildi.

Tullus Gostilliy

Tullus Gostilliy Romul kabi jangovar inson edi. Numadan butunlay farqli oʻlaroq, u xudolarni umuman hurmat qilmagan. Gostiliy Alba-Longa, Fiden, Veyi shaharlari hamda sabinlarga qarshi urush olib borgan. Tullus hukmronligi davrida Alba-Longa shahri butunlay vayron qilingan va shahar aholisi Rim aholisi bilan birlashtirilgan. U Senat uchun yangi bino — Kuriya Gostiliyani qurdirgan. Bu bino uning oʻlimidan keyin ham 562 yil davomida saqlanib turgan.

Rim qirollari haqida. Romul davrida Rim. Qirollar Numa Pompilius, Tullus Gostilliy, Ank Martsiy, Lutsiy Tarkviniy Prisk, Serviy Tulliy boshqaruvi.

Tullus Gostilliy, Rim shohlarining uchinchisi edi / wikipedia.org

Tarixchi Livining soʻzlariga koʻra, Tullus hukmronligining oxiriga kelib kasal boʻlib, irim-sirimlarga ishonishni boshlamagunga qadar xudolarga ibodat qilishga eʼtibor bermagan. Afsonalarga koʻra, Tullus Yupiterga murojaat qilib, yordam soʻraganida, Yupiter unga javoban chaqmoq yuborib, qirol va uning uyini kuydirib yuborgan. Uning hukmronligi 32 yil davom etgan.

Ank Martsiy

Ank Martsiyning suratlari miloddan avvalgi 57-yilga oid dinorlarda tasvirlangan. Tullusning sirli oʻlimidan keyin rimliklar uning oʻrniga tinchliksevar va dindor kishi boʻlmish Numaning nabirasi Ank Martsiyni qirol etib sayladi. Ank ham bobosiga oʻxshab, Rim chegaralarini kengaytirish uchun urush qilmadi va faqatgina Rim hududini himoya qilish uchungina jangga kirdi. U, shuningdek, Kapitoliy tepaligida Rimdagi birinchi qamoqxonani qurdi.

Rim qirollari haqida. Romul davrida Rim. Qirollar Numa Pompilius, Tullus Gostilliy, Ank Martsiy, Lutsiy Tarkviniy Prisk, Serviy Tulliy boshqaruvi.

Ank Martsiy / wikipedia.org

Ank gʻarbiy qirgʻoqdagi Yanikul tepaligini yanada mustahkamladi va Tiber daryosi ustida birinchi koʻprikni qurdi. U, shuningdek, Tirren dengizida Ostia Antika portiga asos soldi va Rimning birinchi tuz ishlab chiqarish inshootlarini hamda shaharning birinchi akveduki (ichimlik suvi oʻtkazgichi) ni qurishga musharraf boʻlgan. Ank davrida Rim kengayib bordi, chunki u urushdan koʻra diplomatiyadan foydalangan holda atrofdagi kichikroq shaharlarni tinch yoʻl bilan Rimga birlashtirishga erishgandi. Shu tariqa, Ank lotin aholisi yashaydigan yerlarni zabt etish ishlarini oxiriga yetkazdi va ularni Aventin tepaligi (Rimda qurilgan yetti tepalikdan biri) ga koʻchirdi. Oqibatda, rimliklarning plebeylar (oddiy xalq — Rimdagi erkin aholi tabaqalaridan biri) sinfi tashkil etildi. U 25 yil hukmronlik qilganidan soʻng bobosi kabi oʻz ajali bilan vafot etdi va shu bilan Rimning lotin-sabin qirollari davri oʻz nihoyasiga yetdi.

Lutsiy Tarkviniy Prisk

Lutsiy Tarkviniy Prisk Rimning beshinchi hamda kelib chiqishi etrusklardan boʻlgan birinchi qirol edi. Lutsiy Rimga koʻchib kelganidan soʻng Ankning iltifotiga sazovor boʻldi va keyinchalik Ank uni tutingan oʻgʻil sifatida tan oldi. U taxtga oʻtirgach, sabin va etrusklarga qarshi urushlar olib borib, Rim hududini ikki baravarga kengaytirdi va shaharga ulkan xazinalar olib keldi. Aholi oqimini nazorat qilish uchun Aventin va Selian tepaliklariga ham odamlar joylashtirildi.

Lutsiy ilgari surgan dastlabki islohotlardan biri ishgʻol qilingan etrusk qabilalaridan 100 nafar kishini Senat aʼzoligiga qoʻshishdan iborat boʻldi. Natijada senatorlar umumiy soni 200 nafarga yetdi. U istilolar natijasida orttirgan xazinani Rimda buyuk yodgorliklar qurish uchun sarflagan. Mana shunday ulkan qurilish namunalaridan biri Rimning yetti tepaligi orasidagi botqoqqa oʻxshash hududni quritish uchun foydalanilgan Katta Kloaka (Cloaca Maxima) — Rimning ulkan kanalizatsiya tizimi edi. Quritilgan yerning oʻrnida Rim forumi qurilishi boshlandi. U, shuningdek, Rim oʻyinlariga ham asos solgan.

Rim qirollari haqida. Romul davrida Rim. Qirollar Numa Pompilius, Tullus Gostilliy, Ank Martsiy, Lutsiy Tarkviniy Prisk, Serviy Tulliy boshqaruvi.

Lutsiy Tarkviniy Prisk miloddan avvalgi 616-yildan 579-yilgacha Rimning beshinchi qiroli boʻlgan / wikipedia.org

Prisk buyuk qurilish loyihalarini, jumladan, shaharning birinchi koʻprigi “Ustunli koʻprik” (Pons Sublicius) ni qurishni boshladi. U barpo etgan ulkan qurilish namunalaridan eng mashhuri Ulkan Sirk (Circus Maximus) qurilishi edi. Ushbu maydon arava poygalari uchun katta stadion sifatida barpo etilgan. Sirk qurilishi tugallanganidan soʻng u Kapitoliy tepaligida Yupiter xudosi uchun ibodatxona qalʼasini qurishni boshlab yubordi. Biroq Prisk hali ibodatxona bitmay turib, Ank Martsiyning oʻgʻli tomonidan oʻldirilgan. Prisk 38 yil hukmronlik qilgan. Uning hukmronligi davrida Rimning harbiy va fuqarolik idoralarining ramzlari taʼsis etildi va Rim gʻalabasini nishonlash uchun triumf (muzaffar sarkardaning qoʻshin bilan poytaxtga tantanali kirib kelish marosimi) oʻtkazila boshlandi. Aynan Prisk triumf oʻtkazgan birinchi rimlik qirol sifatida esda qolgan.

Serviy Tulliy

Keyingi qirollik davrida oʻrnatilgan shahar chegaralariga taxminan mos keladigan Toʻrt Tuman shahri xaritasi. Koʻpchilik shaharning bu tariqa boʻlinishini odatda Serviy Tulliyga tegishli deb biladi. Bu qarash notoʻgʻri boʻlishi ham mumkin. Xaritada Rimning yettita tepaliklari yashil rangda lotincha nomlar bilan koʻrsatilgan.

Qirol Priskning oʻrniga taxtga uning kuyovi, Rimning etrusklardan saylangan ikkinchi qiroli Serviy Tulliy oʻtirdi. U qulning oʻgʻli boʻlgan. Serviy ham qaynotasi singari etrusklarga qarshi muvaffaqiyatli ravishda urushlar olib bordi. U qoʻlga kiritilgan oʻljalarni shaharga olib kelib, Rimning yetti tepaligi atrofi boʻylab birinchi mudofaa devori — pomeriyni qurdirdi. Shuningdek, Serviy armiyani ham qayta tashkil qildi.

Rim qirollari haqida. Romul davrida Rim. Qirollar Numa Pompilius, Tullus Gostilliy, Ank Martsiy, Lutsiy Tarkviniy Prisk, Serviy Tulliy boshqaruvi.

Serviy Tulliy qadimgi Rimning oltinchi afsonaviy shohi va etrusklar sulolasining ikkinchi qiroli edi / wikipedia.org

Serviy Tulliyning yangi konstitutsiya tuzishi natijasida fuqarolarning tabaqalarga boʻlinishi yanada rivojlandi. U, xususan, Rimda aholini beshta iqtisodiy sinflarga boʻlishga xizmat qilgan ilk aholini roʻyxatga olish ishlarini oʻtkazdi va Senturiat majlisini shakllantirdi. Aholini roʻyxatga olishdan foydalangan holda rasmiylar ularni joylashuviga koʻra 4 ta shahar qabilasiga tasnifladi va shu tariqa qabila majlislari yaratildi. U, shuningdek, Aventin tepaligida Diana ibodatxonasining qurilishini ham boshqargan.

Serviyning islohotlari Rim hayotida katta oʻzgarishlarni amalga oshirdi. Ijtimoiy-iqtisodiy holatga asoslangan ovoz berish huquqi, albatta, elita (oliy, imtiyozli) qatlamga qoʻl keldi. Biroq vaqt oʻtishi bilan Serviy plebeylardan, koʻpincha patritsiylardan foydalanish orqali yordam olish maqsadida kambagʻallarga koʻproq eʼtibor bera boshladi. Serviy 44 yil davomida hukmronlik qilgan va qizi Tulliya hamda uning eri Lutsiy Tarkviniy Dimogʻdor tomonidan fitna natijasida oʻldirilgan.

Lutsiy Tarkviniy Dimogʻdor

Rimning yettinchi va oxirgi qiroli Lutsiy Tarkviniy Dimogʻdor boʻldi. U Priskning oʻgʻli va oʻzi xotini bilan birgalikda oʻldirgan qirol Serviyning kuyovi edi. Tarkviniy Rimning qoʻshnilariga, jumladan, volsk, gabiy va rutullarga qarshi bir qator urushlar olib bordi. U, shuningdek, Rimning Lotin shaharlari yetakchisi sifatidagi mavqeyini koʻtarishga harakat qildi. Tarkviniy, xususan, bir qator jamoat ishlari bilan ham shugʻullangan. U Yupiter Optimus Maksimus ibodatxonasining qurilishini tamomlash asnosida Katta Kloaka hamda Ulkan Sirk barpo etilishini nazorat qilgan. Biroq Tarkviniy oʻz hukmronligi davrida Rimni zoʻravonlik va qoʻrqitish usullari bilan nazorat qilishga harakat qildi hamda Rim odatlari va Senatiga nisbatan hurmatsizlik qilgan qirol sifatida esda qoldi.

Qirolning oʻgʻli Sekst Tarkviniy Rim zodagonlaridan birining qizi, birining xotini boʻlmish Lukretsiyani zoʻrlaganidan keyin shaharda keskinlik avjiga chiqdi. Lukretsiya oʻz qarindoshlariga unga qanday zoʻravonlik ishlatilgani haqida gapirib berdi va sharmandalikdan qutulish uchun oʻz joniga qasd qildi. Lutsiy Yuniy Brut boshchiligidagi toʻrt kishi, jumladan, Lutsiy Tarkviniy Kollatin, Publiy Valeriy Poplikola va Spuriy Lukretisiy Tritsipitinlar qirolga qarshi inqilobni boshlab berdi va miloddan avvalgi 509-yilda Serviy Tarkviniy va uning oilasi Rimdan badargʻa qilindi. Tarkviniyga nisbatan nafrat shu qadar yuqori boʻlganki, “qirol”, “reks” soʻzlari Rim imperiyasining qulashiga qadar lotin tilida salbiy maʼno anglatgan.

Rim qirollari haqida. Romul davrida Rim. Qirollar Numa Pompilius, Tullus Gostilliy, Ank Martsiy, Lutsiy Tarkviniy Prisk, Serviy Tulliy boshqaruvi.

Lutsiy Tarkviniy Dimogʻdor Rimning ettinchi qiroli boʻlib, 535-yildan miloddan avvalgi 509-yilda Rim qoʻzgʻolonigacha hukmronlik qilgan / wikipedia.org

Lutsiy Yuniy Brut va Lutsiy Tarkviniy Kollatin Rimning birinchi konsullari boʻldi va shu tariqa Rim respublikasining ibtidosiga asos solindi. Bu yangi hukumat keyingi 500 yil davomida Yuliy Sezar va Avgustning yuksaladigan davriga qadar omon qoldi va Rim hokimiyati hamda qudrati Yevropa, Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyoning keng hududlariga tarqalgan davrni oʻz ichiga oldi. Tarkviniy 25 yil hukmronlik qilgan edi.

Monarxiyadan keyingi davlat idoralari

Kapitoliy muzeylaridagi qadimgi Rim davriga mansub byust Kapitoliydagi Brut deb ataladi va u anʼanaviy ravishda Lutsiy Yuniy Brutning tasviri sifatida tanilgan. Rimda qirollar vakolatlarini almashtirish uchun konsul unvoni bilan yangi idora tashkil etildi. Dastlab ikki kishidan iborat boʻlgan ushbu konsullar bir yil muddatga saylangan va bir-birining qaroriga veto qoʻyish (biror farmon yoki qarorni kuchga kirishiga yoʻl qoʻymaslik) huquqiga ega boʻlgan hamda ular qirolning barcha vakolatidan foydalangan.

Keyinchalik konsullarning imkoniyatlari boshqa magistratlar (oʻz majburiyatlari doirasida farmon chiqarish va jarima solish huquqiga ega boʻlgan amaldorlar) ham boshqaruvga jalb etilgach yanada mayda tarmoqlarga taqsimlandi. Magistratlar qirol dastlabki vakolatining kichik bir qismiga ega boʻlgan. Mana shunday yangi lavozimlardan birinchisi pretor boʻlib, u konsullardan sudyalik qilish vakolatini olib tashlagan. Keyinchalik konsullarni aholini roʻyxatga olish vakolatidan mahrum qila oladigan senzor lavozimi taʼsis etildi. Rimliklar diktatura gʻoyasini ishlab chiqdi.

Diktator Rim imperiyasidagi fuqarolik va harbiy masalalarda toʻliq hokimiyatga ega boʻladigan shaxs hisoblangan. U diktator sifatida oʻz harakatiga qonuniy javobgar boʻlmagani uchun ham uning huquqi mutlaq edi. Biroq diktatorning kuchi shu darajada katta ediki, qadimgi rimliklar uni davlat tepasiga chiqarishga ikkilanib qolgan. Diktator tanlashni faqat oʻta ogʻir favqulodda vaziyatlar davrida amalga oshirishga qaror qilgan. Garchi bu qirolning qiladigan ishlariga oʻxshab ketsa-da, Rim diktatorlarining xizmat vazifasi koʻpi bilan faqat olti oydan iborat boʻlgan. Hozirgi zamonga xos diktator zulmkor boʻlgan, degan tushunchadan farqli oʻlaroq, Rim diktatorlari yakka shaxsdan iborat boʻlgan boshqaruv samaraliroq boʻlgan notinch davrlarda, odatda, konsullar safidan tanlab olinib, erkin ravishda saylangan.

Qirolning diniy vakolatlari ikkita yangi idora vakillariga berildi. Ulardan biri Muqaddas qirol (Rex Sacrorum) va ikkinchisi bosh kohin vazifasini bajaruvchi Buyuk ruhoniy (Pontifex Maximus) edi. Muqaddas qirol respublikada de-yure (huquqiy jihatdan) oliy diniy mansabdor shaxs boʻlgan. Uning yagona vazifasi Yupiter maʼbudiga har yili qilinadigan qurbonlikni amalga oshirish edi. Ilgari bu imtiyoz qirolning ixtiyorida boʻlgan. Biroq Buyuk ruhoniy de-fakto (amalda) eng yuqori lavozimdagi diniy amaldor boʻlib, qirollik diniy hokimiyatining katta qismini oʻz qoʻlida jamlagan. U Vestal ibodatxonasining barcha bokira xizmatchi, flamen, pontifiklarni va hatto Muqaddas qirolning oʻzini ham tayinlash huquqiga ega edi. Miloddan avvalgi I asrning boshlariga kelib Muqaddas qirolning borligi butunlay unutildi va Buyuk ruhoniy Rim dini ustidan deyarli toʻliq hokimiyatni oʻrnatdi.



Muqova suratlar: freepik.com / pexels.com