Orqaga
Italiyadagi Ravenna shahri tarixi, cherkovlari, qadimgi me'moriy yodgorliklari haqida San-Vitale cherkovi, Galla Plastida va Teodorix maqbarasi qachon qurilgan?

545 marta koʻrilgan

V asr

Ravenna shahri tarixi va cherkovlari

Ravenna — Italiya shimoli-sharqi, Emiliya-Romanya mintaqasidagi shahar. Shahar Adriatika dengizidan 10 km ichkarida, Ronko va Montone daryolarining qoʻshilish joyi yaqinidagi pasttekislikda joylashgan boʻlib, kanal orqali dengiz bilan bogʻlangan.

Ravenna miloddan avvalgi V asrda Gʻarbiy Rim imperiyasining, keyinroq (VI–VIII asrlar) Ostgot va Vizantiya Italiyasining poytaxti sifatida muhim tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan. Qadimda Adriatika dengizi qirgʻoq boʻyidagi laguna¹larda joylashgan Ravennaga yaqinroq boʻlib, keyinchalik botqoqqa aylangan. Ravennaning eng qadimgi tub aholisi, ehtimol, miloddan avvalgi 1400-yillarda Akvileyadan (Italiyadagi shahar) janubga koʻchib oʻtgan italik xalqlari² edi. Afsonaga koʻra, uni avval etrusklar³, keyinroq gallar⁴ egallagan. Miloddan avvalgi 191-yilda u Rim nazorati ostiga oʻtadi va Italiyaning shimoli-sharqiy sohilidagi bir nechta yaxshi dengiz portlariga ega boʻlgani uchun tez orada muhim ahamiyat kasb eta boshlaydi.

Rim imperatori Avgust shahardan 5 km uzoqlikda joylashgan Klasse portini qurdiradi va miloddan avvalgi I asrga kelib, Ravenna Rim dengiz flotining Adriatika dengizidagi bazasiga aylandi. Gʻarbiy Rim imperatori Gonoriy milodiy 402-yilda varvarlar bosqini xavfi tufayli oʻz saroyini Rimdan Ravennaga koʻchirishga majbur boʻladi. Ravenna Gʻarbiy Rim imperiyasi 476-yilda parchalanib ketgunga qadar poytaxt vazifasini bajargan. Shu sababdan ham Ravenna ajoyib yodgorliklar bilan bezatilgan.

476-yilga kelib, Gʻarbiy Rim imperiyasi qulagach, u Italiyaning birinchi varvar hukmdori Odoakerning (hukmronlik yillari 476–493) poytaxtiga aylanadi. Keyinchalik 493-yilda Odoaker uni Ostgot qiroli Teodorixga (hukmronligi 493–526-yillar) boy beradi. Teodorix Ravennani Ostgot qirolligining poytaxtiga aylantiradi, lekin 540-yilga kelib, Ravennani buyuk Vizantiya generali Velizariy egallab oladi va keyinchalik imperator ekzarxatiga⁵ aylantiradi. Ravenna ekzarxatining poytaxti sifatida Italiya shaharidagi Vizantiya hukumatining maʼmuriy markazi edi. 726-yildan keyin qoʻzgʻolon va bosqinlar natijasida ekzarxat boʻlinib ketdi. Taxminan 751-yilda Ravennaning oʻzi lombardlar qoʻliga oʻtdi. Ular oʻz navbatida uni 754-yilda Pipin Pakana davrida franklarga berdi. U 757-yilda Ravennani papaga berdi, ammo mahalliy arxiyepiskoplar deyarli knyazlik hokimiyatini saqlab qolgan edi.

Ravennaning XII asr oʻrtalarida mustaqillik uchun olib borgan qisqa muddatli saʼy-harakatlaridan keyin XIV va XV asr boshlarida Romanya viloyatining zodagon xonadoni — Polenta oilasining hukmronligi boshlanadi. 1441-yilda Venetsiya Ravenna ustidan bevosita hukmronligini oʻrnatadi, ammo 1509-yilda shahar Papa davlatlari⁸ tasarrufiga qaytarildi. 1512-yilga kelib esa, Ravenna jangidan soʻng shahar fransuzlar tomonidan bosib olindi. Biroq tez orada qayta qoʻlga kiritildi. Shundan soʻng u orada kichik uzilishlar bilan papa hokimiyatiga boʻysundi. Keyinchalik 1859-yilda Ravenna Sardiniya qirolligi bilan birlashganini eʼlon qildi va bu birlashuv 1861-yilga kelib Italiya qirolligiga aylandi. Hozirda Ravenna qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarish sanoatiga ixtisoslashgan shahardir.

Uning asosiy korxonalari neft va tabiiy gazni qayta ishlash, oʻgʻit va sintetik rezina ishlab chiqarish, moy olinadigan urugʻlarni (kungaboqar, yeryongʻoq kabi) qayta ishlashni oʻz ichiga oladi. Ravennada qadimgi Rim inshootlari yoki Rim floti joylashgan qadimiy Klasse portidan hech narsa saqlanib qolmagan. Ravennaning shuhrati undagi V–VIII asrlarga oid xristian yodgorliklarining sifati va miqdoriga asoslanadi.

250 yil davomida Gʻarbiy Rim imperiyasining poytaxti va Sharqiy (Vizantiya) imperiyaning asosiy kirish porti sifatida Ravenna oʻz sanʼati va meʼmorchiligida Rim meʼmorchiligi shakllarining Vizantiya mozaikalari⁹ va boshqa bezaklari bilan uygʻunligini aks ettiradi.

Ravennaning eng qadimgi va hozir ham mavjud boʻlgan yodgorliklaridan biri — milodiy V asrda imperator Gonoriyning singlisi Galla Platsidiya tomonidan qurilgan Galla Platsidiya maqbarasidir. Uning qurilish uslubi Gʻarbga xos, ammo ravoqning (arka) yarim silindr shakli va markaziy gumbazga ega lotincha xoch koʻrinishidagi joylashuvi sharq uslubini eslatadi. Maqbara ichki qismining butun ustki yuzasi moviy fondagi mozaika bilan bezatilgan. Ostrogotlarning arian¹⁰ qiroli Teodorix hukmronligi davridagi yodgorliklardan eng ajoyibi uning maqbarasidir. Ushbu ikki qavatli inshoot diametri 11 m boʻlgan bir qavatli ohaktosh gumbaz bilan qoplangan. Sant-Apollinare-Nuovo katta cherkovi ham Teodorix tomonidan qurdirilgan. U dastlab arianlarning bosh cherkovi edi, lekin 570-yilda katolik cherkoviga aylantirilgan.

Italiyadagi Ravenna shahri tarixi, cherkovlari, qadimgi me'moriy yodgorliklari haqida San-Vitale cherkovi, Galla Plastida va Teodorix maqbarasi qachon qurilgan?

Sant-Apollinare-Nuovo — Italiya madaniy merosining bir qismi boʻlgan yodgorlikning fotosurati / wikipedia.org

Bu cherkovda Masihning taʼlimot, moʻjizalari, vafoti va tirilishi tasvirlangan ajoyib mozaikalar mavjud. Bular mavjud boʻlgan eng qadimiy lavhalar boʻlib, odamlarda katta ilmiy qiziqish uygʻotadi. Shuningdek, cherkovda erkak va ayol avliyolarning saf tortib yurishi tasvirlangan nafis mozaikalar ham mavjud.

Italiyadagi Ravenna shahri tarixi, cherkovlari, qadimgi me'moriy yodgorliklari haqida San-Vitale cherkovi, Galla Plastida va Teodorix maqbarasi qachon qurilgan?

Avliyolarning mozaikasi / wikipedia.org

Ravennadagi Vizantiya sanʼati durdonasi boʻlgan San-Vitale cherkovi imperator Yustinian davrida qurib bitkazildi. Cherkov yepiskop Ekklesiy tomonidan ostgot qirolichasi Amalasunta (535-yilda vafot etgan) davrida qurila boshlangan va 547-yilda bitkazilgan.

Italiyadagi Ravenna shahri tarixi, cherkovlari, qadimgi me'moriy yodgorliklari haqida San-Vitale cherkovi, Galla Plastida va Teodorix maqbarasi qachon qurilgan?

San-Vitale cherkovi, Revenna, Italiya / wikipedia.org

Marmardan qurilgan va baland terrakota gumbazi bilan qoplangan bu sakkizburchakli cherkov Gʻarbiy Yevropadagi Vizantiya meʼmorchiligining eng yaxshi namunalaridan biridir. Cherkov peshtoqidagi mashhur mozaikalar Konstantinopoldagi shunga oʻxshash ishlardan kuchli taʼsirlanish natijasida yaratilgan. Ularda Eski va Yangi ahd qahramonlari, shuningdek, zamonaviy Vizantiya hukmdor va katolik ruhoniylari tasvirlangan.

Gumbazning ichki qismi, 18-asr oxiridagi barokko freskalari bilan bezatilgan / wikipedia.org

Ravennaning saqlanib qolgan boshqa yodgorliklari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

1. Klassedagi Sant-Apollinare katta cherkovi — 535-yilda tashkil topgan va 549-yilda muqaddaslashtirilgan boʻlib, u oʻziga xos yumaloq qoʻngʻiroq minorasiga (870–878) ega. Bu minora Italiyada majolikadan¹¹ dekorativ maqsadlarda foydalanishning eng qadimgi namunasidir.

Klassedagi Sant-Apollinare katta cherkovi. Apsis mozaikalar bilan bezatilgan / wikipedia.org

2.Yana bir yodgorlik esa Avliyo Frensis cherkovi (San-Fransisko) boʻlib, unda italyan shoiri Dante Aligyerining qabri joylashgan qoʻshimcha kichik bino bor.

Italiyadagi Ravenna shahri tarixi, cherkovlari, qadimgi me'moriy yodgorliklari haqida San-Vitale cherkovi, Galla Plastida va Teodorix maqbarasi qachon qurilgan?

Avliyo Frensis cherkovi (San-Fransisko) / wikipedia.org

3. Evangelist¹² Ioann cherkovi (San Giovanni Evangelista) Ikkinchi jahon urushida deyarli vayron boʻlgan va undan keyin jiddiy ravishda qayta tiklangan.

4. Ravennadagi eng qadimgi bosh cherkov esa 370–390-yillarda qurilgan, ammo 1733-yilda vayron qilingan va darhol qayta qurilgan. Cherkovga tutash sakkiz burchakli choʻqintirish¹³ xonasi joylashgan boʻlib, unda V asrga oid nozik Vizantiya mozaikalari mavjud.

San-Vitale cherkovining monastirlarida¹⁴ joylashgan Ravenna milliy qadimiy sanʼat muzeyida klassik va ilk nasroniylik davriga oid tarixiy ashyolar, jumladan, oʻyib yozilgan noma, oʻyma naqsh, kulolchilik buyumi, fil suyagi, boshqa haykal va qadimiy tosh tobutlarning muhim toʻplami mavjud. 1069-yildan keyin qurilgan Porto Fuori shahridagi (Ravennada joylashgan) Santa Mariya cherkovi Ikkinchi jahon urushida vayron boʻlgunga qadar, Yevropa oʻrta asrlarida Ravennada saqlanib qolgan, yagona muhim bino boʻlgan. Venetsiya hukmronligi davridan esa turli xil saroy va Rocca Brancaleona qalʼasi saqlanib qolgan.


[1] Sohil lagunalari — quruqlik va dengiz oʻrtasidagi oʻtish zonalari. Ular okeandan toʻsiq bilan ajratilgan sayoz ichki suv havzalaridir.
[2] Italik yoki italik xalqi — Italiyaning qadimgi aholisi yoki baʼzan chuqurroq maʼnoda, faqat bitta lotin oilasining tillarida gaplashadigan aholiga ishora qiladi.
[3] Etrusklar — miloddan avvalgi VIII–V asrlarda Italiyaning Etruriya hududida yashagan qadimgi xalq.
[4] Gallar — temir davri va Rim davrida markaziy-gʻarbiy Yevropada yashagan kelt xalqlari guruhi.
[5] Ekzarxat — uzoq viloyat gubernatori tomonidan boshqariladigan Vizantiya viloyati.
[6] Anklav — butunlay yoki asosan boshqa davlat hududi bilan oʻralgan hudud. Masalan, San-Marino Italiyaning anklavidir.
[7] Arxiyepiskop — viloyatdagi yepiskop va oʻz yeparxiyasi ustidan hokimiyatga ega yepiskop. U xristian cherkovidagi yepiskopning eng yuqori darajasi hisoblanadi.
[8] Papa davlatlari — rasmiy ravishda cherkov davlati. U 756-yildan 1870-yilgacha papaning toʻgʻridan toʻgʻri mustaqil hukmronligi ostida Italiya yarimorolidagi bir qator hududlar edi.
[9] Mozaika — rangli shisha, tosh yoki boshqa materiallarning kichik qismlarini yigʻish bilan tasvir yaratish sanʼati.
[10] Arian — Arianizmga ishonuvchi odam. Arianizm esa Iso Masih ilohiyligini inkor etuvchi xristian bidʼatidir.
[11] Majolika — sopoldan tayyorlangan, obyektni shaffof boʻlmagan oq sir bilan qoplash orqali tayyorlanadigan kulolchilik turi.
[12] Evangelist (Matfey, Mark, Luke, Ioann) — Injildagi gospelni yozgan toʻrt yozuvchidan biri.
[13] Choʻqintirish — nasroniylikni qabul qilish marosimi.
[14] Monastir — rohibalarning yashash va ish joyi joylashgan bino yoki binolar majmuasi.


Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org