Orqaga
Quddus qamali. Quddusning qamal qilinishi.

731 marta koʻrilgan

I asr

Quddusning Rim imperiyasi tomonidan qamal qilinishi

Quddus qamali (milodiy 70), yahudiylarning birinchi qoʻzgʻoloni paytida Rim tomonidan Quddusga qilingan harbiy blokada. Quddus shahrining qulashi yahudiylar koʻtargan qoʻzgʻolonga qarshi uyushtirilgan toʻrt yillik harbiy yurishning samarali tarzda yakun topganini isbotladi. Rimliklar shaharning katta qismini, jumladan, Ikkinchi maʼbadni (ibodatxona) ham vayron qildi. Qamal haqidagi maʼlumotlarning aksariyati yahudiy tarixchisi Flaviy Iosifning izohlaridan olingan.

Vaziyat

Miloddan avvalgi 63-yilda Rim sarkardasi Pompey Quddusni egallab oldi. Rim imperiyasi mintaqani mahalliy vassal-qirollar orqali boshqargan va bu yerda erkin diniy amaliyotlarga ruxsat bergan. Baʼzida yakkaxudolik diniga eʼtiqod qiluvchilar bilan koʻpxudolikka oid diniy qarashlarga ega boʻlganlar orasidagi ziddiyat yahudiy va yahudiy boʻlmaganlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlarga sabab boʻlgan. Mana shunday toʻqnashuvlar, zulmkor soliqqa tortish tizimi va omma tomonidan istalmagan imperializm birgalikda milodiy 66-yilda yuz bergan birinchi yahudiy qoʻzgʻoloniga olib kelgan. Qoʻzgʻolonchilar dastlab maʼlum muvaffaqiyatlarga erishgan. Yahudiy qoʻshinlari rimliklarni Quddusdan tezda quvib chiqaradi va inqilobiy hukumat tuzilib, uning taʼsiri atrofdagi hududlarga qadar kengayadi. Bunday boʻysunmaslikka javoban, Rim imperatori Neron general Vespasianni yahudiy qoʻshinlariga qarshi kurashish uchun yubordi. Vespasian imperator deb eʼlon qilingan milodiy 69-yilda isyonchilarning katta qismi Quddusda jamlangan edi.

Milodiy 70-yilning aprel oyida, taxminan Pasxa bayrami vaqtida, Rim sarkardasi Tit Quddusni qamal qiladi. Titning qamali Pasxa bayrami vaqtiga toʻgʻri kelib qolganligi sababli rimliklar Quddusni ziyorat qilgani kelganlarga shaharga kirishga ruxsat berdi, lekin qaytib shahardan chiqarmadi. Bu esa Quddusdagi oziq-ovqat va suv zaxiralarini strategik jihatdan tugashiga xizmat qildi. Shahar mudofaa devorlari ortida Rimga qarshi boʻlgan harbiy zelotlar partiyasi ajrab chiqqan boshqa yahudiy firqalari bilan oʻzaro kurashdi. Bunday ichki ziddiyat Rimga boʻlgan qarshilikni yanada zaiflashtirdi.

Yahudiy millatiga mansub Iosif dastlab isyonchilarga qoʻmondonlik qilgan boʻlsa-da, keyinchalik Rim tomoniga oʻtib ketdi. Bu odam rimliklar bilan kelishuvga erishmoqchi boʻldi, ammo imperiya tomon unga ishonmaganligi va isyonchilardan nafratlanganligi sababli muzokaralarga boʻlgan harakat hech qanday natija bermadi. Rimliklar shaharga kirayotgan taʼminot zanjirini butunlay uzish va shu bilan yahudiylarni ochlikdan oʻlib ketishlari uchun vaziyat yaratish maqsadida shaharni devor bilan oʻrab oldi.

Quddus qamali. Quddusning qamal qilinishi.

Quddusni vayron qilinishi, rassom Devid Roberts,1850-yil / wikipedia.org

Gʻarbiy devor

Milodiy 70-yilning avgust oyiga kelib, rimliklar soʻngi mudofaa chizigʻini buzib oʻtdi va qolgan aholining koʻp qismini qirib yubordi. Qoʻshin, shuningdek, Ikkinchi maʼbadni ham vayron qildi. Ikkinchi maʼbadning yagona saqlanib qolgan qismi hisoblangan Gʻarbiy devor hozirda ibodat qilinadigan joy va ziyoratgoh boʻlib qolmoqda. Yahudiylar maʼbadning ikkinchi marta qoʻldan ketishiga haligacha Tisha BʼAv roʻza tutish marosimi vaqtida motam tutadi. Rim shahrida esa zafarli gʻalaba va Quddusning qulashini nishonlash uchun Titga atab peshtoq qurilgan.



Manba: britannica.com
Muqova suratlar: wikipedia.org / wikipedia.org