Orqaga

347 marta koʻrilgan

37–68

Neron

Imperator Neron (haqiqiy ismi — Klavdiy Druz Germanik Sezar Neron) yashagan va hukmronlik qilgan vaqtdan beri taxminan 2 000 yil oʻtgan, garchi u haqda tarixiy hujjat va badiiy adabiyotda juda koʻp maʼlumotlar mavjud boʻlsa-da, bu odam aslida qanday boʻlgani haqida hali ham yakdil fikr mavjud emas. Qizigʻi shundaki, bizgacha yetib kelgan maʼlumotlarning barchasi bir-birini inkor qiladi. Misol uchun, Rim tarixchilari Tatsit, Svetoniy va Kassiy Dion uni har qanday vahshiylikka qodir boʻlgan zolim imperator deb bilsa, xalq nazarida u butunlay boshqacha shaxs edi: uni sevishgan va hatto ilohiylashtirishganki, uning oʻlimidan soʻng birin-ketin oʻzini qayta tirilgan imperator Neron deb eʼlon qilgan 3 nafar firibgar paydo boʻlgan.

Ishonchli maʼlumotlarga koʻra, Neronning onasi imperator Germanikaning qizi Agrippina kichik, otasi esa Domitsiy Agenobarb boʻlgan. Neron tugʻilganida Lutsiy Domitsiy Agenobarb ismini olgan. 50-yilda imperator Klavdiy Lutsiyning onasiga uylanib, Lutsiyni asrab olgach, Neron Klavdiy Druz Germanik Sezar deb atala boshlaydi. Imperator boʻlgach esa Klavdiy Druz Sezar Avgust Germanik deb atalgan. Keyingi voqealarning rivojlanishi onasi Agrippinaning ulugʻvor rejalarga toʻla ssenariysi boʻyicha davom etadi. Pretorianlar (imperatorning shaxsiy gvardiyasi) yordamida va Agrippinaning bevosita rahbarligida Klavdiy zaharlangach, Neron imperator boʻladi va uning hokimiyati senat tomonidan ham tan olinadi. Biroq uning davrida saroy fitnalari toʻxtash oʻrniga, aksincha, kuchayadi. Bir tomondan unga tarbiyachisi Seneka taʼsir oʻtkazsa, boshqa tomondan pretorianlar boshligʻi prefekt Burrning bosimi ostida edi.

Ozod qilingan Gallasga tayangan malika Agrippina ham ulardan qolishmas edi. Bu davrda Neron Avgust (birinchi Rim imperatori) anʼanalariga muvofiq boshqaruvda Klavdiy siyosatiga amal qiladi. Yangi imperator butun kuchini senatning nufuzini oshirish va hukumatda tartib oʻrnatishga qaratadi. U soliq yigʻishning yangi tizimini ishlab chiqishni buyuradi va tez orada butun moliyaviy tizim oʻzgartiriladi. Koloniya hukmdorlarining xatti-harakatlari ustidan ham qattiq nazorat oʻrnatilib, ularning aholisi maʼlum majburiyatlardan ozod qilinib, koloniyalar soni ortib boradi. Neron hukmronligi davrida Britaniyadagi xavf bartaraf etiladi va Armaniston hamda Pireneyada Rim taʼsiri tiklanishiga erishiladi. Ammo uning oʻrta va kichik yer egalari bilan munosabati unchalik muvaffaqiyatli boʻlmaydi, shuningdek, yer soligʻi tizimi va meros soligʻini ishlab chiqish rejasi ham amalga oshmaydi.

Shunga qaramay, Neron faoliyatining boshlanishini eng muvaffaqiyatli davr deb hisoblash mumkin, chunki u pretorianlar boshligʻi Burr vafotidan keyin davlatni boshqarishdan deyarli uzoqlashadi. Oila ichidagi nizo voqealarning keyingi rivojlanishiga alohida taʼsir koʻrsata boshlaydi — hamma oʻz raqibidan tezroq qutulishga urinadi. Tarbiyachi Seneka imperator Neronni 53-yilda uylangan rafiqasi Oktaviya (imperator Klavdiyning qizi) dan sovutishga erishmoqchi boʻladi, alalxusus, maqsadiga erishadi ham. Oktaviya avval surgunga joʻnatiladi, keyin esa Neronning buyrugʻi bilan oʻldiriladi. Shundan soʻng Neronning xatti-harakatlarida mantiq yoʻqoladi. U oʻzining sevimli ayoli Akteyani boʻlajak imperator Ottoning rafiqasi, shuhratparast, goʻzal Poppea Sabinaga almashtiradi. Keyin esa “barcha onalarning eng yaxshisi” deb bilgan oʻz onasi Agrippinani oʻldirishga qaror qiladi. Bunga qadar ham Agrippinani choʻktirish va zaharlashga harakat qilishgan edi. Onasidan qutulgach, shubhalardan soqit boʻlish uchun Neron onasining qotilini ham qatl qiladi. Soʻng Agrippinaning boshqa oʻgʻli — oʻgay ukasi Britannikni oʻlimga buyuradi.

62-yilda gvardiya boshligʻi etib Sofoniy Tigellinning tayinlanishi bilan despotik tuzum davri kuchayadi. Endilikda Neronning asosiy maqsadi oʻz shaxsiyatini yuksaltirishdan iborat boʻlib qoladi. Avvaliga “oliy hazratlarini haqorat qilganlar” ni taʼqib qilish qayta tiklanadi, bu taʼqiblar koʻpincha boy rimliklarga qarshi qaratilgan boʻlib, maqsad — ularning mol-mulkini musodara qilish boʻlgan. Buning ortidan ibodatxonalarning boyliklarini musodara qilish, poraxoʻrlik va talonchilik boshlanadi, askarlarning maoshi kechiktiriladi va Neron bu mablagʻlarning barchasini oʻzining fantastik va qimmatbaho gʻoyalarini amalga oshirish uchun sarflaydi. U dengizni Rimgacha choʻzib, “Oltin uy” ning tasavvur qilib boʻlmaydigan arxitekturasini qurishni rejalashtiradi. Bundan tashqari, Neronda yangi sevimli mashgʻulot — aktyorlikda oʻzini sinab koʻrish gʻoyasi paydo boʻladi. Tarixchi Svetoniyning hikoya qilishicha, u har bir spektaklga puxta tayyorgarlik koʻrar va har safar yangi aktyor kabi hayajonlanardi. Ammo imperatorning sanʼatga boʻlgan muhabbati tez orada aktrisalarga boʻlgan muhabbat bilan almashadi. Rim tarixchilari qoldirgan maʼlumotlardan imperatorning buzuq va jilovsiz maishatlari, oʻz asarlarini oʻqib, atrofidagilarni tom maʼnoda charchatib yuborganini bilib olish mumkin. Bundan tashqari, 66–67-yillarda Neron Yunoniston boʻylab badiiy gastrol uyushtiradi. Zamondoshlari buni sharmandalik deb biladi, chunki imperator tomoshabinlardan uning isteʼdodiga qoyil qolish va oʻzini beqiyos aktyor sifatida hurmat qilishni talab qiladi. Bu esa imperatorga nisbatan umumiy norozilikni yanada kuchaytiradi.

Ammo Neronni endi hech narsa toʻxtata olmasdi. U asrlar davomida uni koʻklarga koʻtarishlari, bu shahardagi hamma narsa uning nomi bilan bogʻliq boʻlishi uchun Rimni qayta qurishga qaror qiladi va buning uchun shaharni yoqib yuborishni buyuradi. Shu tarzda 64-yilning yozida Rimda katta yongʻin sodir boʻladi, natijada 14 tumandan 10 tasi yonib bitadi. Yongʻin tufayli shaharda tartibsizliklar boshlangach, Neron odatdagidek bunda boshqalarni ayblaydi. Birinchi navbatda ayblov yahudiy va nasroniylar chekiga tushadi. Tarixda ilk marta nasroniylar jinoyatda ayblanib, koʻpchiligi qatl etiladi. Imperatorning bunday xatti-harakatlari, albatta, norozilikning yangi toʻlqiniga sabab boʻladi. Hukmdorga endilikda zodagonlar qarshi chiqa boshlaydi, ular orasida senatorlar ham kam emas edi. 65-yilda Nizon boshchiligidagi senatorlarning “ellinistik boshqaruv” ga qarshi qaratilgan fitnasi fosh boʻlgach, imperator fitnachilarni ayovsiz jazolaydi va gʻazabini yaqinlariga socha boshlaydi.

Umri poyoniga yetganini sezgan Neronning tarbiyachisi faylasuf Seneka va uning jiyani hamda Rim adabiyotida Virgiliydan keyin epik janrning eng koʻzga koʻringan vakili, yozuvchi va davlat arbobi Petroniy ham oʻz joniga qasd qilishga majbur boʻladi. Ammo imperator Neronning ham sanoqli kunlari qolgan edi. Bu orada Rim koloniyalarida tartibsizliklar boshlanib ketadi: Galliyada Gay Yuliy Vindeks, Ispaniyada esa Galba boshchiligida qoʻzgʻolon koʻtariladi. Ularning gʻalayoni Rimning koʻtarilishiga sabab boʻladi: bir vaqtlar unga sodiq boʻlgan pretorian gvardiyasi va senat ham Neronga qarshi chiqadi va 68-yilda imperatorning oʻz joniga qasd qilishdan boshqa chorasi qolmaydi. Shunday qilib, imperator Neron tarixda murakkab, gʻayrioddiy shaxs sifatida qoldi: kimdir uchun u zolim, boshqalar uchun shoir, qoʻshiqchi va ajoyib notiq edi. Kimdir esa uni Rimga oʻt qoʻygani uchun eslab qoldi.



Muqova surat: dzen.ru