7
Ulashish
922 marta koʻrilgan
XVI asr
Muzqaymoqning paydo boʻlishi va tarixi
Issiq yoz fasli va haddan tashqari jazirama havo toʻlqinlari har doim odamlarni qandaydir najot topishga, oʻzini sovitish yoʻllarini izlashga undardi. Ushbu istak koʻplab innovatsion texnik qurilma va anʼanalar yaratilishiga imkon berdi. Lekin bularning faqatgina bittasi bizning tasavvur hamda istaklarimizni mujassam etgan holda har kimga quyoshli ob-havoda maroqli vaqt oʻtkazish, avval hech qachon boʻlmaganidek salqinlab olish imkoniyatini berdi. Bu muzqaymoqning yaratilishi haqida hikoya.
Muzqaymoqning paydo boʻlishi va tarixi
Muzqaymoqning kelib chiqishi miloddan avvalgi II asrga borib taqaladi, ammo uning kashf etilish sanasi va ixtirochisi haqida aniq dalillar keltirilmagan. Bizning bilganimiz shuki, Iskandar Zulqarnayn asal va nektar bilan taʼm berilgan qor hamda muzni yeyishdan zavqlangan. Injil kitobidagi havolalar, shuningdek, shoh Sulaymon hosil yigʻim-terim paytida muz solingan ichimliklarni yaxshi koʻrganini koʻrsatadi. Rim imperiyasi davrida imperator Neron Klavdiy Sezar (milodiy 54–86-yillar) yugurdaklarini tez-tez togʻlarga qor olib kelish uchun yuborgan va keyin esa olib kelingan qorlarga meva, sharbatlar yordamida taʼm berilgan.
Ming yildan oshiqroq vaqt oʻtgach, Marko Polo Uzoq Sharqdan Italiyaga hozirda “sherbet” deb ataladigan narsaga juda oʻxshash retsept bilan qaytib keldi. Tarixchilar bu retseptdagi narsa XVI asrda muzqaymoqqa aylangan deb hisoblaydi. Angliya esa muzqaymoqni aynan oʻsha davrlarda, ehtimol, Italiyadan ham avvalroq kashf etganga oʻxshaydi. U “Qaymoqli muz” deb atalib, XVII asrda Charlz I (Angliya qiroli 1600–1649) stoliga muntazam ravishda tortilardi. Xuddi shunday muzlatilgan shirinliklarni 1553-yilda italiyalik Yekaterina Medichi Fransiya qiroli Genrix IIʼga turmushga chiqqach fransiyaliklarga tanishtirdi. Muzqaymoqlar 1660-yillardan keyingina keng ommaga taqdim etila boshlandi. Sitsiliyalik Prokopio Fransiyaning poytaxti Parij shahridagi ilk kafe boʻlmish Café Procopeʼda sut, qaymoq, sariyogʻ va tuxumni aralashtirib muzqaymoq tayyorlash retseptini taqdim etdi.
Amerika uchun muzqaymoq
Yangi dunyoda (Amerika) muzqaymoqning birinchi rasmiy hisobi 1744-yilda Merilend gubernatori Uilyam Bladenning mehmoni tomonidan yozilgan maktubdan kelib chiqqan. Ushbu mamlakatda muzqaymoqning ilk reklamasi 1777-yil 12-may kuni New-York Gazetteʼda chop etilgan, oʻshanda qandolatchi Filipp Lenzi “muzqaymoq deyarli har kuni bor” deb eʼlon qilgan. Nyu York shahridagi Chatham koʻchasida istiqomat qiluvchi savdogar tomonidan saqlangan yozma hisobotlar shuni koʻrsatadiki, prezident Jorj Vashington 1790-yilning yozida muzqaymoq uchun taxminan 200 dollar pul sarflagan. Vashington oʻlimidan soʻng olingan Vernon togʻi (Jorj Vashingtonning mulki)ning roʻyxatga olingan barcha buyumlari orasida “qalaydan yasalgan ikkita muzqaymoq idishi” ham boʻlgan. Aytishlaricha, prezident Tomas Jeffersonning tansiqlik jihatidan hozirgi kunda Alyaska shtatida tayyorlanadigan muzqaymoqqa oʻxshash, tayyorlanish jarayoni 18 bosqichdan iborat boʻlgan sevimli retsepti mavjud boʻlgan ekan. Dolli Madison (AQShning toʻrtinchi prezidenti Jeyms Madisonning rafiqasi) 1813-yilda Oq uyda Prezident Madisonning ikkinchi inauguratsion (rasmiy nutq soʻzlash) ziyofatida ajoyib qulupnayli muzqaymoq torttirdi.
Muzqaymoq 1800-yilgacha kamdan kam uchraydigan va asosan zodagonlar tomonidan mazza qilib yeyiladigan ekzotik shirinlik boʻlgan. Taxminan 1800-yillarda himoyalangan muz uylar ixtiro qilindi. Tez orada muzqaymoq ishlab chiqarish Amerikada sanoatga aylandi, uni 1851-yilda Jeykob Fussel ismli baltimorlik sut sotuvchisi boshlab bergan. Amerikaning boshqa sanoat tarmoqlari kabi muzqaymoq ishlab chiqarish ham texnologik innovatsiyalar, jumladan, bugʻ quvvati, mexanik sovitkich, gomogenizator (sutga qayta ishlov beruvchi jihoz), elektr quvvati va dvigatellar, qadoqlovchi mashina va yangi muzlatish jarayonlari va uskunalari tufayli oshdi. Bundan tashqari, motorlashtirilgan yetkazib beruvchi transport vositalari sanoatni tubdan oʻzgartirdi. Davom etayotgan texnologik yutuqlar tufayli bugungi kunda Amerika Qoʻshma Shtatlarida muzlatilgan sut mahsulotlarining umumiy yillik ishlab chiqarilish qiymati 6,4 milliard funt sterlingdan oshadi.
Muzqaymoqning XIX asr oxirlarida keng tarqalishi yangi ixtirolar yaratilishiga olib keldi. 1874-yilda Amerika soda favvoralari (ichimlik tarqatadigan qurilma) doʻkoni va muzqaymoqli soda ixtirosi bilan birga “gazli suv sotuvchisi” kasbi paydo boʻldi. Yakshanba kunlari odamlar “gunohkorlarcha” sodaga boy muzqaymoqlar isteʼmoli uchun diniy tanqidga uchragach, muzqaymoq sotuvchilari bunga javoban muzqaymoq tarkibidan gazli suvni olib tashladi va 1890-yillarning oxirlarida Sunday muzqaymogʻi yaratildi. Oxir-oqibat shanba (shabbat kuni deb atalib, yahudiylarning diniy dam olish kuni hisoblanadi) kuni bilan bogʻliqlikni yoʻqotish maqsadida muzqaymoqning nomi “Sundae” (yongʻoqli muzqaymoq) ga oʻzgartirildi.
Muzqaymoq Ikkinchi jahon urushi paytida ruhiy holatdan qutulish timsoliga aylandi. Har bir harbiy boʻlinma oʻz qoʻshinlariga muzqaymoq berishda boshqalardan ustun turishga harakat qildi. Tinch okeanining gʻarbiy qismida 1945-yilda dengizchilar uchun birinchi “suzuvchi” maxsus muzqaymoq doʻkoni qurilgan. Urush tugab, sut mahsulotlarining ratsioni bekor qilingan paytda Amerika gʻalabasini muzqaymoq bilan nishonladi. Amerikaliklar 1946-yilda kishi boshiga 20 kvarta (kvarta — 1 litr atrofidagi suyuqlik oʻlchov birligi)dan ortiq muzqaymoq isteʼmol qilgan.
AQShda 1940–70-yillarda muzqaymoq ishlab chiqarish nisbatan barqaror holatda edi. Supermarketlar orqali koʻplab avvaldan qadoqlangan muzqaymoqlar sotila boshlagach, anʼanaviy muzqaymoq doʻkonlari va gazlangan suv favvoralari yoʻqola boshladi. Endi muzqaymoq sotadigan maxsus doʻkon va muzqaymoqli taomlar taqdim etiladigan noyob restoranlar mashhurlikka erishdi. Ushbu doʻkon va restoranlar oʻtmishdagi muzqaymoq doʻkonlari, gazlangan suv favvoralarini eslaydigan odamlar, shuningdek, muzqaymoq ishqibozlarining yangi avlodlari orasida mashhur.
Muzqaymoq haqida qiziqarli faktlar
- Bitta muzqaymoq konusini 50 marta yalash bilan tugatish mumkin.
- Qoʻshma Shtatlar dunyo boʻylab eng katta muzqaymoq ishlab chiqaruvchi va isteʼmol qiluvchi davlatdir.
- Amerikadagi xoʻjaliklarning 90 foizi muzqaymoq isteʼmol qiladi.
- Muzqaymoqning eng mashhur turlariga sorbet (boshqa muzqaymoqlardan farqli ravishda hech qanday sut mahsuloti qoʻshmasdan faqatgina meva pyuresi va shakarni muzlatish orqali tayyorlanadi), neopolitan (baʼzan Harlequin muzqaymogʻi deb atalib, bitta idishda yonma-yon joylashtirilgan uch xil vanilin, shokolod va qulupnay taʼmlardan tashkil topgan odatda ularning orasi ajratilmagan boʻladi), jelato (Italyan muzqaymogʻi boʻlib, qaymoq va tuxumlar qoʻshmasdan, faqat sutning oʻzidan tayyorlanadi), choʻpcha (choʻpli muzqaymoq) va konus (konussimon vafliga solinadigan muzqaymoq) kiradi.
- 12 gallon (45,4 litr) sutdan atigi 1 gallon (3,8 litr) muzqaymoq ishlab chiqariladi.
Manba: idfa.org
Muqova surat: unsplash.com