8
Ulashish
982 marta koʻrilgan
1756–1791
Motsart
Zalsburglik violonchel cholgʻuchisi Leopold Motsart farzandlari — Mariya Anna va Volfgang Amadeyning musiqiy iqtidorga egaligini tushungach, ularga musiqadan saboq bera boshlaydi. Uning hatto oʻzi ham oʻgʻli iqtidoridan hayratga tushardi. Volfgang 5 yosh boʻlganidayoq kuy yarata olar, skripka va klavesin chalishda yoshi katta musiqachilarni ham dogʻda qoldirardi.
1762-yilda Leopold bolalarini Myunxenga, keyin Venaga olib boradi. 1 yil ichida ular butun Germaniya, shuningdek, Fransiya va Angliyani kezib chiqadi. Yosh musiqachining konsertlari bir necha soatlab davom etardi, lekin u charchoq nimaligini bilmas, musiqa u uchun tuganmas quvonch manbai edi. Parijda u klavir va skripka uchun yaratgan 6 ta sonet, Londonda esa 3 ta simfoniya va bir necha cholgʻuli pyesalari nashr qilinadi.
1768-yilda 12 yoshli bastakor oʻzining ilk operasi — “Tasavvurdagi choʻpon qiz” ni bastalaydi. Bu asar qoʻshiqchilar hayratiga sazovor boʻladi. Ammo asarning Vena opera saroyidagi taqdimoti omadsizlikka uchraydi. Yosh dahoga hasad qilgan mahalliy musiqachilar unga xalaqit beradi. Tez orada Motsart yana bir komik opera — “Bastyen va Bastyena” ni yaratadi.
1770-yilda Motsart Italiyaga yoʻl oladi va yangi operasi “Pont qiroli — Mitridat” hamda boshqa operalarining tantanali taqdimotini oʻtkazadi. Lekin yosh Motsart hammada ham hayrat tuygʻusini uygʻotavermasdi. Koʻplab musiqachilar unga hasad qilar va ishonmasdi. Masalan, Bolonya shahrida mahalliy musiqachilar Motsartga fuga yaratish vazifasini berib, imtihon qiladi. Odatda bunga bir necha soat ketardi. Motsart esa buni yarim soatda uddalaydi. Shundan soʻng yosh bastakor Bolonya musiqa akademiyasi aʼzoligiga qabul qilinadi.
Fransiya va Italiya boʻylab muvaffaqiyatli safardan keyin u Zalsburgga qaytadi. Otasi xizmat qilgan, arxiyepiskop orkestrida kapelmeyster (orkestr boshqaruvchisi) boʻlib ishlay boshlaydi. Lekin Motsart u yerga koʻnikolmaydi. Boshqa musiqachilar unga hasad qilardi. Despotik (yaʼni oʻzgalar xohish-istagini inobatga olmaydigan, avtokratik shaxs) arxiyepiskop esa uning magʻrur tabiati bilan kelisholmaydi. Shunga qaramay, Motsart tinmay ishlaydi va aynan Zalsburgda simfonik musiqaning yetuk, mustaqil mohiriga aylanadi. Nihoyat xizmatchi boʻlib yurish uning joniga tegadi. Motsart isteʼfoga chiqadi.
1771-yilda Venaga ketib, oʻz ijodi bilan tirikchilik qila boshlaydi. U yerda koʻplab kuy bastalab, konsertlar beradi. Avstriya operasi shakllanishi aynan uning ismi bilan bogʻliq. Motsartgacha Avstriya sahnasida asosan italyan bastakorlar yoki ular taqlidchilarining operalari qoʻyilardi. 1782-yilda Motsart “Haramdan olib qochish” komik operasini yozadi. Bu asar Avstriya milliy operasining ilk namunasi boʻlib qoladi. 4 yildan keyin fransuz dramaturgi — Pyer Bomarshening mashhur komediya syujeti asosida yanada takomillashgan “Figaroning uylanishi” operasi yaratiladi. Opera darhol mashhurlikka erishdi. Natijada Motsartni Pragadagi taqdimotda dirijyorlik qilishga chaqirishadi.
Pragada uning keyingi operasi — “Don Juan” ning ham premyerasi misli koʻrilmagan darajada shov-shuvli boʻlib oʻtgan. Biroq Motsart Venaga qaytganida vaziyat boshqacha edi. Bastakor baribir yaxshi daromadga ega boʻla olmadi, doimiy qarzga botganidan har qanday buyurtmani olishga majbur boʻlib qolgandi. Bundan tashqari, ogʻir kasallik uning kuchini olib qoʻyayotgandi. Shunga qaramasdan, Motsart umrining oxirgi yillarida yana bir opera — “Sehrli fleyta” nomli yorqin va quvnoq ertakni yozadi. Bu opera musiqasida quvnoq ohang, yorqin hamda qora boʻyoqlarsiz lirika mavjud edi. Shu bilan birga, unda ehtiros, ruhiy turgʻunlik va dramaga toʻla sahnalar ham bor edi.
Motsartning soʻnggi asari — “Rekviyem” tugallanmay qolgan. Asar ustidagi ishni 1791-yil 5-dekabrda Venada yuz bergan Motsart oʻlimi toʻxtatib qoʻygan. Bastakorni kambagʻallar qabristoniga koʻmishgan va uning qabri yoʻqolib ketgan. Gap-soʻzlarga koʻra, Motsartni uning bastakor doʻsti Salyeri zaharlab oʻldirgan. Bu hikoya Aleksandr Sergeyevich Pushkinning “Motsart va Salyeri” tragediyasiga asos boʻlgan.
Volfgan Amadey Motsart 600 dan ortiq ijod namunasi: 41 simfoniya, fortepiano uchun 27 ta konsert, koʻplab sahna va cholgʻu pyesalarini yaratgan. Lekin uning operalari, shuningdek, uch simfoniyadan iborat sikli koʻproq mashhurlikka erishgan. Ushbu janrlarning hammasida Motsart oʻzini reformator sifatida koʻrsatdi, ular tarkibini boyitdi, sanʼat vositasi ifodaviyligini yangiladi. Hozirda Motsart operalari dunyoning eng taniqli sahnalarida namoyish qilinadi, asarlari esa zamonamizning yirik musiqachilari repertuaridan joy olgan.
Bu ham qiziq: Muhammad Ali
Muqova suratlar: wikipedia.org / economist.com