Orqaga

879 marta koʻrilgan

1942–2016

Muhammad Ali

Kentukki shtatidan boʻlgan boʻlajak amerikalik chempion — Kassius Kleyning boksyor boʻlishga qaror qilishiga nima turtki boʻlganini aytish qiyin. Faqatgina boks bilan eng jasur va mardlargina shugʻullanishi maʼlum edi. 1959 va 1960-yillarda Kassius Kley “Oltin qoʻlqop” havaskorlar musobaqalarida gʻalaba qozonadi.

1960-yil Olimpiya oʻyinlarida yarimogʻir vazn toifasi boʻyicha gʻalabani qoʻlga kiritgach, u 4 karra jahon chempioni boʻladi. Keyin Kassius professional yoʻnalishga oʻtadi va 4 yildan soʻng “Buyuk” unvoniga sazovor boʻladi. 20 ta professional yakka jangdan soʻng u Sonni Listonni magʻlub qilib, ogʻir vazn toifasida jahon chempionligini qoʻlga kiritgan. Oʻsha davrda qora tanli boksyorning ringga chiqishining oʻzi bir chaqiruv edi. Lekin Kley xulqini ham ordinar deb boʻlmasdi.

Muhammad ali

1964-yilda u qora tanli musulmonlarga qoʻshiladi. Bu oʻziga xos tashkilot qora tanlilarning ajratib qoʻyilishiga qarshi kurashar va ularning ustun jihati haqida maʼruzalar qilardi. Diniy eʼtiqod almashinuvi ismni ham oʻzgarishiga olib keladi. Kassius Muhammad Aliga aylanadi. 1967-yilda u islom dini ergashuvchisi sifatida Amerika armiyasiga xizmat qilishdan bosh tortadi. Bu davrga kelib, boksyor musulmonlik tashkilotining faol aʼzosi boʻlib, imomlik qila boshlagandi. Ayni oʻsha payt Amerika armiyasi Vyetnamda jang qilayotgan edi. Muhammad Alining chaqiruvni rad qilishi, zoʻravonlik, siyosiy, diniy va boshqa sabablarga koʻra odam oʻldirishga boʻysunmaslik istagi jamoat fikriga qarshi chiqish sifatida baholandi. Oʻz fuqarolik burchini ado etishni rad qilgani uchun boks mutasaddilari uni chempionlik unvonidan mahrum qilib, musobaqalardan 3 yilga — 1967-yildan 1970-yilgacha chetlatadi.

Muhammadning ringga qaytishi 1970-yilda yuz beradi. Oʻshanda u 2 ta yakka jangda gʻolib boʻladi, ammo 1971-yil martida Jo Frezerga qarshi chempionlik nomini olish uchun boʻlgan kurashda magʻlub boʻladi. Lekin u boshqa, ahamiyati avvalgisidan kam boʻlmagan gʻalabaga erishadi: AQSh Oliy sudi undan fuqaroviy boʻysunmaslik ayblovini olib tashlaydi. Ringga qaytish murakkab va bosqichli jarayon boʻlib, gʻoliblik hamda magʻlubiyatlar bilan birgalikda kechgan. Lekin Ali maqsadi tomon qatʼiyat bilan olgʻa borgan.

1974-yil yanvarida u Frezerni magʻlub qilib, ogʻir vazn toifasidagi chempionlikni qayta qoʻlga kiritadi. Chempion Jorj Formanni esa nokdaunga uchratadi. Bu mashhur voqea oʻsha yilning oʻzida Kinshasa shahri (Zoir — hozirgi Kongo Respublikasi) da boʻlib oʻtgandi. Ali 4 yildan soʻng Las Vegasda amerikalik professional boksyor — Leon Spink bilan boʻlgan jangda oʻz unvonidan ayriladi. Ammo shu yilning sentabrida Yangi Orleanda 15 raund davom etgan, ogʻir vazn toifasi boʻyicha yakka jangda Spinkni magʻlubiyatga uchratishga muvaffaq boʻladi. Shunday qilib, Ali katta vaznli guruhda 3 marta jahon chempioni boʻlib, oʻziga xos dunyo rekordini oʻrnatadi.

Muhammad Ali va Leon Spink oʻrtasidagi jang / livejournal.com

1979-yilda u sportdan ketishga qaror qiladi, biroq kelasi yil professional boksyorlar jahon chempionatida Larri Xolmsga chaqiriq tashlash uchun yana qaytadi. Lekin bu safar u matchni chempion sifatida yakunlay olmaydi. Sportchi va boks ixlosmandlari orasida Ali yorqin shaxsiyatga ega, agressiv boksyor sifatida mashhur edi. U xuddi buqa kabi hujum qiladigan, biroq aridek chaqadigan jangchi obroʻsiga ega boʻlgan. Uning keskin va aniq zarbasi musobaqaga millionlab tomoshabinlarni jalb qilardi. Ring tashqarisida esa matbuot yordamida raqiblarini gij-gijlash imkoni boʻlsa-da, “soya” da qolishni maʼqul koʻrardi. Shunga qaramasdan, Muhammad Ali sport tarixida oʻz qadriyat va dunyoqarashiga ega buyuk sportchi nomi bilan qoldi.

 



Muqova suratlar: lenta.ru / sportbox.ru