2
Ulashish
1180 marta koʻrilgan
1745–1813
Mixail Kutuzov
Mixail Illarionovich Kutuzov (Golenishev-Kutuzov) buyuk sarkarda A. Suvorovning shogirdi va izdoshi deb atash mumkin boʻlgan harbiy rahbarlardan biri boʻlgan. Oʻz davrida artilleriya va muhandislik boʻlimida mukammal harbiy taʼlim olgan Kutuzov dastlab rus armiyasining kichik qoʻmondonlaridan biri etib tayinlanadi. U darhol Suvorovning faol izdoshiga aylanib, Larga jangida hal qiluvchi jangovar harakati bilan taniladi.
1774-yilda Janubiy Qrimning Shumi qishlogʻi yaqinidagi hujum paytida Kutuzov ogʻir yaralanib, oʻng koʻzidan ayriladi. Tuzalib ketgach, nafaqaga chiqish oʻrniga yana jangovar harakatdagi armiyaga joʻnaydi, ammo Ukrainadagi Ochakov shahrini qoʻlga olish paytida (1788-yil) yana yaralanadi. Izmail shahriga hujum paytida Suvorov qoʻmondonligi ostida Kutuzov boshchiligidagi otryad birinchi boʻlib qalʼaga bostirib kirgan va ushbu jasorati uchun oltin qilich bilan taqdirlangan.
1795-yilda imperator Yekaterina II Kutuzovni quruqlikdagi Shlyaxet boʻlimining boshligʻi etib tayinlaydi. Bundan tashqari, u Sankt-Peterburg general-gubernatori lavozimini ham egallaydi, ammo bu lavozimda uzoq vaqt qolmaydi. Chunki Kutuzovning suvorov anʼanalariga rioya qilgan holda harbiy islohot amalga oshirishi saroyda norozilikka sabab boʻladi. 1802-yilda imperator Aleksandr I Kutuzovni xizmatdan boʻshatib, oʻz mulkiga faxriy surgunga joʻnatadi. Biroq Kutuzovning obroʻ-eʼtibori shunchalik baland ediki, 1805-yilda u qayta chaqirilib, Avstriyada harakatda boʻlgan rus armiyasining qoʻmondoni etib tayinlanadi. Imperator Aleksandr I Kutuzovni yoqtirmagani sababli uning vakolatlarini sezilarli darajada cheklab qoʻyadi, bu esa Austerlits shahri yaqinidagi ittifoqchi qoʻshinning magʻlubiyatiga olib keladi.
1808-yilda Kutuzov Janubiy teatr harbiy harakatiga yuboriladi, u yerda bir qator muvaffaqiyatli operatsiyalarni amalga oshiradi va Turkiya bilan tinchlikka erishgani uchun graf unvonini oladi. Shunga qaramay, jangovar harakatlar tugagach, Kutuzov yana oʻz mulkiga qaytish toʻgʻrisida buyruq oladi. Askarlar va rus xalqi esa unga mutlaqo boshqacha munosabatda edi. Ular 1812-yilda Napoleon armiyasi Rossiyaga bostirib kirganida, Kutuzovdan boshqa qoʻmondon mamlakatni bosqinchilardan qutqara olmasdi, degan fikrda qatʼiy edilar. Jamoatchilik fikrining bosimi ostida imperator Aleksandr I general Barklay de Tolli oʻrniga Kutuzovni rus armiyasining bosh qoʻmondoni etib tayinlashga majbur boʻladi.
1812-yil 17-avgustda Kutuzov yana armiyaga qaytadi va qoʻshinga qoʻmondonlikni oʻz qoʻliga oladi. Rus armiyasi u boshchiligida oʻz kuchini toʻplashga muvaffaq boʻladi va sentabr oyi boshida Borodinoda bostirib kelayotgan fransuz qoʻshinlari bilan toʻqnashadi. Ushbu jangda Kutuzov oʻzini yana bir bor mahoratli taktik sifatida koʻrsatadi. U dushmanni charchatish orqali unga kuchli zarba beradi. Borodino jangi rus qoʻshinlariga maʼnaviy va siyosiy gʻalaba keltiradi, keyingi barcha harbiy harakatlar Kutuzovning strategik rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Borodino jangi, 1812-yil / wikipedia.org
Koʻpchilik harbiy va siyosatchilarning fikriga qarshi oʻlaroq, Kutuzov Moskvani tark etishga qaror qiladi va shu bilan nafaqat kelajakdagi janglar uchun armiyani saqlab qoladi, balki yangi kuchlarni jalb qilish uchun vaqtdan ham yutadi. Moskvadan ketgach, armiya Kutuzov tomonidan ishlab chiqilgan aylanma harakatni amalga oshiradi va fransuzlar ularni koʻzdan yoʻqotganiga amin boʻlgach, Tarutino qishlogʻi yaqinida qarorgoh quradi. Napoleon armiyasi Moskvaga kirib kelganida oʻzini vulqondagidek his qiladi. Shunda Napoleon Bonapart tinchlik soʻrab, Kutuzovga murojaat qiladi. Qoʻmondon esa fransuz elchisi graf Loristonga: “Siz urushni tugatmoqchisiz, biz esa uni endi boshlayapmiz”, — degan javobni beradi.
Boshlangan ocharchilikka bardosh bera olmagan va qahraton qishdan qoʻrqqan fransuz armiyasi 1812-yil oktabr oyi boshida shaharni tark etishga va ilgari oʻzi vayron qilgan Smolensk yoʻli boʻylab chekinishga majbur boʻladi. Ushbu chekinish paytida Kutuzov partizan kurashi taktikasini qoʻllaydi. Unda nafaqat harbiylar, balki koʻplab oʻz ixtiyori bilan armiyaga qoʻshilgan otryad ham ishtirok etadi. Ushbu jangda podpolkovnik Denis Davidov qoʻmondonligidagi ittifoq alohida ajralib turadi. Napoleon bilan urushning yakuniy bosqichida Kutuzov dushmanni taʼqib qilishning yangi usuli — parallel yoʻl boʻylab taʼqib qilishni qoʻllaydi. Bu — asosiy kuch bilan umumiy jangga kirib ulgurmasdan qoʻshinni qismlarga boʻlib yoʻq qilib borishni anglatardi, Kutuzov ham xuddi shunday qiladi. Oxir-oqibat fransuzlar Berezina daryosidan oʻtganda magʻlubiyatga uchraydi. Shundan soʻng Napoleon oʻz qoʻshinini qoldirib, Parijga qochib ketadi.
Biroq bu gʻalabadan soʻng Kutuzov Rossiyadan tashqarida urushni davom ettirishga qarshi chiqqani sababli amalda qoʻmondonlikdan chetlashtiriladi. Kutuzov rus hukumatining shartnoma majburiyatlarini bajarishga majbur boʻlgani uchungina betartib chekinayotgan fransuz qoʻshinlarini taʼqib qilishda davom etadi. Ammo taʼqibni oxiriga yetkaza olmaydi, chunki Polshaning Bunslau shahrida toʻsatdan kasal boʻlib qoladi va vafot etadi. Rus armiyasi Yevropaning markaziga gʻalabali yurishini davom ettirib, tez orada Parijga kirib boradi va Fransiya kapitulyatsiyasi qabul qilinadi. Tez orada Rossiya uchun foydali boʻlmagan tinchlik sulhi oʻrnatiladi. Garchi oʻz davrining eng qudratli davlatlaridan biri boʻlsa ham, Rossiya amalda oʻz ittifoqchilariga yon bosib, gʻalabadan hech qanday iqtisodiy foyda koʻrmaydi.
Yirik harbiy muvaffaqiyatlari uchun Kutuzov eng yuqori harbiy orden — 1-darajali Georgiy ordeni bilan taqdirlangan, shavkatli knyaz Smolenskiy deb nomlana boshlangan. Kutuzov Sankt-Peterburgdagi Qozon soborida milliy qahramon sifatida dafn etilgan, qabri ustiga esa qoʻlga kiritgan shaharlarining kaliti ilib qoʻyilgan. Keyinchalik sobor oldida feldmarshalga haykal oʻrnatilgan. Kutuzovning 5 nafar qizi boʻlib, oʻgʻli boʻlmagan. Ulugʻ vatan urushi yillarida Kutuzov sharafiga orden taʼsis etilib, eng yaxshi strategik reja ishlab chiqqan va amalga oshirgan qoʻmondonlarga topshirilgan.
Muqova surat: wikipedia.org