25
Ulashish
972 marta koʻrilgan
m. a. I asr
Koreyada uch qirollik davri
Koreya tarixidagi uch qirollik davrida (taxminan miloddan avvalgi 57-yildan milodiy 668-yilgacha) mamlakat Silla, Koguryo hamda Pekche qirolliklariga boʻlingan. Silla qadimgi Koreyadagi uch qirollikdan biri boʻlib, 668-yilda Koreyani Silla sulolasi nomi ostida birlashtiradi (668–935-yillar). Bu davlat miloddan avvalgi 57-yilda Xyokkose tomonidan asos solingan deb ishoniladi. Eramizning II asriga kelib, Koreya yarimorolining janubi-sharqiy qismida mahalliy qabilalar ittifoqi mavjud edi.
Qadimgi Koreyadagi uch qirollikning eng kattasi Koguryo boʻlib, 668-yilda bu davlat parchalanib ketgan. Koguryoga miloddan avvalgi 37-yilda Koreya shimolidagi Tonge daryosi havzasida Puyo qabilasi yetakchisi — Jumong asos solgan deyiladi. Ammo zamonaviy tarixchilarning fikricha, ushbu qabilaviy davlat eramizdan avvalgi II asrda tashkil topgan.
Koguryo qirolligi
Koguryo davlati Yalu (Amrok daryosi — Shimoliy Koreya va Xitoy davlatining chegarasida joylashgan) daryosining shimoliy va janubiy qirgʻoqlarida joylashgan boʻlib, Gojoseon, Koreya yarimorolidagi ilk qirollikning qulashi natijasida vujudga kelgan. Xitoy solnomalarida keltirilgan Koguryo haqidagi dastlabki maʼlumotlar miloddan avvalgi 75-yilga toʻgʻri keladi, shuningdek, uning eski qaydnomalardagi “Guri” nomi xuddi shu davlatga tegishli boʻlishi mumkinligi taxmin qilinadi. Dalillar Koguryoning uchta qirollik ichida eng ilgʻori boʻlganini va, ehtimol, birinchi tashkil etilganini koʻrsatadi.
Koguryo, qadimgi Koreya qirolligi / britannica.com
Mavjud uchta qirollik ichida eng kattasi boʻlgan Koguryoning bir nechta poytaxtlari mavjud boʻlib, yuqori Yalu hududida ikkitasi joylashgan edi. Keyinchalik esa hozirda Pxenyan tarkibiga kiruvchi Nangrang (xitoy tilida Lelang) shahri ham poytaxt etib belgilangan. Dastlabki davrlarda davlat Xitoy bilan chegaradosh hududda joylashgan edi va asta-sekin Manjuriya hududi tomon kengaydi. U 313-yilga kelib Xitoyning Lelang qoʻmondonligini vayron qildi. Koguryo 373-yilda buddizmni rasmiy din sifatida qabul qilgach, xitoyliklar madaniy jihatdan taʼsir oʻtkazishda davom etdi.
Koguryo oʻta militaristik (tajovuzkor harbiy siyosatni targʻib qiluvchi) davlat boʻlish bilan birga kuchli imperiya va Sharqiy Osiyodagi buyuk davlatlardan biri edi. Davlat V asrda Buyuk qirol Gvangaeto va uning oʻgʻli qirol Jangsu hukmronligi davrida, ayniqsa, Manjuriyaga uyushtirilgan yurishlar chogʻida gullab-yashnadi. Keyingi bir asr yoki undan ham koʻproq vaqt davomida Koguryo Manchuriya va Shimoliy Koreya yarimorolida hukmronlik qildi. Koguryo asta-sekin Manjuriyadagi Liaodong tekisliklarini va hozirgi Seul hududini ham egalladi. Nihoyat qirol Gvangaeto Koreya uch qirolligining erkin birlashuviga erisha oldi. Koguryo, shuningdek, Manchuriyadagi tungus qabilalarini ham boshqargan. Xitoyda dastlab Suy sulolasi, keyinroq Tan sulolasi hukmronligi oʻrnatilgandan soʻng qirollik — 668-yilda ittifoqchi Silla-Tang qoʻshinlari tomonidan bosib olinmaguncha — Xitoy, Silla va Baekje hujumlariga qarshi tajovuzkor harakatlarini davom ettirgan. Koguryo hududining katta qismi Xitoyning Tan sulolasi tomonidan, Baekje yerlari esa Silla davlati tomonidan bosib olingan.
Baekje yoki Pekche qirolligi
Baekje qirolligi Mahan¹ konfederatsiyasiga aʼzo davlat sifatida tashkil topgan. Koguryo davlati asoschisining ikki oʻgʻli oʻrtasida taxminan hozirgi Seul hududida Baekje qirolligini oʻrnatish uchun mojaro boʻlib oʻtgani tarix solnomalarida yozib qoldirilgan. Baekje qirolligi Mahan konfederatsiyasiga kirgan boshqa davlat hududlarini oʻzinikiga qoʻshib oldi va IV asrda, oʻzining eng ravnaq topgan davrida Gʻarbiy Koreya yarimorolining koʻp qismini oʻz nazorati ostida saqladi. Koguryo orqali 384-yilda Baekje qirolligiga buddizm dini kirib keldi va Baekje buni mamnuniyat bilan qabul qildi.
Baekje qirolligi ulkan dengiz kuchiga ega davlat edi. Bu davlatni Sharqiy Osiyoning Finikiyasiga aylantirgan dengizchilikdagi mohirligi buddizmning butun Sharqiy Osiyoda va qitʼa madaniyatini esa Yaponiyagacha boʻlgan hududlarda yoyilishida muhim rol oʻynadi. Baekje qirolligi qadimgi Yaponiyaga madaniy va moddiy taraqqiyotni, jumladan, Xitoy yozuvini, Xitoy va koreys adabiyotini, shuningdek, qora metallurgiya va kulolchilik kabi texnologiyalarni, arxitektura uslublarini, ipakchilik va buddizm dinini olib kirishda asosiy rol oʻynadi.
Baekje qirolligi Jejudo² hukmronlik qilgan Tamna qirolligiga siyosiy jihatdan taʼsir oʻtkazgan. Ushbu qirollik bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolgan holda undan oʻlponlar undirgan. Bundan tashqari Baekje qirolligining diniy va badiiy madaniyati Koguryo va Silla qirolligiga taʼsir oʻtkazgan. Baekje qirolligi bir paytlar, ayniqsa, Geunchogo³ davrida Koreya yarimorolida katta harbiy kuchga ega boʻlgan, lekin Koguryo qiroli Gvangaeto tomonidan magʻlubiyatga uchratilgach, qudrati ancha pasaygan.
Keyinchalik, V asr oxirlarida Koguryo davlatining hujumlari oqibatida Baekje qirolligi poytaxtini janubga tomon — Ungjin (hozirgi Gongju) shahriga, oradan biroz vaqt oʻtib yana ham janub tomonroqqa — Sabi (hozirgi Bueyo) shahriga koʻchirdi. Shunday qilib, Baekje 660-yilda Silla–Tan ittifoqi tomonidan zabt etildi va birlashgan Silla qirolligiga taslim boʻldi.
Silla qirolligi
Koreya tarixidan hikoya qiluvchi qadimgi solnomalarda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, miloddan avvalgi 57-yilda Koreya yarimorolining janubi-sharqida joylashgan Seorabeol (yoki Saro, keyinchalik Silla) Jinxan nomi ostida shahar-davlatlar konfederatsiyasini tuzdi va kengaytirdi.
Silla, qadimgi Koreya qirolligi / britannica.com
Garchi tarixiy Samguk Sagi⁴ qaydnomasida Silla uchta qirollik ichida eng birinchi tashkil topgani yozib qoldirilgan boʻlsa-da, boshqa yozma va arxeologik maʼlumotlar Silla qirolligi markazlashgan hokimiyat oʻrnatgan uch qirollik ichida eng oxirgi boʻlib tashkil topganini koʻrsatadi. Silla qirolligi Koreya Uch qirolligining eng kichigi va eng zaifi edi, lekin u oʻzidan kuchliroq Koreya qirolliklari hamda Xitoyning Tan sulolasi hukmdorlari bilan “oʻz foydasiga ishlaydigan” bitimlar va ittifoqlar tuzishda makkorona diplomatik usullardan foydalangan, shu yoʻsinda kuchaygan.
Oʻz nomini 503-yilda Sarodan Sillaga oʻzgartirgach, qirollik VI asrning birinchi yarmida Gaya konfederatsiyasi (u avvalroq Byeonxanni⁵ bosib olgan edi)ni oʻz mulkiga qoʻshib oldi. Silla qirolligining bu harakatlariga qarshi Koguryo va Baekje oʻzaro ittifoq tuzish orqali javob qaytardi. Koguryo va Baekje qirollik bosqinlariga dosh bera olish uchun Silla qirolligi Tan sulolasi bilan munosabatlarini yaqinlashtirdi, yaʼni Baekje qirolligi yaqinda qoʻlga kiritgan Sariq dengizga kirish huquqi Tan sulolasi bilan toʻgʻridan toʻgʻri aloqa qilish imkonini berdi. Tan sulolasi bilan ittifoq tuzib Koguryo va Baekje qirolliklarini zabt etganidan soʻng Silla qirolligi Tan qoʻshinlarini yarimoroldan quvib chiqardi va Pxenyan janubidagi yerlarni egallab oldi.
Silla qirolligi poytaxti Seorabeol (hozirgi Kyonju; “Seorabeol” soʻzi qadimgi koreys tilida “poytaxt” maʼnosini bildiruvchi atama deb taxmin qilinadi) boʻlgan. Qirollikda buddizm 528-yilda rasmiy din sifatida qabul qilingan. Silla qirolligidan qolgan moddiy madaniyat, jumladan, noyob oltin buyumlar shimoliy koʻchmanchilar yaylovlarining taʼsirini aks ettiradi va uni Xitoy taʼsiri kuchliroq boʻlgan Koguryo hamda Baekje qirolligi madaniyatlaridan ajratib turadi.
[1] Mahan — miloddan avvalgi I asrdan milodiy V asrigacha Janubiy Koreya yarimorolida Chungcheong va Jeolla provinsiyalarida mavjud boʻlgan erkin davlatlar konfederatsiyasi boʻlgan..
[2] Jejudo — orol, Koreya boʻgʻozida — Koreya yarimorolining janubida va Janubiy Jeolla provinsiyasida joylashgan.
[3] Geunchogo — Baekje qirolligining 13-hukmdori.
[4] Samguk Sagi — Koreyaning uchta qirolligi: Koguryo, Baekje va Silla haqidagi tarixiy qaydnoma hisoblanadi. U 1145-yilda yozib tugallangan boʻlib, Koreyada Koreya tarixining saqlanib qolgan eng qadimgi yilnomasi sifatida tanilgan.
[5] Byeonxan — eramizning boshidan IV asrgacha Janubiy Koreya yarimorolida mavjud boʻlgan davlatlar konfederatsiyasi.
Manba: britannica.com Muqova surat: midjourney.com