1
Ulashish
764 marta koʻrilgan
1682–1718
Karl XII
Karl XII obrazi odatda A.S.Pushkinning “Poltava” asari asosida shakllangan boʻlib, asarda u kasalmand va kamharakat shaxs sifatida, goʻyo mashhur Poltava jangida magʻlubiyatga mahkum qiroldek tasvirlangan. Biroq Karl hukmronligi haqida “Poltava”dan tashqari yana bir necha oʻnlab tarixiy romanlar yozilgan boʻlib, u yerda qirol ulugʻvor va kuchli monarx sifatida namoyon boʻladi. Karl Stokgolmda tugʻilgan va Shvetsiya qiroli Karl XIʼning toʻrtinchi oʻgʻli boʻlgan. Uning 3 katta akasi goʻdakligidayoq vafot etgani sababli Karl qirollik oilasining eng sevimli farzandiga aylangan. Ukasi va singlisidan farqli oʻlaroq, u yaxshi taʼlim olgan. Karl XI oʻgʻlini doim mamlakat boʻylab sayohatda oʻzi bilan olib yurib, davlat ishlarini uning huzurida hal qilish orqali taxtga oldindan tayyorlagan. Biroq 1697-yil aprel oyida Karl XI toʻsatdan vafot etganda hokimiyat Davlat kengashiga oʻtib ketadi. Faqat 1 yil oʻtgachgina, Karl 16 yoshga toʻlganda parlament uni qirol deb tan oladi.
Shunisi ajoyibki, uning ajdodlaridan farqli ravishda Karlning toj kiyish marosimi hech qanday dabdaba bilan oʻtkazilmagan. Bunga sabab, XVII asrning oxirida Shvetsiya Yevropa davlatlari ichida eng boy va barqaror rivojlanayotgan davlatlardan biri boʻlgan boʻlsa ajabmas. Shvetsiya oʻshandayoq oʻzining kamomadsiz byudjeti va Yevropadagi eng yuqori savodxonlik darajasi bilan ajralib turardi. Mamlakatning nufuzi shundoq ham yetarlicha yuqoriligi va uni dabdabali marosim bilan mustahkamlashga ehtiyojning yoʻqligi shunday qaror qabul qilish uchun asos boʻladi. Bu davrda tashqi tahdid asosan Boltiq dengizida hukmronlik qilishga intilgan Daniyaning tajovuzkor siyosatidan boʻlgan. 1690-yilning oxirida Daniya atrofida Norvegiya, Rossiya va Saksoniyadan iborat Shimoliy liga deb ataluvchi ittifoq tuziladi.
1700-yilda rus qoʻshinlari Estoniyadagi Narva shahrini qamal qilganda, bu otameros buyuk davlatning qulashiga olib keladigan, oldindan oʻylangan siyosatning boshlanishi ekanini Karl hali bilmas edi. Shunga qaramay Narva shahri yaqinidagi rus qoʻshinlarining magʻlubiyati yosh qirolga qoʻmondon sifatida muvaffaqiyat keltiradi. Karl harbiy rahbar sifatida oʻzining yengilmasligi va isteʼdodiga tayanib, urushni diplomatik yoʻl bilan tugatishdan bosh tortadi. Shu qarordan keyin uning butun hayoti jang bilan bogʻlanib, vataniga qaytib kelish umrining oxirigacha nasib qilmaydi. Narva ostida rus qoʻshinlarini magʻlub etgach, Karl oʻz qoʻshinini Polshaga yuboradi. U yerda ham bir qator gʻalabani qoʻlga kiritib, hokimiyat tepasiga Stanislav Leshinskiyni qoʻyadi. 1706-yilning yozida endilikda Polsha qoʻshinlari bilan birgalikda Karl Saksoniyaga bostirib kiradi. U yerda oʻz armiyasidan kuchsiz qirol Avgustning qoʻshinini magʻlub etib, tinchlik oʻrnatadi, unga koʻra qirol Avgust Rossiya bilan ittifoqni buzish majburiyatini oladi. Endi Karlning faqat bitta dushmani – Rossiya imperatori Pyotr I qoladi. Polsha va Saksoniyadagi urush bilan band boʻlib Karl Rossiyada ulkan harbiy oʻzgarishlar yuz berayotganidan bexabar edi. Shuning uchun Narvadagi magʻlubiyatdan bir necha yil oʻtgach, rus qoʻshinlari jangda ulkan kuchni namoyon qila boshlashi Karlga zarba boʻladi.Rus knyazi Pyotr bu vaqt ichida Finlyandiya koʻrfazi atrofidagi hududni qayta bosib olgan va u yerda Rossiyaning yangi poytaxti Sankt-Peterburg shahrini qurib ulgurgandi.
Ukrainalik getman Mazepa (kazaklar armiyasining boshligʻi)dan ilhomlanib, 1708-yilda Karl rus armiyasini tor-mor etishiga toʻliq ishonib, Rossiyaga qarshi yurish boshlaydi. Biroq natija u kutganday boʻlmaydi va ruslarga qarshi yurish uning eng katta harbiy xatosiga aylanadi. Ukrainaning Poltava shahri yaqinida boʻlib oʻtgan birinchi yirik jangdayoq u magʻlubiyatga uchraydi va kichik bir sodiq guruhi bilan turklar tarafga qochishga majbur boʻladi. 15 mingdan ortiq askardan iborat armiya esa ruslar tomonidan asirga olinadi. Avvalroq magʻlubiyatga uchragan Daniya va Saksoniya Karlning kuchidan asar ham qolmaganini koʻrib, Rossiya bilan ittifoqni yangilaydi. Tez orada Polsha ham ular safiga qoʻshiladi. Karlning bundan keyingi taqdiri yana ham qiziq edi. Dastlab turklar uni sharafli mehmon, Rossiyaga qarshi kurashda ehtimoliy ittifoqchi sifatida kutib oladi, unga Benderi shahrida turar joy beriladi. Biroq Karl turklarga oʻlja sifatida kerak ekanidan bexabar edi.
Turklar uni ruslarga topshirish evaziga Rossiya bilan tuzilgan tinchlik shartnomasi shartlarini qayta koʻrib chiqishga majburlamoqchi boʻladi. Karl esa oʻz navbatida Turkiyani Rossiya bilan urush boshlashga majburlab, Shvetsiyadan kelgan yangi armiyaga boshchilik qilish uchun Polsha tomon bormoqchi boʻladi. Dastlab Karlning rejasi muvaffaqiyatlidek tuyuladi, chunki 1711-yilda Turkiya va Rossiya oʻrtasida urush boshlanadi. Biroq muvaffaqiyatsiz Prut jangidan soʻng, Pyotr Turkiya uchun qulay shartlarda tinchlik oʻrnatishga qaror qilganda Karlning taqdiri hal boʻladi: turk sultoni unga turk yerini tezroq tark etishni buyuradi va agar qarshilik koʻrsatsa uni hibsga olish bilan tahdid qiladi. Karl boʻysunmaslikka harakat qilgani sababli turklar toʻsatdan uning uyiga hujum qilib, qoʻlga oladi. Qarshilik paytida Karl ogʻir yaralanadi va asirga olinib, turk qalʼasi Edirnaga olib ketiladi. Oyoqqa turgach, Shvetsiyaga qaytib ketishi uchun Turkiya chegarasigacha kuzatib boriladi, hamroh qilib faqat adyutant va xizmatkor beriladi.
Yevropa orqali oʻz yurtiga ketish Karlning 1 yildan koʻproq vaqtini oladi, chunki Shvetsiya qoʻshinlari nazorat qilayotgan Shtralzundga yetib borishdan oldin yoʻlda Bolgariya, Ruminiya va Germaniyadan yashirincha oʻtishi kerak edi. Shtralzundda Karl biroz dam olish uchun toʻxtab, soʻng yana armiya qoʻmondonligini oladi. Uning boshidan kechirgan shuncha koʻrgiliklari ehtiyotsizligini kamaytirmaydi. Aksincha, Yevropada muvaffaqiyatsizlikka uchrasa ham endi Norvegiyani zabt etish umidida shimolga yoʻl oladi. Biroq uning birinchi yurishi muvaffaqiyatsiz yakunlanadi va u ikkinchisiga tayyorgarlik koʻra boshlaydi. Tabiiyki, bu vaqtda qirolning oʻz vatanida uzoq vaqt mobaynida yoʻqligi har xil mish-mish va gʻiybatlarni keltirib chiqarardi. Vaziyatning ogʻirlashishiga sabab uning merosxoʻri yoʻqligi va hatto uylanmagani edi. Taxt uchun yagona daʼvogar Karlning 2 singlisi Xedviga Sofiya va Ulrika Eleonora boʻlib, asta-sekin opa-singillar atrofida 2 guruh tarafdorlari paydo boʻla boshlaydi. Ularning hech biriga Karlning tajovuzkor siyosati kerak emas edi.
1718-yil kuzida qirol Norvegiyaga ikkinchi marta bostirib kiradi. Avvaliga unga muvaffaqiyat hamrohlik qiladi, shvedlar Norvegiyaning Fridrixsten qalʼasini qamal qiladi, bu ularning gʻalabasidan nishona edi. Biroq qamal boshlanganidan bir necha kun oʻtgach, Karl oʻldiriladi, sababi va qanday bu sodir boʻlgani esa shu kungacha nomaʼlumligicha qolmoqda. Shvetsiya taxtiga esa qirolicha Ulrika Eleonora oʻtiradi. 1719-yilda u yangi konstitutsiyani qabul qiladi, unga koʻra Shvetsiya Yevropadagi birinchi konstitutsiyaviy monarxiyalardan biriga aylanadi. Mamlakatdagi hokimiyat Riksdag (bir palatali Shvetsiya parlamenti) va Davlat kengashiga oʻtadi. Buyuk davlat sifatidagi mavqeyini yoʻqotgach, Shvetsiya harbiy siyosatdan butunlay voz kechadi. Bu uning neytral davlat sifatidagi hozirgi maqomida aks etib kelmoqda.
Muqova suratlar: wikipedia.org / inosmi.ru