Orqaga

661 marta koʻrilgan

1917–1984

Indira Gandi

Gandi oilasi uzoq vaqtdan beri siyosat bilan shugʻullanib kelgan. Indiraning bobosi — Motilal Neru (1861—1931-yillar) Hindiston milliy kongressi va svarajlar partiyasining yoʻlboshchisi edi. Svaraj — XX asr boshidagi kolonial Hindistondagi milliy-ozodlik harakatining asosiy shiori boʻlgan va toʻla mustaqillik uchun kurashga chorlov maʼnosini bildirgan. Motilal Neruning oʻgʻli — Javaharlal Neru (1889—1964-yillar) milliy ozodlik uchun kurashda Mahatma Gandining (1869—1948-yillar) safdoshlaridan biri boʻlgan. U Hindiston milliy kongressi partiyasining ilgʻorlaridan biriga aylandi va shuning uchun ham qamoqda 10 yildan koʻproq vaqt oʻtkazdi.

1947-yilda mustaqillik qoʻlga kiritilgach, Javaharlal Neru Hindiston Respublikasining bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri boʻlib faoliyat koʻrsatgan. U oʻz yurti tarixiga yangi Hindiston asoschisi sifatida kirgan. Uning rahbarligi ostida davlatda qoloqlikni bartaraf qilish uchun yirik islohotlar amalga oshirilgan. Tashqi siyosat sohasida u ijobiy neytral pozitsiyada turishni ilgari surgan.

Indira Priyadarshini Javaharlal Neruning yagona qizi boʻlib, onasi vafotidan keyin otasi bilan juda yaqinlashib qolgan. U jurnalist Feroza Gandiga tumushga chiqib, Sanjay va Rajiv ismli ikki oʻgʻilni dunyoga keltirgan. Sanjay 33 yoshida aviahalokatda vafot etgan. Bu Indira uchun ogʻir zarba boʻlgan, chunki u toʻngʻichiga katta umid bogʻlagan, uning qiyofasida boʻlajak yirik siyosat arbobini koʻrar va shunga mos taʼlim berardi.

Indira Gandi, Javoharlal Neru(Indiraning otasi) , Rajiv Gandi (chapda) va Sanjay Gandi (oʻngda) / wikipedia.org

Otasi singari Indira ham siyosat bilan shugʻullangan va 1959-yilda davlatning asosiy siyosiy partiyasi — Hindiston milliy kongressi partiyasi raisligiga saylanadi. Faoliyatining avvalida u otasining koʻmagi bilan ish olib borgan, bu vaqtda otasi bosh vazir edi. 1964-yilda Gandi axborot va eshittirish sohasi vaziri, ikki yil oʻtib esa bosh vazir boʻlgan.

Bir necha yillar davomida I.Gandi koʻzda tutilgan rejalarini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va nafaqat Hindiston, balki boshqa davlatlarda ham katta mashhurlikka erishdi. Shu muvaffaqiyati sabab unga qarshilar ochiq harakat qilishga jurʼat eta olmasdi. Indira qurolsizlik va xalqaro hamkorlik siyosatining tarafdori boʻlgan, Hindiston va SSSR bilan har tomonlama doʻstona aloqalarni rivojlantirish uchun harakat qilgan.

1975-yilga kelib, u oppozitsiya tomonidan boʻlayotgan tahdidlar sabab mamlakatda favqulodda holat eʼlon qiladi va uning bir qator dushmanlari qamoqqa olinganda vaziyat oʻzgaradi. Qatʼiy qoidalar Indira Gandining obroʻsiga putur yetkazadi va u 1977-yildagi umumxalq saylovida magʻlub boʻladi. Indira Gandi bosh vazir lavozimiga 1980-yildagina qaytishga muvaffaq boʻladi. U qoʻshilmaslik siyosatining tarafdoriga aylangandi. Qoʻshilmaydigan davlatlarning konferensiyasida (Dehli, 1983) harakatning raisi sifatida tanlanadi.

Oʻz yurti ichida bir qator yangi muammolar chiqa boshlaydi. Uning tayinlovidan soʻng koʻp oʻtmay shimoliy-sharqdagi sikhlar ajralish va oʻz davlatiga asos solishni talab qila boshlaydi. 1983-yilda ularning tarafdorlari Oltin ibodatxona — Amritsardagi sikhlarning asosiy ibodatxonasini qoʻlga oladi. Ular bilan oʻtgan muzokaralar hech nimaga olib kelmaydi va Indira Gandi ibodatxonani ishgʻol qilishga buyruq beradi. Koʻplab kishi halok boʻladi. Ibodatxonaning haqoratlangani yangi zoʻravonlikka sababchi boʻladi — bir necha oydan soʻng Indira Gandi oʻzining sikh tansoqchisi tomonidan oʻldiriladi – bu ishgʻol vaqtida toʻkilgan qon uchun qasos ham edi.

Indira Gandi (chapda) va Neru (oʻngdan ikkinchi), Albert Eynshteyn (chapdan ikkinchi) bilan uchrashuvi / wikipedia.org

Indiraning ishlarini oʻgli Rajiv meros qilib oladi. Chunki Indira uni katta oʻgʻlining vafotidan soʻng siyosiy faoliyatga tayyorlay boshlagan edi. Uzoq vaqt davomida Rajiv onasiga koʻmaklashgan, Indira ham oʻgʻlining yordamisiz saylovlarda gʻolib boʻlolmasligi va ikkinchi bor bosh vazir qilib tanlanmasligini koʻp bora taʼkidlagan edi. Onasining vafotidan soʻng Rajiv Gandi partiya raisi sifatida tanlanadi va tez orada bosh vazir ham boʻladi. Lekin bir necha yil oʻtgach u ham suiqasd qurboniga aylanadi.

Qoʻshimcha manba: Индира Ганди

 



Muqova suratlar: biography-life.ru / daryo.uz