Orqaga

796 marta koʻrilgan

1869–1948

Mahatma Gandi

Moxandas Karamchand Gandi 1869-yil 2-oktabrda Hindiston shimolidagi Porbander knyazligida bosh vazir oilasida tugʻilgan. Oila juda dindor boʻlib, maʼnaviy hayot kechirgan, anʼanalarga qatʼiy rioya qilib, vegetarianlikka faol amal qilgan. Boʻlajak “xalq otasi” ning dunyoqarashi ana shunday sharoitda, hinduizmning axloqiy va diniy ahkomlari taʼsirida shakllangan. Gandi 19 yoshida huquqshunoslik boʻyicha tahsil olish uchun Angliya poytaxti Londonga joʻnab ketadi. Oradan 3 yil oʻtib vataniga huquqshunoslik diplomi bilan qaytgan, biroq uning kasbiy sohadagi faoliyati oʻzi kutgan natijani bermagach, 1893-yilda yosh advokat Janubiy Afrikaga joʻnab ketadi va Hindiston savdo kompaniyasiga huquqiy maslahatchi boʻlib ishga joylashadi. Bu yerda u tinch namoyishlar uyushtirish orqali hindlarga nisbatan irqiy kamsitish va zulmga qarshi kurashga rahbarlik qilgan.

1906-yilda Gandi zoʻravonliksiz qarshilik koʻrsatish kampaniyasiga boshchilik qildi va uni “satyagraxa” deb atadi. Bu sanskrit tilida “haqiqat yoʻlidagi qatʼiyat” degan maʼnoni anglatadi. Satyagraxa soʻzi qarshilik koʻrsatish tushunchasining mohiyatini aniq ifodalagan. Bu kuchsizning kuchlilar oldida majburiy passivligi yoki aksincha, “qonga qon” tamoyili ham boʻlmagan. Bunda matonat va oʻzining haq ekaniga nisbatan ichki ishonch zoʻravonlikka qarshi qoʻyilgan. Gandi satyagraxa harakatiga boshchilik qilgani uchun tez-tez hibsga olingan. Hatto 1913-yil noyabrda 2 000 hind konchilarining yurishini boshqarganida 4 kun ichida 3 marta qamalgan. Namoyish Janubiy Afrika Ittifoqining mudofaa vaziri bilan kelishuvga erishilgach nihoyasiga yetgan. Oxir-oqibat, Janubiy Afrikada yashovchi hindlar oʻsha paytgacha ularni kamsitib kelgan baʼzi qonunlarni bekor qilishga erishadi.

1915-yilda oʻz vataniga qaytganidan soʻng Moxandas Gandi hayotida yangi bosqich boshlandi. Bundan keyingi butun umrini vatandoshlariga nisbatan kamsitish va turli koʻrinishlardagi zoʻravonlikka qarshi kurash bilan bogʻladi. Gandi Hindistonning Buyuk Britaniyadan mustaqilligi uchun kurashgan partiyasi — Hindiston Milliy Kongressiga aʼzo boʻlgan. Gandi chandallar (hazar qilinganlar) deb atalgan quyi tabaqa ahvolini yaxshilash, ayollarning teng huquqliligi va siyosiy faolligini oshirish, diniy bagʻrikenglikni targʻib qilish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqarish, xalq hunarmandchiligi, birinchi navbatda, uning ramziga aylangan uy toʻqimachiligini rivojlantirishga alohida ahamiyat bergan. Gandi va uning sheriklari uchun ip yigirish marosim xarakterini olgan va qoʻlda aylantirilayotgan gʻildirak uzoq vaqt davomida HMKning ramzi boʻlgan. 1919-yilda inglizlar hindlarning fuqarolik erkinligiga aloqador cheklovlar muddati uzaytirilgani haqidagi qonunni qabul qilganda Gandi ilk umumhind satyagraxasini eʼlon qiladi. Gandi va uning izdoshlari Hindiston boʻylab sayohat qilib, ommaviy yigʻinlarda Britaniya hukmronligiga qarshi kurashga chaqiradi.

Gandi bu kurashni kuch ishlatmaslik usuli bilan cheklab, xalqning zoʻravonlikka asoslangan har qanday inqilobiy harakatini qoralagan. Ommaviy milliy ozodlik harakatida ishtirok etishi Gandining xalq orasida katta shuhrat qozonishiga sabab boʻlgan va mashhur hind yozuvchisi, adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori Rabindranat Tagorning sharofati bilan Mahatma Gandi, yaʼni “Buyuk qalb egasi” deb atala boshlangan. Mamlakatda minglab odamlar zoʻravonlik qilmasdan oʻz noroziligini bildirsa-da, biroq koʻp joylarda ommaviy tartibsizliklar ham boʻlib oʻtadi. Inglizlar repressiyaga berilgach, bu tartibsizliklar hind olomoniga avtomatlardan oʻq uzilishi oqibatida 379 kishi halok boʻlgan qirgʻinga aylangan. Bu voqealar esa Gandini Britaniya imperiyasining qatʼiy raqibiga aylantirgan. Gandi ikkinchi umumhind satyagraxasini 1920-yilda boshlagan. Tez orada u oʻz yurtdoshlarini Britaniya toʻqimachilik mahsulotlarini boykot qilish va qoʻl dastgohlarida oʻz matolarini ishlab chiqarishga chaqiradi. 1922-yilda u fitna uchun hibsga olinib sudlangach, 6 yilga qamalgan. Gandi konstruktiv deb atalgan satyagraxa harakatini ilgari surish bilan cheklanib qolmagan. U chandallar quyi tabaqasiga nisbatan qoʻllangan siyosatga qarshi chiqib, musulmon-hind birligini olgʻa surgan, ayollar huquqini himoya qilish, boshlangʻich taʼlim sifatini oshirish, alkogolli ichimliklarni taʼqiqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishni targʻib qilgan.

1929-yilda HMK 26-yanvarni Milliy mustaqillik kuni deb eʼlon qilgach, Gandi uchinchi umumhind satyagraxasini boshlab beradi. Shuningdek, u tuz soligʻi oshishiga norozilik bildirdi. 1932-yil boshida u yana qamoqqa tashlandi. Gandi 6 kun davomida chandallar kastasiga nisbatan siyosatga qarshi norozilik sifatida ovqatlanishdan bosh tortadi. 1942-yilda HMK “Hindistonni tark et” deb nomlangan rezolyutsiyani qabul qilgach, Gandi soʻnggi umumhind satyagraxa harakatiga rahbarlik qilgan, buning uchun u yana hibsga olinib, 2 yilga qamalgan. 1947-yilning 15-avgustida Pokiston Hindistondan rasman ajralib, mamlakat mustaqilligini eʼlon qilganida Gandi oʻz qaygʻusini izhor etish va hind, musulmon va sikxlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlarni toʻxtatish uchun ochlik eʼlon qilgan.

1948-yil 20-yanvarda Gandiga suiqasd uyushtirilgan. Uning yonida qoʻlbola bomba portlagan, biroq hech kimga jiddiy zarar yetmagan. Gandiga xavfsizlikni kuchaytirishni taklif qilishsa-da, ammo u buni rad etgan. Oradan 10 kun oʻtib, 1948-yil 30-yanvarda Gandi musulmonlar foydasi uchun hinduizm manfaatlariga xiyonat qildi, deb hisoblagan terrorchi tomonidan otilgan 3 ta oʻq tufayli halok boʻlgan. 2000-yilda Mahatma Gandi “Mingyillik odami” deb topildi. 2007-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2-oktabr — Mahatma Gandi tugʻilgan kunda nishonlanadigan Xalqaro kuch ishlatmaslik kunini taʼsis etdi. Bugungi kungacha Mahatma Gandi hayoti misoli barchamizga — har qanday din va millat vakillariga sevgi va kuch ishlatmaslik usullari orqali haqiqat va erkinlikka qanday erishish mumkinligini oʻrgatadi. Gandi — zoʻravonlik muammosiga munosabat namunasi va afsonaviy qahramoni hisoblanadi. Uni paygʻambarlardek ulugʻlashadi va u XX asrdagi tinch inqilobning ramzi hisoblanadi. Bu Mahatma Gandining umr hikoyasi edi.



Muqova suratlar: dv.kp.ru / gazeta.ru