Orqaga
Gvelf va gibellin siyosiy partiya a'zolari haqida.

556 marta koʻrilgan

XII asr

Gvelflar va Gibellinlar

Gvelf va gibellinlar oʻrta asrlarda Germaniya va Italiya siyosatidagi ikki qarama-qarshi siyosiy partiya aʼzolaridir. XIII–XIV asrlarda Rim Papasi hokimiyati tarafdori boʻlgan gvelflar va nemis (muqaddas Rim) imperatorlariga xayrixoh boʻlgan gibellinlar oʻrtasidagi boʻlinish Shimoliy Italiya shaharlarida surunkali nizolarning kelib chiqishiga hissa qoʻshdi. Gvelf soʻzi XII–XIII asr boshlarigacha imperator taxti uchun kurashgan Bavariya nemis gersoglari sulolasining nomi boʻlmish “Welf”dan olingan. Gibellin nomi esa “Vayblingen” soʻzidan olingan boʻlib, u gvelflarning dushmanlari boʻlmish Svabiyaning Hohenstaufen gersoglari qalʼasi nomi edi.

Gvelflar va Gibelinlar oʻrtasidagi dushmanlik 1125-yilda muqaddas Rim imperatori Genrix V vafotidan keyin Germaniya siyosatida muhim oʻrin tutdi. Chunki Genrix V dan keyin taxtga oʻtirgan imperator Lotar II (1125–1137-yillar hukmronlik qilgan) gvelf edi va uning vorisi imperator Konrad III (1138–1152-yillarda hukmronlik qilgan) esa gibelin edi.

Gvelf va gibellin atamalari bilan bogʻliq anʼana 1140-yilda Vaynsberg qamalida Konrad III Bavariyaning Velf VI ni magʻlub etish paytida jangchilarning (“Olgʻa Velflar!”, “Olgʻa Vayblingenlar!”) jangovar hayqiriqlari sifatida paydo boʻlgan. Hohenstaufen imperatori Frederik I Barbarossa (1152–1190-yillarda hukmronlik qilgan) davrida gvelf va gibellin atamalari muhim ahamiyat kasb etadi, chunki bu imperator Shimoliy Italiya ustidan imperiya hokimiyatini kuch ishlatish yoʻli bilan qayta tiklashga uringan. Frederikning harbiy ekspeditsiyalariga nafaqat imperiya tarkibida oʻz avtonomiyalarini saqlab qolishni istagan Lombard va Toskana kommunalari, balki yangi saylangan (1159-yil) Papa Aleksandr III ham qarshilik koʻrsatadi.

Gvelf va gibellin siyosiy partiya a'zolari haqida.

Konrad III, muhr, XII asr; Myunxen milliy muzeyida / wikipedia.org

Frederikning Italiya ustidan nazoratni qoʻlga olishga urinishlari yarimorolni (Italiya Appenin yarimorolida joylashgan) ikkiga, yaʼni imperator tarafida boʻlish orqali oʻz vakolatlari hamda imtiyozlarini oshirishga intilgan va har qanday imperator aralashuviga qarshi boʻlganlar (shu jumladan, Rim Papasi ham) oʻrtasida boʻlinib ketishiga olib keldi. Hohenstaufen imperatori Frederik II (1220–1250-yillarda hukmronlik qilgan) va papalar oʻrtasida kechgan oʻzaro kurashlar paytida italyan partiyalari oʻzining xarakterli gvelf va gibellin ( Florensiyada boshlangan) nomlarini oldi va Italiya shaharlari ichida hamda oʻrtasida qarama-qarshiliklarning avj olishiga hissa qoʻshdi.

Gvelf va gibellin siyosiy partiya a'zolari haqida.

Frederik I byusti, “Barbarossa”, zarhal bronza, taxminan 1160-yil / wikipedia.org

Koʻpincha shaharlarda ilgari mavjud boʻlgan partiyalar (odatda zodagonlar orasida) yo papaning yoki imperatorlikning tarafdori boʻlishni qabul qildi, shu bilan oʻzini kengroq xalqaro kurashga tortdi, lekin oʻzining mahalliy xarakterini yoʻqotmadi. Turli kommunalarda gvelflar va gibellinlar oʻrtasidagi janglar koʻpincha magʻlub boʻlgan partiyaning shahardan surgun qilinishi bilan yakunlanardi. Gibellinlar (bu holatda feodal aristokratlar vakili) va gvelflar (boy savdogarlar vakili) oʻrtasidagi raqobat ayniqsa Florensiyada shiddatli kechadi, chunki u yerda Anjou bosqinchisi Charlz 1266-yilda gibellinlar hukmronligini tugatishidan avval gvelflar ikki marta (1248–1269) surgun qilingan edi. Mahalliy guruhlarning shahar ichidagi hokimiyat uchun kurashlari bilan bir qatorda turli shaharlar oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar ular papa-imperator masalasida taraf olishi sababli keskinlashdi.

Masalan, 13-asrning oʻrtalaridan XIV asr boshlarigacha boʻlgan davrda gvelflar boshqaradigan Florensiya va uning ittifoqchilari boʻlmish Montepulkiano, Bolonya va Orveyito hamda uning gibellin dushmanlari boʻlmish Piza, Siena, Pistoya va Arezzo oʻrtasida bir qator urushlar boʻlib oʻtgan. Janubiy Italiya Hohenstaufenni yoʻqotishi (1266) va ularning chegarasining butunlay yoʻqolib ketishi (1268)dan soʻng, gvelf va gibellin mojarosining mohiyati oʻzgardi.

Xalqaro sohada gulfizm Italiyaning janubida Angevin (imperiya) mavjudligini qoʻllab-quvvatlovchilar, shu jumladan, Sitsiliyaning Angevin hukmdorlari, papalar va Florensiyaning Toskana ittifoqchilari bilan kelishuv tizimini tashkil etdi. Gvelflar gʻalaba qozongan koʻplab shaharlarda partiya konservativ kuchga aylandi, mulkdorlar guruhi esa boyliklari musodara qilingan gibellinlarning surgun qilinishidan manfaatdor boʻlgan. XIV asr davomida har ikkala partiyaning ahamiyati tezlik bilan pasayib ketdi. Ular xalqaro ahamiyatini yoʻqotgandi, chunki imperatorlar ortiq Italiya ishlariga aralasholmas edi va papalar ham Rimdan Fransiyaga koʻchib ketgandi. Gvelflar va gibellinlar soʻzi endi faqatgina mahalliy partiyalarning nomini anglatardi xolos. Bu atamalar 19-asrda Italiyani birlashtirish harakati paytida qayta tiklandi.

Neo-gvelflar esa xalqni italyan davlatlari federatsiyasini boshqarishga undagan edi. Ularning dushmanlari boʻlmish neo-gibellinlar esa Rim Papasini Italiya birlashuviga toʻsiq deb bildi. XIII asrning oxirida Hohenstaufen sulolasi qulagan boʻlsa-da, Gvuelf va Gibellin yorliqlari Italiya siyosatida saqlanib qoldi. Ammo ular asta-sekin papa-imperator bilan boʻlgan dastlabki raqobatli aloqasini yoʻqotib, oʻrniga mahalliy siyosiy guruhlarning belgisiga aylandi. XV asrga kelib, bu atamalar Italiyadagi mahalliy raqib guruhlarga qaraganda kamroq kuchga ega edi, biroq ularning tarixiy ahamiyati oʻsha davrning murakkab ijtimoiy-siyosiy manzarasining dalili boʻlib qolmoqda.



Manba: britannica.com
Muqova surat: historymedieval.com